calendar 20 Jul 13:59
eye 105
comments 0
comments Manba: xs.uz

Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!

image
Jabbor ESHONQULOV, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, professor.

'Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas'. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 'Yangi Oʻzbekiston strategiyasi' kitobi muqaddimasi ana shu jumlalar bilan boshlanadi. Juda ham oddiy, hayotiy, biroq odamni oʻylantirib qoʻyadigan chuqur mazmunga ega fikr.

Bu jumlalar faqat hayotning abadiyligi, bizni qurshab turgan atrofimizdagi dunyoning muntazam oʻzgarishda, yangilanishda ekani, olamning azaliy qonuniyati haqidagina emas, balki dunyo bilan oʻzi ham, ongu shuuri ham oʻzgarayotgan odamlarning tafakkuridagi evrilishlarnida aks ettirib turibdi.

Tafakkur oʻzgarmas, oʻsishga, yuksalishga ehtiyoj paydo boʻlmas ekan, odamning oʻzi oʻzgarmaydi. Tafakkur evrilishi ' bu juda uzoq davom etadigan, mashaqqatli kechadigan jarayon. Yangi tongning otishi tafakkurdagi evrilishdan boshlanadi.

Kuni kecha Prezidentimizning 'Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida'gi qarori eʼlon qilindi. Ushbu qarorni oʻqib chiqqan kishi borki, xalqimiz bundan oʻttiz uch yil oldin oʻta ogʻir va murakkab tarixiy vaziyatda qoʻlga kiritgan milliy istiqlol ham, bugungi kunda yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad yoʻlida birlashib, yangi yutuq va marralar sari ildam odimlayotgani ham, avvalo, tafakkur oʻzgarishi, dunyoqarash yangilanishi bilan bogʻliq ekanini teran anglaydi. Zero, ahli donish aytganidek, odam oʻzgarsa, olam ham oʻzgaradi.

Qarorda keltirilganidek, bu yilgi bayram tadbirlari 'Bir boʻlsak ' yagona xalqmiz, birlashsak ' Vatanmiz!' degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etadi. Bu bejiz emas. Zero, insonlarning, elu elatlarning bir xalq boʻlib yashashi, yagona ezgu maqsadga intilishi, ozod va obod Vatan qurishi, avvalo, fikriy uygʻunlik, dillashuv, birlashuv, jipslashuv orqali roʻyobga chiqadi.

1

Xalqimiz soddalikni yaxshi koʻradi. Oddiylik, tabiiylik, samimiyat xalqimiz ruhiyatiga xos. Shuning uchun milliy maʼnaviyatimizning asosi, xalq ruhiyati koʻzgusi boʻlgan folklor namunalari haqida gap ketganda 'Xalqning oʻziday sodda, xalqning oʻziday oddiy va xalqning oʻziday teran', degan jumlalar ishlatiladi. Bu bejiz emas, xalqning tilidagi soʻzlar ming yillar davomida toblangan, charxlangan, qayralgan, quyma hikmat koʻrinishiga kelgan. Mamlakatimiz rahbari bunday fikrlarga ohorli toʻn kiydirib: 'Folklor sanʼati, taʼbir joiz boʻlsa, bu ' insoniyatning bolalik qoʻshigʻidir', deydi.

Soddalik, samimiyat yuz-koʻzlarimizda aks etib turadi. Dasturxonimiz kabi koʻnglimiz ham ochiq, bagʻrimiz ham keng. Dasturxon boshida bobolarimiz, momolarimizning duosidan tortib har bir oʻgitida xalqimizga xos boʻlgan donishmandlik aks etadi. Duolarda doim yurtning tinch, mamlakatning obod, fayzu barakaning moʻl, farzandlarning tani sogʻ, oqilu dono boʻlishi tilanadi. Dasturxonga oʻtirganda ham, turganda, mehmon kelganda, mehmonga borganda, davra qurilganda yaxshi niyatlar qilinadi, umrning har bir soniyasiga shukronalar keltiriladi.

