calendar 16 Jan 04:41
eye 122
comments 0
comments Manba: ishonch

Sokin momaqaldiroq

image

1
Tushga yaqin tuyqus telefonim kuy «chalib» qoldi.
– Gospodin Ko'chimov!..
– O'-o'! Kabirov janoblari!
– Bo'l tayyor!
– Doim tayyor!
– Manzil?
– Yunusobod. «Milliy taomlar».
– Vaqti?
– Yakshanba. Soat o'n ikki.
To'rt kishilik mumtoz davramizning to'plandisi har safar xuddi shu tarzda boshlanadi: Kabirov menga yoki men Lutfulla Kabirovga, Jabbor Razzoq Xurshid Do'stmuhammadga yo Xurshid Do'stmuhammad Jabbor Razzoqqa telefon qiladi, so'ng tashabbuskor – «gunohkor» xushxabarni qolganlarga yetkazadi.
Uchrashuvga sabab izlanmaydi, vaqti yoki manzili avvaldan belgilanmaydi, hozirgidek, misol uchun men, gurungni qo'msagan paytim, telefonni olaman-u: «Janob Kabirov» yoki «Jabbor aka», deyman. Deyishim bilan : «Bizniki qadimgi pionerchasiga – «Bo'l tayyor!», «Doim tayyor!» degan shodiyona ovoz eshitiladi. Darrov to'planamiz. Hamma sog'ingan. Hamma keladi. Kelishda chopqillab kelamiz-u, ketar chog'i yaqinlashganda ajralgimiz kelmaydi, yana ozroq o'tiraylik, bir og'iz gap qoldi, shuni aytvolay… qabilida vaqtni cho'zishga bahona qidira boshlaymiz.
«Milliy taomlar» shundoq Yunusobod chorrahasida, Jabbor akaning uyiga yaqin, o'zi topgan, bu yerda «Besh barmoq» bilan uyg'urcha lag'monni boplashadi.
Har safargidek bu gal ham Lutfullaning mashinasida ikkovlon yo'lga tushdik. Kuzgi osmonning qovog'i soliq, havoda sezilar-sezilmas yomg'ir isi anqir, ko'chalarda mashinalar begim kunlarga nisbatan siyrakroq edi. Jabbor aka burchakdagi «o'zimizniki» bo'lib qolgan divanli stolda ko'k choy ho'plab o'tirar edi. Hali salom-alik tugamay Xurshid akayam yetib keldi. Qo'lida uch dona yangi chiqqan kitobi – «Yolg'iz» – hammamizga sovg'a qildi, avvaldan «avtog­raf» yozib, tayyorlab kelgan ekan.
– Tabriklaymiz!
– Muborak bo'lsin!
– Buni yuvmasak, gunoh bo'ladi! – Lutfulla uxlagandayam yonida olib yotadigan qo'ng'ir tusli charm qopchig'idan yelim shisha chiqarib, namoyishkorona stol ustiga qo'ydi.
– «Made in Kabirov!» – shodon olqishladim men.
– O, key! Ekologik toza. Eng foydali.
Avvallari bir shisha «qultamitsin» bitta o'tirishning «norma»si edi – maydalab-maydalab, shoshilmay «yumalatar» edik to'rtovlon. Xurshid aka oldinroq, Jabbor aka sal keyinroq muqaddas Haj ziyoratiga borib kelib Hoji aka maqomiga ega bo'lganlaridan so'ng manzara o'zgarib ketdi: Kabirov ikkovimiz uchun «yuk» bir muncha og'irlashdi. «Yuk»ni yengillatish uchun Kabirov uyida, o'z qo'li bilan tayyor­laydigan «damashniy» sharobga o'tvoldik. Ammo bu qilig'imiz necha zamonlardan buyon sherigimiz bo'lgan hoji akalarimizga yoqmaydi, nuqul dakki berishgani-berishgan. Bugun ham shisha paydo bo'lishi hamono Jabbor akamiz koyishni boshladilar:
– Bo'ldi-da, qachon tashlaysiz bu isqotni?
Kabirovning javobi hamisha taxt:
– Hajga borsak.
– Qachon borasiz?! – ovozini ko'taradi Jabbor aka.
– Ichishni tashlasak, – tirjayadi Lutfulla.
– Qachon tashlaysiz?
– Hajga borsak.
Baravariga kulvoramiz.
– Soch-soqolinglar op-poq. Qachon es kiradi? – yasama xo'mrayib po'pisaga o'tadi Jabbor aka. – Qani insof? Uyat-ye!
Lekin hali-hozircha bizga – ikki «piyonista»ga aql-u insof kirishidan darak yo'q.
