calendar 10 Jan 15:21
eye 60
comments 0
comments Manba: xs

Jamiyatning tayanch nuqtasi — taʼlim

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda poytaxtimizda oʻtkazilgan “Taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir!” mavzusidagi zamonaviy darsliklar koʻrgazmasi bilan tanishdi. Bir guruh soha fidoyilari, maktab oʻqituvchilari bilan muloqot qildi. Tizimning kelgusi taraqqiyotiga daxldor maqsad va vazifalarni yana bir bor taʼkidladi. Bu bejiz emas. Sohada amalga oshiriladigan yangilanishlar kirib kelayotgan 2023-yil — Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili maqsad-intilishlariga hamohangdir.

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasining muhim yoʻnalishlaridan biri ham taʼlim siyosati boʻldi. Unda maktabgacha taʼlim, oʻrta va oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirishning ustuvor masalalari belgilab berildi. Zero, taʼlimga yoʻnaltirilgan sarmoya — kelajakka yoʻnaltirilgan sarmoya, demakdir. Xususan, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur kabi davlatlar tajribasi ham taʼlim va tarbiyaga sarflangan moliya oʻzini oqlaganini butun dunyoga namoyon qildi.

Oʻzbekistonda ham taʼlim sohasiga ajratilayotgan mablagʻlar yil sayin ortib bormoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar bois Oʻzbekistonning xalqaro taʼlim reytinglaridagi pozitsiyasi kundan-kunga yaxshilanmoqda, buni xalqaro ekspertlar ham ijobiy baholayapti.

Binobarin, yurtimizning ertangi rivoji yoʻlida qanday chuqur oʻylangan dasturlar tuzilmasin, bu rejalarni bajarishga moddiy baza va imkoniyatlar yaratilmasin, buning uchun qancha koʻp sarmoya safarbar etilmasin, ularning barchasini amalga oshiradigan, roʻyobga chiqaradigan kuch bu yuqori malakali mutaxassislardir. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, yuksak iqtisodiy taraqqiyotga erishish va aholi farovonligini taʼminlash kabi pirovard maqsadlarga taʼlim sohasini tubdan oʻzgartirmasdan va zamonaviy asosda qayta qurmasdan turib erishib boʻlmaydi.

Mamlakat uchun davlatdagi taʼlim tizimining qay holatda ekanligi va qanday kadrlar kelajakda tayyorlanishi muhim ahamiyatga ega. Hozirda mamlakatimiz taʼlim sohasiga qaratilayotgan xarajatlarning koʻp qismi davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Innovatsion iqtisodiyotning taraqqiy etishi, aholi daromadlari oshishi va taʼlim tizimining inson hayotidagi oʻrni ortib borishi tufayli mamlakatimizda ham davr talablariga javob bera oladigan davlat taʼlim muassasalari bilan bir qatorda nodavlat taʼlim muassasalari ham tashkil etilmoqda. Bu, oʻz navbatida, bevosita raqobatning kuchayishiga olib kelmoqda.

Maʼlumki, sovet mafkurasining bir nechta katta kamchiliklari boʻlib, ulardan biri xususiy mulkning inkor etilishi edi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan soʻng bu kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf qilina boshladi, mulk xilma-xilligi rivojlantirildi, xususiy mulkka keng imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, bugungi kunda xususiy mulk egalari, mulkdorlar sinfi shakllandi, nodavlat sektorda hozirgi kunda mehnatga yaroqli aholining 80 foizdan ortigʻi band.

Hozirgi kunda taʼlim sohasining dolzarb masalalaridan biri — bu mamlakatimizda nodavlat, xususiy taʼlim tizimini rivojlantirishdir. Mutaraqqiy mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, faqat byudjet taʼminoti asosida taʼlim tizimini rivojlantirish yetarli samara bermaydi, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb etishni kuchaytirish zarur. Bu borada davlat va xususiy sherikchilik tizimi oʻzini oqlab kelmoqda. Prezidentimiz nodavlat taʼlim tizimi ravnaqiga katta eʼtibor qaratmoqda. Ayniqsa, xususiy bogʻchalar, xususiy maktablar rivojlanishi uchun turli imtiyozlar, preferensiyalar berilmoqda. Bunday qulay sharoitlar yaratilishi natijasida ilm-fanning taʼbir joiz boʻlsa, “buloqboshi” hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimi kundan-kunga taraqqiy etmoqda. Keyingi olti yilda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetishi natijasida bugungi kunda 2 millionga yaqin bola bogʻchaga bormoqda.

