AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati kecha, 14 may kuni AQSH Kongressiga Isroilga qiymati 1 milliard dollardan ortiq yangi qurol paketini yetkazib berish niyati haqida ma’lum qildi. Bu haqda ma’muriyatning ismi oshkor etilmagan xodimiga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, paketga zirhli texnikalar uchun 700 million dollar, boshqa harbiy texnika uchun yana 500 million dollar va minomyotlar uchun 60 million dollar mablag‘ kirishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, ma’muriyat allaqachon bunday yetkazib berishni tasdiqlash jarayonini boshlagan.
O‘z navbatida, CNN telekanali AQSH Kongressidagi anonim manbalarga tayanib, Oq uy Isroilga qurol yetkazib berish bo‘yicha yangi kelishuvni tasdiqlash bo‘yicha uzoq jarayonni endigina boshlayotganini xabar qildi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Davlat departamenti Vakillar palatasi va Senatning tegishli qo‘mitalari bilan muzokaralarni boshlagan, ammo Kongress bo‘lajak kelishuv haqida rasman xabardor qilinishi kerak bo‘lgan aniq muddat yo‘q. chunki Kongress rasman xabardor qilinganidan keyingina yangi paketni ma’qullashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha kun avval, 9 may kuni Jo Bayden G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida harbiy operatsiya boshlasa, Isroilga ayrim turdagi qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilgani xabar qilingandi. Ayni paytda Prezident Vashington Isroil xavfsizligini ta’minlashdan voz kechmasligini ochiq aytdi.