calendar 27 Mar 10:21
eye 74
comments 0
comments Manba: xs

Tarvuzchilikda koʻkdalalik dehqonlar qoʻllayotgan 5 usul

image

Foto: Халқ сўзи

Koʻkdala tumani dehqonlari ertapishar tarvuz yetishtirishi bilan mashhur. Ular aprel oyining oxiri va may oyining boshlaridanoq bozorlarimizga yangi tarvuz olib chiqishni uddalashmoqda.

Yana bir jihati, bu yerda yilning toʻrt faslida ham tarvuzlarning keti uzilmaydi. Peshma-pesh ravishda ichki va tashqi bozorlarga mahsulot yetkazib berilaveradi.

Buning boisi koʻkdalalik mirishkorlar hududning ob-havo va iqlim sharoiti, mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib, tarvuz yetishtirish va saqlashning pandini olishgan.

Ertapishar tarvuz issiqxonada yetishtiriladi

Foto: Халқ сўзи

Tumanning Koʻkdala, Oʻtamayli va ushbu hududlarga yondosh mahallalarida qoʻlbola usulda tiklangan, oddiy issiqxonalarga koʻzingiz tushadi.

Ularning juda oddiy va kamxarjligiga sabab, bu issiqxonalar odatda bir mavsum uchun qurilib, keyin buzib olinadi. Chunki tarvuzni bir joyga ikkinchi yil ham qayta ekish kutilgan natijani bermaydi.

Issiqxona maxsus isitilmaydi, lekin ichkaridagi tabiiy harorat tarvuzni fevral oyi avvalida ekib, aprelning ikkinchi yarmi va may oyi boshlaridanoq bozorga chiqarish imkonini beradi.

Sellofan ostiga ekish – eng ommalashgan usul

Foto: Халқ сўзи

Koʻkdala tarvuzchiligida eng ommalashgan ikkinchi usul esa ekinni yotqizilgan yarim silindr shaklini eslatuvchi oddiy sellofan “parnik”lar ostida parvarishlashdir.

Bu usulda ekilgan tarvuzlar odatda may oyining ikkinchi yarmidan boshlab pishib yetiladi.

— Buning uchun dastlabki ishni fevral oyining ilk kunlaridan boshlaymiz, — deydi dehqon Nizom Aliyev. — Avval maxsus stakanchalarga mahalliy oʻgʻit bilan toʻyintirilgan tuproq toʻldirib, unga urugʻ ekamiz va issiqxona sharoitida undirib olamiz. Koʻchatlar ancha boʻy choʻzib qolganidan soʻng, avval egatlar ustiga sellofan toʻshalib, soʻng koʻchatlar oʻtqaziladi. Har bir qator usti yana sellofan bilan yaxshilab yopib chiqiladi. Qachonki kunlar isib, ekin uchun tabiatdan keladigan xavflar ortda qolgach, sellofanlar yigʻishtirib olinib, ekinni ochiq maydonda parvarishlash boshlanadi.

Ochiq maydonda tarvuz yetishtirish

Foto: Халқ сўзи

Tarvuz yetishtirishda koʻkdalalik dehqonlar qoʻllayotgan uchinchi usul ham shunga oʻxshash, bunisida faqat ekinning usti sellofan bilan yopilmaydi, shu bois hosil olinishi ham 10-15 kunga kechikadi. Ammo tomorqachilar ertapishar tarvuzlar tugab, yana tarvuzga talab oshgan bir vaqtda oʻz mahsulotini bozorga olib kiradi.

Shirasi til yoradigan lalmi tarvuzlar

Maʼlumki, Koʻkdalada har yili katta maydonlarda lalmi gʻalla yetishtiriladi. Sugʻorilmaydigan yerning oʻz kuchini yoʻqotmasligi uchun bir yil gʻalla ekilgan yerga, kelgusi yil albatta, dam berish lozim. Bunda yer kech kuz yoki erta bahorda shudgorlanib, kelgusi mavsum uchun ekishga tayyorlab qoʻyiladi.

— Ana shu vaqt oraligʻida bu yerga lalmi tarvuz ekib, hosil olish mumkin, — deydi tajribali dehqonlardan biri Azamat Nodirov. — Bu yerning yanada yumshab, kuchayishini ham taʼminlaydi. Lalmi tarvuz ekilgan maydonda kelgusi yili gʻalla yanada yaxshiroq hosil berishi koʻp yillik tajribamizdan ayon. Qolaversa, bu yaxshigina daromad ham keltiradi.

