calendar 29 Jul 16:49
eye 129
comments 0
comments Manba: xs.uz

Mutlaq koʻpchilik yoki nisbiy koʻpchilik: Qay biri afzal?

image
Yangi Oʻzbekiston sharoitida har bir sohada amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlar va yangilanishlarni alohida qayd etib oʻtish lozim. Xususan, saylov jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi bilan bogʻliq oʻzgarishlar misolida ham buni koʻrish mumkin.

Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, 'Oʻzbekiston ' 2030' strategiyasida, 'Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida'gi Prezident Farmonida, 'Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida'gi Konstitutsiyaviy Qonun va boshqa muhim hujjatlarda saylov tizimi bilan bogʻliq zaruriy qoidalar, tegishli maqsad va vazifalar belgilab berildi.

Eʼtibor beradigan boʻlsak, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 128-moddasida fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egaligi, har bir saylovchi bir ovozga ega ekani hamda ovoz berish huquqi, oʻz xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi aniq mustahkamlangan.

Qolaversa, shu normada saylov oʻtkazish tartibi qonun bilan tartibga solinishi belgilab qoʻyilgan. Taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda saylov toʻgʻrisidagi qonunchilikning asosini tashkil etuvchi Saylov kodeksida yangi institut ' aralash saylov tizimi asosida saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi belgilandi.

Mazkur konstitutsiyaviy siyosiy-huquqiy kafolat orqali saylovchilar tomonidan berilgan ovoz, yakunda masala taqdirining hal boʻlishiga imkon beradigan huquqiy kafolat mustahkamlandi.

Xalqaro saylov standartlaridan kelib chiqib, xalqaro normalarda ham fuqarolarning siyosiy huquqlarini amalga oshirish masalalari oʻz ifodasini topgan. Masalan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar orqali oʻz mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga egaligi haqidagi qoida belgilangan. 'Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida'gi xalqaro Paktning 25-moddasi 'a' bandida inson ham bevosita, ham erkin saylangan vakillar orqali davlat ishlarini boshqarishda qatnashishi koʻrsatilgan. Qolaversa, 1990-yildagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Kopengagen hujjatida shunday yozilgan: 'Ishtirok etuvchi davlatlar tegishincha oʻz fuqarolarining bevosita va haqiqiy saylov jarayonida oʻzlari erkin saylaydigan vakillari orqali mamlakatni boshqarishda qatnashish huquqlarini hurmat qiladilar'.

Albatta, mazkur xalqaro hujjatlar fuqarolarning oʻz siyosiy huquqlarini bevosita, hech qanday toʻsiqsiz amalga oshirishlarida huquqiy kafolat sifatida xizmat qiladi, desak, mubolagʻa emas.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining'70-moddasida siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatish tartibi belgilab qoʻyilgan. Jumladan, bir mandatli saylov okruglari boʻyicha deputatlikka yetmish besh nafar nomzod, yaʼni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod koʻrsatishga; partiya roʻyxati boʻyicha yetmish besh nafardan kam boʻlmagan, yuz nafardan koʻp boʻlmagan deputatlikka nomzod koʻrsatishga vakolatli ekani mustahkamlangan.

Rivojlangan davlatlarda siyosiy partiyalar pozitsiyasi, gʻoya va maqsadlariga qarab ovoz berish tendensiyasi yildan yilga kuchayib borishi kuzatilmoqda. Shu maqsadda ham mamlakatimizda parlament saylovlarida majoritar tizimdan aralash (majoritar-proporsional) tizimiga oʻtish masalasi taklif etilgani bejiz emas.

Maʼlumki, xalqaro tajribada saylov tizimining majoritar, proporsional va aralash turlari mavjud.

Majoritar saylov tizimida saylovchilar tegishli okruglar boʻyicha nomzodi koʻrsatilgan aniq bir shaxsga oʻz ovozini beradi, koʻpchilik ovozini olgan nomzod esa saylangan hisoblanadi.

Proporsional saylov tizimida saylovchilar aniq bir shaxsga emas, balki nomzodlar roʻyxati oldindan shakllantiriladigan partiyaga ovoz beradi. Yaʼni mazkur tizimda saylovchi siyosiy partiya uchun ovoz beradi.

Aralash saylov tizimi esa majoritar va proporsional saylov tizimlarining yigʻindisi sanaladi. Bunda mandatlarning bir qismi proporsional saylov tizimi boʻyicha, boshqa qismi majoritar saylov tizimi orqali taqsimlanadi.

Xabaringiz bor, endilikda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatidan 75 nafari bir mandatli hududiy okruglar boʻyicha saylansa, qolgan yarmi siyosiy partiyalarning roʻyxatlari asosida saylanadigan boʻldi. Mazkur oʻzgarishlar siyosiy partiyalar oʻrtasida sogʻlom raqobatni kuchaytirish asnosida fuqarolarimizning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki kengayishiga xizmat qiladi. Siyosiy partiyalarning oʻz saylovchilari oldida masʼuliyati va hisobdorligi kuchayadi.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistondagi saylov jarayonlarida majoritar saylov tizimi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Majoritar tizim deganda koʻpchilikni tushunamiz, yaʼni saylovda koʻpchilik ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Mazkur tizimda gʻolib nomzodni aniqlashning bir necha turlari mavjud.

