“Manchester Yunayted”, “Torino” va “Paxtakor”. Futbol tarixidagi eng dahshatli aviahalokatlar haqida

Braziliyaning to‘rtinchi divizionida harakat qiladigan “Palmas” klubi futbolchilaridan iborat samolyot 24-yanvar, yakshanba tongida aviahalokatga uchradi. Samolyot bortida bo‘lgan klub prezidenti hamda to‘rt futbolchi halok bo‘ldi. Shu munosabat bilan “Sport-Ekspress” nashri futbol olamiga ta’sir ko‘rsatgan eng dahshatli aviahalokatlarni yodga oldi. “Daryo” quyida ushbu maqolani o‘zbek tilida taqdim etadi.
“Torino”, Italiya
Sana: 1949-yil 4-may
Qurbonlar soni: 31 kishi
Hozir Italiyada “Yuventus” hukmronlik qilmoqda, o‘tgan asrning 40-yillarida esa A Seriyada “Torino”ga teng keladigani yo‘q edi. Yetti yil ichida klub besh marta skudettoni qo‘lga kiritgandi va Italiya futboli tarixida oltin dubl qayd etgan birinchiga jamoaga aylangandi. “Torino”ning buyuk tarixi jamoa a’zolari, rahbarlar va bir nechta jurnalistlar bo‘lgan samolyot Lissabondan “Benfika”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan qaytayotganda o‘z poyoniga yetadi.
Barselonada yonilg‘i quygan layner Turin tomon yo‘l oladi, ammo belgilangan manzildan 12 kilometr uzoqlikda kuchli tumanga duch kelinadi. Uchuvchi instinktlariga suyangan holda qo‘nishni amalga oshirmoqchi bo‘ladi va samolyot qanoti bilan mahalliy tepaliklarning birida qurilgan panjaralarga tegib ketadi. Shundan so‘ng samolyot yerga qulaydi, bortdagilardan esa hech kim omon qolmaydi. O‘sha jamoadan jarohati tufayli uyda qolgan Lauro Tomagina baxtli tasodif tufayli o‘limdan qutulib qolgan.
“Manchester Yunayted”, Angliya
Sana: 1958-yil 6-fevral
Qurbonlar soni: 23 kishi
Foto: Rolf Stang
Buyuk Mett Basbi jamoasi “Manchester Yunayted” tarixidagi eng iqtidorlilaridan biri bo‘lgan, uning fojiasi esa “qizil iblislar” Chempionlar Kubogi yarim finaliga yo‘l olgan paytga to‘g‘ri kelgan. Angliyaliklar Belgraddan “Srvena Zvezda”ga qarshi o‘yindan qaytayotgan edi va Myunxenda yonilg‘i quyishga to‘xtaladi. Shundan so‘ng samolyot chap dvigatelidagi nosozliklar tufayli ikki marta havoga ko‘tarila olmaydi, ammo ekipaj komandiri uchinchi bor urinishga qaror qiladi.
Buning ustiga o‘sha kuni kuchli qor yog‘ayotgandi. Yog‘ingarchiliklar to‘planib qolganligi sababli samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagi oxirida tezlikni yo‘qotadi. Aeroport to‘sig‘ini yorib o‘tgan samolyot turar-joy binosiga borib uriladi. O‘sha paytda bortda 44 kishi bo‘lib, ulardan yigirma nafari vafot etadi. Ular orasida uch murabbiy va “Manchester Yunayted”ning sakkiz futbolchisi ham bor edi. Oradan o‘n yil o‘tib, Basbi Myunxenda omon qolgan Bobbi Charlton va Bill Foulks bilan birgalikda Yevropa Kubogida zafar quchadi.
“Strongest”, Boliviya
Sana: 1969-yil 26-sentabr
Qurbonlar soni: 74 kishi
“Strongest”ning 19 nafar futbolchisi bo‘lgan yo‘lovchi samolyoti Santa-Krusdan La-Pasga parvoz qilayotgandi. Layner And tog‘lari ustidan uchib o‘tayotganda bort bilan aloqa uzilib qoladi, bir soat o‘tgach esa samolyot radarlar kuzatuvidan ham g‘oyib bo‘ladi. Samolyot qoldiqlari ertasi kuni kechqurun topiladi, ammo fojianing aniq sababini bilishning imkoni bo‘lmaydi. Taxminlarga ko‘ra bortda yong‘in sodir bo‘lgan va tutun ekipajni favqulodda qo‘nishga majbur qilgan. Bularning barchasi kuchli qorbo‘ron bilan birga samolyotni Choketang tog‘iga qulashga olib kelgan.
“Paxtakor”, O‘zbekiston (SSSR)
Sana: 1979-yil 11-avgust
Qurbonlar soni: 178 kishi
Foto: “Paxtakor” FK
Dneprodzerjinskda aviatsiya tarixidagi eng katta fojialardan biri yuz bergan. Bu “Paxtakor” futbolchilari mahalliy “Dinamo” bilan o‘yin uchun Toshkentdan Minskga uchib kelayotgan odatiy reyslardan biri edi. Dispetcherning xatosi tufayli ichida “paxtakorchilar” bo‘lgan layner Chelyabinsk–Voronej–Kishinyov yo‘nalishidagi boshqa bir samolyot bilan to‘qnashib ketadi. Halokatda 178 kishi, jumladan, 14 nafar futbolchi va “Paxtakor”ning uch nafar xodimi halok bo‘ladi.