Murojaatnomada kelgusi besh yilda qamrovni 80 foizga yetkazish uchun 600 ming yangi bogʻcha oʻrni kerakligi, shu bois, bogʻchalar sonini koʻpaytirish, ulardagi taʼlim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash boʻyicha besh yillik dastur qabul qilinishi taʼkidlandi. Bogʻcha qamrovini kengaytirish boʻyicha xususiy sektorga qoʻshimcha sharoitlar yaratiladi.

Yangi maktablar qurish, mavjudlarini kengaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib boriladi. Jumladan, xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning soni mingtaga yetkaziladi.

Xoʻsh, mamlakatimizda xususiy taʼlimning rivojlantirilishi, davlat va nodavlat taʼlim muassasalariga bir xil imkoniyatlarning yaratib berilishi qanday ijobiy samaralarga olib keladi?

Birinchidan, taʼlim dargohlari oʻrtasida raqobat muhiti paydo boʻladi, raqobat esa sohaning rivojlanishiga, sifatning oshishiga olib keladi. Ikkinchidan, byudjet yuki kamayadi, davlat taʼlim muassasalariga koʻproq mablagʻ ajratila boshlaydi, natijada barcha maktablarda umumiy sharoit yaxshilana boradi, oʻqituvchilarning oyligini oshirish, sinfda bolalar sonini kamaytirish va boshka kerakli imkoniyatlar koʻpayadi. Uchinchidan, jamiyatimizda chuqur ildiz otib ketgan korrupsiya balosini kamaytirishga erishiladi. Toʻrtinchidan, bilimli, mahoratli pedagoglar safi kengayadi, negaki, jamiyatda ularga ehtiyoj kuchayadi, malakali oʻqituvchilar talash boʻlib ketadi, reytingiga qarab oyligi ham oshib boraveradi, natijada jamiyatimizda muallim ahli yana oʻzining yuksak maqomiga ega boʻladi. Jamiyatimizda professional oʻqituvchilar koʻpaysa, bilimli insonlar ham koʻpayadi, bundan jamiyat rivojlanadi, hayot yanada farovon boʻladi.

Shu bilan birga, yillar davomida taʼlim sohasidagi olib borilgan ishlarda koʻproq shaklga eʼtibor berildi: litsey, kollejlar uchun chiroyli binolar qurildi, ammo taʼlim sifati, mazmuni eʼtibordan tashqarida qoldi. Taʼlim muassasalari oʻrtasida raqobat muhiti yaratilmadi, qogʻozbozlik, hisobotbozlik avjiga chiqdi, oʻqituvchilarning moddiy taʼminoti va ijtimoiy maqomi tushib ketdi.

Shuni alohida qayd etish joizki, 2016-yil sentyabrdan Oʻzbekiston tarixida yangi davr boshlandi. Jamiyatimizning barcha sohasida jadal oʻzgarishlar amalga oshirilyapti, erkinlik, ochiqlik, fikrlar xilma-xilligi, qonun ustuvorligi izchil rivojlanmoqda, jamiyatni boshqaruv falsafasi tubdan oʻzgarmoqda, kishilarda ishonch ruhi paydo boʻla boshladi.

Keyingi yillardagi eʼtirofga arzigulik oʻzgarishlardan yana biri taʼlim sohasi xodimlarining jamiyatdagi mavqei yuksalgani bilan bogʻliq. Ayni paytda pedagoglar maoshi ham bir necha marta oshdi va yana oshadi.

Oliy taʼlim tizimida ham keskin burilish yuz berdi. Juda koʻp yangi oliy oʻquv yurtlari, jumladan, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda yangi universitetlar, nufuzli oliygohlarning filiallari ochilmoqda. Oliy maʼlumot olaman, degan yoshlar uchun kvotalar muntazam koʻpaytirilyapti. Pirovardida yurtimizdagi oliygohlar soni 2,5 barobar koʻpayib, 198 taga yetdi, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi. Bu raqamlar yanada koʻpaytiriladi. Biroq taʼlim sifati ham yoddan chiqmasligi kerak. Tan olish kerak, bu borada ham chora-tadbirlar koʻrildi va kelajakda ham sifat uchun kurashiladi. Bu yoʻlda 41 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi, ularda transformatsiya ofislari ochildi. Rektorlar, professor va oʻqituvchilardan bu jarayonlarda faollik, yangi, ilgʻor metodikalarni joriy qilish talab etiladi.

Oliy taʼlim tizimida ijtimoiy muhofazaga keng oʻrin berilayotgani eʼtiborga molik. Talabalar ham, pedagoglar ham bundan mustasno emas. Masalan, 2023-yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli taʼlim kreditlariga resurslar 2 barobar koʻpaytirilib, 1,7 trillion soʻm ajratiladigan boʻldi. Bu yil ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Bu 2017-yilga nisbatan qariyb 6 barobar koʻp, degani.

