calendar 07 Mar 20:11
eye 59
comments 0
comments Manba: qalampir.uz

Qodiriy asos solgan bir asrlik jurnalning faoliyati to‘xtatildi

image

Ko‘plab ijodkorlarning adabiyotga qadam qo‘yishida vosita bo‘lib xizmat qilgan, ulug‘ o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy tomonidan tashkil etilib, 1923 yil 18 fevralda ilk soni chop etilgan "Mushtum" jurnali iqtisodiy qiyinchiliklar sabab noma’lum muddatga nashr etilishi to‘xtatildi. Bu haqda jurnalning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qilindi. 

“Senzura” va iqtisodiy inqiroz sabab bir necha yillar davomida chop etilmay kelgan jurnal avval 2021 yilning oktyabr oyidan boshlab yana nashr etila boshlagan va oyda bir marta chop etilishi belgilangandi.

Jadidlar, ularning harakatiga bag‘ishlab davlat miqyosida katta tadbirlar amalga oshirilayotganda, kinofilmlar suratga olinib, kitoblar yozilganda, “Jadid” nomli jurnal ham shaxsan Prezident tashabbusi bilan tashkil qilingan bir vaqtda o‘zbek romanchiligiga tamal toshi qo‘ygan Abdulla Qodiriy merosining bu ahvolga tushib qolishi jamoatchilik orasida norozilikka sabab bo‘lmoqda. 

“Bir dumalab dunyoga kelgan har xil qalang‘i-qasang‘i ayrim jurnallar yo‘lini topib, tirikchiligini qilyapti. Ammo biz ulug‘laydigan jadidlarimiz asos solgan “Mushtum” jurnali esa iqtisodiy qiyinchiliklardan chiqa olmayapti. Shu sabab faoliyatini to‘xtatish darajasigacha keldi”, deyiladi Ta’lim va yoshlar masalalari bo‘yicha faoliyat olib boruvchi “Masofata’lim” kanalida.

Shoir va tarjimon A’zam Obid jurnalning faoliyatini to‘xtatgani haqida munosabat bildirar ekan, u yerda ishlab kelgan rassom va muharrirlar bilan yaqin bo‘lgani, bu holatdan ranjiganini va jurnalning yopilishi ortida iqtisodiy sabablardan tashqari ko‘rinmas kuchlarning bosimi ham bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, hech bo‘lmasa jurnal onlayn shaklda yuritilishi kerak edi. 

“Mushtum”ning chiqib turgani albatta yaxshi edi, misol uchun jurnalning Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi obunachisi bir yilda 7 mingdan 20 mingga oshgan. Albatta foydali ma’lumotlar ulashgani uchun odamlar obuna bo‘lib, qiziqish bildirib kelayotgan edi. Jurnalga ham obuna bo‘lgan edim va muntazam kuzatib borardim. 

Ammo tan olish kerakki O‘zbekistonda bosma nashrlarning faoliyatini davom ettirishi oson emas, davlat nashrlari bemalol byudjetdan o‘zini qoplay oladi, biroq “Mushtum” unday emas edi. Jurnal bir necha yildan buyon “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasidan ajralib chiqib, mustaqil nashr sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi. Tabiiyki xodimlarga oylik berish kerak, ko‘ngilli sifatida bu ishni bajarish qiyin. Jurnal shu vaqtgacha hech kim ko‘tarmagan, dangal mavzularni olib chiqqan. Aynan karikatura bilan ishlaydigan yoki jamiyatdagi muammolarni yumor tariqasida yuzaga chiqargan jurnalning yopilib ketishi bu – jamiyatimiz uchun judayam og‘riqli holdir. Agar jadidlardan meros qolgan, tanqidiy masalalarni yoritib kelgan jurnal batamom yopilib ketsa bu – o‘zbek jurnalistikasi, demokratiyasida haliyam juda katta to‘siqlarning borligiga ishora qiladi”, degan ijodkor.

Shoir Suhrob Ziyo esa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida:

 "Jadidlar davridan buyon ishlab kelgan "Mushtum" jurnali faoliyatini to‘xtatdi.  Keyingi navbat qaysi nashrga kelarkan?" degan savolli post joyladi.

Bloger Shahnoza Soatova esa Facebook'da Abdulla Qodiriydan meros nashrni davlat muhofazasiga olishi kerakligi haqida yozdi.

"Yangi nashrlar ochgan yaxshi-yu, biroq eskilarini boy bersak, jadid bobolar g‘oyalariga ehtirom qayda qoladi? “Mushtum” – bizning moddiy-nomoddiy qadriyatimiz, Abdulla Qodiriydan meros nashr. Yuz yillik brend desak ham bo‘ladi. Uni davlat muhofazasiga olish kerak. Xuddi shunday, “Turkiston”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Guliston”, “Yosh kuch” kabi otaxon nashrlarni ham asrab qolish kerak. Yangi nashrlar o‘z tarixini noldan boshlab, yangi O‘zbekistonning merosi bo‘lib qolaversin. Eskilarga tegmaylik, asraylik. Chunki tarixda nafaqat “yangi” bo‘lib, balki “buzmagan, asragan va avlodlarga yetkazgan” bo‘lib qolish ham muhim", deya fikr bildirgan u.

