calendar 26 Jul 10:21
eye 36
comments 0
comments Manba: xs.uz

Aralash saylov tizimi – siyosiy partiyalar faolligining oʻziga xos drayveri

image
Mushohada

Jamiyatimizda mafkuraviy xilmaxillik, koʻp fikrlilik shakllanib borayotgani sababli siyosiy partiyalar oʻrtasida ham oʻziga xos bahs-munozaralar kechmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 5 ta siyosiy partiya boʻlib, ular tomonidan samarali ishlar olib borilyapti. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 22-avgustda yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvda 'Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas boʻlib, uning oʻtkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi', deya alohida taʼkidlagan edi.

Saylovlar siyosiy partiyalar uchun oʻziga xos imtihon vazifasini oʻtaydi. Saylovlar koʻppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, dunyoda umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga mos holda oʻtishi esa koʻp jihatdan siyosiy partiyalarning ushbu jarayonga puxta tayyorgarlik koʻrishi hamda chuqur oʻylangan yangi gʻoya va maqsadlar, dasturlar bilan ularda faol ishtirok etishiga bogʻliq.

Dunyoda saylovlarni oʻtkazishning bir qancha turi mavjud. Ulardan keng tarqalganlari majoritar, proporsional va aralash saylov tizimlaridir. Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy Kengashlarga saylov shu vaqtga qadar majoritar usulida oʻtkazib kelingan boʻlsa, saylov qonunchiligiga kiritilgan soʻnggi oʻzgartirishlarga koʻra parlament quyi palatasiga saylovlarda majoritar va proporsional tizimlarni uygʻunlashtirish asosida aralash saylov tizimidan foydalanilishi, qolaversa, mahalliy Kengashlarga saylov majoritar tizimda oʻtkazilishi belgilandi.

Tabiiyki, aralash saylov tizimida siyosiy partiyalar faoliyatiga yangicha yondashuvlarni joriy qilishni taqozo etadi.

Huquqiy asos

2023-yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan umumxalq referendumida xalqimiz oʻzining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qildi.

Unda milliy davlatchilik taraqqiyotining hozirgi bosqichida jamiyat va davlatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilangan boʻlib, yangi Oʻzbekistonning strategik maqsadlarini roʻyobga chiqarishning siyosiy-huquqiy asoslari aniq koʻrsatib oʻtilgan.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 8-maydagi 'Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida'gi Farmoni bilan majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimini joriy etish belgilandi.

Farmon ijrosi doirasida 2023-yil 18-dekabrda 'Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida'gi Konstitutsiyaviy Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonun bilan mamlakatimizda parlament quyi palatasi saylovlari mutlaqo yangicha tizim ' majoritar-proporsional saylov tamoyillarini oʻzida mujassamlashtirgan aralash saylov tizimi asosida oʻtkazilishi belgilab qoʻyildi.

Yaʼni shu vaqtga qadar saylov qonunchiligiga koʻra Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik nafar deputatlik korpusi saylovini oʻtkazish uchun xuddi shunday miqdorda saylov okrugi tuzilishi va har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanishi koʻzda tutilgan boʻlsa, endilikda parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari majoritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa proporsional usul asosida yagona saylov okrugida partiyalar tomonidan koʻrsatilgan partiya roʻyxati boʻyicha saylanadi.

Eʼtiborga molik yana bir masala. Saylov kodeksining 96-moddasiga koʻra, endilikda majoritar saylov tizimi asosida saylanadigan deputatlikka nomzod bir mandatli saylov okruglari boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan koʻpining (mutlaq koʻpchilik) emas, balki boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq (nisbiy koʻpchilik) ovozini olsa, saylangan deb hisoblanadi. Bu yangilik takroriy ovoz berishni oʻtkazish bilan bogʻliq ortiqcha vaqt va xarajat sarflashning oldini olishga xizmat qiladi.

Bu borada dunyo tajribasi qanday?

Dunyo tajribasida saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazishning keng tarqalgan 'majoritar', 'proporsional' hamda yuqoridagi ikkita tizimning uygʻunlashuvidan hosil boʻlgan 'aralash' saylov tizimlari mavjud.

2023-yil 19-dekabrga qadar amalda boʻlgan saylov qonunchiligiga koʻra Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 150 nafar deputat saylov oʻtkazuvchi har bir saylov okrugidan roʻyxatga olingan nomzodlarga ovoz berilishi orqali saylanishi belgilangan edi. Bu majoritar saylov tizimi asosida amalga oshiriladi. Yaʼni ushbu tizim boʻyicha saylovchi aniq bir nomzodga ovoz beradi. Hozirgi kunda Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Kanada, Hindiston kabi 79 ta davlatning vakillik organlariga saylov ushbu tizim asosida oʻtkaziladi.