Bu, taʼbir joiz boʻlsa, oʻtmishini unutmagan, bugunini anglayotgan, kelajak uchun yaxshi niyatlar qilgan millatga xos ruhiyat, bugungi til bilan aytadigan boʻlsak, mentalitetdir. Buni dunyoga tamaddun eshiklarini ochgan bobolarimiz 'Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal' deb atashgan.

Inson inson boʻlibdiki, buguni ertasidan yaxshi boʻlishini istaydi. 'Bolam' deb yashash xalqimizga xos xislat. Boqiy soʻz, ezgu amallarini bolalariga, kelgusi avlodlariga ilingan. Bolam deb yashash, aslida ertangi kun uchun yashash, kelajak uchun investitsiya demakdir. Yaʼni xalqimiz ming yillik qadriyat va anʼanalari, salohiyati va hayotiy tajribasiga suyangan holda oʻzining taraqqiyot tongiga qarab intiladi.

2

'Yangi Oʻzbekiston strategiyasi' kitobi Oʻzbekiston uchun yangi bir davr boshlangani eʼtirofi va uning dunyo hamjamiyatiga eʼlonidir. Unda 'Yaqin va oʻrta istiqbolda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi qanday boʻladi?' degan zalvarli savol oʻrtaga tashlandi.

Tarixiy savollar oʻz-oʻzidan kun tartibiga qoʻyilmaydi. Tarixiy savol tarixiy shaxslar tomonidan oʻrtaga tashlanadi. Mamlakatimiz rahbari tomonidan ulkan oʻzgarishlar chorrahasida, hal qiluvchi pallada ana shunday savol oʻrtaga tashlandi va javob izlandi.

'Yangi Oʻzbekistonni barpo etish ' bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir.

Bu yoʻlda islohotlarimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan jamiyatimiz aʼzolarining bor bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlarini, butun azmu shijoatimizni ishga solishimiz zarur. Shundagina Yangi Oʻzbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi'.

Mamlakat rahbari taʼkidlaganidek, yangi Oʻzbekistonni barpo etish shunchaki, birdan yoxud kutilmaganda paydo boʻlgan, kimlarningdir istak-xohishi emas, balki butun xalqimiz asrlar davomida intilib kelgan orzu-maqsadlarini ifoda etmoqda. Bu orzu-maqsadlarning tub tarixiy asoslariga urgʻu berilayotgani ham bejiz emas.

Oʻzining qadim tarixi, davlatchiligiga ega yurtimizda ozod va erkin hayot har bir ajdodimizning qon-qonida yashab kelgan. Ular ozodlik, erkinlik va hurlikka yetishish yoʻllari ilf-maʼrifat orqali amalga oshishini yaxshi bilganlar. Omoch haydayotib, samo jismlari, oʻsimliklar va hayvonot haqida katta bilimga ega boʻlganlar. Taqvim tuzganlar, yillarga nom berganlar, olam haqidagi bilimlarini kelgusi avlodlarga meros qoldirganlar. Bu bilim va tajribalar shu oʻlkada koʻplab fanlarning rivoj topishi, birinchi va ikkinchi Renessansning poydevori boʻlib xizmat qilgan.

'Emas oson bu maydon ichra turmoqhtml5-dom-document-internal-entity1-hellip-end' Sal kam olti asr narida ulugʻ mutafakkir bobomiz tomonidan aytilgan bu fikr XXI asr voqeligi bilan yuzma-yuz turgan Oʻzbekistonning har bir fuqarosi uchun ham dolzarb masala edi.

Endi oldingiday yashab boʻlmas, koʻp narsani tubdan oʻzgartirish zarur edi. Boshqacha aytganda, har bir soha juda ulkan islohotlarni talab etardi. Oʻzbekistonning yashab qolishi, oʻzligini asrashi, dunyoning eng yetakchi mamlakatlari qatoridan joy olishi, bobolar orzu qilganday, isteʼmolchi emas, ijodkor, yaratuvchi millatga aylanishimiz uchun, avvalo, kimligimizni, qaysi 'maydon'da turganimizni aniqlab olishimiz, holatimiz, kuchimizdan kelib chiqqan holda, kelajagimizni belgilashimiz, xullas, barcha jabhada islohotlarni boshlash zarur edi.

