calendar 20 Sep 00:23
eye 7
comments 0
comments Manba: xs.uz

“Jon qozoqning oqinlari doʻstiman — yaqiniman”

image
Qadimdan qon-qarindosh, urugʻdosh, eldosh, tildosh, dindosh qozoq bovurlarimiz bilan bizning tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz bir.

Yangi zamonda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev janobi oliylarining oqilona siyosati natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik munosabatlari bugungi kunda ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi.

Yaqindagina roʻy bergan, ammo oʻzining teran mohiyatiga koʻra, oltin harflar bilan tarixga muhrlangan ulkan voqealarni eslaylik. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-martda qabul qilingan 'Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrgangish va targʻib qilish toʻgʻrisida'gi qaroriga binoan amalga oshirilgan qanchadan-qancha ezgu ishlarning guvohi boʻldik.

Qarordagi vazifalarni ijro etishda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi oʻz ijodiy va amaliy faoliyati bilan katta hissa qoʻshmoqda. Abay hazratlarining 'Saylanma' asarlar toʻplami, 'Oʻzbek ' qozoq adabiy aloqalari' ilmiy-ommabop va badiiy-publitsistik maqolar toʻplami hamda boshqa koʻplab kitoblar oʻzbek va qozoq adabiyoti ixlosmandlari qoʻliga yetib bordi. Bu kitoblar mamlakatimizdagi oliy oʻquv yurtlari, umumtaʼlim maktablariga begʻaraz hadya etildi. Talaba-yoshlar va oʻquvchilar oʻrtasida 'Abay asarlari bilimdoni' insholar tanlovi oʻtkazildi. Abay Ibrohim hazratlari tugʻilgan 10-avgust sanasini Oʻzbekistonda keng nishonlash anʼanaga aylandi. Oʻsha kuni Toshkentning soʻlim goʻshalaridan biri Abay nomidagi koʻchada qad rostlagan buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri haykali poyida tantanali anjuman oʻtkaziladi. Oʻzbek va qozoq tillarida sheʼrlar, oʻlanlar yangraydi. Abay koʻchasi poytaxtimizning qoq markazidan oʻtadigan Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan shohkoʻchaga tutashgan. Bunda naqadar chuqur ramziy maʼno borligini ikki bovurdosh xalq juda yaxshi anglaydi.

Vatanimiz mustaqilliging 33-yilligi bayrami arafasida Qozogʻiston poytaxtida oʻzbek xalqining ulugʻ siymosi, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali oʻrnatilganini alohida taʼkidlash oʻrinli. Ushbu qutlugʻ tarixiy voqeaga bagʻishlangan tantanali marosimda ikki davlat rahbarlari ishtirok etib, nutq soʻzlagani xalqlarimiz doʻstligiga jahon ahlining havasini keltirdi. Ostona shahrida Alisher Navoiyning muhtasham yodgorligi bunyod etilgani qozoq xalqining oʻzbek xalqiga boʻlgan qaynoq mehr-muhabbati ifodasi deb bilamiz. Buyuk bobokalonimiz hazrat Mir Alisher Navoiyning muhtasham 'Xamsa' dostonlar majmuasi qozoq tiliga tarjima qilinib, unga hurmatli Prezident Qasim-Jomart Toqayevning soʻzboshi yozganida ham qozoq xalqining oʻzbek xalqiga nisbatan katta ehtiromini chin yurakdan his etdik.

Mamlakatimizda Vatanimiz mustaqilligi bayrami shukuhi kezib yurgan kunlarda ijtimoiy-maʼnaviy hayotimizda, oʻzbek ' qozoq adabiy aloqalari uchun yana bir quvonchli voqea roʻy berdi. Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev farmoniga binoan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Qozogʻiston Respublikasining 'Hurmat' ordeni bilan mukofotlandi. Bu ikki xalq doʻstligini kuylab yurgan, bir-birining asarlarini ona tillariga tarjima qilib, keng targʻib etayotgan oʻzbek shoirlarining ham, qozoq oqinlaring ham yuragiga katta quvonch bagʻishladi. Bu oliy darajadagi mukofot, qardosh davlat rahbarining ushbu yuksak eʼtirofi ikki xalq adiblari doʻstligi yanada mustahkamlanganining yorqin namunasi boʻldi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida yuksak darajadagi mazkur mukofot Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti nomidan Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Bakirovich Atamkulov tomonidan topshirlayotganda Sirojiddin Sayyid oʻz minnatdorligini shunday izhor etdi: 'Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat hamda milliy adabiyotimizning ravnaq topishiga, uning xalqaro miqyosda keng targʻib etilishiga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va eʼtibor sharofati bilan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Qasim-Jomart Toqayev janobi oliylarining Farmoniga binoan Qozogʻiston Respublikasining Davlat mukofoti ' 'Hurmat' ordeni bilan taqdirlanganim uchun minnatdorlik bildiraman. Menga koʻrsatilgan ushbu ehtiromni qozoq qardoshlarimizning oʻzbek adabiyoti, qolaversa, hamisha doʻstu qadrdon boʻlgan ulugʻ ustozlarimiz xotirasiga ehtirom va yuksak hurmat timsoli deb bilaman'.

Unutilmas va hayajonli lahzalar, ayniqsa, Sirojiddin Sayyidning ushbu haroratli soʻzlari mukofotni topshirishga bagʻishlangan tadbir qatnashchilari yuragini toʻlqinlantirib yubordi.

Xizmat vazifamga koʻra, Sirojiddin aka bilan koʻp hamsuhbat boʻlganim uchun u kishining Vatanga, el-yurtga, oʻzbek va jahon adabiyotiga, ustozlar va doʻstlarga mehri naqadar kuchli ekanini yaxshi bilaman. Boshqa xalqlar adabiyoti qatorida qozoq oqinlari, shoir va adiblari ijodiga oshiftaligi boʻlakcha. Prezidentimiz tashabbusi bilan 'Turkiy adabiyot dundonalari' nomli 100 jildlik kitoblar majmuasini oʻzbek tiliga tarjima qilib, nashr etish jarayonida ijodiy guruh rahbari sifatida isteʼdodli tarjimonlarga bosh-qosh boʻldi. Ushbu muhtasham majmuaga kirgan har bir asar tarjimasi Sirojiddin Sayyid boshchiligidagi tahrir hayʼati tomonidan qizgʻin muhkokama qilindi, badiiy matn to maromiga yetgunicha tahrir etildi. Qisqa vaqtda juda katta ijodiy ish muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Turkiy tilli davlatlar xalqlari yozma adabiyotining eng yuksak namunalari jamlagan ushbu kitoblar majmuasining 10 jildi qozoq adabiyotiga bagʻishlangan.

Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 'Adabiy doʻstlik ' abadiy doʻstlik' shiori ostida xalqaro adabiy aloqalar yanada rivojlanmoqda. Bordi-keldilar kuchaymoqda. Goh Toshkent, goh Samarqandda, goh Ostonada yoki Olmaotada tashkil etilgan adabiy tadbirlarda oʻzbek va qozoq ijodkorlari, shoirlari, ayniqsa, yoshlarning ishtiroki taʼminlanmoqda. Isteʼdodli yosh shoirlarimizning qozoq tilida 'Jүz өleң', qozoq yosh oqinlarining oʻzbek tilida 'Yuz sheʼr' kitoblari nashr etilgani ham maʼnaviy hayotimizda katta voqeadir. Bunday quvonchli xabarlar, voqea va uchrashuvlarga koʻplab misol keltirish mumkin.

Ne baxtki, bordi-keldilarimiz bugun har qachongidan yaxshilangan. Qozoq birodarlarimiz bilan diydorlashuvga otlanar ekan Sirojiddin aka ulugʻ shoirimiz Gʻafur Gʻulomning 'Qozoq elining ulugʻ toʻyi' nomli sheʼrini yoddan takrorlashni kanda qilmaydi:

Qorabayir yollarini

Poygalarda tarayman,

Maqtanmayman chin aytganda,

Bir chamalab qarayman,

Aytisuda Sabit bilan

Tortishuvga yarayman.

Oʻzbek elning dong qozongan

Mananday oqiniman,

Jon qozoqning oqinlari

Doʻstiman ' yaqiniman.

Akademik shoir Gʻafur Gʻulom oʻz doʻstlari haqida joʻshib sheʼr oʻqiganidek Sirojiddin Sayyid ham bugun adabiy gurunglar, mushoiralarda Qozogʻistonning peshqadam shoirlari bilan Alisher Navoiy, Abay, Abdulla Oripov, Oʻljas Sulaymonov sheʼrlaridan misollar keltirib, yosh ijodkorlarga adabiy saboqlar beradi. Ulugʻ ustozlarning ibratli hayoti haqidagi xotiralarini soʻzlaydi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, ustoz adib va tarjimon Nosir Fozilov oʻzbek va qozoq adabiyoti oʻrtasida bamisli oltin koʻprik edi. Qozoq tugʻishganlar Nosir Fozilovga 'Nosir ogʻay' deb, alohida hurmat koʻrsatishardi. Qozoq adabiyoti boʻyicha ustoz bilmagan narsa, tarjima qilmagan asar yoʻq edi. Oqsoqol doʻstlari va ukalarini xuddi oʻzining uyiga olib borayotgandek Qozogʻistonga boshlab boraverar edi. Bir gal Nosir Fozilov ijodiy safarda Sirojidddin Sayyidni oʻziga hamroh qilib oladi.

' Tadbir boʻlayotgan zalga kirib borishimiz bilan Nosir ogʻa qozogʻistonliklar qurshovida qolib ketdi. Hamma uni quchoqlab oʻpaveradi... ' degan edi Sirojiddin aka oʻsha safarni eslab.