Azamat Nodirovning taʼkidlashicha, lalmi tarvuzlar urugʻi yerga ob-havo sharoitiga qarab may oyi oxirlari yoki iyun oyi boshlarida ekiladi. Ekin unib chiqib, quloch yozib qolgach, bir marotaba tagi yumshatib chiqish lozim. Bor mehnati shu. Sentyabr oxiri va oktyabr boshlariga borib, hosilni yigʻib olaverasiz. Har gektar yerdan ming donadan besh ming donagacha sara tarvuz olish mumkin.

Lalmi tarvuzlar oʻzining uzoq vaqt saqlanishi va shirinligi bilan alohida ajralib turadi.

Beshinchi usul – tarvuzni tabiiy sharoitda uzoq saqlash

Foto: Халқ сўзи

Lalmi tarvuz yetishtirish tumanning Shoʻrquduq, Naymansaroy va shunga yondosh mahallarida eng ommalashgan deyish mumkin. Bu hududlar dehqonlari nafaqat uni yetishtirish, balki uni keyingi mavsumga qadar sifatini buzmay saqlashda ham dong taratgan.

Eʼtiborli jihati, ular kuzda pishib yetilgan tarvuzlarni adirliklar bagʻrida qoʻlda qazilgan yertoʻlalarda saqlaydi.

— Yer yuzasidan 15, 20, 30 metr pastlikdagi bunday yertoʻlalarda yilning barcha fasllarida harorat bir xil boʻladi, — deydi tajribali Dehqon Saydulla Avloqulov. — Uni balandligi 2-2,5, eni 3 - 3,5, uzunligini esa 20 metrdan 40 -50 metrgacha qilib, qoʻlda qazamiz. Yertoʻlaning katta-kichikligiga qarab, har birida mingtadan uch-toʻrt mingtagacha tarvuz saqlash mumkin.

Qishlogʻimizda deyarli barcha oilalar lalmi tarvuz yetishtiradi va uni yertoʻlada saqlab, qish va bahorda sotishadi. Misol uchun, menda shunday yertoʻlalardan 10 ta bor va ularda har yili qish davomida 20 mingtagacha tarvuz saqlayman.

Ha, bugun tuman dehqonchiligida tarvuzchilik eng rivojlanayotgan yoʻnalishlardan biriga aylanib bormoqda. Bu ishni keng yoʻlga qoʻygan mirishkorlar esa avvalo oilalari farovonligini taʼminlayotgani, shu asnoda bozorlarimizning toʻkin-sochinligiga, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshishayotgani eʼtiborga molik.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

08 Sep 16:44
 
15
0
xs.uz

Shavkat Mirziyoyev qirgʻizistonlik sanʼatkorlarni mukofotladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining FarmoniMamlakatlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari hamda strategik sheriklik aloqalarini rivojlantirish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish borasidagi katta xizmatlari, oʻzining yorqin va betakror isteʼdodi, musiqa va qoʻshiqchilik yoʻnalishidagi sermahsul ijodiy faoliyati bilan madaniyat va sanʼat sohalarida muloqotni kengaytirish, mushtarak tarixiy meros, maʼnaviy qadriyat va anʼanala

25 Sep 13:14
 
5
0
xs.uz

Hayot uchun joy ajrating!

Saminjon HUSANOV/'Xalq soʻzi'. Andijon viloyatida ana shu shior ostida ekoaksiya oʻtkazildi. Unda hududlarni chiqindilardan tozalash, obodonlashtirish, jamoatchilik orasida ekologik madaniyatni shakllantirish ishlari amalga oshirildi.' Shu bilan birga yoshlar orasida tabiatni asrash, avaylash mavzusidagi targʻibot tadbirlari ham boʻlib oʻtdi, ' deydi Andijon viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi xodimi Lochinbek Isomiddinov. ' Qatnashchilarga atr

25 Sep 13:14
 
5
0
xs.uz

2 dona alkogol qonunbuzarni fosh qilib qoʻydi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament Andijon viloyatida katta miqdordagi isteʼmolga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldini oldi. Bu haqda Departamentning matbuot xizmati xabar berdi.Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati, Boʻston tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu holat aniqlangan.Qayd etilishicha, 'T.M.' MCHJga tegishli spirtli ichimliklar savdo doʻkoni sotuvchisi Z.K. xaridorga 2 dona alkogol

25 Sep 13:14
 
5
0
xs.uz

Oʻzbekistonning Qirgʻizistondagi favqulodda va muxtor elchisi oʻzgardi

Saidikrom Niyozxoʻjayev Oʻzbekistonning Qirgʻiz Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda 'Dunyo AA' xabar berdi.Qayd etish kerakki, Niyozxoʻjayev bungacha Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Diplomat 2018-yildan buyon Oʻzbekistonning qoʻshni diyordagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlab kelgan.Niyozxoʻjayev 2024-yil avgust oyida amalga oshirilgan ishlari va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qoʻs