Jo'rachilik joy ham, yosh ham tanlamaydi, deyishadi. Haqqati rost. Jabbor aka Xorazmning qaysidir tumanidan, men Samarqandning Urgutidan, Lutfulla Toshkentda katta bo'lgan esa-da, asl tuprog'i Bekobod taraflardan, Xurshid aka poytaxtning qoq markazi – Eski shahardan. Nimamiz nimamizgadir to'g'ri kelib qolgan bo'lsa kerakki, bir-birimizni ko'rgimiz kelaveradi, sog'inamiz, suhbatlashib, suhbatimiz tugamaydi. Yayrashamiz. Ko'nglimizga kelgan gapni aytamiz. Hazil-mutoyiba, latifa, bemaʻni gap­lar, baʻzan yosh bolaga o'xshab, yoshimizga yarashmagan sho'xliklar ham qilamizmi-yey. Ja-a suyulib ketsak: «Hoy, bezori bolalar, atrofda odamlar bor-a», deb tartibga chaqiradi jo'raboshimiz Jabbor Razzoq. «Bezori bolalar»ning yoshi yetmishga, jo'raboshiniki yetmish beshga tomon g'izillab ketayotgani bilan birovning ishi yo'q. Xullas, o'zimiz istagandek, maza qilib hordik chiqaramiz.
«Boshimizni qovushtirgan» yana bitta muhim sabab bor – Qalam – umrimiz qalamga suyanib o'tayotgan odamlarmiz. Oqsoqolimiz Jabbor Razzoq ellik yildan ziyod bir manzil – «Turkiston» (avvalgi «Yosh leninchi») gazetasi «tuprog'i»ni yalagan. Bir nech­ta publitsistik kitoblar muallifi. Lutfulla Kabirov jurnalist va yumorist adib. Kitoblari o'zimizdan tashqari Moskva, Kiyev va boshqa xorijiy mamlakatlarda nashr etilgan. «Pioner vostoka» gazetasida, sobiq komfirqada ishlagan, O'zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi bo'lgan. Xurshid Do'stmuhammad haqida esa batafsilroq gapirishga to'g'ri keladi. Aslida, ushbu badiadan murod-maqsad ham Xurshid Do'stmuhammad suvratiga chizgilar chizishga urinishdan iboratdir.
Shunday qilib, yana davraga qaytaman. Bu yerda har kimning o'z o'rni bor. Xurshid akaniki esa alohida. Xuddiki, sershovqin sinfga muallim kirib kelgandek, ilkis hushyor tortamiz u paydo bo'lishi bilan; uning tashrifi qandaydir salobatmi, masʻuliyatmi, madaniyatmi va yana nurmi… boshlab kelgandek bo'ladi. Aslini olganda, Jabbor Razzoqning ikki-uch ko'ylakni oldinroq yirtganini aytmasa, qolgan uchovlon tengqurmiz. Kabirov menga «Apsayit», men unga «Lutpilla» shaklida bemalol murojaat qilaveramiz, lekin Xurshid Do'stmuhammadga kelganda taqqa to'xtaymiz – iymanamiz; men – «Xurshid aka», Lutfulla – «Xurshid Nabiyevich» deydi; shunday demasak, nimadir yetishmaganday, hurmatli muallimimizning otini aytib nomaʻqulchilik qilganday noqulay ahvolga tushamiz. Hatto, oqsoqolimiz Jabbor Razzoq ham alohida iltifot ichra, «Xurshid domla», deydilar. Aka deysizmi, domlami, Nabiyevichmi – hammasi yarashadi u kishiga: fan doktori, professor, yozuvchi, jamoat arbobi, deputat, hoji aka…
Lekin gap bundayam emas. Deputat, professor, arbob va hokazolar, Xudoga shukur, bugun serob. Xo'sh, shundog' ekan, biz nega Xurshid Do'stmuhammad oldida sergaklanamiz, noo'rin so'z aytib qo'yishdan tiyilamiz, ehtiyot bo'lamiz? Muloqotimiz bahsga aylangan paytlarda Xurshid aka nima derkin, deb og'ziga tikilamiz? Gap-so'zlariga, xulosalariga intiqligimizning sababi qayda? Ko'p o'ylayman, sezdirmay, sinch solib qarayman gohida uning siyratiga; tikilaman, qidiraman – qancha izlamay, yarqirab ko'rinadigan, boshqalardan farqlanib turadigan bironta belgi topolmayman: o'rta bo'y, tik qomat, peshonasi keng, moshguruch murti o'ziga yarashgan, boqishlari o'ychan, kattalar gapirganda odob saqlashga o'rgangan mo'min va vazmin kishilarnikidek xayrixoh va qandaydir beparvodek, hatto, biroz o'z qobig'iga o'ralib qolganday…