Bu saylov tizimining oʻziga xos ustun va kamchilik jihatlari mavjud. Masalan, saylov jarayonining soddaligi va aholi uchun tushunarliligi; toʻgʻridan-toʻgʻri vakillik, yaʼni saylovchi oʻzi munosib deb hisoblagan muayyan shaxs, nomzodga ovoz berishi; deputatlarning bevosita saylovchilar oldida hisobdor boʻlishini ushbu tizimning ustun tomonlari sifatida koʻrsatishimiz mumkin.

Kamchiliklari sifatida esa u odatda siyosiy kuch sifatida partiyalarning emas, balki muayyan hududdan koʻrsatilgan nomzodlarning obroʻsiga bogʻlanib qolishi, partiya dasturlaridan koʻra nomzodning oʻziga bogʻliq xususiyatlariga eʼtibor qaratilishi, nomzod olib boradigan saylovoldi tashviqoti uni koʻrsatgan partiya dasturiga mos boʻlmasligi, nomzodlar umumdavlat miqyosidagi masalalar qolib, koʻproq mahalliy masalalarga eʼtibor qaratishini koʻrsatish mumkin.

Proporsional saylov tizimida saylovchilar nomzodga emas, balki maʼlum bir siyosiy partiyaga ovoz beradi.

Bu tizimda har bir partiya oʻz nomzodlari roʻyxatini tuzadi va siyosiy partiya olgan ovozlariga mutanosib ravishda deputatlik oʻrniga ega boʻladi. Bu tizimni qoʻllash jamiyatda siyosiy partiyalarning roli oshishiga, ularning saylovchilar oldida masʼuliyati yuqori boʻlishiga, faqat saylov paytida emas, balki doimiy ravishda saylovchilar bilan muloqotda boʻlishiga olib keladi.

Proporsional saylov tizimi Avstriya, Italiya, Braziliya, Niderlandiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Turkiya, Isroil kabi 70 dan ortiq xorijiy davlatlarda qoʻllaniladi.

Ushbu saylov tizimining ustun tomonlari sifatida partiyalarning olgan ovozlari foizi parlamentdagi oʻrinlar soniga proporsional boʻlishi; saylovchilar koʻproq siyosiy platformalar orasidan tanlash imkoniyatiga ega boʻlishi; saylov kampaniyasi xarajatlarining kamligi, yaʼni partiyalar har bir nomzod uchun emas, balki butun mamlakat miqyosida yagona kampaniya olib boradi; siyosiy debatlar sifati oshadi, unda muayyan nomzodlar dasturlari emas, balki gʻoyalar va qarashlar muhokama qilinadi.

Kamchilik tomoni sifatida saylov natijalarini aniqlash murakkabligi; deputatlar maʼlum bir hudud saylovchilari oldida bevosita masʼulligini his qilmasligi; partiya rahbarlarining nomzodlar roʻyxatini shakllantirishdagi rolini suiisteʼmol qilishi mumkinligi; saylovchilarda bevosita nomzodga ovoz berish imkoniyatining yoʻqligini keltirish mumkin.

Majoritar va proporsional saylov tizimlarini uygʻunlashtiruvchi va bir-birini toʻldiruvchi saylov tizimi esa aralash saylov tizimidir. Ushbu tizim Yaponiya, Germaniya, Vengriya, Yangi Zelandiya, Belgiya, Meksika, Ispaniya, Koreya Respublikasi, Ukraina, Qozogʻiston kabi 40 ga yaqin mamlakatlarda qoʻllaniladi. Aralash saylov tizimi qoʻllanilayotgan Germaniya, Bolgariya, Gruziya, Litva, Italiya, Yangi Zelandiya kabi davlatlarda saylovchilarining 50 foizi partiyaviy roʻyxatlarga, 50 foizi esa bir mandatli okruglarda siyosiy partiya koʻrsatgan nomzodlarga ovoz beradi.

Saylov kodeksiga 'Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida'gi Konstitutsiyaviy Qonun asosida kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Yaʼni bunda parlament deputatlarining tegishli bir qismi butun mamlakat hududini qamrab olgan bir mandatli saylov okruglarida koʻpchilik ovozga asoslangan majoritar tizim boʻyicha, ikkinchi qismi esa proporsional tizim boʻyicha saylanadi.