Zambiya terma jamoasi
Sana: 1993-yil 23-aprel
Qurbonlar soni: 30 kishi
Ushbu Afrika jamoasining samolyoti 1994-yilgi Jahon Chempionati saralashi uchun Senegal tomon yo‘l olgan edi. Parvoz yonilg‘i quyish uchun uchta qo‘nishni o‘z ichiga olgandi. Birinchisidan keyin dvigatel bilan bog‘liq muammolar aniqlanadi, ammo uchuvchi parvozni davom ettirishga qaror qiladi. Keyingisida esa layner muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshiradi va yonilg‘i quyadi ham, ammo parvoz paytida muammoli dvigatel yonib ketadi, vahimaga tushgan uchuvchi esa ikkinchi dvigatelni o‘chiradi. Shu tariqa samolyot dengizga qulab tushadi va bortdagilarning barchasi halok bo‘ladi.
“Shapekoense”, Braziliya
Sana: 2016-yil 28-noyabr
Qurbonlar soni: 71 kishi
Foto: Google Images
Avvalroq “Shapekoense” Braziliya A Seriyasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi, ammo to‘rt yil oldin ushbu jamoa qit’a maydonlarini yondirib tashlayotgandi va Janubiy Amerika Kubogi finaliga qadar yetib borgandi. Ammo Kolumbiyaning “Atletiko Nasyonal” klubiga qarshi birinchi o‘yinga uchish halokatli bo‘lib chiqdi va barchasiga yakun yasadi. Parvoz xarajatlaridan tejash, bortdagi uskunalar bilan bog‘liq muammolar va yonilg‘i yetishmasligi laynerning tog‘ga urilishi bilan yakun topdi.
Qutqaruvchilar yetti kishini tirik holda topishga muvaffaq bo‘ldi, ular orasida to‘rt nafar futbolchi ham bor edi. Keyinchalik ular orasidagi jamoa darvozaboni Danilu kasalxonada vafot etadi. Ushbu falokat 71 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bular – jamoa murabbiylar shtabi, klub rahbarlari, futbolchilar, jurnalistlar, muxlislar va ekipaj a’zolari.
Emiliano Sala
Sana: 2019-yil 19-yanvar
Qurbonlar soni: 2
Foto: Daily Post
2019-yilda argentinalik hujumchi Emiliano Sala hayotida muhim voqea yuz bergandi – u Fransiyaning “Nant” jamoasidan o‘sha paytda APLda harakat qilgan “Kardiff”ga o‘tgandi. Angliyaga borish uchun 59 yoshli Devid Ibbotson boshqargan xususiy samolyot ijaraga olinadi. Uchuvchi garchi ob-havo yaxshi bo‘lishini kutgan va parvozni kechiktirgan bo‘lsa-da, vaziyat yomonlashishiga qaramay, uchishga qaror qiladi. Parvoz paytida balandlikni pasaytirish to‘g‘risida bir nechta ko‘rsatmalar kelib tushadi, shundan so‘ng samolyot tezlikni keskin oshirib, aylanishni va balandlikni o‘zgartira boshlaydi. Oxir-oqibat, layner La-Mansh kanali ustiga qulab tushadi. Bir necha kundan so‘ng esa halokat ro‘y bergan hududdan Salaning jasadi va samolyot qoldiqlari topiladi.
Boshqa maqolalar:
Sambo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionatining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
Ochilish tadbirida Xalqaro sambo federatsiyasi, Osiyo-Okeaniya sambo ittifoqi, O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi hamda mamlakat sambo federatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi. Rasmiylar o'z chiqishlarida ushbu chempionat nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida ham katta ahamiyatga ega ekanini ta'kidlashdi. Shuningdek, O'zbekistonda noolimpiya sport turlari, xususan samboning rivojiga katta e'tibor qaratilayotgani qayd etildi.Marosimdan so'ng musobaqaning final blokiga start berildi va bellas
“U har doim 18 yoshda qoladi” — “Bavariya”ning sobiq futbolchisi jarohatidan soʻng vafot etdi
Germaniyaning 'Bavariya' klubining sobiq yosh futbolchisi Go Szyasyuan fevral oyida boshidan olgan jarohati oqibatida 18 yoshida hayotdan koʻz yumdi.'Biz futbolni yaxshi koʻradigan bolamizni yoʻqotdik', deya xabar taqatdi ayni paytdagi uning jamoasi 'Beijing Guoan' futbol klubi.Futbolchi shu yilning 6-fevral kuni Ispaniyada 'RC Alkobendas'ga qarshi mashgʻulot oʻyini vaqtida jarohat olgan edi. Bir epizodda raqib uning boshiga tizzasi bilan urgan, shundan soʻng Szyasyuan hushini yoʻqotgan.
TAJRIBA VA MAHORAT USTUNLIGI
Yaqinda sportning mini futbol turi bo‘yicha “IIV Malaka oshirish instituti boshlig‘i kubogi” uchun musobaqa tashkil etildi. Unda Toshkent davlat texnika universiteti talabalari, Olmaliq shahridagi bir qator ta'lim muassasalari yoshlari hamda mazkur institut tinglovchilaridan iborat jamoalar ishtirok etishdi. Qiziqarli bahslarga boy tarzda o‘tgan bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, tajriba va mahorat bobida raqiblaridan ustun kelgan IIV Malaka oshirish institutining
Xokkeychilarimiz Eron darvozasiga javobsiz 20 ta shayba yo‘llashdi
Bugun O'zbekiston terma jamoasi uchinchi tur uchrashuvini o'tkazdi. Eronga qarshi maydonga chiqqan yigitlarimiz yirik 20:0 hisobida g'alaba qozonishdi.