XX asr o'zbek adabiyoti tarixida Abdulla Qahhor va Said Ahmad o'chmas iz qoldirgan atoqli adiblardir. Abdulla Qahhor o'tgan asrning 30-yillarida mashhur hikoyalar, «Sarob» romani bilan katta shuhratga erishgan edi.
Said Ahmad o'zining «Yo'qotganlarim va topganlarim» nomli kitobidagi Abdulla Qahhorga bag'ishlangan xotiralarida o'zining ilk mashqlari hamda ergashgan yozuvchisi haqida shunday yozadi: «1936 yili qo'limga Abdulla Qahhorning hikoyalar kitobi tushib qoldi. O'qib ko'rdim… Yana o'qidim… O'qiyverdim. Birdan yozuvchi bo'lish havasi dilimga tushdi. Yozib ko'rdim. Sira hikoyaga o'xshata olmadim. E, bu ham bo'lmadi, deb qalamimni uloqtirdim. Ertasiga yana yozuvchi bo'lgim kelaverdi. Yana yozdim. Yana bo'lmadi, indiniga yana yozuvchi bo'lgim keldi. Bu galgi qarorim qatʻiyroqqa o'xshadi. Kechasi ham, kunduzi ham yozaverdim. Besh, o'n kun mashq qilganimdan keyin, endi yozuvchi bo'ldim deb, «Ishqivoz» degan hikoyamni qo'ltiqlab «Mushtum» jurnali redaktsiyasiga bordim». Bu hikoya jurnalda bosilib chiqqandan so'ng, buning quvonchidan ilhomlangan yosh yozuvchi to'xtovsiz yoza boshlaydi. Yozganlari boshqa nashrlarda ham ketma-ket chiqib turadi. Nashriyotga topshirilgan ilk to'plam uch oydayoq «Tortiq» degan nom bilan chop etiladi.
Kutilmaganda «O'zbekiston adabiyoti va sanʻati» jurnalida Abdulla Qahhorning bu to'plam haqida keskin tanqidiy maqolasi chop etiladi. Ustoz adib yozadi: «Tortiq» to'plamidagi ko'p hikoyalar… hojati yo'q «ilmiy» asarga o'xshaydi. Olim qandoq bo'lmasin bir ilmiy asar yaratishga uringanday, yozuvchi qandoq bo'lmasin hikoya yozishga uringan. Olim qancha ovora bo'lib, tajribadan o'tkazganday, yozuvchi qancha o'ylab, voqealar yaratadi. Sirtdan qaraganda, olimniki ilmiy, yozuvchiniki adabiy asarga o'xshaydi, lekin kitobxonning «bundan maqsad nima?» – degan bir savoli bilan har ikkisining ham chuvi chiqadi».
Shu o'rinda taʻkidlab o'tish joizki, Abdulla Qahhor «qattiq» tanqidiy maqolani ko'ngilga umid beradigan so'zlar bilan yakunlagan: Yosh yozuvchi «Said Ahmad qo'liga tanbur olibdi, qulog'ini burashiga, parda bosishiga, chertishiga qaraganda, tuzuk bir mashq chala oladiganga o'xshaydi, lekin hali mashq chala olgani yo'q, «Tortiq»dagi hamma hikoyalar shuni ko'rsatadi. Tanburni qo'lga olib, sozlashdan murod, mashq chalish ekanligini esdan chiqarmasa bo'lgani».
Maqola chiqqach, Said Ahmad ustoz adibdan qattiq ranjiydi. Hatto munosabati shu darajaga yetadiki, agar Abdulla Qahhor ko'cha-kuyda duch kelib qoladigan bo'lsa, chapanichasiga unga salom bermasdan o'tadigan bo'ldi, bo'lib turadigan har xil tadbirlarda ustozning oldiga ataylab g'ashiga tegish uchun ko'k choy o'rniga, qora choy damlangan choynakni olib borib qo'yadi. Xullas, shunaqa yo'l bilan undan o'ch olmoqchi bo'ladi. Yoshlarga xos bo'lgan bunday jizzaki harakatlarni ulug' adib sezmasligi mumkin emasdi, albatta. Lekin ularni haqiqiy ustozlarga xos bo'lgan bir bosiqlik bilan kechiradi. Shu boisdan ham u bir kuni Said Ahmadni chetga tortib, «Yozishga qo'lingiz juda kelishadi. Tilni bilasiz. Ozroq rassom bo'lganingiz ish beribdi. Personajlar suvratini aniq chizayapsiz. Tasviringiz rangli», – degan dalda beruvchi gaplarni aytadi. Said Ahmad isteʻdodiga xos bo'lgan ilk qirralarni bu darajada sodda va aniq shaklda aytilishi keyinchalik uning ijodining yetakchi uslubiy xususiyatiga aylangan desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Said Ahmad «Tortiq»dan so'ng ham ko'plab hikoyalar yozgan. Masalan, urush yillarida va undan keyingi davrda ham uning qator hikoya va qissalar eʻlon qilgani adabiyot muxlislariga yaxshi maʻlum. Ularning orasida adabiy tanqidchilikda ijobiy baholanganlari ham bor. Masalan, «Mastonbibi» hikoyasini shunday asarlar qatoriga kiritish mumkin. Lekin u mana shu davrda adabiyotda hodisa bo'ladigan darajadagi asarlar yaratmadi. Buning ustiga, Said Ahmadning urushdan keyingi yillarda bir guruh o'zbek adiblari qatori qatag'on qilinishi uning yozuvchilik faoliyatiga juda katta salbiy taʻsir ko'rsatadi. Olti yillik qamoq hayoti yuragida o'chmas iz qoldiradi. 50-yillarning ikkinchi yarmidan eʻtiboran undagi ijodiy kayfiyat sekin-asta yana izga tusha boshladi. Bu davrda u qator ocherklar, hikoyalar yaratadi. Ayniqsa, uning cho'lni o'zlashtirish mavzusidagi turkum hikoyalari yozuvchining ijodida alohida o'rin tutadi.
Shu o'rinda bir fikrni taʻkidlash lozim: «Tortiq» to'plami haqidagi keskin chiqishidan so'ng Abdulla Qahhorning yigirma yildan oshiq vaqt davomida Said Ahmad ijodi haqida biron bir munosabat bildirgani kuzatilmaydi. Lekin ulug' ustoz shuncha muddat shogirdining ijodiga befarq qaragan deb bo'lmaydi. U Said Ahmad eʻlon qilayotgan asarlarni zimdan kuzatib borgan. Uning ijodiy izlanishlaridan o'zicha qanoat hosil qilib, xulosalar chiqarib yurgan. Xo'sh, shunday qattiqqo'llikka, talabchanlikka asoslangan va ayni chog'da bor, mavjud isteʻdod kurtagini ezg'ilab tashlamaydigan, sabr-bardosh bilan bir kun o'sib meva berishiga umid qilib erinmaydigan munosabatning natijalari qanday bo'ldi?
Bu orada Said Ahmad «Ufq» romanini yozib tugatadi. Abdulla Qahhor «Ufq» asari haqida yuksak fikrlar bildiradi va bu asar bundan chorak asr oldin qilgan orzularining mevasi ekanini alohida eʻtirof etadi. Said Ahmad shu munosabat bilan ustoz haqida quyidagilarni yozgan edi: «Abdulla Qahhorning baʻzi doiralarda «Said Ahmad yaxshi hikoyanavis bo'lib qoldi» degan gaplari qulog'imga chalinib qoldi. Ammo o'zimga bunaqa gaplarni aytgani yo'q. «Ufq» romanini yozganimdan keyingina u o'z fikrini ochiq-oshkor aytdi. Domla romanimga juda katta baho berdi. Quvonchini yaxshigina bir maqola bilan izhor qildi.
Men ham Abdulla Qahhordek buyuk ustozning maqtoviga sazovor bo'lganimdan behad shod edim. Uning bu iliq gapini o'ttiz yildan ortiq kutgandim… «Tortiq»dan «Ufq»qacha domlaning etagidan ushlab bordim. Bu olis, mashaqqatli yo'lda necha martalab qoqilib, necha martalab qaddimni rostladim. Maqtovlardan ko'ra taʻnalarni ko'proq eshitdim. Abdulla Qahhorning «Ufq»qa bergan bahosi men uchun katta adabiyot yo'liga bergan oq fotihasi edi. Ustoz Abdulla Qahhor nihoyat meni shogirdim deb atadi. Bu men uchun hyech bir boylik bilan o'lchab bo'lmaydigan bebaho sharafdir!»
Abdulla Qahhor bilan Said Ahmad o'rtasidagi yaqinlik, o'zaro munosabatlar atoqli adib hayotining so'nggi kunlariga qadar davom etdi. Ustoz shogirdi ijodini, garchi u taniqli yozuvchilar qatoridan allaqachon o'rin olgan bo'lsa-da, kuzatishda, munosabat bildirishda, maslahat berishda davom etdi. Mana shu davrda Said Ahmad kitobxonlar eʻtiboriga sazovor bo'lgan o'nlab mashhur hikoyalar yaratdi.
Ustoz Abdulla Qahhor vafotidan keyin Said Ahmad o'ttiz yetti yil umr kechirdi. Ko'plab hikoyalar, qissalar, romanlar yozdi. Ulug' adibimizning yuqori darajadagi maqtovlariga sazovor bo'lgan «Ufq» romanini davom ettirib, uni trilogiyaga aylantirdi. Keyingi qo'shilgan «Qirq besh kun», «Ufq bo'sag'asida» kabi kitoblarini yaratishda necha marotaba ustozi nigohini his qilib, o'gitlarini qayta-qayta xayolidan o'tkazib turgan bo'lsa, ajab emas. Ehtimol, shu tufayli «Ufq» o'zbek romanchiligi tarixida munosib o'ringa ega bo'lgan asar bo'lib qoldi.
Atoqli yozuvchi Said Ahmadning badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratishiga ana shunday ibratli ustoz-shogirdlik ham munosib hissa qo'shgani shubhasiz.
Umurzoq O'LJABOEV,
filologiya fanlari nomzodi,
dotsent
NAHOTKI, TO‘G‘RI O‘G‘RIGA SHERIK BO‘LSA...
Ona tilim – jon-u dilimYaqinda Germaniyada yashayotgan qizinikida bir muddat mehmon bo‘lib kelgan akamizdan safar taassurotlarini so‘raganimizda shunday dedi:– Nemis o‘qituvchilari hayot tarzi haqida gapirar ekan, ular chetdan borib ishlayotganlarga: «Sizlar farzandlaringiz bilan uyda bemalol o‘z tilingizda gaplashavering, ammo nemis tilini bolangizga biz, o‘zimiz o‘rgatamiz», – der ekan. Avvaliga hayron bo‘ldik, deydi qizim. Keyin buning sababi nimada, deb so‘rabdi.«Siz
«ЖАСЫЛ» ЭКОНОМИКА –РАӮАЖЛАНЫӮ КЕПИЛИ
Руӯхый-ағартыӯшылық сабағыПүткил дүнья мәмлекетлери қатары, мәмлекетимиздиң де «жасыл» экономикаға өтиӯ мәселеси ең әҳмийетли турмыслық зәрүрлик болып тур. Көпшилик ӯатанласларымыз «жасыл» экономика дегенде тек ғана энергетика тараӯын реформалаӯдан ибарат деп есапла
YEGANDEK BO‘LDIM
«Yegandek bo‘ldim» nomli masjid haqida eshitganmisiz?!Istanbulning Fotih mintaqasida shu nomdagi masjid bor. Bu turkchada «Sanki yedim» bo‘ladi. Bu g‘aroyib nom ortida ajib bir hikoya bor. Hikoya zamirida esa ajoyib bir ibrat mujassam.Naql qilishlaricha, Fotih mintaqasida Xayriddin ismli bir kishi istiqomat qilar edi. U qachon bozorning oldidan o‘tayotib nafsi mevanimi, go‘shtnimi, halvonimi xohlab qolsa, «egandek bo‘ldim» deb shunga yetadigan pulni bir sandiqqa tashlab qo‘ya
“Har toshi tarixdir qardosh diyorning...”
Badiiyat olamiXabaringiz bor, koʻp yillardan beri 'www.xs.uz' saytimizda xalqning maʼnaviy-ruhiy ozuqasi sanalgan, inson qalbini poklash, tafakkur olamini yoritish, orzu-umidlari roʻyobi sari qanot qoqishdek vazifani zimmasiga olgan badiiy soʻz sanʼati sohiblarining bir-biridan goʻzal va mazmundor ijodiy asarlarini yoritib boramiz.Shu maʼnoda, bugun 'Badiiyat olami' ruknida joylanayotgan sheʼr-u hikoyalar koʻpchilikning qalbidan joy olib, maʼnaviy dunyosini yuksaltirishda kamarbasta bo