Mamlakat yetakchisi oʻzining ilk faoliyati kunlaridanoq ochiqligi va samimiyati, toʻgʻrisoʻzligi, qatʼiyati va jurʼati bilan butun Oʻzbekiston xalqining ishonchini qozondi.

Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlikka saylanganidan soʻng ilk uchrashuvi akademik olimlar, ilm ahli bilan boʻldi. Bu juda katta ramziy maʼnoga ega, mamlakatning bundan keyingi taraqqiyot yoʻli ilm-fan bilan chambarchas bogʻliq boʻlishiga ishora edi.

Ochigʻi, shu uchrashuvgacha Fanlar akademiyasi tizimidagi olimlar xavotir va hadik ichida yashayotgan, tizimdagi koʻplab ilmiy tekshirish institutlari tarqatib yuborilgan yoxud oliy taʼlim tizimi tarkibiga oʻtkazilgan, ertangi kuni nomaʼlum boʻlib qolgan tashkilotlarga aylangandi.

Shunday qiyin bir vaziyatda mamlakat rahbari hech kim kutmagan, ogʻir va mashaqqatli, biroq mamlakat ertangi kuni uchun muhim boʻlgan qaror va farmonlar imzoladi. Ular mamlakatimiz hayotining barcha sohasiga taalluqli, birdek ahamiyatli boʻlgan tarixiy hujjatlar hisoblanadi.

Har qanday jamiyat oʻziga eng ulugʻ maqsadlarni shior qilib olishi, oʻzini xalqparvar deb eʼlon qilishi mumkin. Biroq xalqning ichiga bormagan, uning muammolarini hal etmagan islohotlar shunchaki qogʻozdagina qolib ketaveradi.

'Oʻzgalarni oʻzgartirmoqchi boʻlgan inson, avvalo, oʻzini oʻzgartirishi lozim. Buning uchun esa, aniq maqsad, tolmas iroda va doimiy izlanish kerak'.

Mamlakat rahbari oʻz faoliyatini xalq ichiga kirishdan boshladi. Buning natijasi oʻlaroq 'Xalq qabulxonalari' tashkil etildi, odamlarning dardi tinglandi, xalq bilan davlat rahbari 'hamfikr' ekani amalda isbotlandi. Zero, tarixiy shaxsiyat qiyinchiliklardan choʻchimaydi. Oson yoʻlni emas, qiyin boʻlsada toʻgʻri va sharafli yoʻlni tanlaydi. Hamisha oldinga qarab intiladi, kelajakni koʻra oladi. Ogʻir va mashaqqatli boʻlishiga qaramay, kelajak dasturlarini hayotga tatbiq etadi.

Mamlakatimiz rahbari mard va oliyjanob xalqimizning farovon hayotini taʼminlash bilan bogʻliq murakkab va muhim savollar koʻpdan buyon oʻylatib kelayotganini aytib, 'Biz oʻz oldimizga jamiyatimizning yangi qiyofasini yaratish, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida qoʻydik', degan qatʼiy qarorini aytdi. Shu taxlit bizning hayotimizga 'Yangi Oʻzbekiston' degan tushuncha kirib keldi.

3

Mustaqil davlat boʻlib, yaʼni ozod va hur yashash, bu faqat davlatchilikka xos boʻlgan institutlarni tashkil qilishning oʻzi emas, balki ozodlik ' barcha fuqaroning dunyoda oʻz oʻrni borligini isbot qilishi, shu masʼuliyatga mos va munosib boʻla olishi ham degani. Shu sababli ham ozod yashash masʼuliyati rasmiy mustaqillik hujjatini amaliyotga aylantiradi, millatni yagona gʻoya ' mustaqil davlat sifatida oʻzini namoyish qiladigan yagona maqsadga birlashtiradi.