Nosir Fozilov hazilkash odam edi. Bovurlarining unga boʻlgan oʻta darajadagi qaynoq va samimiy mehr-muhabbatidan xijolat boʻlganidan hazil qilib, hamrohini kuldiradi:

' Sirojiddin, mana koʻrdingmi, hamma meni oʻpyapti, xuddi qari tannoz ayolga oʻxshab qoldim...

Belgilangan tadbirlar tugagach ikkalasi Olmaota shahri boʻylab sayrga chiqishadi. Koʻp qavatli uy oldidagi bolalar maydonchasida oʻgʻilchasini oʻynatib oʻtirgan ayolga duch kelishadi. Nosir ogʻa qiziqib, qoshu koʻzlari qop-qoragina oʻgʻil bolaning ismini bilgisi keladi. Sirojiddin aka ustozga 'Shu bolaning ismi oʻzbekcha ism boʻlsa kerag-ov', deya koʻngliga kelgan gapni aytadi. Oqsoqol adib bu gapga ishonqiramay ayoldan:

' Bu jigitning ismi nima? ' deb soʻraydi.

' Alisher! ' deb javob beradi ayol.

Nosir Fozilov Sirojiddin Sayyidning topagʻonligiga tan berib, kulib yuboradi. Oqsoqol kichik Alisher oʻgʻlonni duo qiladi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻtasidagi hamkorlik munosabatlarining bugungidek ittifoqchilik darajasiga koʻtarilishi Abdulla Oripov va Nosir Fozilov kabi ustozlarimizning orzu-armoni edi. Sirojiddin akaning 'Menga koʻrsatilgan ushbu ehtiromni qozoq qardoshlarimizning oʻzbek adabiyoti, qolaversa, hamisha doʻstu qadrdon boʻlgan ulugʻ ustozlarimiz xotirasiga ehtirom va yuksak hurmat timsoli deb bilaman', degan soʻzlaridan ustozlarimiz qilgan oʻsha orzu-armonlar bugun ushalganiga teran ramziy ishora bor.

Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va ishonch, yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va qondoshligimiz abadiy boʻlsin!

Rustam MUSURMON,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima boʻlimi boshligʻi.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

20 Sep 00:23
 
5
0
xs.uz

Mahoratli bastakor Musaxon Nurmatov 56 yoshida vafot etdi

'Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi jamoasi marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi', deyiladi vazirlik xabarida.Musaxon Nurmatov 1968-yili Fargʻona viloyatida tugʻilgan. U 1990-yillar oxiri, 2000-yillar boshida oʻzbek milliy estrada sanʼatidagi yuzlab qoʻshiqlar musiqasining muallifidir.Xususan, uning 'Laylim', 'U goʻzal boshqa', 'Adashdim', 'Yana sogʻindim, yana', 'Meni sevib qolsayding', 'Xabaring yoʻq', 'Qizmi bu, kiyikmi bu', 'Davraga tushgan goʻzal

20 Sep 00:23
 
7
0
xs.uz

“Jon qozoqning oqinlari doʻstiman — yaqiniman”

Qadimdan qon-qarindosh, urugʻdosh, eldosh, tildosh, dindosh qozoq bovurlarimiz bilan bizning tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz bir.Yangi zamonda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev janobi oliylarining oqilona siyosati natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik munosabatlari bugungi kunda ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi.Yaqindagina roʻy bergan, ammo oʻzining teran mohiyatiga ko

20 Sep 00:23
 
5
0
xs.uz

Afsona bilan suhbat

Istam IBROHIMOV/'Xalq soʻzi'. Botir Zokirov deyilganida beixtiyor koʻz oldimizda 'Maftun boʻldim', 'Raʼno', 'Arab tangosi', 'Xayolimda boʻlding uzun tun', 'Kecha bogʻda' singari musiqiy sanʼatimiz xazinasidan oʻrin olgan ajoyib qoʻshiqlar ijrochisi gavdalanadi. Oʻzbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri jamoasi Buxoroda shu sanʼatkorning hayoti va faoliyatiga bagʻishlab tayyorlangan ' 'Afsona bilan suhbat' teatrlashtirilgan badiiy dasturni namoyish etdi.' Oʻzbekiston xal

20 Sep 00:23
 
7
0
xs.uz

Ozarbayjonda oʻzbek tili va madaniyati markazi ochildi

Joriy yilning 13-sentyabr kuni qadimiy Ganja shahrida Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi qoshidagi Nizomiy nomidagi adabiyot instituti va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan 'Turk dunyosining Ozarbayjon'Oʻzbekiston modeli' mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.Anjumanda Ozarbayjon oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan talabalar ham ishtirok etdi. Ularga oʻzbek va ozar xalqlari qadim-qadimdan bir-biriga k