calendar 13 Feb 22:03
eye 133
comments 0
comments Manba: xs.uz

Ona tilimiz — qadrimiz, shaʼnimiz ifodasi

image
Globallashuv insoniyat uchun beqiyos imkoniyatlar bilan birga kutilmagan xatarlarni ham keltirib chiqaryapti. Ayniqsa, qadriyatlarning qadrsizlanishi, milliy anʼana va urf-odatlar ildizining zaharlanishi, eng yomoni, milliy tillarga boʻlgan munosabatlarning sunʼiylashtirilishi koʻplab millat va elatlarning ona tilidan ayrilib qolish ehtimolini kuchaytirmoqda.

Til millat borligi, birligi, oʻtmishi va bugunini aks ettiruvchi oliy bayroq ekan, bugun har qanday xalq uning qadr-qimmati, himoyasi haqida har daqiqada oʻylashi, tinimsiz qaygʻurishi lozim. Oʻzbek xalqi ham asrlar davomida oʻz tili va qadriyatlarini asrab-avaylab, himoya qilib kelmoqda. Ayniqsa, jadid bobolarimiz va millat oydinlari til masalasida hech qachon murosaga bormagan.

Shunday ekan, bugun barchamiz avlod-ajdodlarimiz oldida juda katta qarzdor ekanimizni unutmasligimiz lozim. Ammo keyingi yillarda ona tilimiz rivoji yoʻlidagi muammolar koʻpayib, tashqi tahdidlar kuchaymoqda.

Ayni paytda global dunyodagi notinch holat fonida Markaziy Osiyoga nisbatan yuzaga keltirilayotgan tortishuvli vaziyatlar ham koʻpincha til bilan, milliy qadriyatlar bilan bogʻlanyaptiki, bundan tegishli xulosalar chiqarmasak, ertaga kech boʻlishi mumkin.

Keyingi kunlarda guvohi boʻlayotganimizdek, sobiq imperiyani tiklash haqida norasmiy doiralardan tashqari Rossiyaning rasmiy manbalarida ham fikrlar yangramoqdaki, ularni tahlil qilsak, Oʻzbekistonda bunday axborot xurujlariga qarshi qanday choralarni koʻrishimiz kerak, degan haqli mulohaza yuzaga keladi.

Shu oʻrinda rus millatiga mansub va boshqa oʻzga millatli vatandoshlarimizning qadriyati, tili va milliy anʼanalarini saqlash Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilganini alohida taʼkidlash joiz.

Lekin til haqida gap ketganda, boshhtml5-dom-document-internal-entity1-shy-endqa masalalar yuzaga chiqadiki, bundan koʻz yumib boʻlmaydi. Masalan, Oʻzbekistonda jami aholi tarkibida rus vatandoshlarimiz 2-2,5 foizni tashkil qiladi. Ammo eʼtibor bersangiz, bugun maktab va bogʻchalarimizda rus tilida taʼlim berishga keragidan ortiq eʼtibor qaratilyapti.

Zotan, yuqorida taʼkidlaganimizdek, til oddiy masala emas. Qaysiki, millat oʻz tiliga munosabatini oʻzgartirsa, tilidan uzoqlashsa, bunday millatlar yoʻq boʻlib ketishi mumkinligi haqida tarixdan istagancha misollar keltirish mumkin. Eʼtibor bering: bugun uch ming yillik davlatchilik tariximiz haqida kuyunib, faxrlanib gapiryapmizu, biroq ana shunday bir paytda oʻzbek tili qonun, texnologik rivojlanish tiliga aylana olmagani bizni xavotirga solishi kerak, deb oʻylaymiz.

Ayni paytda koʻplab ota-onalar farzandlarini taʼlim rus tilida olib boriladigan maktablarga beryapti. Shubha yoʻqki, ular bolam til bilsin, degan ezgu maqsadda shunday yoʻl tutyapti. Lekin bu davr bola hayotining poydevori tiklanadigan, ongi, qadriyatlari shakllanadigan payt hisoblanadi. Aynan shu davrda bolaga oʻzligini bilish masalalari singdirilishi kerak. Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlarda bolalarga ayni shu davrida milliy oʻzlikni anglash oʻrgatilishi ham shundan.

Yana bir masala: davlat tili haqidagi qonunimizga koʻra, fuqarolar oʻz murojaatlarini xohlagan tillarida bildirishlari mumkin. Yaʼni fuqarolarning xohlagan tilda davlat idoralariga murojaat qilishlari belgilab qoʻyilgan. Ammo tan olaylik, ayni shu jihat davlat tilining rivojiga xalaqit berayotgan asosiy meʼyorlardan biridir. Chunki tajribadan maʼlumki, har qanday tilning rivoji uchun unga birlamchi ehtiyoj paydo qilinishi kerak. Ehtiyoj boʻlmagan til esa oʻz-oʻzidan zaiflashadi.

Nima uchun mamlakatimizda Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan millatlarning oʻzaro muloqot tili boshqa til boʻlishi kerak?

Milliy qadriyat sifatida barcha millat oʻz tillarini oʻrganishi, muloqotda ishlatishi va rivojlantirishi uchun sharoit yaratish Konstitutsiyaviy shart, bu bajarilishi lozim. Lekin nima uchun oʻz fuqarolarimiz orasidagi muloqot tili sifatida davlat tilining ustuvorligidan voz kechishimiz kerak?

Bu davlat tiliga hurmatsizlik!

Oʻzbekistonda davlat tili boʻlgan oʻzbek tili taʼlim va ish yuritishda majburiyat, millatlararo muloqotda ustuvor boʻlishi shart! Oʻzaro muloqotda esa istagan tilda gaplashish tabiiy huquq, albatta.

Milliy taraqqiyotimiz va tariximizni puxta oʻrganishimizdagi zaruratdan kelib chiqib, fuqarolarimizning ingliz, xitoy, rus va arab tillarini chuqur oʻrganish tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanishi lozim.

Bugun taʼlim tizimida, televideniye, hatto ayrim huquqiy hujjatlarda ham rus tilining taʼsiri kuchli ekanini yaxshi bilamiz. Maʼlumotlarga qaraganda, Germaniyada nemis tilidan boshqa tilda davlat idoralariga murojaat qilish qonunga zid sanaladi. Agar boshqa tilda murojaat qilsangiz, u nafaqat koʻrib chiqilmaydi, balki buning uchun jarimaga ham tortilasiz. Nazarimda, davlat tiliga munosabatni shunday shakllantirish orqali nemis tiliga boʻlgan ehtiyoj yuzaga keltirilgan. Biz esa haligacha ana shu ehtiyojni paydo qilishga botinolmayapmiz.

Shuning uchun ham qonunlardagi til rivojiga toʻsiq boʻlayotgan meʼyorlarni oʻzgartirish va bu borada yanada kuchliroq meʼyorlarni ishlab chiqish payti keldi, deb hisoblayman.

Yaqinda shu haqda fikr bildirganimda rus segmentidagi axborot vositalari buni notoʻgʻri talqin qildi. Yaʼni boshlangʻich taʼlim ona tilida boʻlishi kerak, degan gapimni oʻzbek tilida deb tarjima qilishdi. Men esa har qanday oʻzbek bolasi oʻzbek tilida, rus bolasi esa rus tilida boshlangʻich taʼlim olsin, degan fikrni bildirganman.

Odatda birinchi sinfga borayotgan bolani qanday tilli maktabga berish ota-onalarning tanlovi, deyishadi. Ammo oramizda oʻz bolasining umuman maktabda oʻqishiga ham qarshi boʻladigan ota-onalar yoʻq deysizmi? Bor, albatta. Shuning uchun ham bola oʻzbek millatiga mansubmi, boshlangʻich taʼlimni ham oʻz ona tilida olishi kerak. Xorijiy tillarni oʻrganishni esa yuqori sinflardan boshlash maqsadga muvofiq.

Eng qizigʻi, ayni shu fikrim millatchilik deya talqin qilindi. Vaholanki, oʻzbek xalqi hech qachon millatchi boʻlmagan. Shunday boʻlganda edi, Ikkinchi jahon urushi davrida bir toʻgʻram nonini boʻlib, ham rusga, ham nemisga bermagan boʻlardi.

Maʼlumki, sobiq ittifoq davrida millatlar ustida juda koʻp mafkuraviy tajribalar oʻtkazildi. Afsuski, bunday tarbiyaviy taʼsirlar asorati hali ham yoʻqolib ketmadi. Baʼzi yurtdoshlarimizni bilaman, millati oʻzbek, lekin ona tilini bilmaydi. Shu haqda gapirsang yoki til haqida, oʻzbek qadriyatlari haqida fikr bildirsang, millatchilikka yoʻyishadi.

