AQSH va uning ittifoqchilari provokatsiyalar va dezinformatsiyalar yordamida Shimoliy Kavkazda separatistik jarayonlarni boshlashga urinyapti. Bu haqda TASS ma’lum qildi.
Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari hududda vaziyatni beqarorlashtirish uchun axborot xuruji va psixologik ta’sir texnologiyalaridan foydalanmoqda.
“AQSH va uning ittifoqchilari bizni zaiflashtirish, vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida ichki ishlarimizga aralashmoqda. Shimoliy Kavkazda norozilik va ayirmachilik jarayonlarini rag‘batlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytiryapti. Ayniqsa G‘arb nazoratidagi jamoat tashkilotlari ancha faollashib qolgan", deydi Patrushev Shimoliy Kavkaz federal okrugi mintaqalarida xavfsizlik masalalari bo‘yicha yig‘ilishda.
Shuningdek, "buzg‘unchi muxolifat faollari" xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari va jamoat fondlari ko‘magida fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotish uchun norozilik namoyishlarini kuchaytirmoqda.