14-fevral ' Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun
Keyingi yillarda mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosini teran oʻrganish, ularning asarlarini yurtimiz va xorijiy davlatlarda targʻib qilish, xususan, boburshunoslik fanini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu boradagi barcha ezgu va xayrli ishlar davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi hamda qoʻllab-quvvatlovi bilan amalga oshirilayotgani, ayniqsa, eʼtiborga molik. Zotan, jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ota-bobolarimiz xotirasiga koʻrsatilayotgan chuqur ehtirom ularning ruhi oldida yuzimizni yorugʻ qilishi bilan birga, xalqimizning milliy gʻururini, maʼnaviyatini yanada yuksaltiradi.
Zahiriddin Muhammad Bobur ' jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda. Uning oʻz davrida ulkan saltanat tuzgani, bebaho asarlari bilan tarix, geografiya, adabiyot va boshqa qator fanlar rivojiga beqiyos hissa qoʻshgani butun dunyoga maʼlum.
Ammo jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida oʻringa ega boʻlgan bu siymoning tugʻilib oʻsgan yurti, ajdodlari haqidagi bahs-munozaralar ayrim ilmiy doiralarda hali ham tingani yoʻq.
Taassufki, baʼzi olimlar oʻzlarining yuzaki qarashlari bilan jahon va mamlakatimiz boburshunoslik tarixidagi haqiqatlarni poymol qilayotgani hech qaysi mezonga toʻgʻri kelmaydi.
Mumtoz adabiyotimizda 'zodu bud' birikmasi koʻp uchraydi. Uning lugʻaviy maʼnosi ' tugʻilib oʻsgan joy, demakdir. 'Boburnoma'da Amir Temurning tugʻilib oʻsgan joyi ' zodu budi Kesh (Shahrisabz) ekani yoziladi: 'Temurbekning zodu budi Keshdin uchun, shahar va poytaxt qilurigʻa koʻp saʼy va ehtimomlar qildi, oliy imoratlar Keshta bino qildi'.
Xalqimizda 'ona yurtim', 'ota makonim' kabi iboralar koʻp ishlatiladi. Bu iboralar 'tugʻilib oʻsgan shahar, joy' mazmunida anglanadi. Ulugʻ shoh va shoir 'ota viloyatim' deb Andijonni nazarda tutadi: 'Ota viloyatim ikki yilga yaqinlashgan ediki, qoʻldan chiqqan edi. Tangri inoyati bilan... 904 (1499) yili yana menga muyassar boʻlib egallandi'.
Alalxusus, Mirzo Bobur ijodi yuzasidan toʻrt fundamental tadqiqot yaratgan yapon olimi Eyji Mano 'Boburnoma' ilmiy tanqidiy matni soʻzboshisida 'Bobur Fargʻona davlatining poytaxti Andijonda tugʻilgan', deb yozadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat 'Boburnoma'da, balki devonida ham oʻzini andijonlik yaʼni '...gʻaribing...andijoniydur', deb taʼkidlaydi:
Ne yerda boʻlsang, ey gul,
andadur chun joni Boburning,
Gʻaribinggʻa tarahhum aylagilkim,
andijoniydur.
Bobur oʻz gʻazalida 'andijonlik Qarib' deb atashi andijoniy (andijonlik) Boburning oʻzi tugʻilib oʻsgan shahri ayriligʻidan faryodi emasmi? Bunday izhortus misralarni yozish uchun kishi, albatta, Andijonda tugʻilmogʻi, Vatan sogʻinchini Boburdek tuymogʻi lozim.
Boburshunoslikdagi katta ilmiy yutuqlarimizdan biri ' 'Захириддин Мухаммад Бабур. Бабуриды. Библиография' bibliografiya kitobining 'Zahiriddin Muhammad Boburning qayerda tavallud topgani va kelib chiqishi haqidagi maʼlumotlar' qismida sakson bir manbada Andijonda tugʻilgani keltirilgan.
Koʻrinib turibdiki, Mirzo Boburning qaydlari, qolaversa, qator tarixiy faktlar uning ayni Andijon zaminida tugʻilganini dalillaydi va bahsli munozaraga yakun yasaydi, deb oʻylaymiz.
Mirzo Bobur singari ulugʻ zotlarni goh mamlakatlar, goh millat 'oʻziniki' qilib olish 'anʼanasi' azaldan mavjud. Bunga ijobiy hodisa sifatida qarash toʻgʻridir. Bashariyat uchun nihoyatda azizligini inobatga olib, ayta olamizki, Zahiriddin Muhammad Bobur butun bashariyatnikidir.
Shu bois ulugʻ bobomiz hayoti, ijodi va faoliyatiga doir osori-atiqalar butun dunyo boʻylab tarqalib ketgan. Ularni oʻrganish, asrab-avaylash va targʻib qilishda fondimiz alohida jonbozlik koʻrsatib kelmoqda. Jumladan, oʻtgan davr mobaynida yuzlab nasriy, nazmiy va tarjima asarlarning toʻplanishi hamda chop etilishi fondimiz jamoasining ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatini baholovchi nodir hujjatlardir.
Oʻtgan yili arabshunos olim Shokirxon Rustamxoʻjayev qalamiga mansub 'Bobur va jahon madaniyati' muzeyi bibliografiyasining uchinchi nashri ilmiy fondning qimmati va ahamiyatini oshirish bilan birga, tom maʼnoda boburshunoslikning yangi davriga yoʻl ochadi, deyish mumkin.
