calendar 09 Oct 12:36
eye 90
comments 0
comments Manba: postda.uz

JALOLIDDIN MANGUBЕRDI – MARDLIK VA JASORAT TIMSOLI

image

Bizning tanimizda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud kabi bobolarimiz qoni oqmoqda. Biz shunga munosibmiz va bu munosiblikni har daqiqada butun xalqimizga, jahon ahliga tarannum qilishga shoshilishimiz kerak!

Shavkat MIRZIYOYЕV

 

Har bir xalqning o‘z qahramonlari bo‘ladi. Vatan ozodligi yo‘lida mardlarcha kurashib, jonini fido qilgan dovyurak sarkarda Jaloliddin Manguberdi tarixda o‘chmas iz qoldirgan ana shunday milliy qahramonimizdir.

Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad 1198-yilda tavallud topgan. Otasi xorazmshohlar mamlakati hukmdori Sulton Alovuddin Muhammad, onasi esa turkman kanizaklaridan biri Oychechak bo‘lgan. Jaloliddinning burnida xoli (mank) bo‘lgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda o‘zgarib, «Manguberdi» bilan mashhur bo‘lib ketgan.  

Jaloliddin Manguberdi haqida uning shaxsiy kotibi, tarixchi Nasaviy shunday yozadi: «Jaloliddin qorachadan kelgan, o‘rta bo‘yli, turk lafzli odam edi. Fors tilini ham yaxshi bilardi. Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir so‘zli, kek saqlamaydigan, ochiq ko‘ngil, to‘g‘ri odam edi. U jiddiy shaxs edi. Hech qachon kulmasdi. Juda nari borsa, jilmayib qo‘yardi. U adolatsizliklarni yomon ko‘rardi. Jaloliddin o‘ta qat’iyatli, nihoyatda irodali, murakkab vaziyatlarda, taqdirning qaltis sinovlarida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan favqulodda mard va botir sarkarda edi».

Jaloliddin Manguberdi voyaga yetgach, otasi uni G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha bo‘lgan yerlarga hokim va taxt vorisi etib tayinlaydi. Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qat’iy noroziligi bois Qutbiddin O‘zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin Manguberdi otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, o‘zining jasur jangchi, iqtidorli sarkarda sifatida namoyon etgan.

U Valiyon qal’asini qamal qilayot­ganda Takajuk va Malg‘ur boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shiniga hujum qilib, uch kunlik jangdan so‘ng ularni tor-mor keltiradi. Bu uning mo‘g‘ullar ustidan qozongan dastlabki yirik g‘alabasi edi.

1221-yili Sind (Hind) daryosi bo‘yida Chingizxon qo‘shinlarining ilg‘orini tor-mor keltiradi. Biroq kuchi ozligi bois chekinadi. 4000 jangchisi bilan daryoning o‘ng sohiliga suzib o‘tib, cho‘l ichkarisiga kirib ketadi. Uning bu jasoratidan hayratda qolgan Chingizxon o‘z o‘g‘illariga qarab: «Ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi lozim!» degan. Bu cho‘l hozir ham Cho‘li Jaloliy deb ataladi.

Sheryurak bahodir Jaloliddin Manguberdi nafaqat Vatan ozodligi va xalq manfaati yo‘lida kurashgan sarkarda, balki islom dinini munosib himoya qilgan buyuk e’tiqod egasi hamdir. Uning jasoratiga Chingizxonday yovuz bosqinchi ham lol qolib, mardligini tan olgani tarixdan ma’lum. Jaloliddin Chingizxonga ilk bor 19–20 yoshlarida ro‘baro‘ kelgan. U 32–33 yoshida vafot etgan bo‘lsa, demak, hayotining 11–12 yili mobaynida 48 ta jang ko‘rgan.

Chingizxon qo‘shinlari o‘z yurishlarida birinchi bor Jaloliddinning lashkarlaridan yengila boshlagan. Jumladan, to‘rt muhorabada sarkarda tomonidan mo‘g‘ul qo‘shiniga qaqshatqich zarba berilgan. O‘sha davrda Chingizxon ko‘plab mamlakatlarni zabt etishga ulgurgandi. Ayniqsa, musulmon xalqlarida ushbu mo‘g‘ul qo‘shiniga qarshi turib bo‘lmaydi, ular ya’juj-ma’jujlar, degan tushuncha paydo bo‘la boshlagandi. Jaloliddin Manguberdi mana shu qarashni yo‘qqa chiqardi. Chingizxonga qarshi kurashish, uning lashkarini mag‘lub etish mumkinligini isbotladi. Qalblarda ertangi kunga umid gulxanini yoqdi. Odamlarda g‘ayrat-shijoatni uyg‘ot­di. Bu nihoyatda ulug‘ jasorat, juda katta qahramonlik edi.