Tan olaylik, biz uzoq yillar millatni yaxlitlashtiradigan yagona maqsadli intilishga erisholmadik. Chunki yagona maqsadga intilish degani bu har bir fuqaroning xohish-irodasi boʻlishi, har bir fuqaro ana shu intilishda oʻzining, bolalarining yorqin kelajagini koʻra olishi kerak degani edi. Buning uchun koʻp ishlar qilinishi zarur edi.

Milliy birlik oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi, bu ulugʻ saodatga erishish uchun har qanday gʻoyani jamiyatdagi turli qatlamlar manfaatidan tozartirib olish, milliy gʻurur, milliy or, milliy shaʼn, milliy vijdonni uygʻotish, millatni oʻz kuchi va qudratiga ishontirish kerak boʻladi.

Tarix, tarixiy xotira, ajdodlarga hurmat ' bu millatni yaxlitlashtiruvchi, uni oʻz quvvatiga ishontira oluvchi, milliy birlikni mustahkamlovchi eng kuchli vosita. Chunki tarix oldimizga bizni oʻq ildizlarimiz bilan tutashtirib turadigan 'Kim edik, kim boʻldik, kim boʻlamiz?' degan savollarni koʻndalang qoʻyadi. Tarixga boʻlgan ehtirom aslida millatning yaxlitligiga, ertangi birdamligiga ehtiromni anglatadi. Tarix kechagi kun kechmishi, ammo jamiyatda yaratiladigan yagona maqsad mana shu tarix ustiga quriladi.

Adabiyot millatning urib turgan vijdoni sanaladi. Agar jamiyat oʻzining vijdoniga befarq yoki unga beeʼtibor boʻlsa, unda millatni birlashtiruvchi milliy vijdon paydo boʻlmaydi. Adabiyotga boʻlgan munosabat ' millatning vijdoniga boʻlgan munosabatdir. Adabiyot oʻzi bilan tarix va bugundan iborat millat qiyofasi, oʻzligi, quvvatini olib yuradi. Har bir xalqning xarakteri va xususiyatlari adabiyotda yaqqolroq namoyon boʻladi va millatning yashovchan, hayotbaxsh hujayralarini asrab yuradi. Boshqacha aytganda, 'Adabiyot yashasa, millat yashaydi'.

Har qanday jamiyatning bugungi va ertangi kunini, jumladan, taraqqiyotini ham ilm-fanning nufuzi belgilab beradi. Ilm va adabiyot ahliga eʼtibor bu oʻz-oʻzidan millatning ertangi taraqqiyotiga eʼtibor ekanini tushunish uchun katta aql egasi boʻlish shart emas.

Milliy or va shaʼn, avvalo, til, adabiyotga boʻlgan munosabatdan boshlanadi. Oʻzbek tilining davlat tili sifatida jamiyatning barcha sohasida toʻla amal qilishi necha yillar oʻz vaqti-soatini kutib yotdi. Bugun davlat idoralarida toʻla maʼnoda davlat tiliga amal qilishga oʻtilganining ortida qanday mashaqqatli mehnat, kurash, kerak boʻlsa, qatʼiyat ham turganini goho teran anglamaymiz.

Jamiyatda rang-barang fikrlarga toqat qilish oddiy holga aylanayotgani meni quvontiradi. Yaqin-yaqinlargacha plyuralizmga yot nazar bilan qarab keldik. Jamiyatda yagona qarash, yagona fikrni ustuvor qilishga intildik. Bugun plyuralizm, asta-sekinlik bilan boʻlsada, jamiyatimizda ildiz ota boshladi. Plyuralizm ' jamiyatning fikrlar koʻrgazmasiga oʻxshaydi. Koʻrgazmada siz ehtiyojingizni qondiradigan eng ishonchli, eng sifatli, eng qulay narsani tanlab olasiz.

