JADIDLAR: MILLIY O‘ZLIK, ISTIQLOL VA DAVLATCHILIK G‘OYALARI

Mamlakatimizda aynan shu mavzuda nufuzli tadbir o‘tkazilgani va unda hukumat vakillari, tarixchi olimlar, adabiyotshunoslar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Vengriya, AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan kelgan taniqli akademik va ekspertlar ishtirok etgani ham o‘tgan asr boshlarida shakllanib, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan jadidchilik harakatining ahamiyati naqadar bemisl bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, XIX asr oxirlaridan ma’rifatparvarlik oqimi sifatida paydo bo‘lgan jadidchilik harakati XX asr boshlaridan e’tiboran o‘zining tadrijiy rivojlanish bosqichida yangi bir davrga kirdi. Bu davrda jadidchilik o‘z oldiga keng islohotchilik maqsadlarini qo‘ygan ijtimoiy-siyosiy harakat darajasiga ko‘tarildi.
Turkiston taraqqiyparvarlari merosini o‘rganishning muhim jihati shundaki, ular bundan yuz yillar muqaddam yurt mustaqilligi va yosh avlodni ma’rifatli qilish masalasini olg‘a surgan edilar. Jumladan, jadidlar o‘lkaning taraqqiyotga erishuvini bilimli yoshlar qo‘lida, deb bilganlar va ularni rivojlangan mamlakatlarga ta’lim olish uchun yuborish, xorijiy tillarni o‘rganish, zamonaviy ilm-fan va texnika bilimlarini egallash kabi masalalarni ko‘targanlar.
Jadidchilik harakati vakillarining ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish bugungi kunda shuning uchun ham dolzarbki, bu harakat vakillari istiqlolimiz uchun o‘sha davrdayoq kurash boshlaganlar. Avvalboshda ma’rifat sohasida faoliyat ko‘rsatgan jadidlar asta-sekin ijtimoiy taraqqiyot kurashchilari sifatida maydonga chiqdilar.
Jadidchilik dastlab madaniy-ma’rifiy oqim sifatida paydo bo‘lganligi tabiiy, albatta. Chunki ilg‘or musulmon ziyolilari ijtimoiy va mustamlakachilik zulmining asosiy sabablarini zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan bexabarlikdan va maorif ishlaridagi qoloqlikdan izladilar. Shu sababli, ular mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishning yagona yo‘li ta’lim islohoti, deb qaradilar va ma’rifatparvarlik g‘oyalari asosida yosh avlodni tarbiyalashga asosiy e’tibor berdilar. Yangi usul maktablari, kutubxonalar ochdilar, darslik, o‘quv qo‘llanmalari yozdilar va nashr ettirdilar. Ayni paytda ular inson huquqlari, milliy, diniy, iqtisodiy erkinliklar kafolatlangan, huquqiy-demokratik milliy davlatchilikning nazariy asoslarini yaratishga harakat qildilar.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega bu o‘lkada o‘sha yillari ma’rifatchilik harakati har qachongidan ham kuchayib ketdi? Negaki, chor Rossiyasi asoratiga tushib qolib, butkul tanazzulga yuz tutgan o‘lkani uyg‘otishga, xalqning ko‘zini ochishga faqat ma’rifat orqaligina erishish mumkin edi. Biroq ana shunday ezgu maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan jasoratli bobolarimiz hayoti va faoliyati davomida ko‘plab taqiq va ta’qiblarga uchradilar. Eng yomoni, bu ularning o‘zlariga ham, yozgan asarlariga ham, hattoki yaqinlariga ham bir xilda qo‘llanildi. Ular olamdan o‘tganiga bir necha o‘n yillar bo‘lsa-da, bobomeros asarlarini o‘qib-o‘rganish, ularning milliy o‘zlikni anglash, istiqlol va davlatchilik g‘oyalaridan bahramand bo‘lish imkonsiz edi.
Turkistonning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotida va falsafiy tafakkurida muhim ahamiyatga molik bo‘lgan ma’rifatparvarlik-jadidchilikni xolisona o‘rganish zaruriyati uning «taqiqlangan mavzu» sirasiga kirganligi bilan izohlanadi. Bunday fikr bildirishning sababi shundaki, jadidlar tomonidan Turkistonning ravnaqini ko‘zlab olg‘a surilgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, milliy istiqlol g‘oyalari sho‘ro tuzumi mafkurasi «qolip»iga sig‘mas edi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng xalqimizning ijtimoiy-falsafiy, adabiy-badiiy tafakkuri tarixida alohida mavqega ega bo‘lgan jadidchilikni o‘rganishga katta ahamiyat berildi. Jadidchilikning paydo bo‘lish sabablari, tadrijiy rivojlanish jarayoni, undagi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, milliy istiqlol g‘oyalarini tadqiq qilishga oid ilmiy izlanishlar olib borildi. Shularning samarasi o‘laroq, ilmiy asarlar, to‘plamlar paydo bo‘ldi, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlar jadid bobolarimizning ezgu g‘oya va dasturlariga har jihatdan uyg‘un va hamohangdir. Shu bois xalqimiz ozodligi va Vatanimiz ravnaqi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini yangicha tafakkur asosida o‘rganish hamda targ‘ib etishga alohida e’tibor berilmoqda.
