Saudiya Arabistonida toshbaqa shaklidagi “suzuvchi shahar” quriladi

Foto: Qurilish vazirligi
Saudiya Arabistoni 2033-yilda ulkan toshbaqa shaklidagi “suzuvchi shahar”ni barpo etadi.
Ulkan kema funksiyasini bajaruvchi shahar 335 million yil oldin mavjud boʻlgan Pangeya qitʼasi sharafiga shunday nomlanadi. Umumiy qiymati 8 milliard dollarga teng loyiha «Lazzari» qurilish-loyihalash tashkiloti tomonidan taqdim etildi.
Loyihaga koʻra, shahar markazida bosh maydon, uning atrofida esa jamoat hamda turar-joy binolari joylashtiriladi. Shuningdek, kemada mehmonxonalar, savdo markazlari, istirohat bogʻlari va hattoki kichikroq kemalarga port va samolyotlar uchun uchish-qoʻnish maydonchalari ham joylashtiriladi.
Bir vaqtning oʻzida 60 ming kishini oʻziga sigʻdira oladigan shahar uzunligi 660 metrni, kengligi esa 550 metrni tashkil qiladi. Kemadagi xonadonlar soni esa 30 000 ta boʻladi. Shaharni tabiiy energiya bilan taʼminlash maqsadida toshbaqa qanotlaridan foydalaniladi. Yaʼni uning qanotlari kemaga qarshi harakatlanadi va toʻlqinlardan quvvat oladi. Bundan tashqari, binolarning tom qismida quyoshdan quvvat oluvchi panellar joylashtiriladi.
Albatta, bunday katta shaharni qurish uchun muhandislarga alohida joy kerak. Muhandislar qurilish uchun ideal joy sifatida Saudiya Arabistonining Jidda shaharidan 130 km shimolda joylashgan “Qirol Abdulla” portini tanladi. Qurilish jarayoni boshlanishidan oldin dengizning taxminan bir kilometr kvadrat maydondagi hududi qazib olinadi va aylana shaklida toʻgʻon quriladi.