Ona tilim – jon-u dilim
Yaqinda Germaniyada yashayotgan qizinikida bir muddat mehmon bo‘lib kelgan akamizdan safar taassurotlarini so‘raganimizda shunday dedi:
– Nemis o‘qituvchilari hayot tarzi haqida gapirar ekan, ular chetdan borib ishlayotganlarga: «Sizlar farzandlaringiz bilan uyda bemalol o‘z tilingizda gaplashavering, ammo nemis tilini bolangizga biz, o‘zimiz o‘rgatamiz», – der ekan.
Avvaliga hayron bo‘ldik, deydi qizim. Keyin buning sababi nimada, deb so‘rabdi.
«Sizlar tilimizni bilganingiz bilan so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qilishlaringiz mumkin. Natijada ayrim so‘zlarning ma’nosi o‘zgaradi. O‘zgarmagan taqdirda ham, bola noto‘g‘ri talaffuzga odatlanib qoladi va tilimizni buzib gapiradigan bo‘ladi», – debdi.
Ochig‘i, qoyil qoldim. Mana o‘z ona tili uchun fidoyilik. Oddiy nemis o‘qituvchisining til sofligi uchun jon kuydirishini qarang. Bizda-chi? Afsuski, biz tilimizni himoya qilish bo‘yicha ba’zi jurnalist va soha mutaxassislarining kuyunchaklik bilan yozayotgan maqolalaridan boshqa nimani misol qilib ko‘rsata olishimiz mumkin?
Poytaxtmi yoki viloyat markazlari ko‘chalarida yurgan kishi xorijiy mamlakatga kelib qoldimmi, deb o‘ylashi shubhasiz. O‘ntadan bitta reklama o‘zbekcha bo‘lmasa, qolganlari boshqa tillarda yozilgan. O‘zaro muloqotlarimiz esa ko‘p hollarda shevada. Buyam mayli. Ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarning g‘ij-g‘ij xatoligidan bularni savodi bormi o‘zi, degan o‘yga borasan. Eng yomoni esa o‘z tilimizni farzandlarimizga o‘zimiz tarjima qilib beradigan darajaga yetib keldik.
Ustiga-ustak, markaziy televideniyening rasmiy kanallaridayam xatolar tez-tez ko‘zga tashlanayotgani bor gap. Ayrim suxandonlar sof adabiy tilda so‘zlay olmaydi. Vaholanki, gazeta, jurnal, radio va televideniye o‘zbek adabiy tilining bosh targ‘ibotchisi hisoblanadi. Hali-hanuz yoshlar ulardan ulgi, ibrat oladi. Yozgan so‘zlarini bosma nashrlarda yozilganiga solishtirib to‘g‘rilashadi. Bundan 30–35-yillar oldin butun boshli gazetada 2 yoki 3 ta orfografik xato o‘tsa, navbatchi va mas’ullar jazoga tortilganini biz yaxshi eslaymiz.
Afsuski, bugun unday emas. Ayniqsa, teleboshlovchi va radiosuxandonlarning ko‘pchiligi urg‘udan deyarli foydalanishmay qo‘yishdi. Natijada gapdagi jumla mazmuni tushunarsiz bo‘lib qolayotgani sir emas. Ba’zi teatr aktyorlari boshlovchilik qilayotgan ko‘rsatuvlarda «ko‘cha so‘zlari» ishlatilayotgani achinarli holdir.
Ayniqsa, axborotni teletomoshabin yoki radiotinglovchiga yetkazishda matnning til qoidalariga to‘laqonli rioya qilinmagan holda tuzilishi, gap ma’nosini keskin o‘zgartirib yuboryapti, to‘g‘rini o‘g‘riga aylantirib qo‘ymoqda.
Masalan, yaqinda «Axborot-24»da bir xabar quyidagi tarzda mazmunan noto‘g‘ri uzatildi: «Farg‘ona viloyatida huquq-tartibot idoralari hamkorligida xalqaro miqyosda juda katta pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi».
Eshitgan shunchaki «Ha, bir jinoiy guruh fosh etilibdi-da», deb qo‘yishi mumkin. Ammo til qoidalarini biluvchilar va mutaxassislar «Tavba, nahotki huquq-tartibot idoralari jinoyatchilarga qo‘shilib ular bilan birga jinoyat sodir etishgan bo‘lsa-ya?!», degan fikrga borishi va bundan taajjublanishi tayin. Bu to‘g‘rini o‘g‘riga aylantirish emasmi?!
Chunki, aslida gap quyidagicha tuzilishi kerak edi: «Farg‘onada xalqaro miqyosda juda katta miqdorda pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati viloyat huquq-tartibot idoralari hamkorligida fosh etildi».
