calendar 20 Mar 12:53
eye 71
comments 0
comments Manba: xs.uz

Navroʻz bayrami Surxondaryoga tarovat bagʻishlamoqda

image
Farhod ESONOV/'Xalq soʻzi'. Surxondaryo viloyatining Navroʻz shodiyonalariga bagʻishlangan asosiy bayram sayli Termiz shahridagi Sanʼat saroyi bogʻida boʻlib oʻtdi. Sharqona yangi yil boshi, goʻzallik, bunyodkorlik va yangilanish ayyomi erta tongdan karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda boshlandi.

Vohaning har bir tumani oʻziga ajratilgan qoʻrgʻonlarni, oʻtovlarini hududning milliy qadriyatlariga xos bezatib, turli koʻrgazmalar tashkil etdi. Sanʼatkorlarning konsert dasturlari, teatrlashgan sahna koʻrinishlari, folklor-etnografik ansambllar va baxshilar ijrosidagi kuy-qoʻshiq, lapar, terma va dostonlardan parchalar, dorbozlarning mahorati, milliy xalq oʻyinlari barchaga bir olam zavqu shavq ulashdi. Sumalak va boshqa bahor taomlarini tayyorlab, bayram ishtirokchilariga ulashdi.



'Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!' shiori ostidagi tantanali bayram tadbirida shahar va tumanlardan kelgan jamoatchilik vakillari, milliy madaniy markazlar, korxona va tashkilotlar, muassasa va mahallalar masʼullari, oʻz beminnat xizmati bilan hurmat-eʼtibor qozongan fidoyilar, mehnat faxriylari, faol yoshlar vakillari, sayyohlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov voha ahlini yasharish va yangilanish, mehr-oqibat bayrami bilan samimiy qutlab, Vatanimizga tinchlik, yurtimizga obodlik, xalqimizga farovonlik va amalga oshirayotgan islohotlarimizga bardavomlik tiladi.



' Oʻtgan 2024-yil viloyatimiz uchun yutuqlarga boy, sermahsul yil boʻldi, ' dedi viloyat rahbari. ' Yurtboshimizning alohida eʼtibori tufayli soʻnggi yillardagi yangilanishlar natijasida oʻtmishdan ilmu fan, maʼnaviyat, maʼrifat va madaniyat beshigi boʻlib kelgan Surxon vohasi ham yanada obod, goʻzal va farovon maskanga aylanmoqda. Davlatimiz rahbarining Farmon, qaror va topshiriqlari bilan yillar davomida toʻplanib kelgan koʻplab masalalarimiz hal etib berildi. Bu jarayonda aholining asosiy muammolari hisoblangan yoʻl, ichimlik suvi, elektr taʼminotiga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼlim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy sohalarda ulkan yangilanishlar yuz berdi. Birgina misol: ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun Toʻpalang loyihasi doirasida 5 ta tumanning 1 milliondan oshiq aholisi toza ichimlik suvi bilan uzluksiz bahramand boʻlishiga sharoit yaratildi.

Prezidentimiz belgilab bergan bosh maqsadimiz ' inson qadrini ulugʻlash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, barcha shahar va tumanlar, olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, yaʼni xalqimizni rozi qilishdir. Bu borada belgilab olingan dasturlar jadal tarzda amalga oshirilib, shu ezgu yoʻlda qatʼiyatli harakat qilinayotganini mamnuniyat bilan qayd etish mumkin.



Jamiyatimizda xotin-qizlarning roli va mavqeini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini viloyatda ayollarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va eʼtibordan ham anglash mumkin.

Oʻtgan yilda viloyatda 'Ayollar daftari' orqali 64 ming nafardan ortiq xotin-qizga ijtimoiy yordam koʻrsatilib, 42 ming nafarga yaqin ishsiz ayolning bandligi taʼminlandi. Shuningdek, 12 ming nafarga yaqin ayol tadbirkorlikka jalb etildi.



Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan vohalik xotin-qizlar oʻzlarining mehnatlari bilan davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʻlishmoqda. Oʻtgan yillar davomida 80 nafardan ortiq xotin-qiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Yaqinda 8-mart ' Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Prezidentimizning qarori bilan bir qator xotin-qizlar mukofotlandi: Termiz tumani obodonlashtirish boshqarmasining gul yetishtiruvchisi Oygul Shomuratova 'Doʻstlik' ordeni, Denov tumanidagi 1-oilaviy bolalar uyi rahbari Ozoda Joʻrayeva, Jarqoʻrgʻon tumani hokimi oʻrinbosari ' oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Farida Ravshanova hamda Shoʻrchi tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, temirchi-usta Qizlarxon Toshpulatova 'Shuhrat' medali bilan mukofotlandi.



Shuningdek, ikki nafar isteʼdodli qiz '' Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Gulruxsorabegim Abdusaidova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti Rushana Zaripova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori boʻldi.

Dunyoning eng ruhlantiruvchi 'Top-100' ayoli roʻyxatiga kirgan denovlik Dilorom Yoʻldosheva nogironligi bor boʻlsa-da, tikuv korxonasini ochib, 40 nafar kambagʻal xotin-qizni ishli qilganini shaxsan davlatimiz rahbari eʼtirof etib, 'Mardlik' ordeni bilan taqdirlagani surxondaryolik xotin-qizlarning mehnati va izlanishlariga berilgan yuksak baho deb bilish mumkin.



' Navroʻz yasharish va yangilanish ayyomi, xayr-saxovat bayramidir, ' deydi Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish oʻquv kursi direktori Rayhon Rahimova. ' Bu kun mehr-muhabbat ulashish kuni. Bu kun qalblardagi yaxshilik va saxovat uygʻonadi, har kim oʻzining mehrini yaqinlariga ulashishga harakat qiladi. Bu yilgi Navroʻzi olam biz, surxondaryolik ayollar uchun har yilgidan-da omad va quvonchlar olib keldi. Yurtboshimiz yangi marralar, maqsadlar sari ilhomlantirdi. Biz bu yuksak ishonchni oʻz mehnatimiz bilan, albatta, oqlaymiz. Yangi Oʻzbekistonimizning porloq kelajagi uchun bor imkoniyat va matonatimizni safarbar etamiz.

Viloyatning qulay investitsion muhiti xorijiy investorlar va yirik kompaniyalarning qiziqishlarini oshirmoqda. Buni viloyat delegatsiyasining Xitoy, Yaponiya, Vengriya va Rossiyaga tashriflari davomida erishilgan natijalar ham isbotlab turibdi. Ushbu tashriflar davomida 8,3 milliard AQSH dollarilik 63 ta loyihaga investitsiyalar jalb etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.



Viloyatda xorijiy kompaniyalar ishtirokida 30 dan ortiq yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Masalan, Germaniya, Fransiya va Niderlandiya investorlari bilan Angor tuman ida 1,2 milliard dollarlik, quvvati 1 500 MVTga teng boʻlgan issiqlik elektr stansiyasi, Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda Sherobod tumanida yirik quyosh stansiyasi, xitoylik tadbirkorlar bilan Sariosiyo va Oltinsoy tumanlarida koʻmir konlarini oʻzlashtirish, Rossiya tadbirkorlari bilan Qoʻmqoʻrgʻon tumanida yirik toʻqimachilik fabrikasini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, turizmni rivojlantirish maqsadida Boysun tumani 'Omonxona' va Sariosiyo tumani 'Sangardak' va Jarqoʻrgʻon tumani 'Oqtepa' massivlarida master reja asosida yirik loyihalar boshlab yuborilgan.



Viloyatda yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Termiz shahri va barcha tumanlarda 'Yoshlar va turizm koʻchalari' tashkil etilmoqda. Denov tumanidagi 'Qizilsuv' daryosi qirgʻoqlari mustahkamlanib, tunu kun ishlaydigan savdo, servis va koʻngilochar nuqtalar tashkil etilgan. Bu 500 ta yangi ish oʻrni yaratishga imkon berdi. Termiz shahrida IT-park tashkil etilib, 500 nafar yoshning bandligi taʼminlandi.