Plyuralizm rang-baranglikni anglatadi. Bir qarashda undagi turfalik yaxlit qarashlarni parokanda qilayotgandek tuyuladi. Ammo aksioma shundaki, jamiyat fuqarolari oʻzlarining fikrlarini ham eshitayotgani, qabul qilayotganini anglasa, unda shu jamiyat atrofida birlashish, yaxlitlashish boshlanadi. Zotan, qarorda urgʻu berilganidek, bir boʻlsak ' yagona xalqmiz, birlashsak ' Vatanmiz!

4

Keyingi yillarda amalga oshirilgan eng katta islohotlardan biri uzluksiz taʼlim tizimidagi keskin oʻzgarishlardir. Boshlangʻich va oʻrta taʼlimda yangicha yondashuvlar yuzaga keldi. Oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalarining oshirilishi, xorijiy OTM hamda xususiy sektor ishtirokida yangi institut va universitetlarning ochilishi minglab yoshlarga talabalikning oltin ostonasiga qadam qoʻyishiga imkon yaratdi. Bundan yetti yil oldin oliy taʼlimga kirish holatini korrupsiyasiz tasavvur eta olmasdik. Ochiqlik, shaffoflik, tanlov imkoniyatining kengligi bugun bu tizimda islohotlar oʻz samarasini berganini koʻrsatadi.

Har qanday millatning ertasini uning taʼlim tizimi belgilab beradi. Hozirgi kunda taʼlimga boʻlgan eʼtibor ' kelajakka eʼtiborning eng yorqin namoyishidir.

'Taʼlim-tarbiya ' biz uchun yo hayot, yo mamot', degan Avloniy hazratlari. Jadid bobolarimiz taʼlim va maʼrifatni birdan-bir xaloskor kuch deb bilishgan. Maʼrifatparvar ajdodlarimiz millatimizning isteʼmolchidan ishlab chiqaruvchi, fikr oluvchidan fikr beruvchi millatga aylanishini istashardi.

Bugun esa oʻqituvchining jamiyatdagi oʻrni yana oʻz oʻrniga qaytmoqda. Muhimi, jamiyatning ertasiga maktabda poydevor qoʻyilishi davlat siyosati darajasiga koʻtarilmoqda.

Oʻtgan asr boshida jadid bobolarimiz aynan millatni oʻzligiga qaytarishga, oʻzini anglashga bor kuch-quvvatlarini sarfladi. Chunki anglash maʼrifat bilan, millat qaygʻusi bilan bogʻliq tushuncha. Maʼrifatli boʻlmay, oʻzining oʻrnini, maqomini anglamay turib, oʻzini oʻzi ilm bilan, maʼrifat bilan isloh qilmay turib, yuksalib boʻlmaydi. Oʻzlikni anglash ' bu kimligingni, ota-bobolaring kim boʻlganini, qaysi tamaddundan suv ichishni, qaysi maqom va oʻringa mos yashashni anglash, degani.

Jadid bobolarimiz har bir narsadan yangilik qidirgan. 'Yangi' soʻzini xush koʻrishgan. Jamiyatni, tuzimni isloh etishni va bu islohot ilm-fanga suyanib amalga oshirilishini orzu qilganlar. Biroq mavjud tuzum ularga bunday imkoniyatni bermadi. Ularning qalbi va xayolidagi orzu chechaklari ochilmay soʻldi. Maʼrifat ila hurlikni orzu etgan millat ziyolilari yoppasiga qatliom qilindi.

Mamlakat rahbari yangi Oʻzbekistonni barpo etishning tub asoslari haqida gapirganda ana shularni nazarda tutib: 'Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. html5-dom-document-internal-entity1-hellip-endUshbu maqsad yoʻlida yoshlarimiz oʻz oldiga katta marralarni qoʻyib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama koʻmak berish ' barchamiz uchun eng ustuvor vazifa boʻlishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini roʻyobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi', degan fikrlarni bayon etadi.

Bugungi vaziyat, mamlakatimizning bugungi holati yangi Oʻzbekistonni barpo etish uchun barcha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatlar yetarli ekanidan dalolat beradi.

