calendar 08 Feb 12:55
eye 307
comments 0
comments Manba: postda.uz

TEATR – IBRAT MASKANIDIR

image

Ma’naviyat va ma’rifat darsi

«Hayot – bu teatr, undagi odamlar – aktyorlar», degan edi ingliz dramaturgi Uilyam Shekspir. Daho ijodkorning ushbu fikriga tayanib «Teatr – bu hayot, uning bir parchasi» deyish ham mumkin. Zero, hatto rivoyat-u afsonalarga asoslangan teatr tomoshalari zamirida ham insonning hayot haqidagi tasavvurlari yotadi.

Ona yurtimizda teatr san’ati juda qadim tarixga ega. Unig ildizlari ibtidoiy jamoa davriga borib taqaladi. O‘sha zamonlarda ajdodlarimiz ov va boshqa mehnat jarayonlarini taqlidiy raqslar, jangovar o‘yinlar hamda xalq o‘yinlari shaklida ifoda etishgan.

Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Klavixolarning ma’lumotlariga qaraganda, Amir Temur saltanati poytaxtida va boshqa yirik shaharlarda teatrlashgan tomoshalar namoyish qilingan. XIX asrning ikkinchi yarmida esa Qo‘qonda Zokir qiziq boshchiligida bir guruh qiziqchilar, Buxoroda To‘la masxara yetakchiligidagi masxarabozlar xalq orasida mashhur bo‘lgan. Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romanining «Xon ko‘ngil olmoqchi», «Qiziqlar» boblarida aynan Zokir qiziq rahbarligidagi qiziqchilarning Xudoyorxon saroyidagi tomoshalaridan bir parcha aks etgan.

Turkistonda tom ma’nodagi teatrga Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» asari yaratilganidan so‘ng asos solindi. Muallifning o‘zi asarini janr jihatdan «milliy fojia» deb atagan. «Padarkush» dastlab 1914-yilning 15-yanvarida Samarqandda, o‘sha yilning 27-fevralida esa Toshkentda sahna yuzini ko‘rdi. Abdulla Avloniyning «Turon» havaskorlik teatr truppasi 1914 – 1916-yillarda butun Farg‘ona vodiysi bo‘ylab spektaklni namoyish etdi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, mazkur teatr tomoshasi g‘aflat uyqusida yotganlarni go‘yoki uyg‘otib yubordi. Zero, Behbudiyning o‘zi ham «Oyna» jurnalining 1914-yil 29-sonida chop etilgan «Teyotr nadur?» maqolasida «Teyotr ibratnamodur, teyotr va’zxonadur, teyotr ta’zir adabdir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko‘zliklar ko‘rib, kar-quloqsizlar eshitib, asarlanur. Xulosa: teyotr va’z va tanbeh etguvchi hamda zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zararini ayon ko‘rsatguvchidur», – deb yozgan edi. «Padarkush» asari garchi hozirgi mezon bilan o‘lchaganda, mazmunan nihoyatda sodda bo‘lsa-da, ushbu talablarga to‘la javob berardi. Yuqoridagi talablar bugungi kunda ham o‘zgargani yo‘q. Bizning davrimizda ham teatr ibrat maskani hisoblanadi. Ushbu san’at dargohiga qadam ranjida qilgan inson tomoshadan so‘ng o‘zi uchun ibrat, saboq olib qaytishi lozim.

Teatr nihoyatda kuchli tarbiyaviy ta’sir kuchiga ega. Shuning uchun mustaqillik yillarida mazkur san’at turi rivojiga alohida e’tibor qaratildi. Istiqlol davrida teatr repertuarlarida tarixiy mavzularga keng o‘rin berildi. Bahouddin Naqshband, Imom al-Buxoriy singari ulug‘ allomalarimizning hayoti va faoliyatini yorituvchi asarlar sahnalashtirildi. Ayniqsa, Amir Temur bobomiz va temuriylar to‘g‘risidagi spektakllarni xalqimiz sevib tomosha qildi. Shuningdek, teatr milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu o‘rinda «Chimildiq», «Che­cha» kabi ko‘plab spektakllarni eslab o‘tish joiz.

Farg‘ona, Xiva, Qarshi, Namangan, Termiz shaharlarida qo‘g‘irchoq teatrlari ish boshladi. O‘zbek Milliy akademik drama teatri uchun zamonaviy, muhtasham bino qurib berildi. Teatr san’atini rivojlantirish maqsadida bir qator xalqaro anjumanlar o‘tkazildi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda teatr san’atini yanada taraqqiy toptirish maqsadida davlatimiz tomonidan har tomonlama g‘amxo‘rlik qilinmoqda. Xususan, 2018-yil 5-yanvarda Vazirlar Mahkamasining «2018–2022-yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivoj­lantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining 2023-yil 22-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishi mamlakatimiz teatrlari rivojida tub burilish yasashi shubhasiz. Chunki shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, soha mutasaddilari ishtirok etgan ushbu tadbirda Yurtboshimiz bu borada muhim vazifalarni belgilab berdi. Unga ko‘ra yaqin orada teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Ushbu dastur eng yax­shi pyesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etish kabi bir qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Bundan buyon korxona va muassasalarda oyning bir kuni «Teatr kuni» sifatida belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu nafaqat teatrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlaydi, balki hamyurtlarimizning ma’naviyatini, estetik didini yuksaltirishda muhim omil bo‘ladi.

