Ustoz Xurshid Doʻstmuhammadning jurnalist sifatida qadrlaydigan fazilati


Foto: Arxiv surat
Ijodkor ayniqsa, jurnalist uchun hukumat vakili sifatida xalqqa xizmat qilish kishidan anchagina mashaqqat talab etadi. Baʼzan masʼuliyat yuzasidan ijodiy faoliyatini toʻxtatib yurt farovonligi uchun diplomatik xizmat qilsa, baʼzan koʻngil kechinmalarini adabiyot va jurnalistika orqali millat maʼnaviyatini yuksaltirish uchun uyqusiz tong ottiradi.
Bugun biz mana shunday jurnalist va hukumat vakili ustoz Xurshid Doʻstmuhammadning umr sardaftaridan oʻchmas iz qoldirgan xotiralari haqida soʻramoqlikni istadik. Ustoz, yosh jurnalist sifatida soʻrovimizni rad etmadi. Cuhbatdoshimiz boʻlgan Oliy majlis qonunchilik palatasida faoliyat olib borayotgan jurnalist va adabiyotshunos Xurshid Doʻstmuhammad bilan kichik intervyu tayyorladik. Dastlabki savolimiz uning bolalik xotiralari bilan bogʻliq boʻldi.
1. Siz katta boʻlgan bolalik koʻchalariga bosh suqib koʻrsak. U kunlardan qolgan nimalarni tiklash kerak deb oʻylaysiz? Nimalarni esa yoʻqotdim deb hisoblaysiz?
Bizning bolalik kezlarimiz oʻtgan asrning 50-60 yillariga toʻgʻri kelgan. Qadimiy mahalla, ming yillik qoʻni-qoʻshnilar, tor va tuproq koʻchalar. Ahyon-ahyonda qorasi koʻrinib qoladigan avtomashinalar, ot, eshak, tuya qoʻshilgan aravalar. Tosh tepish, yongʻoq otish, chillak, futbol, quvlamachoq, yashirinmachoq, qutqarmachoq, varrak uchirish, choʻmilish... qish kezlari yaxmalak otish... mushtlashish, yoqalashish, arazlashish, «poʻm» chiqish, yarashish, hokazo va hokazo. Oʻsha damlardagi zavq-shavqning oʻrnini bosadigan, ularga teng keladigan nima bor? Nima koʻrdik? Nima topdik?
Hech nima!
Bizning bolaligimizdan buyuk va betakror samimiylik qoldi, yodgorlik boʻlib.
Barcha qoʻni-qoʻshnilar asosan oʻrtahol, mayda hunarmandchilik ortidan roʻzgʻor tebratadigan oilalar, kattalarni bilmasdik, lekin biz bolalardan baxtiyorroq odamlar yoʻq edi, dunyoda!
Kitob zavq-shavq bilan oʻqilishi kerak, degan gapni koʻp takrorlaymiz. Inkor etmayman, lekin uni sal boshqacharoq aytgim keladi: odam zavq-shavq bilan yashamogʻi kerak! Hamon bu yorugʻ olamga inson boʻlib keldikmi, kelinglar, hayotimizni zavq-shavqqa toʻldirib yashaylik. Toki qolgan barcha orzu-havaslarimiz, amallarimiz shundan boshlansin. Fursatdan foydalanib, “Tong yulduzi” gazetxonlari boʻlmish oʻgʻil-qizlarimizga qarata aytgim kelyapti: Sizlar Oʻzbekiston deya atalguvchi ulugʻ mamlakatning farzandlarisizlar, oʻzbek degan millatning vakillarisizlar. Yoshlik chogʻlaridanoq yaxshi oʻqinglar, birorta kasb-korning boshini tutinglar, dunyoni chuqur idrok etishni koʻzlanglar – hech narsadan kam boʻlmay yashaysizlar! Hech bir banda oldida boshingiz xam boʻlmaydi, qisinmaysiz, oʻkinmaysiz. Chunki Sizlar men orzu qilayotgan va istayotgan INSON boʻlib voyaga yetasizlar, shuning uchun ham hech kimdan kam boʻlmay, emin-erkin, forovon yashashga haqlisizlar!
2. “Hovli etagidagi uy” birinchi qissa kitobingiz zavqi va mashaqqatlari toʻgʻrisida nimalarni xotirlaysiz?
Birinchi kitobim tengqurlarimga qaraganda picha kechroq chop etildi. Nomi “Hovli etagidagi uy”. Unga dastlabki hikoyalar, qissa kiritildi.