Kam-u ko'pi bilan taniy boshlaganimga, mana, qirq yildan oshibdi-yu, hanuz shu sirning tagiga yetolganim yo'q. To'g'ri, yolg'on gapirmay, tanishuvimizning dastlabki paytlarida u qadar eʻtibor bermagan bo'lishim mumkin. Kursdosh do'stim, fantast-yozuvchi, jurnalist va tarjimon Rustam Obid sabab bo'lgan odatdagi tanishuvning do'stlikka aylanib ketishiga.
Rustam bilan Xurshid aka «Fan va turmush» jurnalida, men «Lenin uchquni» gazetida ishlardik. Goh tushlikda, goh ishdan so'nggi ko'rishuvlar asta-asta quyuqlashdi. Ularni bilmayman, ammo meni hadeb borgim kelaverardi ularning yoniga. Ularning gaplarini eshitganda ko'nglim kengayib ketganday bo'laverardi. Ularning dunyo adabiyoti, mashhur yozuvchilar taqdiri, badiiyat muammolari kabi turli mavzulardagi qiziq-qiziq hikoyalarini eshitish behad maroqli edi; fikrlashga, tahlil qilishga undardi odamni. Yozuvchi mashaqqatlari haqida bo'lsa bamisoli besh-o'nta qissani qotirib yozib qo'ygan adiblar singari chuqurdan-chuqur mulohaza yuritar edilar. Bizga o'xshaganlar «O'zbek xalq ertaklari», «Tom Soyerning sarguzashtlari», «Gulliverning sayohatlari»ni o'qib yurganda, bular Mopassandan Tsveggacha, Dostoyevskiydan Jyek Londongacha, Kafkadan Joysgacha, Xemingueydan Akutagavagacha, Dikkensdan Stendalgacha, Balzakdan Tolstoygacha – hamma-hammasini suv qilib ichib yuborgan edilar-da! Do'stlarimning bilag'onligi havas barobarida, xiyol «g'ashimni» qo'zg'aganiniyam yashirmayman. «Biz mol boqib, molxona tozalab, tizzagacha suv-loyga botib tamaki ekib, belimiz tarashaday qotib tamaki chopib, ust-boshimizni butlaylik deb eshakaravalarda somon sotib yurganda bular o'qigan-da, o'qimay nima qiladi? – qabilidagi xufyona o'ylar kechgan baʻzan xayolimdan. – Katta shahar, jozibali hayot, ­soya-salqin parklar, ko'zni qamashtiruvchi magazinlar, har qadamda kutubxona, o'qishdan boshqa qiladigan ish yo'q»…
O'zingdan bir bo'g'in balandligini ko'ra-bila turib tan olishni istamaslik ham yoshlikning «bebosh xato»laridan biri ekanini keyinroq – Xurshid Do'stmuhammadni yaqindan taniy boshlagandan so'ng fahmladim. Ichimda kechgan nojo'ya xayollar uchun, ichimda kechirim so'radim, ko'p afsuslandim. Men shaharlik olifta deb o'ylagan yigit, o'rtamiyona ziyo­­li hunarmand oilasida to'qqiz farzandning kenjasi bo'lib o'sgan ekan. Bizga o'xshab tamaki chopmagan, ammo yoshligidan qo'lida so'zon, otasining qavatida o'tirib, kun bo'yi mahsido'zlik qilgan. Bunday o'tirish nimaligini juda yaxshi bilaman, boshimdan o'tkazganman tamaki tizaverib, shuning uchun ham Xurshid Do'stmuhammadga bo'lgan hurmatim yanayam ortdi.
Rustam Obid men kabi xayolparast, Xurshid Do'stmuhammad esa realist edi o'sha paytlarda ham. Og'irkarvon, kamgap, ammo topib, joyiga qo'yib so'zlardi. Fikrlari hamisha salmoqli, xulosalari mantiqli bo'lardi. Qandaydir ko'rinmas bir sharpa, uning oldida har narsani valdirama, avval o'yla, keyin so'yla deb turgandek tuyulaverardi. Vaholanki, men ham o'zini bilag'on, aqlli hisoblab, uncha-muncha shoir-u yozuvchini tan olmaydiganlar qatorida yurardim bosar-tusarni bilmay. Boshqalar, xususan, Rustam Obid bilan tez-tez tortishib qolardik. Biz qizishib, tutagan paytlardayam Xurshid aka sinini buzmas, birovimizning tirsagimizdan ohista ushlavolib, serqatlam mulohazalar bilan bemalol munozaraga nuqta qo'yardiki, «miq» etishga hojat qolmasdi…
2
– Jabbor aka, «Beshbarmoq»mi? – deb so'radi shu payt patnisda choy, non, to'g'ralgan pamidor, bodring ko'tarib kelgan xizmatchi qiz.
– Shefga tayinlab qo'yganman, eslatgin, xamiri ko'proq bo'lsin, – javob berdi Jabbor aka qo'lidagi «Yolg'iz»ni varaqlashdan to'xtab-to'xtamay. – Sizga rahmat, Xurshid domla. Juda yaxshi kitob bo'pti. Muqovasiyam qattiq.
– Yozuvchilar uyushmasiga rahmat. «Adib va jamiyat» seriyasiga munosib ko'rib, jamg'arma hisobidan chiqarib berishdi, – minnatdor bo'ldi Xurshid aka.
Minnatdorlik shunday bosiqlik bilan ifodalandiki, beixtiyor yana qaysi maktabda o'rgangan ekan bu odobni degan savol aylana boshladi miyamda. Va bir joyda: «Otamizdagi vazminlik, fikrga moyillik, mumkin qadar kamroq gapirishga urinish menga maʻqul kelgan ko'rinadi, – deb yozganini esladim. – Otam bilan yonma-yon kun bo'yi churq etmay so'zon tortib mahsido'zlik qilardik, otam «aytganing – kumush, aytmaganing – oltin» naqliga qattiq rioya qilar edilar».
Keyin ustozlari bir-bir ko'z oldimdan o'tdi: Erkin Vohidov, Ibrohim G'afurov, Talʻat Solihov, Tumur Po'latov, Najmiddin Komilov – hammalari azamat tog'lardek ko'rkam, ko'ko'par cho'qqilardek sersalobat. Yaxshi ko'rgan yozuvchilari yanayam baland, yanayam ulug'vor – Abdulla Qodiriy, Fyodor Dostoyevskiy, Akutagava Ryunoske, Kafka, Joys, Xeminguey… Nihoyat, padari buzrukvordan, ustoz-u mukarramlardan yuqqan «chang»dan izlash kerak ekan undagi muhtasham fazilatlar ildizini, degan jo'ngina xulosaga keldim.
U adabiyotga ham sokin momaqaldiroq singari shoshmay, hovliqmay, gazetalarda, jurnallarda ishlab, pishib, qalamini charxlab, ana undan keyin salmoqli qadamlar bilan bir-bir bosib, katta ixlos karvonida kirib keldi. Uzoq yillar «Qishloq hayoti» gazetasida, «Fan» nashriyotida, «O'zbekiston matbuoti» jurnalida, O'zbekiston ommaviy axborot vasitalarini demokratlashtirish va qo'llab-quvvatlash ijtimoiy-­siyosiy jamg'armasida faoliyat ko'rsatdi. Hayotning chigal, murakkab va ayni chog'da munavvar jilvalarini, ko'z ilg'amas to'lqinlarini ko'rdi, og'riqli, behalovat, jonsarak ­voqea-hodisalarini o'rgandi, tahlil qildi, fikrladi. Jurnalistik faoliyat, xususan, «Fan va turmush» bilan «Yosh kuch» juda katta maktab bo'lgani va bu jurnallarda o'tgan kunlarimdan bir umr minnatdorman, degan iqrorlarini ko'p eshitganman. Adibning birinchi hikoyasi o'ttiz yoshga kirganida «Guliston» jurnalida, birinchi qissasi o'ttiz olti yoshida «Yoshlik» jurnalida eʻlon qilindi, birinchi kitobi esa bir kam qirq yoshida nashr etildi. So'ng: «Panoh». «Oromkursi», «So'roq», «Sof o'zbekcha qotillik» qissalari, «Bozor» romani, «Hijronim mingdir mening», «Ozod iztirob quvonchlari», «Hamid Aʻlamovning aytolmagan gaplari», «Beozor qushning qarg'ishi», «Qissalar», «Ijod – ko'ngil munavvarligi»…
Men «Ijod – ko'ngil munavvarligi»ga tez-tez murojaat qilib turaman. Sababi, to'plamda mening «Oq kaptarlar oroli» degan qissam va «El suv ichgan daryolar» nomli kitobim haqidagi fikr-mulohazalari borligidagina emas – borligidan iftixor qilaman, albatta. Lekin bu kitobdan o'zbek o'quvchilariga nomi yaxshi tanish bo'lgan bir qator ijodkorlarning asarlari haqidagi mo'ʻjaz tadqiqotlar – ijodiy portretlariga chizgilar joy olganki, goh suhbat, goh esse, goh ocherk, goh lavha shaklidagi bu chizgilarida, taʻbir joiz bo'lsa, muallif ham adib, ham olim sifatida o'zi izzat qilgan, asarlarini sevib o'qigan ustozlari va tengdoshlari bitiklaridagi hikmatlarni ochib berishga harakat qiladi. Abdulla Qodiriy, G'afur G'ulom, Asqad Muxtor, Xudoyberdi To'xtaboyev, Ozod Sharafiddinov, Tog'ay Murod va Mahmud Saʻdiydan to Nazar Eshonqulgacha bo'lgan o'ttizdan ziyod yozuvchi-shoirlarning ruhiy ­dunyosi, yozganlarining mazmun-mohiyati talqin qilinadi. Vosil Qobulov, Sulaymon Azimov, Akmal Saidov kabi allomalar; Javlon Umarbekov, Alisher Mirzo, Sobir Nazarmuhamedov kabi rassomlar va kinorejissyor haqidagi ocherklari hayotiy va badiiy ifodaning yetukligi bilan har qanday kitobxonni maftun etmay qo'ymaydi.
Faxr bilan aytaman: Xurshid Do'stmuhammad bugun o'zbek adabiyotining ardoqli adiblari qatoridan mustahkam joy oldi. Har qancha o'rgansa, tahlil qilsa arzigulik badiiy obida yaratdi. Bu ko'rkam ijodni baholash boshqalarning vazifasi. Afsuski, hozirga qadar hyech kim bu ishga jiddiy kirishgan emas.
3
Bug'i bulutday ko'pirib turgan «Beshbarmoq» keldi. Kelguncha ular ikki choynak ko'k choyni, biz «Made in Kabirov»ni bo'shatdik. O'z sharobidan sarxush Kabirov to'satdan Xurshid akaga «hujum» qilib qoldi:
– Bilamiz, Siz modernshunos. Lekin Abdulla Qodiriy modernsiz ham zo'r yozmaganmi?
Men o'z xayollarim bilan ovora bo'lib, eʻtibor bermay qolgan ekanman, Xurshid aka Jabbor Razzoqqa Frants Kafkaning Vafo Fayzullo tarjimasida nashr etilgan «Jarayon» romanining o'zbek tilida paydo bo'lishi o'zbek adabiyoti tarixida alohida voqea ekani haqida so'zlayotgan ekan. Bu fikr Lutfulla Kabirga uncha maʻqul kelmabdi.
– Yoki Oybek, Odil Yoqubov… Modernchimidi? – davom etdi Kabirov.
Xurshid aka beg'ubor jilmaydi. Jilmayish-u kulishidayam ayricha sokinlik bor: xoxolab, qulochlarini yozib, pitir-pitir chumchuqday qo'llarini o'ynatavermaydi bo'lar-bo'lmasga. Eng zarur mahalda qanotini silkitgan burgut singari qo'lini ohista ko'tarib, muloyim, beozor tabassum qilib qo'yadi. Hozirgidek tig'iz paytlarda suhbatdoshini avaylab, ko'ngliga og'ir botmaydigan so'zlarni topib, bosiqlik bilan vaziyatga oydinlik kiritishi ham menga yaxshi maʻlum.
– Har qanday milliy adabiyotning nufuzi «Jarayon» o'sha tilga o'girilgan-o'girilmagani bilan ham belgilanadi desam mubolag'a bo'lmaydi, – dedi dona-dona qilib. – Tadqiqotchilar jahon adabiyoti tarixi Kafkagacha va undan keyingi davrga bo'linadi deyishadi. Milliy adabiyotlar ham Kafkaning asarlari o'sha tilga o'girilguniga qadar va undan keyingi davrga ajraladi.
– Men o'rischa yozaman, – negadir o'jarligi tutdi Lutfullaning. – O'zbekcha kitoblarniyam o'qib boraman. Kafka tarjima qilindi. Lekin hammayoq gullab ketmadi-ku?
– Bor, bor. – Undan ko'zini olmay davom etdi Xurshid aka. – Bizning adabiyotda ham G'arb adabiyotida birmuncha keng tarqalgan «ong oqimi» paydo bo'ldi. Bu atama «tafakkur oqimi», «tuyg'ular oqimi», ­«ongosti oqimi», baʻzan «ongsizlik ongi» tarzida ham qo'llaniladi. Hozir ancha-muncha o'rtoqlarimiz shu yo'nalishda yozyapti. Yaxshi yutuqlarga erishayotganlar ham ancha bor.
– To'g'ridir-u, lekin baribir zerikarli, tushunish qiyin, – Lutfullaning yonini olganday bo'ldi Jabbor aka.
– Shunday, – hyech qanday ehtirosga berilmay gapning indallosiga ko'chdi Xurshid aka. – Tushunish og'irgina emas, azob. Igor Garin degan adabiyotshunos modern janridagi asarlarni «Chorasizlik va faryodning qalbni o'rtovchi hayqirig'i» deydi. Topib aytilgan. Bunday asarlar juda katta bilim sohiblariga, aqliy mehnat va izlanishdan charchamaydigan kitobxonlarga o'z tilsim eshiklarini ochadi, botiniy jozibalariga sherik qiladi.
Xurshid akaning hozirgi so'zlari uning «Jon Milton va Abdulla Qodiriy: «Areopatika»dan «Diyori bakr»ga qadar» degan maqolasini esimga tushirdi. Bu tadqiqot uning olim va yozuvchi sifatidagi qiyofasi va salohiyatini ko'rsatuvchi eng muhim ilmiy ishi sanaladi mening nazarimda. Maqola 1608-1674 yillarda hayot kechirgan ingliz shoiri, olimi va publitsisti Jon Milton bilan 1894-1937 yillarda qisqagina umr kechirgan o'zbek adibi va publitsisti Abdulla Qodiriy qismatidagi yaqinlik va o'xshashliklar haqida. Ikki buyuk siymo taqdiridagi o'xshashlik katta aql, zo'r mahorat bilan g'oyatda asos­­li, ishonchli talqin qilinadi. Umuman, Xurshid aka o'zi bilmasa, ishonmasa gapirmaydi, aralashmaydi. Bilganlarini uqtirish, tushuntirishdan esa sira charchamaydi. 90-yillarning o'rtalarida O'zbekiston Prezidenti Devonida bir muddat, bir tizimda yonma-yon ishlaganimizda bot-bot guvoh bo'lganman bunday xislatlariga: botinan og'ir-vazmin, sermulohaza; zohiran jasoratli, qaytmas, shiddatkorliklariga. Do's­tiga sadoqatli, hamkasbiga mehribon, qo'lidan keladigan yordamni ayamaydi va hayratlanarli darajada kamtarligiga.
Bir voqeani aytay. O'sha kunlari O'zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan «Hurriyat» gazetasi tashkil etildi. Mamlakatimizdagi ilk mustaqil ommaviy axborot vositasi bo'lmish bu nashr tsenzuradan xoli, istagan mavzuda yozadigan, jamiyatda fikrlar xilma-xilligini aks ettiruvchi, chinakam demokratik o'zbek matbuotining istiqbolini belgilovchi jasur gazeta bo'lmog'i zarur edi. Shunday edi davlat rahbarining orzu-istagi. Isteʻdodli jurnalist Karim Bahriyev boshchiligida gazetaning beshta soni mukammal chop etildi. Afsuski, demokratiya raqiblari so'z erkinligiga chidolmadilar. Gazetada ko'tarilgan muammolar teskari talqin qilinib, bosh muharrir yomonotliqqa chiqarildi va ishdan bo'shatildi. Mustaqil gazetaga rahbarlik Xurshid Do'stmuhamadga yuklatildi. «Tepaning qozoni»da qaynagan yangi bosh muharrir kattalarning qosh-qovog'iga qarab, jimgina, uzoq vaqt ishlab yurishi mumkin edi, mushugini pisht, tovug'ini kisht demasdi birov. Uyg'oq vij­don izn bermadi loqaydlikka. Odamlarning dilida, tilida turgan masalalar ko'tarilaverdi gazetaning har sonida. Oxir-oqibat, tuturiqsiz bitta musiqa guruhi tanqid qilingan «Dod-yey, Dado!» sarlavhali maqola bahona, Xurshid Do'stmuhammad «Hurriyat» gazetasi bosh muharriri vazifasidan ozod qilindi…