Ma’lumot uchun, jurnalning 1-sonida uning tashkilotchilaridan Abdulla Qodiriyning “Mushtum ta’rifida” degan bosh maqolasi berilgan. Mazkur maqolada "Mushtum"ning yo‘nalishi belgilangan:

Bu “Mushtum” zo‘rlik mushtumi emas, haqlik mushtumidir, bu „Mushtum“ zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir. Shuning uchun buning ma’nosi ham boshqachadir…

“Mushtum”ga turli davrlarda ijod qilgan G‘ozi Yunus, Cho‘lpon, Hoji Muin, Alijon Xoliqov, Rafiq Mo‘min, G‘afur G‘ulom, Komil Aliyev, Abdulla Qahhor, Nosir Sayyid, G‘ayratiy, Sobir Abdulla, Said Ahmad, Anvar Muqimov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon va boshqa ijodkorlar o‘z asarlari bilan ishtirok etgan. “Mushtum”da chop etilgan ko‘pgina hajviy asarlar adabiyotimizning bebaho durdonalariga aylangan. Masalan, G‘afur G‘ulomning “Shum bola”si, Abdulla Qahhor, Said Ahmadning eng sara hajviyalari, Erkin Vohidovning "Donishqishloq hangomalari”, Abdulla Oripovning "Jannatga yo‘l” dramasini aytish mumkin. Yuzlab tanqidiy maqolalar, feletonlar jamiyatni turli illatlardan tozalashda "Mushtum"ning asosiy quroli hisoblangan.

Jurnal o‘z faoliyatida turli ijodiy shakllardan, jumladan Nasriddin Afandi, Aldar Ko‘sa kabi xalq og‘zaki ijodidagi obrazlardan keng foydalangan. Uning sahifalarida muhim voqealarga bag‘ishlangan feleton, pamflet, hajviya, o‘rtoqlik hazillari va boshqa tanqidiy materiallar yoritilgan.

"Mushtum" o‘z karikaturalari bilan ham mashhur. Uning birinchi rassomi Ishtvan Tullya bo‘lgan, keyinchalik jurnalda turli yillarda T.Muhamedov, D. Sinitskiy, M. Vorobeynikov, N. Ibrohimov, A.Xoliqov, S. Subhonov, A. Qambarov, S.Salohiddinov, H.Sodiqov va boshqalar ishlab kelgan.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

09 Oct 12:39
 
20
0
xs.uz

“Avitsenna” nomli milliy brend yaratiladi. U qaysi sohani qamrab oladi?

Shavkat Mirziyoyevning 'Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida'gi Qarori qabul qilindi. Bu haqda 'Huquqiy axborot' kanali xabar berdi.Xabar qilinishicha, qarorga muvofiq, 'Tibbiy xizmatlar mehmondoʻstligi' ('Medical service hospitality') dasturi amalga oshiriladi. Shuningdek, bu orqali 'Avitsenna' nomi ostida Oʻzbekistonning tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmi brendi ishlab chiqiladiBundan ta

10 Oct 10:49
 
17
0
xs.uz

Oʻzaro manfaatli hamkorlik

Gʻ.Otajonov/'Xalq soʻzi'. Fransiya taraqqiyot agentligining va Yevropa Investitsion Banki vakillari Qoraqalpogʻistonga tashrif buyurdi. Delegatsiya vakillari dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov qabulida boʻlib, 'Qoraqalpogʻiston Respublikasida 'Suyenli kanali tizimini rekonstruksiya qilish' loyihasi boʻyicha oʻzaro fikr almashishdi.Shuningdek, Fransiya taraqqiyot agentligining va Yevropa Investitsion Banki vakillari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv x

09 Oct 12:39
 
24
0
xs.uz

Tadbirkorga 500 ming dollarlik shartnoma tuzib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

Ma'lum qilinishicha, departamentning Shayxontohur tumani bo'limi, DXX va IIBB xodimlari hamkorligida tadbirkorlik sub'yektlari huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o'tkazilgan.Tadbirda 'S.S.' MChJ rahbari, muqaddam sudlangan N.Sh. tadbirkor U.I.ga tanishlari yordamida 'L.Y.' korxonasi bilan 500 ming dollarlik qurilish ishlarini bajarish yuzasidan shartnoma tuzib, buyurtma olib berishi evaziga shartnoma qiymatining 10 foizi miqdorida pul berishi kerakligini aytib, 50 ming dollar olga

25 Sep 13:14
 
18
0
xs.uz

Hayot uchun joy ajrating!

Saminjon HUSANOV/'Xalq soʻzi'. Andijon viloyatida ana shu shior ostida ekoaksiya oʻtkazildi. Unda hududlarni chiqindilardan tozalash, obodonlashtirish, jamoatchilik orasida ekologik madaniyatni shakllantirish ishlari amalga oshirildi.' Shu bilan birga yoshlar orasida tabiatni asrash, avaylash mavzusidagi targʻibot tadbirlari ham boʻlib oʻtdi, ' deydi Andijon viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi xodimi Lochinbek Isomiddinov. ' Qatnashchilarga atr