calendar 09 Oct 12:36
eye 44
comments 0
comments Manba: postda.uz

RADIKALIZM: OQIBATLARI VA OLDINI OLISH YO‘LLARI

image

Radikal so‘zi lotincha «radix» so‘zi o‘zagidan olingan bo‘lib, «ildiz», «tub», «qat’iy» degan ma’nolarni bildiradi va ushbu atama keskin choralar, harakat hamda dasturlar tarafdorlari bo‘lgan insonlar guruhiga nisbatan ishlatiladi. Bir so‘z bilan aytganda, radikalizm – muayyan shaxs yoki guruhning mavjud ijtimoiy, siyo­siy va madaniy holatni tubdan va murosasiz o‘zgartirish istagidan iborat jarayondir.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Yevropada ushbu atama asosan mo‘tadil islohotlar tarafdorlariga nisbatan qo‘llanilgan. Masalan, Buyuk Britaniyada 1832-yilda «Islohotlar to‘g‘risidagi bill» qabul qilingandan so‘ng, ushbu qonunga qarshi chiqqan va o‘z muxolifligini bildirgan insonlar radikalistlar, deya atala boshlangan. Keyinroq esa utilitarizm asoschilaridan bo‘lgan I. Bentam va uning izdoshlari «falsafiy radikallar» deb atalgan. Bugungi g‘arbda qator so‘l siyosiy partiyalarga nisbatan ham radikalizm tushunchasi qo‘llanadi.

Tarix shunga guvohlik beradiki, mamlakatlar hayotining burilish nuqtalarida, iqtisodiyotda tanglik yuz bergan holatlarda radikalizm xavfi keskin avj oladi. Ammo radikallar hokimiyat tepasiga kelgan taqdirda ham, ularning hukmronligi uzoq davom etmaydi. Sobiq sho‘rolar tuzumi o‘rnida tashkil topgan mustaqil davlatlar hududida rivojlanishning dastlabki bosqichlarida ko‘plab radikal oqimlar paydo bo‘lganligi, ularning ayrim mamlakatlarda fuqarolar urushlarini keltirib chiqarganligi so‘zimizning yaqqol isbotidir. Ushbu davrning o‘ziga xos jihati siyosiy radikalizmning dinni o‘ziga niqob qilib olishi bilan namoyon bo‘ldi. 

Bugungi kunning radikalizmida esa ijtimoiy hayotning ham nazariy, ham amaliy muammolarini hal qilish­da zo‘rlik usulidan foydalanishga moyillik alohida xususiyat sifatida shakllanib ulgurdi. Ya’ni, tinch yo‘l bilan hal qilish mumkin bo‘lgan oddiy muammolarni yechishda radikallar kuch, zo‘ravonlikdan foydalanishga intiladilar. Zamonaviy radikalizmning negizi ham aynan mana shu g‘oya ustiga qurilgan. Ijtimoiy muammolarni hal qilishda zo‘rlik usullari va vositalaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlaganligi uchun ham radikalizm ekstremizmning nazariy manbayi bo‘lib qolmoqda. Shu bois bugungi kun axborot vositalarida «ekstremistik oqim tarafdorlari», «terroristik akt», «aqidaparastlik g‘oyasiga yo‘g‘rilgan» kabi jumlalar qatorida «diniy radikalizm» atamasini ham tez-tez eshitish odatiy tusga aylanib qoldi.

Diniy radikalizmning mazmun-mohiyati radikalizmning boshqa ko‘rinishlari kabi o‘ziga mos kelmaydigan boshqa har qanday oqim va qarashlarga nisbatan murosasizlikda, jamiyat taraqqiyotiga zid, g‘ayriinsoniy g‘oya va qarashlarni ilgari surishda namoyon bo‘ladi. Bunda shaxs o‘z diniy e’tiqodini haq deb bilib, o‘zgacha e’tiqodiy qarashlar va fikrlarga murosasiz va keskinlik asosida yondashadi hamda ularni zo‘rlik yo‘li bilan o‘zgartirish tarafdoriga aylanadi. Bu ko‘pincha jamiyatda mavjud turli diniy konfessiyalarga keskinlik bilan yondashish, bir din doirasidagi o‘zga mazhab yoki qarashlarni murosasiz inkor etish hamda ularni raqib sifatida qabul qilishda ko‘rinadi.

