Moziyning bugunga tutgan koʻzgusi
Toʻgʻri, oʻtgan asrning ikkinchi yarmida Qizilqum tabiiy boyliklarining aniqlanishi va oʻzlashtirilishi Karmana hamda undan Janub tomonga bir tosh olisda joylashgan temir yoʻl bekati oraligʻida moʻjazgina qoʻrgʻon yaratilishiga zamin boʻldi. Sal ilgariroq qadim shahardan uch yuz kilometr yiroqda ' Shimoliy Qizilqumda hozirgi Uchquduq, keyinroq esa Zarafshon shahri va Zafarobod qoʻrgʻonlari qad rostlab, asos solinganiga hali koʻp boʻlmagan Navoiy kon-metallurgiya kombinatining shaharsoz korxona sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi. Bugungi kunda mamlakatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish borasida yetakchi ulushga ega 'Navoiyazot', 'Qizilqumsement', 'Navoiy issiqlik elektr stansiyasi' aksiyadorlik jamiyatlari kabi korxonalarning paydo boʻlish tarixi ham bevosita konchilik ravnaqi bilan bogʻliq. Chunki shoʻro hukumatining oʻlka tabiiy qazilma boyliklarini imkon qadar tezroq qazib, olib chiqib ketishdek talonchilik siyosati hududga sanoat kirib kelishini taqozo etardi. Biroq taʼkidlash joizki, hududning konchilik tarixi ayni shu davrda yaratilgan deyish, xato boʻladi.
' Navbahor tumanidagi Sarmish darasi hamda unga tutash Uchtut qishlogʻi ajdodlarimiz tomonidan bundan besh-olti ming yil muqaddam makon tutilib, bugunga qadar saqlanib qolgan chaqmoqtosh konining shaxta xarobalari hudud konchilik tarixining ibtidosidan dalolat beradi, ' deydi oʻlkashunos olim Ramazon Egamov. ' Ushbu konda ajdodlarimiz yer yuzasida qurib, moʻrt boʻlib qoladigan chaqmoqtoshga yer ostida ishlov berib, mehnat va ov qurollarini yasashgan. Bu joy ibtidoiy davrda tosh kon xomashyosi olingan noyob manzil boʻlib, u Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Shuningdek, qadimgi konchilik tarixi boʻyicha tadqiqotlar Karmana harbiy soʻgʻd iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega boʻlganligini koʻrsatadi. Masalan, Qarnabda miloddan avvalgi ikki minginchi yillikning birinchi yarmida qalay, miloddan avvalgi III asrda Nurota togʻlaridan oltin, kumush, mis, qoʻrgʻoshin kabi metallar qazib olinib, Buxoroda kumush tangalar zarb qilingan.
Konchilik ' xalqimizning mehnat tarixi
'Tarix yozilmaydi, kechiladi', deyishadi. Xalqimiz oʻzining ming-ming yillik kechmishida insoniyat tamadduniga ulkan hissa qoʻshgani, har ikki Renessans Yevropada Uygʻonish davriga turtki berganligi bugun kunday ravshan. Ayniqsa, konchilik va maʼdanshunoslikdagi noyob tadqiqot ' ulugʻ alloma Abu Rayhon Beruniyning 'Mineralogiya' asari yaratilishi Gʻarbni gʻaflat uyqusidan uygʻotibgina qolmay, bir qator mamlakatlarda yer osti boyliklarini oʻzlashtirish, konchilik sanoatini rivojlantirishda muhim oʻrin tutgan. Qisqacha aytganda, ajdodlarimiz yer osti va usti qazilma boyliklarini qidirish, qazib olish, ishlov berish va foydalanishning nazariy qoʻllanmalarini yaratibgina qolmay, amaliyotga ham tatbiq etishgan.
Shu xususda soʻz borarkan, ilmiy konferensiyalardan birida 'NKMK' AJ bosh direktori Quvondiq Sanaqulov har bir xalqning tarixi faqat urushlargina emas, uning mehnat va yaratuvchanlik tarixi bilan bevosita bogʻliqligiga eʼtibor qaratgan edi.