Yodingizda boʻlsa, Prezidentimiz elchilar bilan uchrashuvda oʻzbek tilini bilmagan diplomat qanday qilib Oʻzbekiston vakili boʻlishi mumkin, degan edi. Xorijiy tilni oʻrganish mobaynida oʻz tilini unutib yuborgan shunday elchilar bor va afsuski, hozirgi maktab oʻquvchilarida ham shunday muammolar uchrayapti. Bizning til va vatanparvarlik borasidagi oqsashlarimizni koʻrib, Markaziy Osiyodan haligacha umidini uzmagan baʼzi kuchlar bundan unumli foydalanishga harakat qilyapti.

Shunday ekan, taʼlim-tarbiya sohasida islohotlarni jadallashtirishimiz lozim. Oʻzbek tili davlat tili ekan, davlat idoralariga murojaat, huquqiy hujjatlar, reklamalar, tashqi yozuvlar ' umuman barchasida oʻzbek tili ustun boʻlishiga erishishimiz zarur.

Chindan ham, keyingi paytlarda rossiyalik ayrim siyosatdonlar tariximiz va hatto tilimizga nisbatan ogʻriqli mulohazalar bildirmoqdaki, bu aksariyat ziyolilarimizni junbishga keltirdi. Ayniqsa, tariximizga otilgan toshlar zamirida boshqa oʻy, mulohazalar mavjudligi qayd etilib, anchadan beri alahsirayotgan tarixchilarga nisbatan keskin javoblar qaytarildi.

Tobora avj olayotgan bunday munosabatlar esa kim aslida kim ekanini eslatish barobarida har birimizni hushyor boʻlishga yana bir bor undagandek, jondan aziz yurtimiz, mustaqilligimizni koʻz qorachigʻidek doimo asrash lozimligini anglatgandek boʻldi. Zotan, istiqlol bir marta qoʻlga kiritilib, qiyomatgacha himoya qilinadigan neʼmat ekanini yanada chuqur his etgandek boʻldik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-fevral kuni ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ham bogʻchalarni milliy qadriyatlarimizga mos yagona standartlar asosida oʻquv-metodik materiallar bilan taʼminlash masalasi koʻtarilgani bejiz emas. Afsuski, bugun oʻz bolasini rus bogʻchasiga, rus maktabiga berib, bolasi rus tilida gapirayotganidan gʻururlanayotganlar koʻpaymoqda. Bu bilan esa oʻzimizga ziyon qilayotganimizni anglamayapmiz.

Bugungi kunda Toshkent shahri maktablarida 400 mingga yaqin boshlangʻich sinf oʻquvchilari bor, ularning 250 mingga yaqini rus tilida taʼlim olmoqda. Eʼtibor bering, bu oʻylab koʻradigan raqam. Ana shu 250 mingning 80 foizi, afsuski, oʻzbek. Ayting, qanday ota-onaki, farzandi birinchi sinfdan oʻz qadriyatiga teskari, ongu tafakkuri, oʻlchov mezonlari va milliy madaniyatiga zid boʻlgan tilda savod chiqarishiga yoʻl qoʻyib beryapti.

Agar bunga bir-ikki oilaning muammosi deb qarasak, katta xato boʻladi. Bu ' jamiyatimiz muammosi. Tilni yoʻqotish, unga befarqlik ham aynan shu nuqtadan boshlanyapti, aslida. Toʻgʻri, 'Taʼlim toʻgʻrisida'gi Qonunda taʼlim tilini tanlash ota-onalar ixtiyorida, deb belgilab qoʻyilgan. Ammo baʼzi ota-onalar esa goʻyo farzandi kelajagini oʻylab, ular boshqa tilda savod chiqarishiga yoʻl qoʻyib bermoqda. Bu shaxsning qonuniy huquqi emas, bu mamlakat oldidagi, qadriyatlarimiz oldidagi majburiyat sifatida talqin qilinishi, taʼlim tili milliy qadriyati va millatidan kelib chiqqan holda tanlanishiga alohida eʼtibor berilishi kerak.

Videoselektorda maktablarda ogʻriqli masalalardan biri, bu ' tarbiya va maʼnaviyat ekaniga alohida urgʻu berildi. Oʻtgan yili voyaga yetmaganlar tomonidan 3,5 mingta jinoyat sodir etilgan va shundan 2 280 tasini maktab oʻquvchilari sodir qilgan. Davlat rahbari tomonidan oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda 'huquqbuzarlikka qarshi immunitet' hosil qilish tizimini yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga bolalar tarbiyasini yaxshilash, ota-onalar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan milliy kontentni mahalla va taʼlim muassasalariga yetkazib turish, 'maktab ' ota-ona ' mahalla' zanjiri asosida elektron muloqot platformasini ishga tushirish topshirildi.

Chindan ham, farzandlar tarbiyasida tilning oʻrni nihoyatda muhim ekani isbot talab qilmaydigan haqiqat. Zero, bolaning ongi, dunyoqarashi til orqali shakllanadi va rivojlanadi. Bolaning ilk davri uchun muhim hayotiy kashfiyot: bogʻchada ' muloqot, maktabda ' bilim begona tilda berilsa, tilimiz rivojlanmaydi, qadriyatimiz ildizlariga suv bormaydi, aksincha, uni zaiflik dunyosi oʻrab-chirmab boraveradi.

Millat, til va Vatan tanlanmaydi, ular Yaratganning neʼmatlaridir. Ularni avaylash, rivojlantirish va avlodlarga bezavol yetkazish esa har birimiz uchun muqaddas burch. Vatansevarlik, qadriyatlarni himoya qilish bugun davlatlar uchun hayot-mamot masalasiga aylandi. Ayniqsa, XXI asrda qadriyatlarni bir daraxtga oʻxshatadigan boʻlsak, ayni paytda uning ildizini chopishga harakatlar tinmayapti. Qadriyatlarni kim himoya qiladi? Albatta, avvalo, oʻz qadrini, oʻzgalar qadrini hurmat qiladigan, jamiyatni, xalqini oʻylaydigan vatanparvarlar himoya qiladi.

Alisher QODIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,

'Milliy tiklanish' demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

07 Mar 20:11
 
45
0
qalampir.uz

Bugundan barcha gaz “zapravka”lar ochiladi

Bugun, 7 mart kunidan boshlab O‘zbekistondagi barcha gaz “zapravka”lar ochiladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi. “Tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytgani munosabati bilan bugundan e’tiboran mamlakatimizdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ochiladi”, deydi u. Eslatib o‘tamiz, 18 fevral kuni respublika hududlarida havo haroratining pasayishi oqibatida magistral gaz qu

07 Mar 20:12
 
47
0
xs.uz

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida tirbandliklarni bartaraf etishga oid loyiha taqdimoti bilan tanishdi

Loyiha oʻz oldiga uchta asosiy vazifa qoʻygan - piyodalar xavfsizligi va qulayligi, jamoat transportiga ustuvorlik, oʻtkazish qobiliyatini oshirish va yoʻl transport hodisalari sonini kamaytirish.Mazkur loyiha sinov tariqasida Toshkent shahridagi ikkita yirik chorrahada ' Bobur va Furqat koʻchalari kesishmasida hamda Bogʻishamol va Toshkent avtomobil halqa yoʻli kesishuvida amalga oshirildi.Piyodalar uchun chorrahalarda 'xavfsizlik orolchalari' bunyod etildi, piyodalar oʻtish joyida svet

07 Mar 20:11
 
37
0
qalampir.uz

Angrendagi maktablar telefondan voz kechishni boshladimi?

Joriy yilning fevral oyida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Chirchiq shahridagi maktab direktorlari bilan uchrashuvda o‘qituvchilari va o‘quvchilari telefondan voz kechgan maktabga 300 million so‘m pul mukofoti berishi haqida yozgan edik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ham belgilab qo‘yilgan hujjatga

11 Apr 14:01
 
32
0
xs.uz

Jizzaxda mahalla infratuzilmasini yaxshilash, biznesni qoʻllab-quvvatlash, grantlar ajratish uchun qoʻshimcha 300 milliard soʻm ajratiladi

Uy-joy va mahalla infratuzilmasini yaxshilash ' doimo diqqat markazida. Bu yil viloyatda 4,5 ming xonadonli 118 ta uy-joy qurish reja qilingan.Davlatimiz rahbari bu yetarli emasligini qayd etib, uy-joy qurilishini koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi. Doʻstlik tumanidagi 'barak' uylar oʻrnida yangi uy-joy qurish tajribasi asosida qolgan tumanlardagi 2 mingga yaqin eski uylar oʻrnida 50 ming xonadonli zamonaviy uylar qurish dasturini tasdiqlash topshirildi.Zomin, Baxmal va Forishda ham uy-joy