Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida onlayn qimorda yutib berishini aytib, suhbatdoshini chuv tushirgan 24 yoshli ayol qo‘lga tushdi. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Namangan viloyati Chust tumanida yashovchi 24 yoshli Sh.B. ariza bilan murojaat qilib, bank kartasidagi 3 mln so‘m puli noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi 24 yoshli X.G. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan X.G. jabrlanuvchi Sh.B. bilan Telegram messenjeri orqali tanishib, onlayn qimorni yaxshi tushunishi va anchadan buyon shug‘ullanishini aytgan. Pullarini oz fursatda ko‘paytirib berishini va’da qilib, aldov yo‘li bilan 3 mln so‘m o‘tkazib olishga erishib, mazkur pullarni ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
“Mazkur holat yuzasidan X.G.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, deyiladi xabarda.