Olimlarning ish haqi ham 4,5 barobar oshirildi. Bularning barchasi hisobidan nano va biotexnologiyalar, raqamli geologiya kabi 18 ta yangi ilmiy yoʻnalish tashkil etildi. Kelgusi yili ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion soʻm ajratiladi.

Taʼlim tizimida sifat ham yoddan chiqayotgani yoʻq, deb oʻylayman. 2023-yildan boshlangʻich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Bu hali hammasi emas. Bolalarimizni maktabdan ona tili va chet tillarini puxta oʻzlashtirib, kompyuterda ishlashni oʻrgatish, kasb-hunar, sanʼat va madaniyatga qiziqtirish, oʻquvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish ham oldinda turgan, kechiktirib boʻlmaydigan vazifalardan. Bu borada Prezident maktablarida 130 ta mamlakatda maʼqullangan “A-level” taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilgani oʻz samarasini bermoqda. Bu jarayonda har bir oʻquvchi oʻzining qobiliyatiga qarab, aniq yoʻnalishlar boʻyicha chuqur oʻqitiladi, dunyoning nufuzli oliygohlariga kirish imkoniyatlari kengayadi. Shu bois, 2023-yildan maktab taʼlimini xalqaro taʼlim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanadi. Bu ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilgʻor taʼlim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil qilinadi.

Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning kengaytirilishi, ayniqsa, kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida muhandislik maktablari tashkil qilinishi belgilandi. Bu tizim mamlakatimizda hozirgacha boʻlmagan. Qisqasi, yangi zamon muhandislari tayyorlash tizimi yaratiladi.

Davlatning gʻamxoʻrligini qarangki, 2022-yil boshidan Qoraqalpogʻiston va Xorazmda 285 ming nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyilgandi. Endi navbatdagi oʻquv yilidan boshlab ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion soʻm ajratiladi. Bu jarayonlarni shaffof tizim asosida tashkil etish, oʻquvchilarni sogʻlom va sifatli ovqat bilan taʼminlash qatʼiy nazoratga olinadi.

Jamiyatda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash ham 2023-yildagi eng asosiy vazifalardan biri boʻlishi Prezidentimiz Murojaatnomasida oʻz aksini topdi.

Tan olish kerakki, maktab ostonasiga ilk qadam qoʻyganimizda qoʻlimizga qalam tutqazib, alifboni oʻrgatgan birinchi ustozimiz siymosini, uning mehnatini doimo minnatdorlik bilan eslaymiz va qalbimizda ularga nisbatan hurmat-ehtirom hissini tuyamiz. Insonning dunyoga kelishi va yaxshi hayot kechirishi uchun moddiy jihatdan ota-onaning hissasi katta boʻladi. Lekin insonning maʼnaviy tomondan barkamol boʻlishi, bir soʻz bilan aytganda, ikki dunyoda saodatli boʻlishi uchun ham ustozlarning xizmati beqiyos. Ustozlar maʼnaviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yoʻlchi yulduzlardir. Ular tufayli insonlar toʻgʻri yoʻlni topadi va jaholat zulmatlaridan omonlik qirgʻogʻiga yetishadi.

XXI asr — yuksak intellektual salohiyatli, zamonaviy bilim va malakaga ega, yangicha dunyoqarash va mustaqil fikrli mutaxassislar asri. Bunday avlodni tarbiyalashda albatta, ustoz-muallimlarning xizmatini hech narsaga qiyoslab boʻlmaydi. Xalqimiz hamisha ustozlarni eʼzozlab kelgan, “Ustoz otangdan ulugʻ” degan hikmatli naql ham bejiz aytilmagan. Endi ana shu soʻzlarni qogʻozda emas, amalda qaror toptiradigan, oʻqituvchi-muallimning qadr-qimmatini joyiga qoʻyadigan payt keldi. Shuning uchun ham Prezidentimiz oʻqituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarur, deb taʼkidladi.

Jamiyatni inson oʻzgartiradi, taʼlim esa insonni oʻzgartiradi. Taʼlimning markazida esa, avvalambor, oʻqituvchi turadi. Ustoz va muallimlar haqida shu choqqacha koʻp va xoʻp gapirib kelinayotgan boʻlsa-da, uning hurmatini joyiga qoʻyish borasida shu kunga qadar amaliy tashabbuslar bugungidek keng miqyos kasb etmagan edi. Endilikda Konstitutsiyada oʻqituvchining jamiyatda tutgan oʻrnini yuksak darajada eʼtirof etib, muhrlab qoʻyish taklif etilmoqda.