Shuning uchun biz tilga e’tiborni nemislar singari maktabdan boshlashimiz kerak. Qolaversa, gazeta, jurnal va kitoblarda jumlalar noto‘g‘ri tuzilsa, savodxonlik borasida aksil targ‘ibot bo‘lib qolishi hech gap emas.
Xususiy kanallarda-ku, har kim xohlagan shevasida gapirishi odamlar g‘ashiga tegayotgani sir emas. Ayniqsa, seriallar shunchalik shevalashib ketdi-ki, ulardan ayrim so‘zlarni tushunib bo‘lmay qoldi. Maxsus ko‘rsatuvlarda ayrim boshlovchilar ruscha aralash so‘zlayapti. Ularning fikrlarida mantiq, bir-biriga bog‘liqlik yo‘q.
Bir vaqtlar taniqli jurnalist (rahmatli) Mahmud Sa’diy yoqilg‘i moylash materiallari bilan yonilg‘i moylash materiallari o‘rtasida katta farq bor, deb kuyungan edi. Bugun bular haqida gapirilmay ham qo‘ydi. E’tiborsizligimiz tufayli «bejiz» «bejizga», «tili» «tilisi», «litseyi» «litseysi», «o‘qilgan» «o‘qilingan» hamda «tug‘ilgan» «to‘g‘ilgan» tarzida talaffuz qilinyapti.
Bir poliklinikada ko‘rdim: «Korrupsiya burchagi» deb yozib qo‘yibdi. To‘g‘rini o‘g‘riga aylantirish mana shu yozuvda ham o‘z aksini topgan, shekilli. Bu yozuvdan «Shu joyda korrupsiya bilan shug‘ullanish kerak», degan ma’no chiqmaydimi?..
Shuhrat RO‘ZIYEV,
jurnalist.
Jinlar bazmi
10-aprel ' Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun(hikoya)Otam bu hikoyasini boshlagan vaqtda mening vujudimni qoʻrquv oʻrab olar edi-da, ichimdan: 'Meni ham shunday jinlarga yoʻliqtirma', deb tangriga yolborib qoʻyar edim.Kecha xolam bizning uyga mehmon boʻlib kelgan edi. Kechasi oshdan keyin otam, oyim, xolam uchovlari choy ichishib oʻltirar va oʻtgan-ketgandan soʻzlashar edilar. Soʻz aylanib kelib yana oʻsha jinlar, parilar, devlar toʻgʻrisida toʻxtadi. Otam boʻlsa oʻzi koʻrgan 'j
Uvol qilingan meros yoxud Samarqandda 3 ta tarixiy masjid buzib tashlandi
Samarqand viloyatida XIX ' XX asrlarga oid 3 ta tarixiy masjid binolari buzib tashlangani maʼlum boʻldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati'xabar berdi.Qayd etilishicha, Prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida Samarqand viloyatida XIX ' XX asrlarga oid 3 ta tarixiy masjid binolari buzib tashlangani hamda 1 tasi tegishli ruxsatsiz taʼmirlangani oqibatida yodgorliklarga jami 46,8 milliard soʻmlik zarar yetkazilga
YEGANDEK BO‘LDIM
«Yegandek bo‘ldim» nomli masjid haqida eshitganmisiz?!Istanbulning Fotih mintaqasida shu nomdagi masjid bor. Bu turkchada «Sanki yedim» bo‘ladi. Bu g‘aroyib nom ortida ajib bir hikoya bor. Hikoya zamirida esa ajoyib bir ibrat mujassam.Naql qilishlaricha, Fotih mintaqasida Xayriddin ismli bir kishi istiqomat qilar edi. U qachon bozorning oldidan o‘tayotib nafsi mevanimi, go‘shtnimi, halvonimi xohlab qolsa, «egandek bo‘ldim» deb shunga yetadigan pulni bir sandiqqa tashlab qo‘ya
“Tilda, fikrda, ishda birlik” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2024-yil 1-yanvardan boshlab chop etilayotgan 'Jadid' gazetasi oʻtgan qisqa davrda oʻz oʻquvchilarini topishga ulgurdi. Bu bejiz emas, albatta. Mazkur nashr jonajon Vatanimizni sevgan, uning taraqqiyoti va porloq kelajagi uchun oʻzini daxldor sezgan har bir yurtdoshimiz, maʼrifatparvar ajdodlarimizga munosib izdosh boʻlishga intilayotgan jasoratli ziyolilarimiz uchun minbarga aylanib bormoqda.Gazeta sahifalarida jadidlarning millatni isloh etishga oid gʻoyal