Viloyat markazidagi 'Tinchlik' yoshlar sanoat zonasi tajribasi asosida Qumqoʻrgʻon, Bandixon, Jarqoʻrgʻon, Angor va Denov tumanlarida yoshlar sanoat zonalari tashkil etildi. 200 dan ziyod yosh tadbirkorga sharoit yaratildi. Bu yil 425 ming yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.



26 gektar maydonda barpo etilgan 'Termiz xalqaro savdo markazi' qoʻshni davlatlar bilan savdo va iqtisodiy aloqalarda muhim ahamiyat kasb etib, viloyat nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Surxondaryoliklar bu yilgi Navroʻzni mana shunday katta yutuqlar bilan qarshi olmoqda. Vohada yashayotgan 20 dan ziyod millat va elat vakillarini ushbu bayram tadbirlari birlashtirib, buyuk marralar sari ilhomlantirmoqda. Zero, tinch va farovon yurtda bayramlar yanada goʻzal va shirin boʻladi.



Poytaxtdan kelgan taniqli sanʼatkorlar, vohadagi badiiy dastalar, folklor jamoalari, isteʼdodli yoshlarning qiziqarli konsert dasturlari barchaga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Navroʻz shodiyonalari viloyatning barcha hududlari boʻlib davom etmoqda.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

31 May 08:49
 
4
0
xs.uz

Oʻzbekistonda Qurbon hayiti 6-iyun kuni nishonlanadi

Xalqimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag'rikenglik kabi ezgu fazilatlar timsoli bo'lgan, asrlar davomida ma'naviy hayotimizda muhim o'rin tutib kelayotgan muborak Qurbon hayitining ahamiyati Yangi O'zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi sharoitda tobora ortib borayotganini hisobga olib hamda ushbu qutlug' ayyomni har tomonlama munosib kutib olish va o'tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-a

14 Apr 06:18
 
50
0
xs.uz

Rossiyada qiyin ahvolda qolgan oila Oʻzbekistonga qaytarildi

Rossiyaning Novosibirsk viloyatida ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan voyaga yetmagan bola va uning ota-onasi Oʻzbekistonga qaytarildi. Bu haqda 'Dunyo' axborot agentligi'xabar berdi.Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi voyaga yetmagan bolaning zarur hujjatlarini rasmiylashtirish va taqdim etish bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalarda yordamlashgan. Shuningdek, u Novosibirsk aeroportida ota-onasiga topshirilgan.Ushbu oila joriy yilning 9-aprel kuni Rossiyaning S7 aviakompani

17 May 21:46
 
23
0
xs.uz

Yuksak hamdoʻstlik ifodasi

Xivadagi Ichan Qalʼa davlat muzey-qoʻriqxonasi Koʻhna Ark tarixiy-meʼmoriy majmuasi yozgi kinoteatrida anʼanaviy Koreya kinofestivali boʻlib oʻtdi. Unda mahalliy aholi vakillari, yoshlar, viloyatdagi koreys milliy markazi faollari qatnashdi.Kinofestivalning tantanali ochilish marosimida Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon ishtirok etib, yigʻilganlarga samimiy va ezgu tilaklarini izhor qildi. U har ikki davlat oʻrtasida barcha sohalar, xususan

21 Apr 08:33
 
48
0
xs.uz

Yoʻl harakati xavfsizligi xodimi oddiy fuqaroni avtomobil kapotiga “mindirib”, sudrab ketgani rostmi? (+video)

Ijtimoiy tarmoqlarda yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi oddiy fuqaroni avtomobil kapotiga mindirib, sudrab yurgani haqidagi videotasvirlar keng tarqaldi. Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ushbu voqeani atroflicha oʻrganib, maʼlumot berdi.Unda aytilishicha, joriy yilning 7-aprel kunidan 8-aprel kuniga oʻtar kechasi Fargʻona shahar 'Alisher Navoiy' va 'Amir Temur' koʻchalari kesishmasida 'Nexia-3' va 'Lacetti' rusumli transport vositalari ishtirokida YTH sodir boʻlgan. Cho