Xususan, yurtimizda har yili 31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanadi. «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi va jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi hududiy bo‘limlari qatorida, endilikda Buxoro shahridagi tarixiy maskanda «Jadidchilik tarixi» muzeyi tashkil etilmoqda.
Tarixning bu murakkab davriga oid ilmiy va badiiy asarlar bilan bir qatorda, «Tarixning noma’lum sahifalari», «Qatag‘on qurbonlari» nomli ko‘p jildli xotira kitoblari nashr etilmoqda. Badiiy va hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar tayyorlanib, namoyish qilinmoqda. Xalqaro konferensiyalar, ko‘rgazmalar va davra suhbatlari, xotira kechalari, seminarlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Jafokash xalqimizga milliy o‘zligini anglatish, istiqlolga erishish va davlatchilik yaratish yo‘lida jon fido qilgan atoqli ma’rifatparvarlarimiz hukumatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Istiqlol istab, yurt qayg‘usida qatag‘on qurboni bo‘lgan bobolarimizning aziz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, ta’lim muassasalari, muzeylar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.
Shu asnoda keyingi yillarda O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan mingdan ziyod mustabid tuzum qatag‘oniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlangani tarixiy adolatni tiklash yo‘lida yangi qadam bo‘lganligini alohida ta’kidlash joiz. Bu ezgu ishlarning davomi sifatida yurtimizda har yili avgust oyini «Qatag‘on qurbonlarini yod etish oyi» sifatida o‘tkazish, fidoyi vatandoshlarimiz va ularning avlodlari yashagan va yashayotgan xonadonlarga yodgorlik lavhalari o‘rnatish, ularning vorislari hamda yaqin kishilariga hurmat-e’tibor ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanayotgani ham quvonarlidir.
Kelgusida har bir mahalla fuqarolar yig‘ini binosida «Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari» va «Mahalla xotira kitoblari»ni tashkil etish, har yili kamida 100 nafar qatag‘on qurboni hamda jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini aks ettiradigan to‘plam tayyorlash rejalashtirilgani yuqorida aytib o‘tilgan xayrli ishlarning mantiqiy davomidir .
Xulosa o‘rnida aytmoqchimizki, Turkiston jadidlari tomonidan o‘z davrida ko‘tarilgan muammolar, bugungi kunimiz uchun ham o‘zining dolzarbligini saqlab kelmoqda. Zero, davlatimiz rahbari o‘rinli ta’kidlaganidek, «buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz tomonidan olg‘a surilgan g‘oyaviy-siyosiy, ijtimoiy-ma’rifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar o‘rtasida bag‘rikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasidir. Ularning hayoti va jasorati bugungi tinch va osoyishta kunlarga osonlik bilan erishilmaganini eslatib, milliy istiqlolimizni, jonajon Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrashga doimo da’vat etib turadi».
Temir QURBONOV tayyorladi.
Teatr san’ati rivoji yo‘lidagi muhim qadam
Festival doirasida teatr jamoasi 'Bremen musiqachilari' spektaklini namoyish qilib, xalqaro tomoshabinlar e'tiborini qozondi. Shu bilan birga, yosh tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.Mazkur ishtirok'O'zbekiston teatr san'ati rivoji yo'lida muhim qadam bo'lib, mahalliy ijodkorlarning xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatini namoyon etadi.
Mualliflik huquqini buzgan 10 nafar xonanda litsenziyasidan ayriladi
Oʻzbekistonda 10 nafar xonanda mualliflik huquqini buzgani uchun litsenziyasidan ayrilishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.Qayd etilishicha, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirayotgan ijrochilar tomonidan mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini buzish litsenziya talablari va shartlarini qoʻpol ravishda buzish deb hisoblanadi. Bunday hollarda litsenziyalovchi organ litsenziat hujjatining bekor qilishni soʻrab sudga murojaat yoʻllashi lozim.Shunga koʻra, Adliya vazirligi s
Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi madaniy hamkorlik mustahkamlanmoqda - Fotoreportaj
Bugun 'Rossiya madaniyat kunlari' doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning Madaniyat boʻyicha quyi komissiyasining beshinchi majlisi boʻlib oʻtdi.Unda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Olga Lyubimova ishtirok etdi. Tomonlar madaniyat sohasidagi hamkorlik holati va uning istiqbollari yuzasidan fikr almashib, oʻzaro ishonch, bagʻri
Zamonaviy Yoshlar kinoteatri o‘z faoliyatini boshladi
Kinematografiya agentligi Axborot xizmatidan xabar berishlaricha, bugun, 21-aprel kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida Yoshlar kinoteatrining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.Marosimda Kinematografiya agentligining ijro bo'limi boshlig'i Navruz Musayev hamda Sirdaryo viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo'yicha o'rinbosari Shoxrux Isakulov so'zga chiqib, ushbu kinoteatr yoshlarning ma'naviy va madaniy dunyoqarashini