Prezident o'qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʻlim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami – O'qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etdi.
Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Qadrli faxriylar!
Avvalo, siz, azizlarni, taʻlim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami – O'qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug' ayyomda siz, zahmatkash ustozlarga ko'nglimizda, yuragimizda bo'lgan yuksak hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarni so'z bilan to'liq ifoda etish qiyin, albatta. Chunki sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o'sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo'lida chinakam fidoyilik ko'rsatib mehnat qilayotgan ulug' insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o'lmas meros – yaxshi tarbiyadir.
Shu bois bugun sizlarning shaʻningizga bildirayotgan olijanob istaklarimiz, taʻzim va tashakkurlarimizni butun el-yurtimizning cheksiz hurmat va ehtiromi ramzi sifatida qabul etgaysiz.
Aziz yurtdoshlar!
Mamlakatimizda so'nggi yillarda ilm-fan va taʻlim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tug'ilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qo'llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o'rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda.
Biz bu jarayonda inson kapitaliga eʻtiborni yanada kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish borasida muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Masalan, besh yil oldin yurtimizda 5 ming 211 ta bog'cha faoliyat ko'rsatgan bo'lsa, hozirgi kunda bu raqam 19 ming 316 taga, tizimdagi qamrov 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar o'rtasida esa 77 foizga yetdi.
Mamlakatimizda yangi turdagi va yangi sifat bosqichidagi taʻlim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunga kelib, matematika yo'nalishida 112 ta, fizika yo'nalishida 14 ta, kimyo-biologiya bo'yicha 87 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo'yicha 99 ta, xorijiy tillar bo'yicha 207 ta ixtisoslashgan maktablar faoliyat olib borayotganini alohida taʻkidlab o'tish lozim.
Oliy taʻlim sohasida ham jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi besh yilda chet ellardagi nufuzli oliy taʻlim muassasalari bilan hamkorlikda 67 ta yangi universitet va institutlar hamda filiallari barpo etilib, ularning umumiy soni 144 taga yetkazilgani, qamrov darajasi 3 karra ortib, 9 foizdan 28 foizga yetgani ham shundan dalolat beradi.
Joriy o'quv yilida eng zamonaviy talab va standartlar asosida tashkil etilgan Yangi O'zbekiston universiteti dastlabki talabalarni o'z bag'riga qabul qildi.
Bunday yangilanish jarayonlarida ustoz-murabbiylarimizning ishga, hayotga munosabati va masʻuliyati tubdan o'zgarib, ularning doimiy izlanib, yangilikka intilib yashayotgani, ilg'or taʻlim texnologiyalari va metodikalarini puxta o'zlashtirib borayotgani, hyech shubhasiz, hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Muhtaram vatandoshlar!
Bugungi shiddatli zamon oldimizga qanday murakkab vazifalarni qo'yayotganini barchamiz ko'rib, bilib turibmiz. Ularni hal etish va ezgu maqsadlarimizga yetish, dunyo miqyosida raqobatbardosh bo'lish uchun xalqimizni, avvalambor, yoshlarimizni ilm-fan, maʻrifat va maʻnaviyat, taraqqiyot yutuqlari bilan qurollantirishimiz kerak.
Ayni shu maqsadda taʻlim mazmunini to'liq yangilash uchun mamlakatimiz olimlari, tajribali pedagoglar va xorijiy ekspertlarni keng jalb qilgan holda, Milliy o'quv dasturi yaratilib, bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Zamonaviy darsliklarni yaratish bo'yicha dastlabki natijalarga erishilib, joriy yilda ilk bor bir milliondan ortiq boshlang'ich sinf o'quvchilarimiz yangi darsliklar bo'yicha taʻlim olmoqda.
Bugungi kunda oliy taʻlim tizimini yangi sifat bosqichiga ko'tarish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, oliygohlarimizni taʻlim va ilm-fanning yirik markazlariga aylantirish bo'yicha boshlagan katta ishlarimizni jadal davom ettirishimiz lozim.
Taʻlim sohasining yana bir muhim vazifasi – faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo'lgan, Vatan va xalq manfaatlarini qatʻiy himoya qila oladigan, zamonaviy, keng fikrlaydigan yoshlar avlodini shakllantirishdan iborat. Shu sababli «Uzluksiz taʻlim tizimida ijtimoiy fanlarni o'qitish tartibi va tamoyillari kontseptsiyasi»ni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish obʻyektiv zaruratga aylanmoqda, deb o'ylayman.
Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Jamiyatimizda bog'cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o'qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning to'rt tayanch ustuni deb eʻtirof etmoqdamiz. Shundan kelib chiqib, ularning hurmat-eʻtiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, shaʻni va g'ururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va maʻnaviy rag'batlantirish bo'yicha boshlagan ishlarimizni albatta yangi pog'onaga ko'taramiz.
Siz, azizlarni qutlug' bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ezgu faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Hamisha sog'-omon bo'ling, muhtaram ustozlar!
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
Mamlakatdan noqonuniy olib chiqilayotgan katta miqdordagi valyuta toʻxtatib qolindi
Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona idoralari tomonidan Toshkent viloyati, Toshkent tumani hududida joylashgan 'Navoiy' chegara-bojxona postida tezkor tadbir oʻtkazildi. Ushbu tadbir davomida mamlakatdan noqonuniy tarzda yirik miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqish holati fosh etildi.Tekshiruv davomida qoʻshni davlat tomon harakatlanayotgan 'Lacetti' rusumli avtomashina toʻxtatildi. Mashinani koʻzdan kechirish jarayonida unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Toshkent tumanida yashovchi 19
Har qanday shaxsni uning roziligisiz tasvirga olish taqiqlanishi mumkin
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan loyihada qayd etilishicha, qonun insonlarning tasvirga boʻlgan huquqini mustahkamlash hamda milliy huquqni qoʻllash amaliyoti va 30 ga yaqin xorijiy davlatlar tajribasi tahlil qilingan holda, aholi fikrini oʻrganish uchun muhokama portaliga joylashtirilgan.Loyihaga koʻra, endilikda umumiy qoida tariqasida, endilikda har qanday kishini rasm yoki videoga olish hamda ushbu tasvirdan foydalanish uchun uning roziligi talab qilinadi.Shu bilan birga, loyi
Davlat xaridlarida kooperatsiya aloqalari uchun shaffof tizim yaratiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarori bilan 'Korporativ buyurtmachilarning tadbirkorlik subyektlari bilan kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish va ushbu jarayonda davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi' nizom tasdiqlandi.Ushbu hujjat davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik mexanizmlarini belgilaydi va bu jarayonni yaxlit hamda shaffof shaklda tashkil etishga qaratilgan.Nizomga koʻra, korporativ buyurtmachilar tadbirkorlik suby
Xorazmda bolalar ijodi va iqtidorini rivojlantirish inklyuziv markazi ochildi
Odilbek ODAMBOYEV/'Xalq soʻzi'. Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida qaratilmoqda. Jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar taʼlim olishi, iqtidori va qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun teng sharoitlar yaratilyapti. Navroʻz bayrami arafasida Xorazm viloyatining Urganch tumanida ish boshlagan bolalar ijodi va iqtidorini rivojlantirish inklyuziv markazi bu yoʻnalishdagi yana bir xayrli qadam bo