Mamlakatda boʻladigan har qanday oʻzgarishlar, avvalo, milliy manfaatlarga mos boʻlishi zarur.

Xoʻsh, bugungi milliy manfaatlarimizga nima uygʻun keladi? Biz, birinchi navbatda, ana shular haqida oʻylab koʻrishimiz zarur boʻladi.

Eng muhimi, bu islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan jamiyat aʼzolarining bor bilim va salohiyati, quvvat va imkoniyatlarini, butun shijoatini ishga solish zarurligi asosiy masaladir. Boshqacha aytganda, Alisher Navoiy yoxud jadid bobolarimiz davrida mamlakat ravnaqi uchun ilmu tafakkur qanchalik zarur boʻlsa, bugungi global jamiyatda unga ehtiyoj yanada baland. Bugun har qanday xalqning yashab qolishi, taraqqiy etishi, oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishishi uchun, albatta, bilim zarur. Davlatimiz rahbari Sharq donishmandlari hikmatini taʼkidlab aytganidek, eng katta boylik ' bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros ' bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik ' bu bilimsizlikdir! Bu bugunninggina shiori emas. Ajdodlar tajribasidan kelib chiqqan, hozirgi kun tartibiga qoʻyilgan, kelajak dasturi hamdir.

5

Bundan yetti yil avval Oʻzbekistonda yangi bir tong otdi. Bu tong mamlakatimiz, turkiy davlatlar, umuman, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham yangi bir davrni boshlab berdi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston dunyoning koʻplab mamlakatlari bilan juda yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi. Ayniqsa, qoʻshni va qardosh mamlakatlar bilan aloqalar bir pogʻonaga koʻtarildi, ilgari hech koʻrilmagan mazmun va mohiyat bilan boyidi. Bu esa, hech shubhasiz, Oʻzbekistonda boʻlayotgan oshkora, xalqchil siyosatning, inqilobiy islohotlarning samarasidir.

Turkiy davlatlar tashkiloti Davlatlar rahbarlari kengashi yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot ' 'Turkiy dunyoning oliy ordeni' tantanali topshirildi.

Bu mamlakatimiz rahbari olib borayotgan siyosatning, Oʻzbekistonda boʻlayotgan yuksak oʻzgarishlarning xalqaro miqyosdagi eʼtirofi, qardosh mamlakatlarda yashayotgan xalqlarning, ijodkor ziyolilarning, davlat rahbarlarining yakdillik bilan kelgan xulosasi edi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning 'Bir paytlar Markaziy Osiyoda tarqoqlik keng ildiz otgan edi. Bugungi kunda esa mintaqada yangicha muhit yaratildi. Bu, albatta, doʻstlik, hurmat va masalalarni hamjihatlikda koʻrib chiqish, mavjud qiyinchiliklarni birgalikda yengib oʻtishga asoslangan muhit boʻldi', degan fikrlari ham chin yurakdan aytilgan yuksak maqomdagi samimiy eʼtirofdir.

6

Bugungi Oʻzbekistonning avvalgisidan farqi nimada, degan savol berilishi tabiiy. Mustaqillikka erishishimiz, shubhasiz, ulkan gʻalaba, bu ozodlik xalqimizning azaliy orzusi edi. Biz chorak asr davomida ana shu erishgan muvaffaqiyatimiz haqida gapirdik. Ozodlikning tarixiy zarurat ekani, oʻtmishda bobolarimiz bu istiqlolni orzu qilgani haqida soʻzladik. Mustaqil boʻlib yashayotganimizga asoslar deyarli oʻtmish bilan bogʻlangandi, bugunimiz uchun hammani qoniqtiradigan va millatni yaxlitlashtiradigan amallarimiz barmoq bilan sanarli edi. Soʻnggi yetti yilda biz koʻproq kelajak haqida, yangi tong, yangi maqsadlar toʻgʻrisida gapiryapmiz. Maqsadlar, niyatlar, saʼy-harakatlar kelajakka yoʻnaltirilgan, safarbar etilgan.