Aralash saylov tizimi hududiy va partiyaviy manfaatlarni ifodalashi bilan muvozanatlashgan vakillikni taʼminlashga xizmat qiladi; partiyalarga va nomzodlarga ovoz berish imkoniyati tufayli ham saylovchilar uchun kengroq tanlov imkoni boʻladi.

Yangicha yondashuvlar zarur

Aralash saylov tizimida muvaffaqiyatga erishish uchun partiyalar moslashuvchan, koʻp qirrali va strategik yondashuvni qoʻllashlari kerak. Bu tizim partiyalarni ham mahalliy, ham milliy darajada faol boʻlishga undaydi va ularning siyosiy mahoratini sinovdan oʻtkazadi.

Endilikda siyosiy partiyalar avvalgi saylovlardan farqli ravishda ikki yoʻnalishda, yaʼni partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar uchun hamda partiyaviy roʻyxat uchun alohida strategiyalarni shakllantirishi lozim boʻladi. Shu bois partiyalar saylovoldi dasturida siyosiy platformasini puxta va aholi uchun tushunarli qilib ishlab chiqishga, yangi hayotiy va xalqchil gʻoyalarni oʻrtaga tashlashga, targʻibot va tashviqotning zamonaviy usullaridan foydalanishga, jamiyat va davlat hayotidagi muhim masalalarni hal qilish boʻyicha oʻzining qatʼiy pozitsiyasini aniq bayon etishiga toʻgʻri keladi.

Shuningdek, aralash saylov tizimida siyosiy partiyalar oʻzlarining siyosiy maqsadlarini aniq belgilab olishi kerak boʻladi. Bunda partiya mafkurasi va dasturlarini ishlab chiqishda aniq strategiyalarni belgilash, aholini oʻzining dasturiga ishontirish, jamiyatdagi muammolar yechimiga oid muqobil takliflarni ilgari surishga jiddiy eʼtibor qaratishi kerak. Bunda, avvalo, siyosiy partiyalar oʻz elektorati manfaatlarini saralashi va ularning muhimligiga qarab dasturlarida aks ettirishi lozim.

Qolaversa, siyosiy partiyalar saylovchilar yoshi va toifasidan kelib chiqqan holda oʻz faoliyatining uzoq muddatli ijtimoiy va gʻoyaviy-psixologik asosini yaratishi, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda saylovchilar ongida tegishli ijtimoiy fikrni shakllantirishga urgʻu berishi lozim boʻladi.

Umuman, saylov qonunchiligi tizimidagi oʻzgarishlar partiyalarning tashkilotchilik funksiyasini jonlantirish bilan bir qatorda, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyishda ham ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshirishiga undaydi.

Shuningdek, aralash saylov tizimida partiyalar saylovoldi tashviqotida qonuniylikka rioya etishi, aniq va tushunarli, real amalga oshirilishi mumkin boʻlgan vaʼdalar berishi, saylovchilarning ehtiyoj va manfaatlarini hisobga olgan holda maqsadli auditoriyaga moslashtirilgan targʻibot materiallari tayyorlashi, targʻibot olib borishda turli aloqa kanallaridan keng foydalanishi, media hamjamiyati bilan ishlashga professional darajada yondashishi muhim sanaladi.

Xususan, raqib partiyalarni tanqid qilishga berilib ketishdan koʻra, oʻz saylovoldi dasturlari afzalliklariga urgʻu berish, faol tarafdorlar va koʻngillilarni safarbar etish ularning saylovlarda ovoz olishining muhim kafolati hisoblanadi.

Aralash saylov tizimida partiyalararo raqobatga ham eʼtibor kuchayadi. Partiyaviy munosabatlarga taʼsir etuvchi tizimli shart-sharoitlar va maʼlum ijtimoiy makondagi barcha partiyaga teng taʼsir koʻrsatadigan partiyalararo raqobat siyosiy tizimning muhim elementidir. Partiyalararo raqobat siyosiy tizimning sogʻlom ishlashini taʼminlaydi va jamiyat rivojiga xizmat qiladi.