Bobur Mirzoning ilmiy-adabiy merosini yagona tizimda jamlash maqsadida xalqaro boburshunoslik ilmiy elektron platformasi tuzildi. Platforma yaratish vazifasi Prezidentimizning 'Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida'gi qarorida belgilab berilgan edi. Mirzo Bobur hayoti, ijodiga oid saralangan ilmiy-badiiy materiallar oʻzbek, rus va ingliz tillarida yagona platformada jamlangan. Platformaning birinchi bosqichi Andijon viloyati hokimligi tomonidan moliyalashtirilgan boʻlsa, ikkinchi bosqichi fondimiz mablagʻlari homiyligida ishga tushirildi. Kelgusida platformaning mobil ilovasini ham ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda, bu esa ushbu ilmiy-elektron resursni yanada kengroq auditoriyaga yetkazish imkonini beradi.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, fond boshqaruv kengashi tashabbusi bilan mamlakatimiz va jahonning yetuk boburshunos olimlari ishtirokida qator yillardan buyon Bobur ensiklopediyasini yaratish ustida ish olib boryapmiz. Mamlakatimizda ilk bor 'Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi' yaratilib, bugunga qadar ikki marotaba nashr qilindi. Hademay, bu qomusning oʻzbek tilidagi uchinchi nashri hamda uning ingliz va rus tillariga tarjimalari dunyo yuzini koʻradi.
Bugungi kunda fondimizning Turkiya, Pokiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston mamlakatlaridagi boʻlimlari faoliyat yuritayotganini alohida taʼkidlash lozim. Shuningdek, ayni kunlarda Bangladesh boʻlimini ochish boʻyicha zarur kelishuv va muzokaralarni olib boryapmiz. Fond nafaqat xorijiy, balki mahalliy boʻlimlar bilan ham doimiy muloqotda.
Sir emaski, dunyo boʻylab turli tillarda chop etilgan 'Boburnoma' asari oʻzining madaniy va ilmiy ahamiyati bilan ajralib turadi. Ushbu noyob asarning turkman, qirgʻiz, polyak va venger tillarida ham nashr etilishi uchun saʼy-harakatlar boshlab yuborilgan. Misol uchun, Oʻsh davlat universiteti bilan hamkorlikda 'Boburnoma'ni qirgʻiz tiliga tarjima qilishga bel bogʻlangan.
Fondimiz oʻn besh yildan ortiq vaqt davomida Bobur Mirzo hayoti va ijodiga chuqur ehtirom bilan yondashadi. Maqsadimiz Bobur va boburiylar tarixi, adabiyotini oʻrganish bilan birga kelajak avlodga ushbu buyuk shaxsning tafakkuri mahsulini asl holicha yetkazishdan iboratdir.
Zotan, jonajon Vatanimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga ' uchinchi Renessans davriga qadam qoʻyayotgan, hayotimizning barcha jabhasida tub oʻzgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda buyuk ajdodimizning bebaho merosini chuqur oʻrganish, ularning teran mazmun-mohiyatidan ibrat va ruhiy quvvat olish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bobur Mirzo asarlari, faoliyatini oʻqib-oʻrgangan avlod yangi Oʻzbekistonning chinakam bunyodkorlariga aylanishiga ishonchimiz komil.
Zokirjon MASHRABOV,
Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.
'
NAHOTKI, TO‘G‘RI O‘G‘RIGA SHERIK BO‘LSA...
Ona tilim – jon-u dilimYaqinda Germaniyada yashayotgan qizinikida bir muddat mehmon bo‘lib kelgan akamizdan safar taassurotlarini so‘raganimizda shunday dedi:– Nemis o‘qituvchilari hayot tarzi haqida gapirar ekan, ular chetdan borib ishlayotganlarga: «Sizlar farzandlaringiz bilan uyda bemalol o‘z tilingizda gaplashavering, ammo nemis tilini bolangizga biz, o‘zimiz o‘rgatamiz», – der ekan. Avvaliga hayron bo‘ldik, deydi qizim. Keyin buning sababi nimada, deb so‘rabdi.«Siz
YEGANDEK BO‘LDIM
«Yegandek bo‘ldim» nomli masjid haqida eshitganmisiz?!Istanbulning Fotih mintaqasida shu nomdagi masjid bor. Bu turkchada «Sanki yedim» bo‘ladi. Bu g‘aroyib nom ortida ajib bir hikoya bor. Hikoya zamirida esa ajoyib bir ibrat mujassam.Naql qilishlaricha, Fotih mintaqasida Xayriddin ismli bir kishi istiqomat qilar edi. U qachon bozorning oldidan o‘tayotib nafsi mevanimi, go‘shtnimi, halvonimi xohlab qolsa, «egandek bo‘ldim» deb shunga yetadigan pulni bir sandiqqa tashlab qo‘ya
"Bobur – umumarmiya yoshlari nigohida"
O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi arafasida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Namangan viloyati kengashi tashabbusi bilan, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida yosh ichki ishlar xodimlari va IIV Namangan akademik litseyi o‘quvchilarining ma'naviy-ma'rifiy bilim va salohiyatini oshirish maqsadida "Bobur – umumarmiya yoshlari nig
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Mansur Ravshanov vafot etdi
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Mansur Ravshanov 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati'xabar berdi.Mansur Temirovich Ravshanov 1937-yilning 4-iyul kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tugʻilgan. 1961-yilda Toshkent Teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan.Mansur Ravshanov Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrida avval aktyor, keyinchalik rejissyor, bosh rejissyor boʻlib ishlagan. Surxondaryo viloyat qoʻgʻirchoq teatrining vujudg