Oldimizga juda ulkan maqsadlarni qoʻyib, katta yoʻlga chiqdik. Bu oʻzgarishlarda har birimiz oʻz oʻrnimiz, oldimizda turgan burch va masʼuliyat haqida oʻylab koʻrishimiz lozim. Bunda, avvalo, har birimizning ezgu oʻyimiz, soʻzimiz va amalimiz boʻlishi kerak. Bu hayotda har birimizning oʻz oʻrnimiz, oʻz sevgan kasbimiz bor.

Bir paytlar akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulom shunday yozgandi:

Aziz asrimizning aziz onlari,

Aziz odamlardan soʻraydi qadrin.

Fursat gʻanimatdir, shoh satrlar-la,

Bezamoq chogʻidir umr daftarin.

Xuddi bugungi kun uchun, biz uchun aytilganday goʻyo.

Bugun bizdan talab qilinayotgani oʻz ishimiz, oʻz kasbimizning egasi, kerak boʻlsa, eng ustasi boʻlish. Oʻz oldiga maqsad qoʻygan inson qaysi kasb egasi boʻlmasin, muallimmi, tadbirkormi, shifokormi, tikuvchimi ' har birimiz oʻz kasbimizning eng zoʻri boʻlishga, umrimiz daftarini shoh satrlar bilan bezashga intilishimiz shart. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek 'Bugun biz yagona xalq, yagona millat boʻlib, koʻzlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil bormoqdamiz. Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat joʻsh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz boʻlmish Yangi Oʻzbekistonni albatta bunyod etamiz. Jonajon Vatanimiz har tomonlama obod va farovon, erkin demokratik mamlakatga aylanadi'.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

25 Sep 13:14
 
12
0
xs.uz

Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etiladi

'Kambagʻallikdan farovonlik sari' dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida'gi Prezident Qarori bilan rahbarlar va ularning oʻrinbosarlariga ogʻir ahvoldagi kambagʻal oilalar biriktirilishi belgilandi.Xabar qilinishicha, qaror bilan Jamoat ishlari jamgʻarmasi, Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi negizida Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi ta

25 Sep 13:14
 
13
0
xs.uz

Prezident shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolariga tabrik yoʻlladi

Qadrli farzandlarim!Avvalo, siz, azizlarni Vengriyaning Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida munosib ishtirok etib, qariyb 200 ta davlat vakillari orasida faxrli uchinchi oʻrinni egallab, oʻzbek shaxmati tarixida yana bir yorqin sahifa ochganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.Gʻoyat keskin va murosasiz musobaqalarda sizlar yuksak aql-zakovat, mustahkam iroda va matonat fazilatlarini namoyon etib, Xitoy, Serbiya, Armaniston, Germaniya, Ozarba

08 Sep 16:44
 
17
0
xs.uz

“Oʻzgidromet” kelgusi hafta avvalida kuzatiladigan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatlarida havo biroz bulutli, baʼzi joylarda oʻzgaruvchan boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi, 9-10-sentyabrda baʼzi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat kechasi 10-15 daraja, kunduzi 9-sentyabrda 22-27 daraja; 10-11-sentyabrda 25-30 daraja boʻladi.Buxoro, Navoiy viloyatlarida havo biroz bulutli, baʼzi joylarda oʻzgaruvchan boʻladi, yogʻi

08 Sep 16:44
 
17
0
xs.uz

Uch yildan beri qidiruvda boʻlgan oʻzbekistonlik Istanbulda qoʻlga olindi

Firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib, 2021-yildan buyon qidiruvda boʻlgan Sh.R. Istanbul shahrida qoʻlga olindi. Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.1981-yilda tugʻilgan Sh.R. Turkiya va Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida qoʻlga olingan. U bugun, 7-sentyabr kuni Bosh konsulxona xodimlari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasiga deportatsiya qilindi.'Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan