calendar 01 Feb 05:00
eye 89
comments 0
comments Manba: xs.uz

“Jurfak”dagi joʻmard jadid...”

image
('Odamiylik siyrati. Boyboʻta Doʻstqorayev zamondoshlari xotirasida' kitobiga soʻngsoʻz oʻrnida)

Ustozimiz Abdulla Oripov 'Hayot mendan ayamadi neʼmatlarini', deya eʼtirof etganiday, taqdirga shukronalar boʻlsinki, bu saxiy va bagʻrikeng hayot ustoz va muallimlar bobida ham bizdan mehr-u karamini aslo darigʻ tutmadi.

Biz ToshDUning (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirgan 1974-yil ' kuz, qish, bahor, talabalik davrimizning ilk damlari-yu ilk fasllari ' ajib va betakror pallalar edi...

Avvalambor, 'Toshkent davlat universiteti talabasi' degan jarangdor va muhtasham nomning oʻzi cheksiz gʻurur bagʻishlar, koʻngillar yoshlik sururi-yu orzu-havaslar ila limmo-lim saodatli kezlarda, shunday zavq-u shavq va joʻshqinlik bilan gurullab oʻqishga shoʻngʻib ketganimizni ham sezmay qoldik.

Universitetning fizika-matematika fakulteti talabalar orasida 'fizmat' deyilar, biologiya ' 'biofak', ximiya, geografiya ' 'ximfak' va 'geografak' deb atalsa, yuridik fakulteti ' 'yurfak', bizniki esa 'jurfak' nomi bilan maʼlum va mashhurligini asta-sekin bilib oldik. 'Filfak' ' filologiya fakulteti bizning tepamizda, beshinchi qavatda joylashgan boʻlib, u yerga keng va uzun zinapoyalar olib chiqar, bu zinapoyalardan kim bilandir baland-baland gaplashib, shovqin-suron solib tushib kelayotganida birinchi bor koʻrganimiz ' bizga kirish imtihonlaridan oldin konsultatsiyaviy mashgʻulot oʻtgan domla Norboy Xudoyberganov boʻlgan. Keyin esa Ozod domla, Ozod Sharafiddinovni ham shu yerda koʻrib, salom berish baxtiga muyassar boʻlganimizdan bir necha kun terimizga sigʻmay sevinib yurganmiz.

Gap shundaki, oʻsha kezlarda Ozod domla adabiy jamoatchilik, ayniqsa, universitet talabalari orasida choʻrtkesar va haqgoʻy olim sifatida gap-soʻz boʻlib turar, u kishining jadidlar ijodiyotidan tartib berib tayyorlagan 'Tirik satrlar' toʻplami bilan 'Zamon. Qalb. Poeziya' kitoblari atrofidagi bahs-munozaralar hali ham davom etib kelardi.

Sheʼriyat shaydolari boʻlmish biz, havaskor talabalar uchun hamma narsa jozib va qiziqarli edi. Ustoz shoirlarimiz Erkin aka, Abdulla akalarning shu dargohda taʼlim olganlari, ayniqsa, oʻzgacha zavq va faxr bagʻishlar, Ozod domla shu ustozlarimizning haqiqiy ustozi, mard va tanti maslahatgoʻyi ekaniga ham keyinchalik ijodiy va hayotiy holatlarda koʻp marotaba guvoh boʻlganmiz.

Biz oʻqiydigan besh qavatli binoning uzun, keng va yorugʻ yoʻlagi tugab, chap tomon 'jurfak', oʻng tomon 'filfak'ka chiqiladigan zinapoyalar boshlanadigan joyda ' roʻparadagi devorni deyarli butunicha egallagan, hozirgi zamon tili bilan aytganda, katta 'banner' oʻrnatilgan boʻlib, unda jurnalistika fakultetining tarixi-yu 'tarjimayi holi' haqida batafsil maʼlumot va raqamlar keltirilgan edi. Bannerda bir talay fotosuratlar ham joylashtirilgan, chap tomon ' eng tepa qismida 'Bizning... stipendiantlarimiz' degan katta-katta yozuvlar ostidan Ahmadjon Meliboyevning surati, surat tagida esa u kishining ismi-nasabi, qachon oʻqishga kirgani-yu qachon bitirganini bildiruvchi sanalar yozilgan edi. Har kun darsga kelganimizda, birinchi boʻlib shu fotodevor bizni qarshi olar, bir qur koʻz tashlab oʻtayotganimizda, 'oʻqish mana bunaqa boʻladi, bilib qoʻylaring!' deganday Ahmadjon akaning jiddiy va sinchkov surati bizni kuzatib qoʻyayotganday tuyulardi.