4
– Men Abdisaid akaga o'xshash diplomat emasman-da, yetkazib tushuntirolmadim, – deb modern to'g'risidagi mulohazalarini yakunlagan bo'ldi Xurshid Do'stmuhammad negadir o'rtaga meni qo'shib.
– Tushuntirish va diplomatlik bundan «battar» bo'lishi mumkinmas, – maqsadi nimaligini tuzukroq anglamagan bo'lsam ham shosha-pisha javob qaytardim men. – Siz yozuvchi bo'lmaganingizda, hyech shubhasiz, mamlakatimizning eng zo'r elchisi bo'lar edingiz.
Shu «xushomad»im Xurshid akaga yoqdi-yov:
– Elchimas-u, musiqachi yoki rassom bo'lishim mumkin edi, – deb birinchi marta maqtanganday bo'ldi. – Hozir ham baʻzida miriqib dutor, royal, saksafon, klarnet chalgim keladi. Mo'yqalam tutishni eplaganimda Salvador Dalining tushiga kirmagan suratlar chizardim.
– Lekin, – o'tirgan joyida bir qo'zg'alib oldi. – Ustoz Abdulla akayam shunga yaqin bir gap aytuvdilar, uka, sendan binoyiday diplomat chiqarkan-ku, deganday bo'luvdilar, – dedi yoyilib. – Aytuvdimu Hajga ustoz bilan birga borish nasib etdi deb…
Aytuvdi. Ikki ulug' alloma – Anvar qori Tursunov va Abdulla Oripov bilan ziyorat kunlari bir xonada turishgani; Abdulla aka qattiq shamollab qolganiga, isitmasi ko'tarilib-tushib yotganiga qaramay har kun yangi sheʻr yozgani va hamxonalariga o'qib berganlarini zo'r hayajon bilan so'zlab beruvdi. O'zbekning ulug' va betakror shoiri Abdulla Oripovning «Haj daftari» deb atalmish tarixiy turkumi o'sha xonada dunyoga kelgan. Kitobda «Hoji ukalarim Anvar va Xurshidga» degan to'rtlik ham bor:
Do'st bo'lurmi bunchalar hamdam, inoq,
Bir pilikdan kuch olar ikki chiroq.
Oh, ahillik bor ekan o'zbekda ham,
Ulg'aying, turli yomon ko'zdan yiroq.
– Qani, endi rejadan gapiring, nimalar ­qilyapsiz? – so'rab qoldi qazi-qartali beshbarmoqdan keyin bostirib-bostirib choy ho'playotgan Jabbor Razzoq. – Bizni nimalar bilan xursand qilasiz?
– Rostini aytaymi? Har yili Rio-de Janeyro shahrida braziliyaliklarning umumxalq, umummilliy hurlik timsoli bo'lgan karnavali bo'ladi. Shu bayramda loaqal bir marta ishtirok etsam deyman.
– Men Muz okeanining eng chekka nuqtasini ko'rgim keladi, – ilib ketdi Kabirov.
Xurshid aka jiddiy savolga hazil bilan javob qaytardi-yu, aslida orzu-niyatlari, ijodiy rejalari ko'pligi: Dostoyevskiy bilan Kafka ijodi haqida esselar yozmoqchiligi, Marsel Prustning «Boy berilgan fursatlarni izlab» turkum romanlari taassurotlarini qog'ozga tushirmoqchi ekanini qayerdadir yozgan edi. Xuddi shu asarga taqlidan besh qismdan iborat roman yozish istagi borliginiyam o'qigandim o'sha joyda.
Gurung endi avjlana boshlaganda Jabbor aka, e-e, nomoz qazo bo'lay depti-ku, deya taraddudlanib qoldi. Noiloj, Xurshid Do'stmuhammadning rejalari haqidagi savolga batafsil javobni keyingi uchrashuvga qoldirib, tashqariga chiqdik. Kuzning kuni bir tutam, birpasda qosh qorayib, ko'chalarga qorong'ulik uchqunlay boshlabdi. Yomg'ir maydalab tomchilar, billur tomchilar oralab dilda namxush tuyg'ular qo'zg'atuvchi bezovta shamol kezinardi…

Abdusaid KO'ChIMOV,
yozuvchi


Doʻstlaringiz bilan ulashing

11 Nov 03:18
 
32
0
xs.uz

Gullar shahrida asal festivali boshlandi

Qudratilla Najmiddinov / 'Xalq soʻzi'. Namangan yana bir xalqaro nufuzli anjuman ' xalqaro asal festivaliga mezbonlik qilmoqda. Bugun Davlatobod tumanidagi''Afsonalar vodiysi' tematik parkida uchinchi bor tashkil etilayotgan bayram start oldi. Madaniyat va istirohat bogʻiga 250 dan ziyod mahalliy va xorijiy asal yetishtiruvchi tadbirkorlar oʻzining tabiiy mahsuloti bilan jamlangan. Ular orasida hamyurtlarimizdan tashqari qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston respublikalari, Rossiya Federatsiya

09 Oct 12:37
 
28
0
postda.uz

KITOB – BEMINNAT USTOZ

IIV huzuridagi JIED Birinchi mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi tasarrufidagi jazoni ijro etish muassasalarida xizmat qilayotgan xodimlar o‘rtasida «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi o‘tkazildi. Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan «Axborot kutubxona markazi» binosida bo‘lib o‘tgan, «Kitob-beminnat ustoz, hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir» mavzusiga bag‘ishlangan tanlov ishtirokchilari o‘zlari o‘qigan kitoblar orasidan ikkitasining muallifi, qahramonlari, v

09 Oct 12:36
 
24
0
postda.uz

Nukusdagi litseyda yangi o‘quv yili boshlandi

Nukus Temurbeklar harbiy akademik litseyida yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan 1-kurs o‘quvchilariga Nukus Temurbeklar harbiy akademik litseyi direktori M.Utepbergenov, litsey direktori o‘rinbosari podpolkovnik Sh.Ibragimov hamda Nukus harbiy prokurori yordamchisi adliya mayori U.Daubayev ishtirokida “Mustaqillik darsi” mashg‘ulotlari o‘tkazildi. 

29 Oct 20:50
 
20
0
xs.uz

Poytaxtimizda madaniy meros haftaligi boshlandi

Rahmatjon BOBOJONOV/'Xalq soʻzi'.'Soʻnggi yillarda mamlakatimiz, ayniqsa, poytaxtimiz azim Toshkent tobora xalqaro madaniy muloqotlar maydoniga aylanib borayotgani ayni haqiqat. 18-oktyabr kuni Oʻzbekiston madaniy merosni oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatining anjumanlar zalida 'Sharq renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar' mavzusidagi xalqaro anjuman bilan oʻz ishini boshlagan madaniy meros haftaligi ushbu xayrli va ezgu tashabb