' Yaqinda Lotin Amerikasining ikki yirik mamlakatida xizmat safarida boʻldim, ' degan edi oʻshanda Q. Sanaqulov. ' Tabiiyki, ushbu mamlakatlarning konchilik sanoati tarixi bilan ham qiziqdik. Bizga taqdim etilgan maʼlumotlar besh yuz yillik oʻtmish bilan chegaralanganini koʻrib hayron qoldik. Vaholanki, arxeologik topilmalar hindular ham bu sohada boy tarixiy tajribaga ega boʻlishganidan guvohlik beradi.
Qissadan hissa shuki, bizning konchilik sohasidagi ming yillik tajribamiz ham mustaqillikka qadar hindularniki kabi tarixning sargʻaygan varaqlari orasiga yashirilgan edi. Birgina misol: Beruniy bobomizning 'Mineralogiya' asari oʻn toʻrtinchi asrdayoq Yevropa mamlakatlari xalqlari tiliga oʻgirilgan boʻlsada, oradan qancha asrlar oʻtib ' 2019-yilda uni xalqimiz oʻz ona tilida oʻqish imkoniga ega boʻldi.
Bunday misollarni esa koʻplab keltirish mumkin.
Oqqan daryo oqaveradi...
Maʼlumotlarda aytilishicha, Qizilqum bagʻrida Mendeleyev davriy jadvalidagi barcha elementlar jamlangan. Biroq mazkur boy xomashyo resurslaridan yaqin-yaqinlargacha faqat oltin va urangina qazib olingan. Oddiy qum, tosh va tuproqdan ham mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi esa qizilqumliklarning yetti uxlab tushiga ham kirmagan. Xususan, hududning oyna ishlab chiqarishdagi asosiy xomashyo ' kvars qumi, ohaktosh va dolomitga boyligi Zarafshon shahrida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga yoʻl ochdi.
' Davlatimiz rahbari viloyatimizga 2018-yilgi tashrifi chogʻida oyna ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, bunda korxonani zamonaviy uskunalar bilan jihozlash vazifalarini qoʻygan edi, ' deydi 'Zarafshon oyna' MCHJ taʼsischisi Bahodir Yusupov. ' Shu asosda 250 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilib, Germaniya, Fransiya va Italiya davlatlaridan eng soʻnggi avlod uskunalar keltirildi. Natijada xomashyo qazib olishdan tortib tayyor mahsulot holiga keltirishgacha boʻlgan sikl oʻzlashtirilib, 'M0', 'M1' rusumdagi oynalar ishlab chiqarilmoqda. Aytish joizki, ushbu rusumdagi mahsulotni hamma zavod ham ishlab chiqara olmaydi. Ular sanoqli va bu safda borligimiz bizga faxr bagʻishlaydi. Mahsulotimiz sifatiga yana bir dalil shuki, quvvat yiliga 12 million metr kvadrat boʻlgani holda Yevropa mamlakatlaridan 18 million metr kvadratga talabgor bor. Lekin biz ichki bozor talabidan kelib chiqib, ishlab chiqargan mahsulotimizning 50 foizini import oʻrnini bosishga yoʻnaltirmoqchimiz.
Korxonada shisha ishlab chiqarish jarayoni ' eritish, qoliplash, sovitish texnologik liniyalariga oʻrnatilgan nazorat hamda boshqaruv tizimi toʻliq avtomatlashtirilgan. Shunga qaramasdan uning kon va sexlaridan 700 nafar zarafshonlik oʻz ish oʻrinlariga ega boʻlishdi.
Iqtisodiyotdagi shu kabi differensial yondashuvlar tufayli viloyatdagi yirik korxonalar bilan kichik biznes subyektlari oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalari mustahkamlanib, tadbirkorlik subyektlari soni yildan yilga ortib bormoqda. Natijada kichik biznes subyektlari soni 2017-yildagiga nisbatan 3 barobar oshib, bugungi kunda 27047 tani tashkil etmoqda.
'Yashil' iqtisodiyotga keng yoʻl
Bugun mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hajmida navoiyliklar 16,4 foizlik ulushga ega. Sementning 15,3 foizi, kimyo sanoati mahsulotlarining 20 foizi, elektr energiyasining 13,3 foizi aynan Navoiy viloyatidagi yirik sanoat quvvatlaridan xorij va mahalliy isteʼmolchilarga tarqatiladi.