Kunlarimiz Toshkent yellariday yelib oʻtar, zavq-u shavq, sheʼrxonlik va mushoiralar borasida bizning kursimiz nom qozonib borar, dars va mashgʻulotlar davomida domlalarimiz bilan ham tanishib olganday boʻldik. Professor Toʻgʻon Ernazarov, Muxtor Xudoyqulov, Fatxulla Lutfullayev, Vohid Abdullayev, Saydi Umirov, Ochil Togʻayev, Abdulla Sayfiddinov va yana u yon-bu yon fakultetlardan kelib dars oʻtuvchi domla Gʻaybulla Salomov, Najmiddin Komilov, Sayyora Nizomiddinova, Muhsin Olimov, Sattor Haydarov, Rajab Jumaniyozov, Anvar Ismoilov, Talʼat Soliyev singari ustoz-muallimlarning jonkuyarlik va fidoyilik bilan bergan dars va saboqlari, ularning taʼlim-tarbiya yoʻlida chekkan beminnat ranj-u zahmatlari hech qachon esdan chiqmaydi. Shuncha oʻqituvchi-pedagoglarning boshini biriktirib turgan, yaxlit mustahkam jamoani shakllantirib boshqarib borayotgan fakultet dekani, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, xokisor va kamtarin inson domla Anvar Shomaqsudovning nomi va faoliyati alohida hurmat hamda ehtiromga loyiq, albatta.

Har birlari haqida doston-manzumalar bitsa arziydigan bu kamtarin ustozlarning koʻpchiligi allaqachon hayotdan koʻz yumgan, faqat nomu yodlari, ilm-u maʼrifat va ezgulik yoʻlida chekkan zahmatlari minnatdor shogirdlar qalbida yashayotgani kishiga taskin va tasalli beradi. Taniqli adib Chingiz Aytmatov lutf qilganiday: 'Bizning quvonchimiz ham, yupanchimiz ham shunda'.

Yana talabalik davriga qaytadigan boʻlsak, fakultetga har kun kelib-ketadigan toʻrt-besh insonlar bor ediki, ular bizga dars ham oʻtmas, biz ularni bilmas edik ham. 'Toshkent universiteti' kichik hajmli gazetasining masʼul muharriri shoir Abdulla Turdiyev, Doniyor Begimqulov, Tilak Joʻra, shular qatorida, Boyboʻta Doʻstqorayev bilan ham sal keyinroq, Saydi Umirov domla 'ikkinchi dorilfununlaringiz' deya taʼrif bergan paxtazorlarda, aniqrogʻi, Sirdaryo dalalarida paxta yigʻim-terimi paytida tanishganmiz. Haqiqiy hayot, bir-birimizni bilish va oʻrganishning ochiq osmon ostidagi chinakam darsxonasi boʻlmish oʻsha paykallar, 'million egatlarga egilgan' (A. Oripov iborasi) yupun va sersinov chogʻlarimiz bizni maʼlum maʼnoda tarbiyalab, kamol topishimizda yordam bergan boʻlsa, ajabmas.

Kuzatuvchi masʼul vakil sifatida biz bilan safarbar etilgan Boyboʻta domla uzzu-kun jim yurar, oʻz xayollari bilan oʻzi band, u oʻqariqdan bu oʻqariqqa, bu paykaldan u paykalga oʻtayotganda bir hol soʻrab qoʻyganday boʻlar, boshqa paytlar esa iloji boricha bizni oʻz erkimizga qoʻyib, xalal bermaslikka harakat qilardi. Kechki qizgʻin mushoiralarimizga ham bir koʻringanday boʻlardiyu astagina bildirmasdan davrani tark etar edi.

Oʻz vazifasini halol bajarib, hammamizni ehtiyot qilar, oʻqishimizga, uyimiz va ota-onamizning bagʻriga sogʻ-omon qaytishimizni tilab, doim hushyor va sergak boʻlsada, lekin qanaqadir ogʻir bir yuk domlani qoʻyvormayin zimdan bosib turar, shunday lahzalarda Boyboʻta aka oʻziga oʻzini gʻarq qilayotganday noiloj va kimsasizdek boʻlib koʻrinar edi. Shu holatlarni bugun koʻz oldimga keltirsam, beixtiyor biz oʻsha diydiragan oqshomlarda joʻshib-qaynab aytganlarimiz ustozning armonli otashin satrlari yodga tushadi:

Kech kuz edi, men seni koʻrdim,

Derazamdan boqardi birov.

U sen eding, o, dehqon yurtim,

Turar eding yalangtoʻsh, yayov.

' Tashqarida izillar yomgʻir,

Kir, bobojon, yayragil bir oz.

Deding: ' Paxtam qoldiku axir,

Yigʻishtiray kelmasdan ayoz.

Ketding umri mahzanim manim,

Oʻzbekiston, Vatanim manim.

'Ellik yilda el yangi, qirq yilda qozon yangi' deyilganidek, qornimiz och-u koʻngillarimiz daryo oʻsha talabalik yillarining ilk begʻubor pallalariga ham salkam yarim asr boʻlibdi. Mustaqilligimizning ogʻir va mashaqqatli birinchi yillari, oʻtish davri, tahdidlar va tazyiqlar, xavotirlar-u tahlikalar sinov imtihonlariday ortda qolgan boʻlsada, bugungi dunyoda ham tahdidlar kuchaygandan kuchaymoqdaki, aslo susaygani yoʻq...

...Shuncha yillar Boyboʻta domlani ezib, qiynab kelayotgan zalvarli yukning 'Oʻzbekiston jurnalistikasi tarixi' nomli kitob shaklida dunyo yuzini koʻrganini sidqidildan eʼtirof etgan holda, aytish mumkinki, aziz ustozimiz umrini bekorga yashamagan ekan. Sharq donishmandlarining 'Har bir qalam kishisi umr boʻyi bitta kitob, umrining asosiy bosh kitobini yozib oʻtadi', degan aqidasiga koʻra, Boyboʻta Doʻstqorayev ham shu kitob uchun tugʻilgan va shu kitobni yozib bitkazish uchun yashagani endi bugun hech kimga sir emas.

Asarni nashr ettirishda amaliy kayvonilik koʻrsatgan taniqli adibimiz Xayriddin Sultonov 'Turkiston qaygʻusi, Turkiston dardi' badiasida shunday yozadi: 'Bu asarning har bir varagʻi, har bir satrida Turkiston qaygʻusi, Turkiston dardi unsiz faryod kabi yangrardi. Bu ' mustaqil Oʻzbekistonning chin ziyolisi boʻlgan fidoyi shaxs tafakkuri bilan yaratilgan, soʻnggi yillarda men qanoat hosil qilib oʻqigan oz sonli kitoblardan biri, taʼbir joiz boʻlsa, Boyboʻta Doʻstqorayev degan zahmatkash olim umrining bosh kitobi edi'.

Shundan soʻng hurmatli yozuvchimiz kitob chop etilganidan buyon oʻtgan katta muddatniyu uning qayta toʻldirilgan nashrini amalga oshirish xususidagi joʻyali taklif va mulohazalarini bildiradiki, bu ishni hayallamasdan tezroq yurgizish ham savob boʻladi, ham bugungi zamon talabiga toʻliq javob beradi, deb oʻylaymiz.

Doʻstqorayev domla 2007-yildan buyon Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining rasmiy aʼzosi, u kishiga Saydi Umirov, Begali Qosimov, Usmon Qoʻchqor singari zabardast olimu shoirlar tavsifnoma yozib bergan. Oʻsha yilning 8-oktabr kuni aʼzolik guvohnomasini topshirarkan, uyushma raisi ustoz Abdulla Oripov gap orasida 'Jurfak'dagi joʻmard jadid Boyboʻta Doʻstqorayev' degan iborani ishlatgan edi. Oʻshanda ham bu gaplarga uncha ahamiyat bermagan ekanmiz...

Abdulla akaning 'Zamon oʻzgaradi, mutlaqo yangi zamon boʻladi, zamonning egasi ham oʻzgaradi. Shu zamonga dogʻ tushirmay, minbarini pok saqlaganlar...' degan, oradan yetti-sakkiz yil oʻtib aytgan daʼvatlari ayni zamonga mos va muvofiq kelganini endi davrning oʻzi koʻrsatib turibdi.

Prezidentimizning yuksak maʼrifatparvarlik siyosati samarasi oʻlaroq mamlakatimizda 'Jadid' nomli yangi gazeta chop etila boshlandi. Davlat rahbarining gazeta jamoasi va mushtariylariga yoʻllagan tabrigida burch va niyatlarimiz ochiq-oydin koʻrsatib oʻtilgan:

'Oʻlkamizda ilk milliy matbuot nashrlariga asos solgan maʼrifatparvar jadid bobolarimiz gazetani 'butun dunyodagi madaniy millatlarning hayot yoʻllari, olamdagi darajalari hamda insoniyat taraqqiysining eng yuqori pogʻonasiga erishmoq uchun lozim boʻlgan saʼy va harakatlari toʻgʻrisida bir-birlari bilan maslahat va kengash qilmoq uchun bagʻoyat zarur bir vosita' deb bilganlar.

'Jadid' gazetasi ana shunday ezgu anʼanalarni davom ettirib, ulugʻ ajdodlarimizning Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi bilan mushtarak boʻlgan gʻoya va dasturlarini atroflicha yoritish, bu qutlugʻ merosni el-yurtimiz, birinchi navbatda, yoshlarimizning qalbi va ongiga yetkazishda, jamoatchilik fikrini shakllantirishda oʻziga xos erkin minbar boʻladi, deb ishonaman'.

Koʻrinib turibdiki, Boyboʻta domlaga oʻxshagan oʻnlab, yuzlab erkparvar insonlarning mustabid tuzum iskanjasida yillar davomida til-u zabonsiz, jim va sokin yurishga majbur boʻlganlari ' suronli sokinlik boʻlgan va bu zahmatkash umrning asl yombi oltinlaridan biri, shak-shubhasiz, 'Oʻzbekiston jurnalistikasi tarixi' nomi bilan millatning erk va saodat solnomasidan munosib maqom egallashga haqlidir, albatta.

Shu oʻrinda mavzu va masʼuliyatning nechogʻli murakkab hamda ogʻir ekanini anglatmoq uchun kitobdan bir juft iqtibos keltirishning oʻzi kifoya deb oʻylaymiz:

'Ostroumov N. P. 'Turkiston viloyatining gazeti' muharriri sifatida Turkiston general-gubernatori kanselyariyasiga 1884-yil 10-iyunda yoʻllagan hisobotidan. (Oʻzbekiston Davlat Markaziy arxivi. 1-jamgʻarma, 1-roʻyxat, 2520-ish. (2-jild). 188-189 betlar, tarjimasi).

'Мен... Rusiya musulmonlarida sof musulmoncha aʼmollarning hamda islomning tiklanishi va umuman, musulmonlarning, xususan, tatarlarning kelgusida buyuk maʼrifatparvarlik missiyasiga orzu-umidlarini mustahkamlash uchun mahorat va kuch-gʻayrat bilan urinayotgan musulmoncha 'Tarjimon' gazetasiga qarshi... zimdan kurash olib bordim'.

Ikkinchi iqtibos XX asr boshlaridagi voqelikdan keltiriladi:

'Xurshid' gazetasi. 1906-yildan Munavvarqori muharrirligida, toshbosma usulida chiqa boshladi. 'El orasidagi eʼtiborigʻa qarab baho qoʻyulgʻonda, 'Taraqqiy'dan keyin koʻzga ilarlik gazeta 'Xurshid' gazetasi boʻldi. Bu gazeta koʻbrak 'Turkiston viloyatining gazeti' bilan kurashdi va uning buzuq harakatini elga onglatib turdi. 18-songa yetganda tahririyatda tintuv oʻtkazilib, favqulodda saqlov boʻlimi tomonidan toʻxtatildi'.

Izohga hojat boʻlmasa kerak. Beixtiyor Oybek domlaning oʻsha dolgʻali yillarda bitgan 'Kurashadi ikki toʻlqin, qarab turaymi!' degan satrlari yodga keladi.

Tasavvur qiling: oradan salkam bir yarim asr oʻtgandan keyin ham bu kurash hali-hamon davom etayotir...

Afsuski, 'Jadid' gazetasini koʻrish baxti jadid Boyboʻta Doʻstqorayevga nasib qilmadi. U kishining adabiyotga eʼtiqodi, mehri kuchli edi.

'Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati' haftaligining bironta sonini ham qoldirmay oʻqib boruvchi sadoqatli gazetxon boʻlgan. Shu oʻrinda gazeta chiqadigan juma kunini intiq-intizorlik bilan kutadigan ashaddiy ota muxlis haqida oila aʼzolari aytib bergan bir gʻayritabiiy voqea esga tushadi:

Oʻn ' oʻn ikki yillar muqaddam domla kutilmaganda ahvoli ogʻirlashib, shifoxonada bir haftalar hushiga kelmay yotib qoladi. Oilasi, oʻgʻil-qizlari atrofida hadik va xavotirda. Nogahon bir kuni oʻziga kelib, koʻzlarini ochgach, 'Xudoga ming shukr, xayriyat!..' deb turgan yaqinlaridan 'Bugun qaysi kun?' deb soʻraganda, 'dushanba...' degan javobni olgach, domlaning taʼnaomuz savoliga eʼtibor bering:

' Juma kuni kioskadan 'Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati' gazetasini olmadilaringmi?..

Ana shu kutilmagan 'uygʻonishdan' keyin Boyboʻta akaning farzandlari:

' Dadam, haqiqatan ham, oʻzlariga keldilar. Chunki oʻzi yaxshi koʻradigan gazetani soʻradimi, demak, hammasi joyida! ' deb xotirjam boʻlishgan ekan.

Modomiki, gap 'Odamiylik siyrati. Boyboʻta Doʻstqorayev zamondoshlari xotirasida' kitobi xususida ketar ekan, avvalambor, fidoyi murabbiyning jonkuyar shogirdlari-yu yaqin yoru doʻstlari, qavmu qarindosh va safdosh-maslakdoshlariga ezgu ishlari uchun chin qalbdan minnatdorlik bildiramiz. Boʻlmasa, dunyoda olim kammi, kasbu kor, nom va hunar yoki chiqariladigan kitob kammi?! Domlaning serhafsala davomchilariga, ularning gʻayrati-yu mehr-oqibatiga, albatta, balli deymiz. Ustozlar chirogʻini yoqib turgan sadoqatli shogirdlarning ezgu amallari bardavomu mavqe va maqomlari hamisha baland, umrlari uzun va nurli boʻlgay, Xudo xohlasa!

Sirojiddin SAYYID,

Oʻzbekiston xalq shoiri.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

11 Jul 15:13
 
10
0
xs.uz

Jizzaxliklar yutadi, deb oʻylagandik…

Jizzaxliklardagi oʻzlariga boʻlgan ishonch bejiz emasdi. Chunki, ular 1866-yilda general Chernyayev boshchiligidagi bosqinchilarni Chinozga qarab chekinishga majbur qilgandi. Shu bois ular yangi bosqinga qarshi hozirlikka zavq-shavq bilan kirishdilar.Oʻziyam, sakkiz oy mobaynida minglab odamlar qalʼa devorlarini deyarli qaytadan mustahkamlash chiqishadi. Devor aslidan uch baravar baland qilib tiklangan, devorlarning qalinligi ham oshirilgan. Kamiga, qalʼa atrofi boʻylab oʻtgan xandaqlar c

11 Jul 15:13
 
14
0
xs.uz

Bosqin xavfidan ogohlantirgan amaldor oʻldirildi

Ayrim tarixchilarning iddaosiga koʻra, amirlik va xonliklar davrida chor Rossiyasining bosqinini oldindan sezgan odamlar umuman boʻlmagan. Lekin bu fikr unchalik toʻgʻri emas, tariximizga nisbatan tuhmatdan boshqa narsa emas bu.Donishmand tarixning shohidlik berishicha, xalqimiz orasida, xususan, amaldorlar ichida chor Rossiyasining bosqinini oldindan koʻra bilgan va oʻz amiri yoki xonini shu xavfdan ogohlantirgan zotlar, juda sanoqli boʻlsayam boʻlgan. Insoniyat uchun ne-ne ulugʻ zotla

11 Jul 15:13
 
7
0
xs.uz

Bosqin xavfidan ogohlantirgan amaldor oʻldirildi

Ayrim tarixchilarning iddaosiga koʻra, amirlik va xonliklar davrida chor Rossiyasining bosqinini oldindan sezgan odamlar umuman boʻlmagan. Lekin bu fikr unchalik toʻgʻri emas, tariximizga nisbatan tuhmatdan boshqa narsa emas bu.Donishmand tarixning shohidlik berishicha, xalqimiz orasida, xususan, amaldorlar ichida chor Rossiyasining bosqinini oldindan koʻra bilgan va oʻz amiri yoki xonini shu xavfdan ogohlantirgan zotlar, juda sanoqli boʻlsayam boʻlgan. Insoniyat uchun ne-ne ulugʻ zotla

07 Jul 21:02
 
18
0
postda.uz

BOTINI GO‘ZAL KISHI

Bilasizmi, dadil va realist insonlar yuqoridagi «standart»larni eshitib, beixtiyor kulgiga beriladi. O‘ziga yetarlicha baho bera olmaydiganlar esa ushbu talablarga qattiq yopishib oladilar. Ular uchun atrofdagilarning e’tibori birinchi o‘rinda turadi. Hamma kabi bo‘lish – qulay, albatta, lekin, o‘zligingiz qayoqqa ketdi?!O‘zlikni anglash qanday bo‘ladi? Bu jarayon, eng avvalo, kishining hayotda o‘zi uchun yaratgan qadriyatlari bilan shakllanadi. Avval oilada, so‘ngra jamiya