Advokatlik tuzilmasi yangidan tashkil etilganda advokatlik guvohnomasini olish uchun murojaat qilish talab etilmaydi

Advokatga guvohnoma avtomatik tarzda kompozit xizmat koʻrsatish yoʻli bilan beriladi.

Vazirlar Mahkamasining 226-son qarori bilan tasdiqlangan Advokatlik guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomi bilan advokatlik guvohnomalarining QR-kod qoʻyilgan ID-karta shaklidagi yangi namunasi tasdiqlandi.

QR-kodni skanerlash orqali advokatning advokatlik guvohnomasi kim tomonidan berilganligi, advokat maqomi, advokat faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmasining nomi, advokatning ixtisosligi, lisenziya raqami va berilgan sanasi aniqlanadi.

Bunda advokatning ixtisosligi va faoliyat yuritadigan tuzilmasi oʻzgarganda guvohnomani qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.

AOKAda oʻtkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara Urinbayeva advokatura sohasidagi oʻzgarishlar mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berdi:

— Bugungi kunda respublikada 4979 nafar advokatlar, 2554 ta advokatlik tuzilmalari mavjud.

2022-yilning 30-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, ushbu qaror bilan advokaturani raqamlashtirishga oid asosiy vazifalar belgilab olindi.

Unga koʻra:

— advokatlik faoliyati uchun litsenziyalar elektron shaklda maxsus QR-kod qoʻyilgan holda inson omilisiz berilishi belgilandi;

— talabgorlarga advokat maqomini olish boʻyicha malaka imtihoniga hujjat topshirishning elektron tartibi yoʻlga qoʻyildi, talabgorga imtihon oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida elektron shaklda, shuningdek “SMS” xabaronoma yordamida maʼlum qilinadi;

— advokatlik tuzilmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali “yagona darcha” tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshiriladi;

— advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, advokatlik guvohnomasini olish boʻyicha kompozit xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi. Yaʼni, talabgor bir marta ariza berib, ushbu barcha xizmatlardan ketma-ket ravishda foydalanishi mumkin boʻladi. Har bir murojaat uchun alohida vakolatli organlarga tashrif buyurishi, takroran ariza berishi talab etilmaydi;

— 2023-yil 1-yanvardan fuqarolarga yuridik yordam koʻrsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirildi;

“Yuridik yordam” axborot tizimida:

— advokatlar elektron reyestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantirildi;

— advokatlik orderini maxsus QR-kod qoʻyilgan holda elektron shaklda rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyildi;

— orderni qayd etish daftarini yuritish talablari bekor qilindi;

— advokatlarning onlayn malaka oshirishini tashkil etish va malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni elektron shaklda berish tartibi joriy etildi;

— advokatlik tuzilmalaridan statistik maʼlumotlarni anʼanaviy shaklda yigʻish bekor qilinib, statistik maʼlumotlar avtomatik ravishda umumlashtiriladi.

Shu bilan birga, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonun Senat tomonidan maʼqullandi. Ushbu Qonunga koʻra, davlat hisobidan yuridik yordam jinoyat ishlari bilan bir qatorda, fuqarolik, maʼmuriy va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ham koʻrsatilishi, davlat hisobidan advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz, elektron tartibda tasodifiy tanlash yoʻli bilan aniqlanishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, advokatlarning dalillarni toʻplash va sud protsessidagi vakolatlari kengaytirilib, advokatlarga ekspertiza tayinlash va ekspert xulosasini sud materiallariga qoʻshib qoʻyilishini soʻrash huquqi berildi.

Shu bilan birga, 2023-yil 1-iyunda Vazirlar Maxkamasining 226-son qarori bilan tasdiqlangan Advokatlik guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Ushbu Nizom bilan advokatlik guvohnomalarining QR-kod qoʻyilgan ID-karta shaklidagi yangi namunasi tasdiqlandi.

QR-kodni skanerlash orqali advokatning advokatlik guvohnomasi kim tomonidan berilganligi, advokat maqomi, advokat faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmasining nomi, advokatning ixtisosligi, litsenziya raqami va berilgan sanasi aniqlanadi.

Bunda advokatning ixtisosligi va faoliyat yuritadigan tuzilmasi oʻzgarganda guvohnomani qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.

Shuningdek, advokatlik guvohnomasini olish uchun faqatgina elektron murojaat qilishning oʻzi kifoya qiladi (talabgordan ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi).

Nizomda advokatlar uchun quyidagi yengilliklar nazarda tutilmoqda:

— advokatlik guvohnomasini olish uchun elektron shaklda murojaat qilinadi;

— agarda advokat advokatlik tuzilmasini yangi tashkil etgan boʻlsa, advokatlik guvohnomasini olish uchun murojaat qilishi talab etilmaydi. Unga guvohnoma avtomatik tarzda kompozit xizmat koʻrsatish yoʻli bilan beriladi;

— advokatlik guvohnomasini guvohnoma beruvchi organga bormasdan turib olish mumkin boʻladi;

Bunda advokatlik guvohnomasi advokatning xohishiga koʻra advokatlik tuzilmasining manziliga kuryerlik xizmati orqali yuboriladi.