Jahondagi saylov tizimlariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, majoritar saylov tizimning uch turi mavjud: mutlaq, nisbiy va malakali koʻpchilik.

birinchi holda mutlaq koʻpchilik ovoz toʻplagan nomzod saylangan deb hisoblanadi ' ovozlarning 50+1 foizi;

ikkinchi holda boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz olgan nomzod (nisbiy koʻpchilik) gʻolib deb topiladi;

uchinchi holda nomzod gʻolib deb topilishi uchun malakali koʻpchilik ovozlarni olishi kerak ' 2/3, 3/4 va hokazo.

Mutlaq koʻpchilik tizimidagi saylovlarda mutlaq koʻpchilik ovoz toʻplagan nomzod saylangan deb eʼtirof etiladi. Nomzodlarning hech biri mutlaq koʻpchilik ovozga ega boʻlmasa, ikkinchi tur tashkil etiladi, unda odatda eng koʻp ovoz olgan ikki nomzod oʻrtasida takroriy ovoz berish tashkil etiladi. Ikkinchi turda saylovchilarning nisbiy koʻpchilik ovozini olgan nomzod gʻolib hisoblanadi. Bu tizim, xususan, Fransiyada barcha darajadagi deputatlar saylovlarida, Misr, Eron, Litva kabi davlatlarda vakillik organlarini shakllantirishda keng qoʻllaniladi.

Ushbu tizim amalda boʻlgan mamlakatlarda odatda saylovlar boʻlib oʻtganini tasdiqlash uchun saylovchilarning qatnashganining quyi foizi belgilangan. Agar qonunda belgilangan miqdordagi ovoz beruvchilar saylovlarda qatnashmasa, saylovlar oʻtmagan hisoblanadi (bizning saylov qonunchiligimizda bu talab saylovchilarning 33 foizini tashkil etadi).

Misol tariqasida, Fransiya parlamenti ' Milliy Assambleya aralash saylov tizimidan foydalangan holda 5-yil muddatga saylanadi. Koʻrsatilgan nomzod birinchi turda saylanishi uchun berilgan ovozlarning mutlaq koʻpchiligini olishi kerak boʻladi. Hech kim koʻpchilik ovozga ega boʻlmasa, bir haftadan keyin ikkinchi tur oʻtkaziladi. Unda birinchi turda roʻyxatga kiritilgan saylovchilar sonining kamida 12,5 foizi ovozini olgan nomzodlar ishtirok etishi mumkin. Ikkinchi turda saylanish uchun nisbiy koʻpchilik ovozini olish kifoya.

Masalan, 2019-yil boʻlib oʻtgan parlament saylov yakunlari boʻyicha ham 25 ta saylov okrugida takroriy ovoz berish jarayoni oʻtkazilgan. Mazkur jarayonda deputatlar ovoz berish natijalarini aniqlashning nisbiy koʻpchilik turi asosida saylangan.

Mutlaq koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar tizimning oʻziga xosligi shundan iboratki, yuqorida keltirilgan misolimizda mutlaq koʻpchilik ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi, qolgan nomzodlarga berilgan ovoz esa yoʻqolib ketadi va natijada qolgan nomzodlarga ovoz bergan saylovchilar oʻz vakillarini parlamentga oʻtkaza olmaydi. Qolaversa, majoritar tizimning bu turida kichik partiyalarning belgilangan mandatlarga ega boʻlish imkoniyatlari cheklanadi.

Mutlaq koʻpchilik saylov tizimining yana bir oʻziga xosligi shundan iboratki, u har doim ham birinchi turda natija beravermaydi. Bunday vaziyatlar yuzaga kelgan holatlarda koʻpchilik mamlakatlarda saylovlarning bir necha bosqichda oʻtkazilishi kuzatiladi. Bu esa saylovchilarning saylovda faol qatnashishi susayishiga, ortiqcha sarf-xarajatlarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

Majoritar tizimining nisbiy koʻpchilik turiga asoslangan saylovlarda gʻalaba qozonish uchun nomzod oʻz raqobatchilariga nisbatan koʻproq ovoz olishi kerak va bu yerda mutlaq koʻpchilik, yaʼni yarmidan koʻp ovoz olishi shart emas. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo 193 ta davlatning 50 dan ortigʻida mahalliy yoki milliy saylovlarda nisbiy koʻpchilik tizimi qoʻllaniladi. Xususan, bu tizimdan hozirgi kunda Buyuk Britaniya, Yaponiya, AQSH, Rossiya davlatlari quyi palatalarini shakllantirishda foydalaniladi.

Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasini shakllantirish tajribasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, bir mandatli saylov okrugi boʻyicha roʻyxatga olingan boshqa nomzodlarga nisbatan eng koʻp ovoz olgan nomzod bir mandatli saylov okrugi boʻyicha saylangan deb eʼtirof etiladi. Roʻyxatga olingan nomzodlar tomonidan olingan ovozlar teng boʻlgan taqdirda, birinchi boʻlib roʻyxatga olingan nomzod saylangan hisoblanadi.

Eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2023-yil 18-dekabrda qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun asosida Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga ovoz berish tartibi boʻyicha tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Shundan kelib chiqib, Saylov kodeksining 96-moddasiga koʻra saylov natijalarini aniqlashda bir mandatli saylov okruglari boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi (ilgarigi tahrirda nomzod saylanishi uchun 50 foiz +1 ovozni olish talab etilgan).

Majoritar saylov tizimining nisbiy koʻpchilik turi boshqalariga nisbatan ijobiy xususiyatlarga ega boʻlib, avvalambor, saylovlarda ovoz berish natijalarini aniqlashning ancha sodda usuli hisoblanadi, aksariyat hollarda saylovni bir turda oʻtkazish imkonini beradi. Mazkur tizimda kamdan-kam uchraydigan faqat bir holatda ' ikki yoki undan ortiq nomzod bir xil ovoz olib, gʻolib aniqlanmagan holatda takroriy saylov oʻtkaziladi.

Muxtasar aytganda, saylov natijalarini aniqlashda saylovchilarning xohish-irodasi, ovoz berish tartibi va usullari muhim ahamiyat kasb etadi. Saylov natijalarini aniqlash jarayoni ham doimiy oʻzgarishda, takomillashib boraveradi. Taʼkidlash lozimki, endilikda ovoz berishdagi yangi tartib boʻyicha bir mandatli hududiy saylov okrugida boshqa nomzodga nisbatan koʻp ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Bu esa nisbiy koʻpchilikka asoslangan majoritar saylov tizimining eng asosiy mezonidir. Sherzod ZULFIQOROV, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar doktori.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

29 Jul 15:39
 
51
0
xs.uz

Namanganda ikki yigit bank xodimini 3-qavat derazasidan uloqtirib yubordi

Namangan shahrida 'Agrobank' xodimini oʻz tanishlari 3-qavatdan tashlab yubordi. Bu haqda 'Xalq soʻzi'ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.Bildirilishicha, voqea Namangan shahar Obihayot MFY Ibrat koʻchasida joylagan 10-uyda sodir boʻlgan. 36-xonadonda ijara asosida yashab kelayotgan 22 yoshli X.M. hamda uning tanishi N.L. bilan birgalikda 21 yoshli A.M. (Bank kassiri) bilan oʻzaro janjallashib ketib, A.M.ni qasddan oʻldirish maqsadida xonadoning yotoqxona oy

20 Jul 15:31
 
60
0
xs.uz

Samarqandda somonpoyani yoqib yuborgan fermer xoʻjaligi 244,8 mln soʻm jarimaga tortildi

Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanida gʻalladan boʻshagan yerdagi somon poyalarini yoqib yuborgan fermer xoʻjaligi jarimaga tortilgan. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar xabar berdi.Maʼlum qilinishicha, Kattaqoʻrgʻon tumani Yakkabogʻ MFY hududida 'X.Sh.' fermer xoʻjaligining 8.8 gektar yerida gʻalladan boʻshagan somonpoya yoqib yuborilgan. Oqibatda dala maydoni atrofida oʻsib turgan 240 tup tut daraxtlari shikastlangan.Holat Kattaqoʻrgʻon tuman Ekologiya atrof-muhitn

26 Jul 10:21
 
38
0
xs.uz

Aralash saylov tizimi – siyosiy partiyalar faolligining oʻziga xos drayveri

MushohadaJamiyatimizda mafkuraviy xilmaxillik, koʻp fikrlilik shakllanib borayotgani sababli siyosiy partiyalar oʻrtasida ham oʻziga xos bahs-munozaralar kechmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 5 ta siyosiy partiya boʻlib, ular tomonidan samarali ishlar olib borilyapti. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 22-avgustda yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvda 'Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas boʻlib, uning oʻtkir talablari

26 Jul 10:20
 
37
0
qalampir.uz

Toshkentda notkoin sotgan yana bir yigit qamaldi

Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi 21 yoshli yigit noqonuniy notkoin oldi-sotdisi bilan shug‘ullangani uchun 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Zokirjon Qo‘ziboyev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.  Bildirilishicha, 2024 yil 28 iyun kuni Toshkent shahar IIBB kotibiyati tomonidan ro‘yxatga olingan fuqaro A.A. ning arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilganda fuqaro G‘.Yo. ga tegishli telefon va plastik kart