Soʻnggi besh yilda 'Navoiy kon-metallurgiya kombinati', 'Navoiyazot', 'Qizilqumsement', 'Navoiy issiqlik elektr stansiyasi' aksiyadorlik jamiyatlari, 'Navoiyuran' DK, 'Akfa Extrusions' MCHJ kabi yirik sanoat quvvatlari yoniga 'Navpromlitmash', 'Gidro stanko servis', 'Zarafshon oyna', Karmanada fotoelektr, Tomdida shamol elektr stansiyalari kabi oʻnlab yirik korxonalar qoʻshilib, olis-yaqin hududlarda noanʼanaviy ishlab chiqarishlar yoʻlga qoʻyildi. Ularda yiliga umumiy qiymati 124,3 trillion soʻmdan ziyod sanoat mahsulotlari tayyorlanmoqda.
Shulardan biri ' Tomdi tumanida oʻtgan yil oxirida ishga tushirilgan shamol elektr stansiyasining ikkinchi navbati viloyatda 'yil qurilishi' deya eʼtirof etildi. Ushbu stansiya 2023-yilning dekabr oyida ishga tushirilgan dastlabki 100 MVtlik quvvati yordamida oʻtgan yili 32 million kVt-soatga yaqin elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu qariyb 156 ming xonadonning bir oylik elektr energiyasi isteʼmoliga teng demakdir. Samaradorligiga kelsak, 9,4 million kubometr gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 13 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.
Stansiyaning ikkinchi bosqichini bunyod etish ishlari misli koʻrilmagan qisqa muddatda amalga oshirildi. Xitoyning 'Goldwind' kompaniyasida ishlab chiqarilgan har biri 4,7 MVt quvvat, 97 metr balandlikka ega turbinalar, 77 metrlik shamol parraklarini tashib keltirishning oʻzi anchagina murakkab jarayonligini inobatga olsak, uning alohida eʼtirof etilishida mubolagʻa yoʻq. Natijada oʻtgan yilning 13-dekabrida har birining quvvati 4,7 MVtdan (umumiy quvvati 500 MVt) boʻlgan 111 ta shamol turbinasi ohista aylanib, mamlakat energiya tarmogʻi yana qoʻshimcha 400 MVt quvvatni ola boshladi.
' Loyihani toʻliq ishga tushirish natijasida 1752 million kVt-soat yoki qariyb 730 ming xonadonning bir yillik isteʼmoliga teng 'yashil' energiya ishlab chiqarilmoqda, ' deydi Tomdi tumani hokimining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sardor Eshnazarov. ' Bu mamlakatimiz iqtisodiyotiga 531 million kubometr tabiiy gazni tejash, 736 ming tonna zararli moddalar atmosferaga chiqarilishining oldini olish imkoniyatini taqdim etdi.
Inson kapitaliga sarmoya
Ayonki, taraqqiyot tarixi uning uch omilga bogʻliqligini koʻrsatadi. Yaʼni har qanday mamlakatda ishchi kuchi va tabiiy resurslar rivojlanishning 40 foizga yaqinini taʼminlasa, qolgan oltmish foizi bevosita intellektual salohiyatga bogʻliq. Shubhasiz, iqtisodiy oʻsishdagi barqarorlik aholi farovonligining oshishi va hududlarda ijtimoiy infratuzilma ravnaqiga imkon yaratadi.
Bugun viloyatning qaysi hududiga yoʻl olmang, albatta, katta-kichik bunyodkorlik va qurilish jarayonlarining ustidan chiqasiz. Xususan, soʻnggi yillarda hududda 327 ta umumtaʼlim maktabi, 154 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 173 ta sogʻliqni saqlash obyekti, 27 ta sport kompleksi yangidan qurilib va kapital rekonstruksiyadan chiqarilganligi, 293 ta koʻp qavatli uy-joy qad rostlab, 17 904 ta oila oʻz yashash sharoitini yaxshilaganligi fikrimizning yaqqol tasdigʻi. Natijada viloyat boʻyicha maktabgacha taʼlim muassasalari soni 11 barobarga ortib, ularning qamrab olish koʻrsatkichi 34 foizdan 85 foizga yetkazildi. Umumiy oʻrta taʼlimda 2023/2024 oʻquv yilida viloyatdagi 365 ta maktabni tugallagan 11 ming 662 yigit-qizning 8 ming 223 nafari (70,6 foiz) oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilindi. Bu respublikadagi eng yuqori koʻrsatkich.