Dastlabki mashqlarim gazeta yo jurnal sahifasiga chiqishi osonlik bilan boʻlmagan. Yillab qatnaganman, tahririyatlarga. Tasavvur qilyapsizmi, yillab! Bir ogʻiz “ha” yoki “yoʻq” degan javobni eshitishga zor edim. Birinchi hikoyam “Ijozat” “Fan va turmush” (oʻsha tahririyatda ishlar edim), ikkinchisi «Kiova quyoshi» “Guliston” jurnallarida, uchinchi hikoyam “Hovli etagidagi uy” “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida bosilgan.
Mashaqqat chekkanimni eslolmayman, chunki, ijod yoʻlidagi har qanday mashaqqat men uchun rohat-farogʻot edi. «Qanda qilib yozuvchilik yoʻliga kirib qolgansiz?» deb soʻrang.
Bolaligimdan juda kuzatuvchan boʻlganmanda. Katta oilaning kenjasi boʻlganimdan kattalar orasidagi turli munosabatlarni, kezi kelganda, ziddiyatlar, toʻqnashuvlar, mojarolarni bir chekkada kuzatib oʻtirib, sira tushunolmasdim. Aqlim yetmasidi. Nima sababdan odamlar til topisha olmaydilar? Murosa qilolmaydilar? Oʻzaro kelishmovchiliklarning ildizi qayerda?
Ichimni oʻrtayotgan bu kabi savollarni ogʻiz ochib aytgan emasman, lekin oʻylaganman, oʻzimcha chora izlaganman, chora! Urush-janjallarda “magʻlub” tomonga achinardim, ularni himoya qilgim kelardi. Magʻlublik, mazlumlik holatiga tushganlarga yordam qilgim kelardi.
Otam, onam, toʻngʻich opa-akalarim tinim bilishmagan – roʻzgʻor tebratishning oʻzi boʻlmagan. Koʻz oʻngimdan oʻchmaydi – nonushta mahali onam hammamizga bitta-bitta chaqmoq qand ulashar edilar, negadir menga ikkita tegardi. Sakkiz-oʻn kishi bir katta sopol lagandagi oshga, nonpalovga qoʻl choʻzardik. Koʻcha changitib oʻyin bilan ovoramiz, onam koʻrinadilar – ikki qoʻllarida ogʻirdan-ogʻir xalta-xulta. Bozordan qaytayaptilar. «Oyi, nima opkeldiyz?!» degancha xaltani titkilashga tushib ketardim.
–Xaltani ol, oʻgʻlim, qoʻlim uzilib tushay dedi...
Onam bir kun bemalol oyoq uzatib oʻtirganlarini, biror joyga borib, hordiq chiqarganlarini bilmayman. Choʻk tushib qoʻllari, oyoqlarini uqalar edim.
–Toʻqqizta bola tugʻib nima qilardingiz, men yosh bolaman, bari bir sizga hech narsa qilib berolmaymanku, – debman bir kuni, mahmadanalik qilib.
Shunday ham boʻldi – onamga, keyinroq otamga qaytarolmagan qarzlarim armonlari, iztiroblari yozuvchilikka mubtalo qilgan, deb oʻylayman...
3. Oʻzbekistonning ilk mustaqil gazetasi “Hurriyat”ning tashkil etilishida jonbozlik koʻrsatgan jonkuyarlardansiz. Gazetaning birinchi bosh muharriri sifatida uning oʻsha davrdagi adadi va bugungi matbuot oʻquvchisi haqida nima deya olasiz?
“Hurriyat” gazetasining tashkil etilishida, uning ilk sonlarini chiqarishda goh sirtdan-goh bevosita ishtirok etganim, ayniqsa 1997-2002-yillarda gazeta tahririyatida ishlagan kezlarim alohida tarix. Ehtimol, milliy jurnalistikamiz uchun alohida tarix. Kimdir oʻqish istagini bildirsa, bir chekkadan yozishga, tinglayman desa, hikoya qilib berishga tayyorman.
“Hurriyat”ning hozirgi ahvoli boshqa bosma nashrlar ahvolidan koʻpda farqlanmaydi. Lekin 8 sahifada muntazam chiqayotgani – voqea! Yomon chiqayotgani yoʻq, oʻqishga arzirli maqolalar bor. Bir haqiqatni unutmaylik, yaxshi gazeta ham, yomon gazeta ham – oʻz davrining koʻzgusi. Biri yaxshi maʼnoda, boshqasi yomon maʼnoda. Kamdan-kam nashrlar oʻz davri muhitidan oʻzib keta olgan. Kamdan-kam...