Ekstremizm tomon yetaklaydigan radikalizm xavfli virusga o‘xshaydi. O‘ta xavfli, ko‘rinmas xususiyatga ega bo‘lgan bu virusga chalingan ota bolasini, o‘qituvchi shogirdini, o‘quvchi va talabalar esa o‘z do‘stlari va tengqurlarini ham xasta qiladi. Shu tarzda ma’naviy nizomlarga bo‘ysunishni istamagan, o‘zgacha fikrlovchi va keskinlikni xohlovchi shaxslar ommasi vujudga keladi.

Shovinistik ruhdagi radikalizm tushunchasi aslida faqatgina diniy ko‘rinishdan iborat emas, umuman olganda, u chegara bilmaydi. Ba’zan u birgina shaxsni, insonlar qatlamini yoxud bir millatni boshqalaridan ustun qo‘yishda ham namoyon bo‘ladi. 

Psixologlarning ta’kidlashicha bugungi kunda radikallashuv jarayonining keskin rivojlanib borishiga yoshlardagi tajribasizlik, hissiyotga tayanib ish yuritish tuyg‘usining mavjudligi, tashqi ta’sir natijasida ruhiy holatdagi o‘zgaruvchanlik; ruhiy tushkunlikka tez tushish va ruhiy zarbalarga chidamsizlik; yaqinlar e’tiboridan butunlay chetda qolish; o‘ta qiziquvchanlik hamda axborotlarni to‘laqonli tahlil qilmaslik, ishonuv­chanlik kabi bir qator omillar asosiy sabab bo‘lmoqda. Jumladan, radikal va ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilganligi natijasida javobgarlikka tortilgan bir guruh shaxslar bilan olib borilgan suhbat davomida ularning aksariyati: diniy ilmlarni egallashga bo‘lgan qiziqish va intilish; ishonuvchanlik hissi; birdaniga va hamma narsa (boylik, shon-shuhrat, martaba va boshqalar)ga ega bo‘lishga harakat qilish; qolaversa, oiladagi moddiy qiyinchilik va yetishmovchilik, ishsizlik, kam ta’minlanganlik, alamzadalik, siyosatdan norozilik kabi qator ijtimoiy holatlar ularni ushbu mafkura tomon yetaklaganligini ta’kidlab o‘tganlar.

Binobarin, bu kabi radikal g‘oyalarning ta’siriga tushib qolgan yoshlar o‘z oila a’zolari, yaqinlari, mahalla, ko‘cha-ko‘ydagi tengdoshlarini ham mutaassib shaxsga aylantiradilar yoxud kamida bir marotaba bo‘lsin, ushbu shaxslar ongiga ta’sir o‘tkazishga urinib ko‘radilar. Bu harakat esa O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Eng achinarlisi, bu kabi murosasiz tendensiyalarning aksariyat qismi bugungi kunda targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish, tarqatmalar tarqatish yoxud hujralarda o‘qitish ko‘rinishidagi murakkab usullarda emas, balki har bir inson erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan internet ijtimoiy tarmoqlari va turli messenjerlar orqali olib borilmoqda. Bu esa ularga qarshi kurashni yanada murakkablashtirmay qolmaydi, albatta.

Davlatimiz rahbari ham SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi hamda MDH Aksilterror markazining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan qo‘shma konferensiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida aynan shu masalaga to‘xtalib, «So‘nggi vaqtlarda kibermakonda xavf-xatar va tahdidlar tobora kuchayib bormoqda. Bunda noqonuniy faoliyat, yollash va radikal g‘oyalarni targ‘ib etish bo‘yicha faol ishlar milliy chegaralar va qonunchilik normalarini tan olmaydigan internet tarmoqlari hamda kanallari vositasida tobora ko‘p amalga oshirilmoqda. Buning oqibatida bugungi kunda aholining nisbatan zaif qatlamlari vakillari, jumladan, bizning yoshlarimiz va mehnat migrantlari «onlayn manqurtlashtirish» qurboniga aylanmoqda, turli noqonuniy guruhlarga jalb etilmoqda va jinoyat sodir etmoqda», deya ta’kidladilar va ushbu muammoning yechimi sifatida mamlakatimizning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyasi o‘z oldiga qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish, jamiyatda hamjihatlik muhitini mustahkamlash va ochiq muloqotni rivojlantirish, ta’lim-tarbiya sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlarini yaratish va aholining ishonchli ijtimoiy himoyasini ta’minlash kabi bir qator chora-tadbirlarni ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yganligini jahon hamjamiyatiga yana bir bora eslatdilar.

Zero, dunyo mutaxassislari ham davlatning huquqiy, ma’muriy jarayonlardagi izchil islohotlarni muntazam olib borishini, mutaassib shaxslarni radikalizm g‘oyasidan qaytarishning eng samarali usuli sifatida e’tirof etadilar. Olimlarning fikriga ko‘ra, radikalizmning oldini olishda kuchli davlat hokimiyati sharoitida bu borada aniq belgilangan dasturlarni ishlab chiqish va muvaffaqiyatli amalga oshirish talab etiladi. Sababi, ijtimoiy holati beqaror va kuchsiz davlatlarning diniy radikalizm o‘chog‘iga aylanish tahdidi doimo yuqori bo‘ladi. 

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi shiddatli zamonda radikalizm, ekstremizm va terrorizm kabi g‘oyalarga qarshi kurashni birgina davlat yoxud qaysidir bir organ miqyosida emas, balki fuqarolik jamiyatining har bir bo‘g‘ini, har bir oila, har bir fuqaro miqyosida tashkil etishgina butun jamiyatdagi immuntizimning bir me’yorda va samarali faoliyat yuriti­shiga imkon beradi.

Odilbek URINOV,

IIV Akademiyasi tezkor-qidiruv

faoliyati kafedrasi o‘qituvchisi,

kapitan.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

26 Feb 17:06
 
20
0
xs.uz

Yurtimizda «Milliy qadriyatlar oyligi» tashkil etiladi

Madaniyat vazirligidan ma'lum qilishlaricha, bunda milliy liboslar targ'iboti, xalq o'yinlari, badiiy jamoalarning chiqishlari, qo'shiqchilik san'ati, o'lan, lapar, xalq o'yinlari, terma, marosim qo'shiqlari, xalfachilik, baxshichilik va raqs san'ati namunalari, milliy cholg'uchilik san'ati, arqon tortish, dor o'yinlari, tosh ko'tarish kabi qadimiy o'yinlarimiz, milliy kurash musobaqalariga keng o'rin beriladi.Shohsanam YO'LDOSHEVA,O'zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi..

19 Feb 00:22
 
42
0
xs.uz

Italiyada “Boburnoma” asarining taqdimoti boʻlib oʻtdi

Buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan Italiyada 'Boburnoma' asarining italyan tilidagi tarjimasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ushbu loyiha Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi hamda Rimdagi 'Sandro Teti Editore' nashriyot uyi hamkorligida amalga oshirildi. Kitob Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning soʻzboshisi bilan nashr etildi.Florensiya shahridagi tarixiy 'Palazzo Strozzi' s

19 Feb 00:22
 
38
0
xs.uz

Jahon ahli ardogʻidagi meros

14-fevral ' Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kunKeyingi yillarda mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosini teran oʻrganish, ularning asarlarini yurtimiz va xorijiy davlatlarda targʻib qilish, xususan, boburshunoslik fanini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu boradagi barcha ezgu va xayrli ishlar davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi hamda qoʻllab-quvvatlovi bilan amalga oshirilayotgani, ayniqsa, eʼtiborga molik. Zotan, jahon sivilizatsiyasi r

19 Feb 00:22
 
39
0
xs.uz

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Mirzo Ulugʻbekning saroy kutubxonasiga bagʻishlangan burchak tashkil etiladi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ekspozitsiyalar bilan boyitish jarayoni davom etmoqda. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek davri saroy kutubxonasi boy ilmiy va maʼnaviy merosiga bagʻishlangan maxsus burchak tashkil etilishi ham koʻzda tutilgan. Kutubxona tarixan mukammal oʻrganilib, u haqidagi barcha manbalar yigʻilmoqda. Mirzo Ulugʻbekning ilmiy merosi, qoʻlyozmalari toʻplanadi va ekspozitsiya fondlari orasidan ularning faksimil nusxalari joy oladi. Bu haqda ushbu Markaz axborot