Biz bugun yangi Renessans haqida gapira boshladik. Har qanday jamiyat uygʻonishi, taraqqiyoti asosida qanday omillar yotadi?! Oddiy insonga ham maʼlumki, jamiyat taraqqiyoti asosini ilm-fan, taʼlim-tarbiya, sanʼat, adabiyot, yangi texnologiya, innovatsiyalar tashkil etadi. Shunday ekan, ilm-fanni kim oʻrgatadi? Albatta, oʻqituvchi, ustoz!

Yangi Oʻzbekistonda pedagoglarga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ayniqsa, maktab, kollej va institut oʻqituvchilari alohida diqqat markazida. Menimcha, eng oliy maqsadlarni koʻzlagan yurtimiz, farzandi baxtu kamolini koʻzlagan har bir oila manfaati nuqtayi nazaridan Bosh qomusimizga kiritilayotgan oʻzgartishlar juda ham oʻz vaqtidagi toʻgʻri qarordir. Oʻqituvchi mehnati qadr topgan yurtning buguni va kelajagi ham buyuk boʻladi. Prezidentimiz masalaning ana shu nozik tomonini koʻra oldi. Maqsad taʼlim tizimini oyoqqa qoʻyish ekan, oʻqituvchi-murabbiylar qadrini koʻtarmasdan qolgan islohotlarning amalga oshishi qiyin. Buni bitta vazirlik yoki agentlik ham qilolmaydi. Bunga butun xalq, jamiyat masʼul. Chunki, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, najotimiz maktabda, najotimiz taʼlimda, najotimiz bilimda.

Oldimizda uchinchi Renessans poydevorini barpo etish maqsadi turgan ekan, buning uchun bizga zamonaviy ilm va unga hamohang ravishda tarbiya kerak. Bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-oʻqituvchilar, haqiqiy ziyolilar qatlamisiz bu niyatlarga erisholmaymiz. Zero, taʼlim va tarbiya, ularning uygʻunligi masalasi har qanday jamiyat rivojining ustuvor yoʻnalishi sanaladi. Yurt farovonligi shubhasiz, taʼlimning qanchalik rivojlanganligiga bogʻliq.

Xulosa oʻrnida aytganda, jamiyatimizni tubdan oʻzgartish nuqtasi aniq. Bu — ilm-fan, taʼlim rivojidir. Shunday ekan, barchamiz davlatimiz rahbari atrofida birlashsak, bu ishga baholi qudrat hissa qoʻshsak, koʻzlagan maqsadlarimizga, albatta, yetamiz.

Oʻktam SALOMOV,

Fargʻona politexnika instituti rektori,

texnika fanlari doktori.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

30 May 17:22
 
47
0
qalampir.uz

Rossiyada bolalar bilan intim mavzularda suhbatlashganlikda ayblangan o‘zbekistonlik qamaldi

Rossiyada bolalarga jinsiy aloqa tasvirlangan rasm va videolar yuborganlikda ayblangan o‘zbekistonlik erkak qamaldi. Bu haqda Udmurtiya sudlari matbuot xizmati xabar berdi. Sudda aniqlanishicha, muqaddam sudlanmagan 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida o‘smirlar bilan yozishmalarga kirishib, ularga jinsiy a’zolar, jinsiy aloqalar aks etgan surat va videolarni yuborib, ular bilan intim mavzularda suhbatlashgan. Ma’lum qilinishicha, kecha, 29

11 Jul 17:44
 
43
0
qalampir.uz

Uchtepa tumani hokimi lavozimidan ozod etildi

Toshkent shahar Uchtepa tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Farhod Ravshanovich Abdullayev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Farhod Abdullayev “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ raisi etib tayinlandi.  Qayd etish joizki, Prezident qarori bilan “Olmaliq KMK” AJ tarkibidagi “Nodir metallar va qattiq qotishmalar” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi negizida shu kombinat tashkil etilgan edi. Uchtepa

01 Jul 16:11
 
37
0
qalampir.uz

BMT Bosh kotibi Yuqori Chirchiq tumaniga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish  bugun, 1 iyul kuni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi quvvati 200 megavatt bo‘lgan “ACWA POWER RIVERSIDE SOLAR” quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi. Qayd etilishicha, Bosh kotibga 2030 yilgacha O‘zbekistonda yashil energetikani rivojlantirish strate

19 Jul 16:52
 
41
0
qalampir.uz

“Baxti Tashkentskiy” ishi. Sud hukmi o‘qildi

Bugun, 19 iyul kuni, "Baxti Tashkentskiy" nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va boshqalarga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi. Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining raisi Tolibjon Obidov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra: B. Qudratullayev (19