Eng muhim jihat shuki, Jaloliddin Manguberdining boshiga ne bir musibat tushmasin, faqat va faqat Vatan dedi, uning istiqlolini, istiqbolini o‘yladi. U Xorazmshohlar vakili sifatida boshqa hukmdorlardan panoh so‘rashi, o‘z jonini xatarga qo‘ymasdan, biror saroyda yashab o‘tishi ham mumkin edi. Biroq bunday qilmadi, ozodlik, hurlik yo‘lida kurashdi: butun yer yuzini titratib turgan Chingizxonning ko‘ziga tik boqdi, dushman ustiga ot surdi. Vatan ozodligi yo‘lida qon yutdi, qon to‘kdi, jon oldi, jon berdi. Jasorat va mardlik timsoli, qahramon sarkarda Jaloliddin Manguberdi mangulikka daxldor buyuk ajdodimizdir!

 

Adolat FAYZIYEVA tayyorladi.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

18 Jun 21:56
 
211
0
xs.uz

Navoiydan bahra olgan Gʻarb

Alisher Navoiy nafaqat oʻzbek, balki barcha turkiy xalqlarning faxr-u iftixoriga aylangan buyuk mutafakkirdir. Shu paytga qadar turk dunyosida uningchalik katta va sermazmun merosga ega boʻlgan shoirni uchratish qiyin. Alisher Navoiy nafaqat shoir va mutafakkir, balki yirik davlat va jamoat arbobi ham edi. U haqli ravishda oʻziga qadar turkiy tilda hech kim bu qadar yuksak choʻqqilarga chiqa olmaganini namoyish etdi. 'Gʻaroyibus-sigʻar'dan oʻrin olgan bir masnaviyda oʻqiymiz:Men ulmenki,

13 May 14:39
 
736
0
xs.uz

Zamonaviy Yoshlar kinoteatri o‘z faoliyatini boshladi

Kinematografiya agentligi Axborot xizmatidan xabar berishlaricha, bugun, 21-aprel kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida Yoshlar kinoteatrining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.Marosimda Kinematografiya agentligining ijro bo'limi boshlig'i Navruz Musayev hamda Sirdaryo viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo'yicha o'rinbosari Shoxrux Isakulov so'zga chiqib, ushbu kinoteatr yoshlarning ma'naviy va madaniy dunyoqarashini

31 May 08:51
 
606
0
xs.uz

Vatan manzumasi

Toshkentdagi 'Turkiston' saroyida 'Vatan manzumasi' deb atalgan maʼrifiy-musiqiy dastur namoyish etildi. Yurtimizning barcha hududlarida tomoshabinlar hukmiga havola etiladigan bu dasturda yangi Oʻzbekiston armiyasining hayotimizda tutgan oʻrni madh etiladi.Harbiy orkestr va milliy cholgʻu asboblari ansambli ohanglari ostida Vatan tuygʻusi, ona yurt himoyasi ulugʻlanadigan jangovar qoʻshiqlar, publitsistik sheʼrlar tomoshabinlarda ajib zavq uygʻotdi.Yangi Oʻzbekiston armiyasining qudra

31 May 08:51
 
52
0
xs.uz

Vatan manzumasi

Toshkentdagi 'Turkiston' saroyida 'Vatan manzumasi' deb atalgan maʼrifiy-musiqiy dastur namoyish etildi. Yurtimizning barcha hududlarida tomoshabinlar hukmiga havola etiladigan bu dasturda yangi Oʻzbekiston armiyasining hayotimizda tutgan oʻrni madh etiladi.Harbiy orkestr va milliy cholgʻu asboblari ansambli ohanglari ostida Vatan tuygʻusi, ona yurt himoyasi ulugʻlanadigan jangovar qoʻshiqlar, publitsistik sheʼrlar tomoshabinlarda ajib zavq uygʻotdi.Yangi Oʻzbekiston armiyasining qudra