Ammo teatrlar ibrat maskani vazifasini to‘laqonli bajarishi uchun soha vakillariga qo‘yiladigan talab ham kuchayishi tabiiy. Avvalambor, dramaturglar maishiy mavzularga o‘ralashib qolmasdan, ijtimoiy mazmun-mundarijasi salmoqli asarlar, el-yurt taqdiriga, kelajagiga daxldorlik hissi bilan yashaydigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega zamonamiz qahramonlari obrazlarini yaratishlari kerak.

Rejissyorlar teatrni muqaddas dargoh bilib, xoh zamonaviy mavzuda bo‘lsin, xoh tarixiy yo‘nalishda bo‘lsin, dramatik asarlarni mahorat bilan sahnalashtirishlari lozim. Zero, bu ulug‘ dargohda Mannon Uyg‘ur, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Bahodir Yo‘ldoshev singari san’at darg‘alari faoliyat ko‘rsatgan.

Aktyorlarimiz sahnani muqaddas bilib, o‘zlariga topshirilgan katta-kichik rollarni maromiga yetkazib, qoyilmaqom qilib ijro etishlari darkor. Zero, yurtimizning teatr sahnalarida Abror Hidoyatov, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Zikir Muhammadjonov, Lutfixonim Sarimsoqova, Olim Xo‘jayev, Zaynab Sadriyeva kabi san’at darg‘alarining izlari qolgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi san’atkor tilidan shunday yozgan edi:

 

Hammasi tugadi, tugadi axir,

Parda tushirildi,

tomosha tamom.

Biroq sahna uzra hal

bo‘lgan taqdir

Mening yuragimda

qilmoqda davom.

 

Ha, ana shunday butun vujudi bilan o‘z ishiga berilgan teatr san’atkorlarigina tomoshabin tahsiniga, olqishiga sazovor bo‘ladi.

Xullas, davlatimiz rahbarining e’tiboridan ruhlangan teatr san’atiga daxldor har bir shaxs o‘z vazifasini sidqidildan bajaradi deb ishonamiz, umid qilamiz. Shundagina tomoshabin spektakl namoyishi paytida sahnada aks etgan hayot bilan yashaydi. Tomoshadan so‘ng ham o‘ylashda, mushohada yuritishda davom etadi, yaxshilarga yondashadi, yomonlikdan qaytadi. Qisqa qilib aytganda, spektakl namoyishidan ibrat oladi, tegishli xulosa chiqaradi.

Bobomurod TOSHЕV.

 


Doʻstlaringiz bilan ulashing

09 Oct 12:40
 
25
0
xs.uz

Kamola Mahmudova 48 yoshida vafot etdi

Londonda yashab, faoliyat yuritayotgan asli oʻzbekistonlik mutaxassis, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YеTTB)ning Ozarbayjondagi vakilligi rahbari Kamola Mahmudova uzoq davom etgan хastalikdan soʻng 48 yoshida vafot etdi.Kamola Mahmudova 1976-yil Toshkentda tugʻilgan. U Oʻzbekistonda koʻplab loyihalarni amalga oshirgan, 'Khan Academy', Ezgu Amal, Yashil Buxoro kabilar shular jumlasidan. Mahmudova, shuningdek, bir qator xayriya tashkilotlari, xususiy universitet, Buyuk Britaniyadagi

20 Sep 00:23
 
28
0
xs.uz

“Jon qozoqning oqinlari doʻstiman — yaqiniman”

Qadimdan qon-qarindosh, urugʻdosh, eldosh, tildosh, dindosh qozoq bovurlarimiz bilan bizning tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz bir.Yangi zamonda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev janobi oliylarining oqilona siyosati natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik munosabatlari bugungi kunda ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi.Yaqindagina roʻy bergan, ammo oʻzining teran mohiyatiga ko

10 Oct 14:24
 
17
0
postda.uz

O'ZBEK TILI – O'ZLIGIMIZ TIMSOLI

Yurtimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatida amal qilishi­ning huquqiy asoslari qonunan belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni uch tamoyilga – umumiylik, majburiylik va huquqiy kafolatga asoslanadi. Darhaqiqat, davlat tilining mustahkam huquqiy maqomi belgilab qo‘yilgani tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydala­nishga yetarlicha zamin yaratib, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an

09 Oct 12:36
 
19
0
postda.uz

JALOLIDDIN MANGUBЕRDI – MARDLIK VA JASORAT TIMSOLI

Bizning tanimizda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud kabi bobolarimiz qoni oqmoqda. Biz shunga munosibmiz va bu munosiblikni har daqiqada butun xalqimizga, jahon ahliga tarannum qilishga shoshilishimiz kerak!Shavkat MIRZIYOYЕV Har bir xalqning o‘z qahramonlari bo‘ladi. Vatan ozodligi yo‘lida mardlarcha kurashib, jonini fido qilgan dovyurak sarkarda Jaloliddin Manguberdi tarixda o‘chmas iz qoldirgan ana shunday milliy qahramonimizdir.Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad