calendar 20 Mar 12:54
eye 18
comments 0
comments Manba: xs.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori mamlakat aholisiga murojaat bilan chiqdi

image
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori mamlakat aholisiga murojaat bilan chiqib, jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish chora-tadbirlari kuchaytirilishini maʼlum qildi. Unda har bir mahalla va xonadonga tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlash va ularga qarshi profilaktik ishlarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Murojaatda jinoyatga moyil shaxslar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri uchrashuvlar oʻtkazish va 'fuqarobay' ish tizimini joriy etish rejalashtirilgani taʼkidlandi. Ushbu tizim orqali fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, jinoyatchilikka moyillikni kamaytirish va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsad qilingan.

Bosh prokuror taʼkidlaganidek, jinoyatga sabab boʻlayotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga jiddiy eʼtibor qaratiladi. Shu bilan birga, har bir fuqaroda jinoyatchilikka qarshi immunitetni bolalikdan shakllantirish muhim vazifalardan biri ekanligi qayd etildi.

Shuningdek, murojaatda jabrlangan fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralari yanada kuchaytirilishi taʼkidlandi. Buning uchun jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan mexanizmlar takomillashtiriladi.

Bosh prokuratura jinoyatchilikka qarshi kurashishda jamoatchilik va davlat tashkilotlari hamkorligi muhim ekanini taʼkidlab, barcha fuqarolarni huquqbuzarliklarning oldini olishda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining mamlakatimiz aholisiga murojaati

Qadrli otaxon va onaxonlar!

Aziz yoshlar!

Hurmatli yurtdoshlar!

Sizlarga yaxshi maʼlumki, bugungi kunda muhtaram Prezidentimizning rahbarligida mamlakatimizda barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu islohotlarning tub mohiyati, avvalo, inson qadrini ulugʻlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Albatta, islohotlarning natijadorligini, odamlarning tinch va osuda hayot kechirishini taʼminlashda huquq-tartibot idoralarining zimmasida katta masʼuliyat borligini ham chuqur his qilamiz.

Taʼkidlash kerak, oʻtgan davrda barcha davlat va nodavlat idoralari va xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni taʼminlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar qilindi.

Eng muhimi, bugun toʻla ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatda huquq-tartibotni mustahkamlash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki boshqa idoralar va keng jamoatchilikning umummilliy ishi va muhim vazifasiga aylandi.

Oʻz navbatida, oldimizda hal etilishi lozim boʻlgan masalalar ham koʻp ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining kengaytirilgan majlisida muhtaram Prezidentimiz ham kelgusidagi dolzarb va muhim vazifalarni belgilab berdilar.

Shu nuqtayi nazardan, tegishli idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni belgilab oldik.

Birinchidan, jinoyatlarning oldini olish, mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash boʻyicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.

Endi barcha kuch va vositalarni, jinoyatlarning oqibati bilan kurashishga emas, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabab va omillarni aniqlab, bartaraf etishga safarbar qilamiz.

Bu borada huquq-tartibot organlari hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlik yanada kuchaytiriladi, barcha saʼy-harakatlar samarali muvofiqlashtirib boriladi.

Har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar oʻtkazib, 'fuqarobay' ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab boʻlayotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda 'jinoyatchilikka qarshi immunitet'ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

'Jinoyatga jazo muqarrar'ligini taʼminlash, jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralari yanada kuchaytiriladi.

Davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilingan alohida qarorlari asosida sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilib, manzilli tadbirlarni belgilash, kunlik soʻrov va nazorat tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Ikkinchidan, tergov sifati yanada oshiriladi, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qaysi idorada boʻlmasin, har bir tekshiruv hamda tergov ishi prokurorlarning kundalik va qatʼiy nazoratida boʻladi.

Tekshiruv va tergov harakatlarining har tomonlama, toʻliq, eng asosiysi, xolis va qonuniy oʻtkazilishini taʼminlashga, tergov xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Bu faoliyatga ilm-fan yutuqlari va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etamiz, sohani raqamlashtirish choralarini izchil koʻrib boramiz.

Eng asosiysi, odamlarning tergov idoralarida sarson boʻlishiga, tazyiq va zoʻravonlikka uchrashiga, noqonuniy hibsga olinishi va javobgarlikka tortilishiga yoʻl qoʻymaslikning barcha choralarini koʻramiz.

Ayblanuvchilarga ehtiyot chorasini qoʻllashda adolatni taʼminlash, himoya huquqini mustahkamlash, advokatlar faoliyatiga toʻsqinliklarni bartaraf etish prokurorlarning alohida eʼtiborida boʻladi.

Uchinchidan, bundan buyon prokuratura organlarining eng yuqori tizimidan quyi boʻgʻinigacha, umuman, barcha kuch va vositalarimiz korrupsiyaga qarshi kurashishga toʻliq safarbar qilinadi.

Bu borada barcha davlat va nodavlat tuzilmalari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz, jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yoʻlidan boramiz.

Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralarini koʻramiz.

Korrupsiyaga imkon berayotgan omillarni, tub sabablarni aniqlash uchun eng chekka hududlargacha boramiz, har bir sohaga chuqur kiramiz.

Ijtimoiy soʻrovnomalar, muloqot va uchrashuvlar tashkil qilib, xalqimizning eʼtirozlari, fikr va takliflarini doimiy oʻrganamiz.

Shu orqali, soha va hududlardagi 'korrupsiyaviy tuynuk'larni aniqlab, ularni tag-tomiri bilan yoʻq qilish boʻyicha manzilli choralar koʻramiz.

Bu borada tegishli vazirlik va idoralar bilan korrupsiyaviy omillarni birgalikda bartaraf qilish boʻyicha yoʻl xaritalari va dasturlar ishlab chiqilmoqda, ularning ijrosi ham nazoratga olinadi.

Byudjet mablagʻlari, jumladan subsidiya va boshqa koʻrinishdagi davlat koʻmagining sarflanishi, davlat xaridlari, xizmat koʻrsatish jarayonlari, umuman, aholimiz koʻp duch keladigan sohalarda turli suiisteʼmolchilik va byurokratik toʻsiqlarning oldini olish, qonuniylikni taʼminlash diqqat markazimizda boʻladi.

Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, barcha sohalarni raqamlashtirish, inson omilini qisqartirish choralariga alohida masʼuliyat bilan yondashamiz.

Korrupsiyani fosh etishga doir hamkorlikdagi tadbirlarni ham yanada jadallashtiramiz, umuman, aholi va tadbirkorlarni, shu jumladan investorlarni jinoiy tajovuzlardan himoyalash uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Buning uchun, korrupsiyaviy holatlar haqida Bosh prokuraturaga tezkor xabar berish imkoniyatini beruvchi, tunu ' kun ishlaydigan 'Ishonch telefoni' va telegramm 'botni ishga tushirdik. Maxsus operatorlar guruhi faoliyatini ham yoʻlga qoʻydik.

Albatta, bu vazifalarni bilimli, tashabbuskor, sadoqatli va bugungi islohotlar natijalariga daxldorlik hissi bilan yashaydigan xodimlar korpusi bilangina samarali amalga oshirish mumkin.

Shu bois, xodimlarimizning bilimi, dunyoqarashi, ongu tafakkurini rivojlantirish, maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish choralarini izchil davom ettiramiz.

Aziz yurtdoshlar!

Albatta, mamlakatimizda jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni taʼminlashda, biz ' prokuratura xodimlari, eng avvalo Sizning xayrixohligingiz, hamjihatligingiz va koʻmagingizga tayanamiz.

Agarda har bir fuqaro jonajon vatanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan holi, tinch va xavfsiz oʻlkaga aylantirishga oʻz hissasini qoʻshsa, barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, birgalikda kurashsak koʻzlangan maqsadga albatta erishamiz.

Qonunlarga qatʼiy rioya etish, oʻzgalar huquqi, shaʼni va qadr qimmatini, mol ' mulki daxlsizligini hurmat qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini ham doimo yodda tutishimiz zarur.

Aziz yurtdoshlar, keling, qonun ustuvor, adolat hukmron boʻlgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!

Nigʻmatilla Yoʻldoshev,

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori


Doʻstlaringiz bilan ulashing

20 Mar 12:53
 
18
0
xs.uz

Andijonda yuk mashinasi yonib ketdi

Andijon viloyatida 'Zil' rusumli yuk transport vositasi yonib chiqdi. Bu haqda viloyat IIB JXX Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati'xabar berdi.Qayd etilishicha, hodisa kecha, 19-mart kuni soat 22:00 lar atrofida Asaka tumani 'Navoiy' MFY hududidan oʻtgan A-373 xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yoʻlida sodir boʻlgan.1994-yilda tugʻilgan haydovchi U.Sh. oʻzining boshqaruvida boʻlgan 'Zil-130' rusumli yuk transport vositasini 'A-373 Toshkent-Oʻsh yoʻlining Shahrixon' yoʻnalishi boʻylab bosh

23 Mar 16:43
 
26
0
xs.uz

Samarqand davlat universiteti dotsenti xalqaro loyihada qatnashmoqda

Samarqand davlat universiteti oʻsimliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi dotsenti Shuhrat Valiyev Hindistonda oʻtkazilayotgan 'Barqaror ekotizimlar va jamiyatlar uchun tabiatga asoslangan yechimlar' nomli xalqaro loyihada ishtirok etmoqda.Mazkur loyiha BMT va Hindiston oʻrmon xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, unda 15 davlatdan 19 nafar olim qatnashmoqda. Ushbu nufuzli anjuman ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida dolzarb muammolarni hal etishga qaratilg

06 Mar 16:11
 
36
0
xs.uz

Shavkat Mirziyoev jamoatchilik vakillari va nodavlat tashkilotlariga murojaat qildi

'Korrupsiyaga qarshi kurash ' umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir. Umuman, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerak.Shu bois, korrupsiyaga nisbatan murosasiz boʻlish uchun yanada koʻproq sharoit yaratib, bunga keng jamoatchilikni jalb qilishimiz zarur. Avvalo, nodavlat tashkilotlar faolligini oshirish lozim. Bu ' eng toʻgʻri yoʻl', ' dedi davlatimiz rahbari.Parlament nodavlat tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, ularning imkoniyatlar

20 Mar 12:54
 
13
0
xs.uz

Oʻzbekistonda yangi unvon taʼsis etildi

Qonunga koʻra, 'Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog' faxriy unvoni mamlakatda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab-avaylash, biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan ekofaollarga beriladi.Shuningdek, ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqishda hamda amaliyotga joriy et