' Taʼlim sohasiga yuksak eʼtibor bu yutuqlarning muhim omili hisoblanadi, ' deydi viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Raʼno Hayitova, ' Xususan, viloyatimizda Qorakoʻl xalqaro matematika maktab-internati filiali hamda Beruniy nomidagi davlat-xususiy sheriklik maktabining tashkil etilishi, pedagoglar mehnatining munosib ragʻbatlantirilishi sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratdi. Bu nafaqat markaz, balki olis hududlarda ham oʻz samarasini bermoqda. Chunonchi, Xatirchi tumanining Tamabaxrin mahallasidagi maktab oʻzining oliy taʼlimga oʻquvchilarni tayyorlash tajribasi bilan mashhur boʻlib, bu yerda bitiruvchilarning 90 ' 95 foizi oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilinmoqda. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2019-yildagi tashrifi chogʻidagi topshirigʻiga asosan Tomdi tumanida chet tillarini bepul oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan Tomdi til markazining yoʻlga qoʻyilishi tufayli olis hudud yoshlari xorijiy tillarni bepul oʻrganish imkoniga ega boʻldi.
Prezidentimizning 2024-yil 12-dekabrdagi 'Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida'gi qarori bilan hududda mustahkam kadrlar zaxirasini yaratish borasida belgilangan vazifalar taʼlim sohasida mutlaqo yangi sahifa ochdi. Qarorga koʻra Navoiy viloyati hokimligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Strategik islohotlar agentligi bilan birgalikda 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab Navoiy davlat universitetida viloyatda ehtiyoj yuqori boʻlgan iqtisodiyot, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, logistika kabi yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilishini inobatga olib, dars mashgʻulotlariga xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Xitoyning qishloq xoʻjaligi sohasidagi yetakchi universitetlari bilan Navoiy davlat universitetida qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil qilish belgilangan.
' Shuningdek, qarorda viloyat markazidan olisda joylashgan Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlaridagi qariyb 150 ming aholining oʻziga yaqin hududda oliy taʼlim olishi uchun sharoit yaratish, oʻqitish va ishlab chiqarish jarayonlarining uzviyligini taʼminlash maqsadida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Zarafshon fakultetlarini, shuningdek, Navoiy shahrida 10 ta yoʻnalishda taʼlim beruvchi zamonaviy Sharq universiteti nodavlat oliy taʼlim tashkilotini ochish boʻyicha takliflarni oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqib, tegishli qaror qabul qilish vazifalari belgilangan, ' deydi Fanlar akademiyasi Navoiy viloyati boʻlimi raisi Abdurazzoq Mirzayev. ' Ushbu vazifalar ijrosi konchilik ishlari ilmiy asosda taraqqiy etishiga, sohada raqamlashtirishning rivojlanishiga kuchli turtki berishi, shubhasiz.
Hayotbaxsh loyihalar ' har birimizning hayotimizda
Biz bugun mamlakatimiz sanoatining drayveri ' Navoiy viloyati misolida konchilik tarixi hamda uning bugungi energetik infratizimini zamon talabi prizmasidan oʻtkazdik. Haqiqatan ham, bugungi globallashuv shiddati ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali tashqi bozor geografiyasini kengaytirishni talab etmoqda. Mamlakatimiz rahbari Navoiy viloyatiga oʻtgan yili amalga oshirgan tashrifida bu borada hududning imkoniyatlarini baholab, ulardan foydalanish bugungi kun talabiga javob bermasligini taʼkidladi. Har bir imkoniyatdan samarali foydalanishning ustuvor vazifalarini belgilab berdi. Ular yuqorida aytib oʻtilgan Prezident qarorida oʻz ifodasini topgan.
' Oʻttiz olti banddan iborat ushbu qarorda Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish, tadbirkorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, investitsiyalarni jalb qilish, har bir tuman va shaharni ixtisoslashtirilganligidan kelib chiqib rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, daromadlarini oshirish va turmush darajasini yanada yaxshilashning ustuvor vazifalari belgilab berilgan, ' deydi xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi Normurod Isoqov. ' Har bir banddagi vazifalarning ijrosi boʻyicha masʼullar, manba va kutilayotgan samaralar aniq ifodasini topgan.
Qarorda hududning boy qadimiy merosi va tabiiy iqlim sharoitidan samarali foydalangan holda qoʻshimcha qiymat va ish oʻrinlari yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, Turizm qoʻmitasi va Navoiy viloyati hokimligi Aydarkoʻl suv havzasi atrofidagi 150 gektar hududda 'Oʻzmilliybank' AJ bilan birgalikda nufuzli loyiha kompaniyalari ishtirokida master-reja ishlab chiqqan holda 2025-2026-yillarda oyiga 10 ming nafargacha xorijiy va mahalliy sayyohlarga zamonaviy xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashtirilgan mehmonxona, dam olish va koʻngilochar maskanlar barpo etish loyihalarini amalga oshirish belgilangan. 200 nafar aholi bandligini taʼminlash, Nurota tumanining Sentob va Chuya, Xatirchi tumanining Langar va Angidon qishloqlarini turizm qishloqlari sifatida rivojlantirib, bu yerlarda 2025-yilda 50 ta yangi oilaviy mehmon uyi tashkil etish koʻzda tutilgan. 500 ming nafar mahalliy, 80 ming nafar xorijiy sayyohlarni jalb qilish choralarini koʻrish, Zarafshon shahridagi Marvarid koʻli atrofida 'Asakabank' ATB bilan birgalikda xorijiy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan master-reja asosida dor yoʻli, suzish havzasi, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari barpo etib, tadbirkorlarga tayyor holatda lotlarga boʻlgan holda lizingga berish va 1000 nafar aholi bandligini taʼminlash vazifalari belgilangan. Bu bilan Qizilqum va togʻoldi hududlariga ham yangi xizmat koʻrsatish sohasining kirib borishiga yoʻl ochiladi.
Ayni chogʻda turizm yoʻnalishida anʼanaviy sayyohlik maskanlarining mamlakatimiz turizm yoʻnalishlariga integratsiya qilinishining qarorda oʻz aksini topganligi hududda turizm oqimining oshishiga chinakam shiddat beradi. Xususan, Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimliklari bilan birga shu yil 1-iyulga qadar Nurota tumanidagi 'Chashma' ziyoratgohini Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Buxoro viloyatidagi 'Yetti pir' ziyoratgohlari bilan bogʻlagan holda 'Turizm halqasi' dasturini ishlab chiqish tadbirlari hamda Muruntov koni atrofida va shamol elektr stansiyalari joylashtirilgan hududda sanoat turizmi yoʻnalishidagi loyihalarni ishga tushirish toʻgʻrisidagi takliflarga rozilik berilganligi hududning sayyohlik jozibadorligini oshirib, bu yoʻnalishda xorij tajribasi ommalashishiga zamin yaratadi.
Oʻziga qaytayotgan Navoiy
Mamlakatimiz rahbari oʻz tashrifida Navoiy viloyatida 2025-yilni 'Alisher Navoiy yili' deb atash, ulugʻ mutafakkir shoir asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy Qoyalarning ijrosi hududda taʼminlanishiga erishish, shu yoʻlda keng koʻlamli tadbirlarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
Shu munosabat bilan 'Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targʻib qilish hamda Navoiy viloyatida 'Alisher Navoiy yili'ni yuqori darajada oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida'gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga asosan 8-9-fevral kunlari mutafakkir shoir tavalludining 584-yilligi munosabati bilan 'Alisher Navoiy va Sharq Renessansi' anʼanaviy IV xalqaro simpoziumi va navoiyxonlik tadbirlari yuqori saviyada oʻtkazilib, Hazratning muazzam haykali poyi chet ellik hamda yurtimizning taniqli navoiyshunos olimlari, yozuvchi va shoirlar, jamoat arboblari tomonidan gullarga burkandi.
Chindanda, viloyatimizning Navoiy nomi bilan atalishi yuksak sharaf ekanligi bilan birga, ulkan masʼuliyat hamdir. Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridayoq hazrat Navoiy ijodi va faoliyatini oʻrganishda boshqalarga navoiyliklar oʻrnak boʻlishi zarurligini uqtirgan mamlakatimiz rahbari oʻz qarorida 'Yashil makon' umummilliy loyihasi doirasida Navoiy viloyatining barcha shahar va tumanlarida Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati bilan bogʻliq holda soʻlim bogʻ va xiyobonlar, yashil hududlar tashkil qilish, Navoiy shahrida barpo etilayotgan 'Yangi Oʻzbekiston' bogʻida ulugʻ shoir haykali va 'Xamsa' dostonlari mavzuidagi ramziy darvozalarni oʻrnatish hamda memorial muzey ochish choralarini koʻrish vazifasi qoʻyilgan. Har yili alohida reja asosida ijodiy kechalar, tanlovlar, kitoblar nashri va taqdimoti, ilmiy-adabiy anjumanlar oʻtkazish, bu tadbirlarga talabalar, yosh ijodkorlar va iqtidorli oʻquvchilarni jalb qilish, ularni munosib ragʻbatlantirish orqali Navoiy viloyati tajribasini ommalashtirish aytilgan. Bular ijrosi barchamizga ulkan masʼuliyat yuklab, Hazrat oʻz ijodida tarannum etgan 'Xalq gʻami'ni oʻz faoliyatida ustuvor tutmoq gʻoyalariga hamohangdir.
Taʼkidlanganidek, ushbu maqolada hudud taraqqiyotiga turtki bergan hodisa ' konchilik sanoatining oʻtmish va bugungi kun voqeligidagi bir qismi va uning atrofidagi evrilishlargagina toʻxtaldik. Hatto, konchilikning 'NKMK', 'Navoiy uran', kimyo sanoatining 'Navoiyazot', qurilish materiallari tarmogʻining 'Qiziqumsement', energetikaning 'Navoiy issiqlik elektr stansiyasi' kabi korxonalarida amalga oshirilgan milliard-milliard dollarlik investitsiyaviy loyihalarga toʻxtalmadik. Nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim oʻrin tutayotgan 'Navoiy' erkin iqtisodiy zonasi, Navoiy logistika markazi, yoʻl qurilishi, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, qishloq xoʻjaligi kabi sohalardagi islohotlar, aholining bugungi kundan roziligi va ertangi kunga mustahkam ishonchi alohida mavzu. Asosiysi, bu ishonch ulkan marralar sari qanot boʻlmoqda.
Temur ESHBOYEV,
'Xalq soʻzi'.
Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida toʻqimachilik klasteri bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 'WBM Romitex' klasterining Andijon shahrida qurilgan yangi korxonasi faoliyati bilan tanishdi.'WBM Fabrics' nomli ushbu korxona qayta ishlash zanjirining navbatdagi bosqichi. Umumiy qiymati 50 million dollarlik investitsiya loyihasi doirasida zamonaviy sanoat inshooti qurilib, Italiya va Germaniyadan yuqori texnologik uskunalar keltirib o'rnatildi. Matoni bo'yash va gul solish yo'lga qo'yildi. Korxona yiliga 24 ming tonna shunday xaridorgir mahsulot tayyorlash quvvat
“Obod xonadon” sohibiga quyosh batareyalari oʻrnatib beriladi
Botir MADIYOROV/'Xalq soʻzi'. Oltiariqning olis hududlari sirasiga kiruvchi 'Azimobod' mahallasi keyingi yillarda tumanning eng obod va fayzli goʻshasiga aylanib bormoqda. Birgina oʻtgan yilning oʻzida mahalladagi ichki yoʻllar toʻliq asfaltlashtirildi, ichimlik va oqava suv tarmoqlari yangilandi. Maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi zamonaviy mezonlar asosida taʼmirdan chiqarilib, oʻnlab yangi xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari bunyod etildi. Ayni paytda mahalliy byudjet mablag
Dunyodagi bugungi iqtisodiy tebranishlar sharoitida har bir hokim favqulodda masʼuliyat olishi lozim — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazmoqda.Davlatimiz rahbari bugungi kunda Andijonda havas qilsa arzigulik oʻzgarishlar boʻlayotganini qayd etdi.'Kecha viloyatdagi ishlar bilan tanishdim, oddiy odamlar bilan gaplashdim. Ishonch bilan aytishim mumkinki, bu zaminda Yangi Oʻzbekiston shukuhi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib ulgurgan.Bu ' islohotlarimizning eng katta natijasi, desak, toʻgʻri boʻ
Toʻrtta viloyatda “valyutchik”lar qoʻlga olindi
Departamentning Xonobod shahri boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda valyuta qimmatliklari savdosi bilan shugʻullanib kelgan E.R. fuqaro A.T.ga 3 000 AQSH dollarini 38,7 million soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, 3 000 AQSH dollari, 35 950 Rossiya rubli va 3 000 qirgʻiz somi ashyoviy dalil sifatida olingan.Shu kabi, Departamentning Quyichirchiq tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.A. fuqaro U.B.ga 1 900 AQSH dollarini 24,7 million soʻmga,