Hozir bosma nashrlar inqiroz davrini boshdan kechirmoqda. Chamamda buning sababi koʻp: birinchisi, axborot ehtiyoji oʻzgardi, bu ehtiyojni qondirish vositalari koʻpayib ketdi; yoshlar, bolalar yangilikka oʻch emasmi, internet va qoʻl telefoni gazeta yo jurnalga qaraganda yangi, ham qulay! Demak,ikkinchisi, axborot tarqatish maydonidagi raqobat “oʻyin”larida bosma nashrlar epchillik, uddaburonlik koʻrsatolmay qoldi. Uchinchisi (eng muhimlaridan biri), ayniqsa yoshlar nashrlari zamon oʻzgarishlari, tafakkurlar, qiziqishlar oʻzgarishlariga munosib ravishda oʻzgara olmayapdilar. Qaysi maʼnoda? Burundan qolgan anʼanalardan voz kecholmayapdilar. Mafkuravozlik, tarbiyavozlik, nasihatvozlik bilan oʻquvchini koʻpaytirish davri qolib ketdi. Voz kechmoq kerak ulardan. Chunki, hozirgi yoshlar nihoyatda emin-erkinlikka oʻch. Tushuntirolyapmanmi? Yoshlar nashrlari oʻz oʻquvchilarini oʻz holiga qoʻyishlari kerak. Misol uchun, yoshlarga Vatanni sevishni, Vatanga sadoqatni koʻr-koʻrona oʻrgatmasinlar, uning oʻrniga shunday usullar topish kerakki, toki, bola Vatan tuygʻusini his qilishga odatlansin.
“Aʼlo”ga oʻqiydigan bolalarimizning muammoasi alohida, kunda «ugol»ga qoʻyiladigan bolalarimizning muammolari alohida. Tajriba uchun savol beray: qaysi bolalar nashri «ugol»chi bola haqida ijobiy maqola eʼlon qilgan?..
Bola dunyoni oʻyin orqali idkrok etadi, bola tarbiyasida oʻyindan buyukroq va samaraliroq kuch yoʻq. Xullas, fikr va soʻz erkinligi deganda men nashrlarimizning oʻz auditoriyasi bilan emin-erkin munosabat oʻrnata bilmoqligini nazarda tutaman.
3. «Rasyomon darvozasi» va “Yetti huzur halovat” asarlarining nimasi Sizni tarjima qilishga undadi. Jahon adabiyoti va matbuoti bilan aloqalaringiz, adabiy yozishmalaringiz haqida aytib bera olasizmi?
70 yillarning oxirlari boʻlsa kerak, tengqurlarimiz orasida xorijiy adabiyotlarga qiziqish ortdi. Ortmadi, qiziqish portlash darajasiga yetdi! Bu portlash nimadan boshlandi?
Birinchidan, oʻzini ziyoli degan, ayniqsa ijodkorman degan odam oʻqishga mukkadan ketgandi. Toʻgʻrisi, oʻsha davrda “Guliston” jurnalidan oʻtadigani yoʻq edi. Ittifoq miqyosida bosiladigan koʻplab gazeta-jurnallarniku, asti qoʻyaverasiz! Qoʻlma-qoʻl oʻqilardi. Soʻnggi chaqalarimizga ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy nashrlarni sotib olardik, soʻrab-surishtirib olib oʻqirdik. Boltiqboʻyi respublikalari, Ozarbayjon, Gruziyada chop etiladigan nashrlarni aytmaysizmi?! Kitob gadosi edik.
Gorkiy nomidagi bolalar istirohat bogʻidagi (hozirgi “Toshkent kurantlari” orqasida edi) har kungi tushlik suhbatlari chinakam maʼnoda ijodiy maktabga aylanardi. Katta-kichik yozuvchi, shoir va qalamkashlar gurungi shu qadar qizgʻin tus olardiki! Har bir suhbatda kitob oʻqigandek, yangi asar oʻqigandek boʻlardik. Nomi oʻzimizga notanish mualliflar, ularning asarlari oʻsha bogʻdagi gurunglar chogʻida qulogʻimizga chalingan, chalingan zahoti, izlashga tushardik. Hamma bir-biridan kitob iltimos qilardi. Yapon adabiyoti, Boltiqboʻyi xalqlari adabiyoti, Lotin Amerikasi adabiyoti degan soʻzlarni dastlab oʻsha yerda eshitganman. Qulogʻimizga chalingan adiblar yozgan asarlarni shaharning turli burchaklarida boʻladigan yakshanbalik kitob bozorlaridan izlab-istab yurardik. Oʻh, u qaytmas damlar! Yuraklarim ezilib ketadi u paytlarni eslasam! Oʻsha adabiy muhitni, oʻsha kitobxonlik “kasal”ligini sogʻinaman. Vaholanki, hech kimda majburiyat yoʻq edi, istak bor edi, xolos, istak!
Yapon Akutagava Ryunoskening nomini eshitdim. Ming yillik yapon adabiyotini, hikoyanavisligini mutlaqo boshqa oʻzanga burib yuborgan adib. Kitobini topdim. Rus tilida. Oʻqish va uqish nihoyatda murakkab. Lugʻat yordamida oʻqidim. Va «Rasyomon darvozasi» hikoyasini oʻzbekchalashtirishga jurʼat etdim. Xitoy, Yevropa adabiyotiga qiziqdim, orada F.Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romani Ibrohim Gʻafurov tomonidan tarjima qilindiku! Shov-shuv boʻlib ketdi. Soʻzlab bersam, hozirgi yoshlar yo tasavvur qilolmaydilar, yoki ishonmaydilar. “Jinoyat va jazo” haqidagi gurungga qoʻshilolmaslik isnod edi, isnod! Keyin “Telba” chiqdi. Yana sensatsiya! Taqqos uchun aytadigan boʻlsam, oʻshanday sensatsiya Tohir Malikning «Shaytanat»ida takrorlandi, xolos.
Shu orada oʻzimizda Temur Poʻlatov ismli yozuvchi borligidan xabar topdim. Qizigʻi, bu adib va uning asarlari boya men eslaganim bogʻdagi tushlik chogʻlarida ham koʻpda tilga olinmasdi. Rus tilida ijod qilgani sabablimi, bilmadim?.. Avval Temur akaning oʻzbekchaga tarjima qilingan asarlarini oʻqidim, toʻgʻrisi, qanoat hosil qilmadim, keyin uning asarlarini asl nusxada oʻqishga kirishdim.
Loʻnda aytadigan boʻlsam, meni qalamga oshno etgan, adabiyotga chirmab-bogʻlab tashlagan, umuman inson sifatidagi dunyoqarashimni agʻdar-toʻntar qilib yuborgan uch adib: Fyodor Dostoyevskiy, Frans Kafka va Temur Poʻlatov. Bu roʻyxatga Marsel Prustni qoʻshish mumkin. Albatta, koʻplab ilmiy-ommabop, shuningdek, falsafa, tarix, psixologiya va hokazo yoʻnalishdagi adabiyotlarni oxirigacha sanashning iloji yoʻq. Lekin, taʼkidlash kerak boʻlsa, Temur Poʻlatovning qalamiga mansub “Buxoro xonadoni kechmishlari”, “Gʻoyibning ikkinchi safari”, “Boʻlak manzilgohlar”, “Mulk”, “Jaloliddinning soʻnggi suhbatdoshi” kabi hikoya, qissa va romanlarini hozirgacha oʻzim oʻqigan eng oʻlmas asarlar qatorida sanab oʻtishdan, oʻzimizning zamindan ana shunday jahon adabiyotiga tatigulik asarlar bitgan adib chiqqanidan faxrlanaman. «Yetti huzur-halovot va qirq qaygʻu-alam» “Buxoro xonadoni kechmishlari” trilogiyasining uchinchi kitobi mening tarjimamda kitob holida bosilgan.
4. Bugungi qalam ahlidan qoladigan xat oʻrnini egallayotgan telegramdagi adabiy muhit haqida nima deysiz? Bu zamon talab etayotgan adabiyot va jurnalistikaning yangi elektron bosqichimi? Maktublar kishidan balki ortiqcha vaqt talab qilar!?
Kompyuter, telefon, internet asri muloqot dunyosini tubdan oʻzgartirib yubormoqda. Bu ketishda yana qanday moʻjizalarga roʻpara kelamiz, aytish qiyin. Lekin shu narsa aniq – inson oʻzligini saqlab qolish ustida qaygʻurmogʻi shart! “Oʻzligi” deganda men tabiiy munosabatlar, tabiiy muloqotlarni nazarda tutmoqdaman. Bitta misol keltiray: qoʻl telefoni oʻzaro xat almashishday sehrli vositani yoʻqqa chiqardi. Vaholanki, xat yozishday moʻjizaga teng keladigan sehrli, bemisl kuch-qudrat yoʻq dunyoda! Hech qanday telefon muloqoti yuzma-yuz suhbatning, hech qanday SMS qogʻozga yozib joʻnatilgan nomaning oʻrnini bosolmaydi. Mubolagʻaga yoʻymang: yuzta SMS uch varaqlik dil izhori oʻrnini bosolmaydi!
5. Baʼzan ijodiy uchrashuvlar uchun baʼzan rasmiyatchilik yuzasidan uzoq safarlarga chiqib turasiz. Shu maʼnoda koʻpchilikni qiziqtiradigan dunyoning ha sohada ilgʻor mamlakatiga aylanayotgan Amerikada kitob va mutolaaga boʻlgan munosabat qanday?
AQSHga bir necha bor safar qilganman. Odatda shtatma-shtat kezib, tomosha qilaman, kutubxonada oʻtiraman. Koʻchada, bogʻda, oshxona-restoranda, jamoat transportida, plyajda soatlab odamlarni kuzataman. Sonsiz-sanoqsiz odamlar oʻynab-kulib, yashab yuribdi. Hech kim hech kimga daxl koʻrsatayotgani yoʻq..
Birinchi safar borganimda bir kutubxonaga aʼzo boʻldim. Buning uchun pasportim nusxasini, telefon raqamimni berdim, vassalom. Kutubxonadan istagancha foydalanish huquqiga egaman. Qoʻltiq-qoʻltiq kitobni uyga olib ketaman. Uzogʻi bilan ikki haftaga ruxsat beriladi. Oʻqib ulgurmagan boʻlsangiz, muddatini choʻzdirasiz, xolos. Javondan topilmagan kitobni soʻrab, talabnoma berasiz, uzogʻi bilan ikki kunda telefonga “Sizni falon kitob kutmoqda” degan mazmunda xabar keladi.
Oʻzim koʻp qatnaydigan kutubxonadan 10-15 chaqirim naridagi boshqa bir kutubxonani izlab bordim. Aʼzo boʻlish uchun pasportimni koʻrsatdim. Kutubxonachi ayol kompyuterni titkilab qaradida, “Pasportingizning hojati yoʻq, sizning ism-sharifingiz bizning roʻyxatimizda qayd etilgan, bemalol foydalanavering” dedi. Bu kutubxona narigisdan boyroq ekan. Jonim kirdi. Toshkentda topilmagan kitoblarni hech bir muammosiz olib oʻqidim. Keyingi borishimda mashhur Jeyms Joysning ijodiga bagʻishlangan barcha nashrlarni (rus tilidagisi albatta) oʻqib, konspektlashtirdim. Hikoyalari jamlangan, bir zamonlar Moskvada chop etilgan kitobini Toshkentda topolmagandim. Soʻradim. Izlashdi. “U adibning asarlari bizda u qadar ommalashmagan, – dedi kutubxonachi ayol. – Negadir bizda topilmadi”. Attang, dedim-qoʻydim. Ketdim.
Oradan besh kun oʻtdi chogʻi. Telefonimga xabar kelibdi: «Joysning siz istagan kitobi sizni kutmoqda». Gʻizillab yetib bordim. Ayol mendan koʻra koʻproq mamnuniyat bilan ikki qoʻllab kitobni tutqazdi, soʻng boʻlgan voqeani menga tushuntirdi:
–Bu kitob falon joydagi kutubxonada borligini aniqladik, lekin u kutubxona oʻt oʻchiruvchilar tomonidan vaqtincha yopib qoʻyilgan ekan. Biz oʻt oʻchirish idorasi rahbariyatiga murojaat qildik, oʻt oʻchiruvchilar kutubxonani bir soatga ochishga ijozat berishdi va J.Joysning mana shu kitobini olib, siz uchun keltirdik.
Ana beminnat xizmat, mana astoydil xizmat. Mening kimligimni bilmasa, u yurtning fuqarosi boʻlmasam, kitob topilmagan boʻlsa, men shikoyat qilganim yoʻq, ortiqcha talabnoma yozmadim. Nari borsa, “Bizda u kitob yoʻq” deb qutilsa, boʻladigan. Yoʻq, ularda bunday tushuncha yoʻq. Men noyob kitob topilganidan qanchalik boshim osmonga yetgan boʻlsa, kutubxonachi ayol oʻz xizmat vazifasini sidqidildan ado etganidan shunchalik sevindi.
6. Oʻzbek jurnalistikaning aksariyat vakillari Sizning oʻquv audiotoriyalaridagi maʼruzalaringizdan saboq oldi, maslahatlarngizga amal qildi. Bugungi ustoz-shogirdlik anʼanasi qay darajada davom etmoqda va yetishib chiqayotgan yosh kadrlar salohiyati haqida nima deya olasiz?
Ustoz-shogirdlikdan soʻrayapsiz. Dunyo mana shu anʼana asosidagina rivojlanadi, taraqqiy etadi. Ayni paytda jamiyatimizda koʻzga tashlanayotgan barcha (!) katta-kichik muammolarning, kemtikliklarning asosiy sabablaridan biri ustoz-shogirdlik anʼanasi izdan chiqqaniga borib taqaladi. Indalllosini aytdagan boʻlsam, ustoz koʻrgan shogird aslo kam boʻlmaydi: inson sifatida ham, kasb-kor egasi sifatida ham.
7. Jurnalist sifatida Siz qadrlaydigan fazilat nima?
Zamonaviy dunyoda jurnalistning oʻrni, ahamiyati har qachongidan ortib boraveradi. Chunki, jamiyatimiz ochiq muloqot jamiyatiga aylanib bormoqda. Ommaviy muloqotga keng imkoniyat yaratilayotgan muhitda axborot bilan ishlovchi odam asosiy figuraga aylanadi. Shundan kelib chiqib aytsam, jurnalist birinchi navbatda, muloqot-munosabat madaniyatini egallamogʻi kerak. U har qanday inson bilan til topishmogʻi darkor. Koʻp oʻqishi, xotirasini puxtalashi zarur. Yozma va ogʻzaki nutqini tinimsiz takomillashtirmogʻi uning baxti, omadi-kasbiy muvaffaqiyatini belgilaydi. Yana bir gap: jurnalistga xos boʻlgan barcha fazilatlar yigitdir-qizdir, hammalarining shaxsiy-oilaviy hayotlarida juda-juda asqotadi.
Berilgan yaxshi maslahatlar va mazmunli suhbat uchun minnatdorchilik bildiramiz!
Umida SATTOROVA, “Xalq soʻzi”
“Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Xabarda testga yuborilgan avtomobil ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etilmagani va bu juda muhim omil ekanini qayd etgan.'Avtomobilni testga yuborishdagi holatlar va testlar qanday sharoitda oʻtkazilgani bizga nomaʼlum. Shu sababli, biz test natijalariga norozilik bildiramiz. Shaffof va obyektiv sinovlar orqali 'Leapmotor' mahsulotlarining haqiqiy holati baholanishiga umid qilamiz' deyiladi izohda.Kompaniya mazkur masala boʻyicha Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlikda ishlayotganini va test
Toshkentda mast erkak pichoq bilan odamlarga tashlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda bir erkak qoʻlida pichoq koʻtargancha fuqarolarga hujum qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan poytaxt IIB rasmiy'munosabat bildirdi.Qayd etilishicha, joriy yilning 18-aprel kuni taxminan soat 19:40 larda Shayxontohur tumani Sebzor koʻchasida joylashgan avtoturargohlardan birida oʻrnatilgan 'tashvish tugmasi' bosilganligi haqida Toshkent shahar IIBB Qoʻriqlash boshqarmasiga xabar kelib tushgan.Zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan IIO xodimlari tom
Shavkat Mirziyoyev: Bizning vazifamiz – kelajak avlodlar barqaror, xavfsiz va farovon dunyoda yashashi uchun barcha chora-tadbirlarni koʻrish
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-aprel kuni Samarqand xalqaro iqlim forumining yalpi sessiyasida nutq so'zladi.Forum ishida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil
Toshkent koʻchalaridan yana birida harakat vaqtincha cheklandi
Maʼlum qilinishicha, poytaxtning KHAY koʻchasi boʻylab Turkqoʻrgʻon koʻchasi kesishmasidan Xurshida koʻchasi kesishmasigacha boʻlgan qismida 35 kV li yuqori kuchlanishli yer osti elektr uzatish kabel tarmoqlarini oʻtkazish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.Shu munosabat bilan, joriy yilning 13-aprelidan 25-apreligacha Turkqoʻrgʻon koʻchasining bir qismida avtomobillar harakati vaqtincha cheklandi. Qayd etilishicha, harakat har ikki yoʻnalishda yoʻlning bitta tomoni orqali