Tahlillarga koʻra partiyalararo raqobat jamiyatdagi partiyaviy tizimga bogʻliq. Misol uchun, bir partiyali tizimlarda oʻz-oʻzidan partiyaviy raqobat mavjud boʻlmaydi. Ikki partiyali tizimlarda esa partiyalararo raqobatning afzalligi sifatida hukmron partiya paydo boʻlishining oldini olishga, hokimiyat almashinuvidagi takroriylik sikliga, siyosiy tizim barqarorligiga sabab boʻlishi koʻrsatilgan. Salbiy tomoni sifatida ikki partiyali tizimda partiyalararo raqobat jamiyatning maʼlum bir gʻoya boʻyicha oʻta 'qutblashishiga' olib kelishi, siyosiy dinamizm yoʻqolishiga, yangi gʻoyalarni olib chiqayotgan partiyalarning hokimiyatga kelishiga toʻsqinlik qilishiga olib kelishi mumkin.

Partiyalararo siyosiy raqobat tabiati hamda maʼlum bir jamiyatda qanday vakillik tizimi ' majoritar yoki proporsional ravishda shakllangani bilan ham belgilanadi. Bu ikkala tizimning afzalliklarini oʻzida uygʻunlashtirgan aralash saylov tizimi partiyalararo raqobatda ham eng yaxshi tomonlarini olish imkonini beradi.

Oʻzbekistonda aralash saylov tizimining joriy qilinishi majoritar va proporsional saylov tizimlari yutuqlarini saqlab qolgan holda quyidagi ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi:

saylovchilarda saylovoldi platformasi va dasturi mos kelgan siyosiy partiyani yoqlab ovoz berish imkoniyati paydo boʻladi;

siyosiy partiyalarning saylovchilar bilan ishlashini samarali tashkil etishga xizmat qiladi, ular oldidagi masʼuliyat va hisobdorligini kuchaytiradi;

siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasida koʻproq deputatlik oʻrnini egallash imkoniyati kengayadi;

saylovchi yoqlab ovoz bergan nomzodi saylanmagan taqdirda, uning partiyani yoqlab bergan ovozi maʼlum bir partiyaning deputatlik oʻrniga ega boʻlishida inobatga olinadi;

siyosiy partiyalar bir mandatli saylov okruglarida majoritar saylov tizimi boʻyicha muvaffaqiyatga erisha olmay qolgan taqdirda, proporsional saylovlar bilan buning oʻrnini toʻldirib olishi mumkin boʻladi.

Umuman, aralash saylov tizimi fuqarolar siyosiy huquqlarini kafolatlaydi va demokratik islohotlarni ilgari surishda muhim huquqiy poydevor boʻlib xizmat qiladi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli yanada ortishiga, ular oʻrtasida saylovchilar uchun raqobat shakllanishiga ham zamin yaratib beradi. Akrom TOSHPOʻLATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

26 Jul 10:20
 
34
0
qalampir.uz

Farg‘onadagi kiyim bozorida janjal chiqdi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda “Farg‘ona shahar savdo majmuasi”da tadbirkorlar o‘zaro mushtlashayotgani aks etgan videotasvir tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, holat kecha, 24 iyul kuni soat 13:30 lar atrofida sodir bo‘lgan. Gap shundaki, bozor ma’muriyati bilan tadbirkor o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, tadbirkorlar o‘ziga belgilab berilgan hudud va do‘konlarda savdo qilishi ko‘rsati

15 Jul 16:11
 
102
0
xs.uz

68 yoshda abituriyent boʻlgan otaxon

' Oliygohlarga kirish imkoniyati kengayganini koʻrib, ahdim yanada qatʼiylashdi, ' deydi yoshi ulugʻ abituriyent. ' Oʻqish uchun Namangan muhandislik-texnologiya institutini tanlamoqchiman. Test sinovlariga hozirlik koʻrdim. Nasib qilsa, talaba boʻlaman, albatta.Institut rektori maqsadi yoʻlida sobit turgan otaxonga muvaffaqiyat tiladi.

11 Jul 19:00
 
110
0
qalampir.uz

Rasmiy Toshkent “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li loyihasi uchun 255 million dollar ajratadi

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi “O‘zbekiston temiryo‘llari” kompaniyasiga “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘l loyihasi kompaniyasining ustav kapitalidagi O‘zbekiston ulushini moliyalashtirish uchun 255 million dollar miqdorida kredit ajratadi. Bu haqda Prezident  qarorida so‘z boradi. Qayd etilishicha, ushbu mablag‘ning 14 millioni joriy yil oxirigacha ajratilishi rejalashtirilgan. Kreditlar yillik 5 foiz stavka bilan 15 yil muddatga,

11 Jul 15:12
 
63
0
xs.uz

Ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimot qilindi

'Oʻzbekiston ' ijtimoiy davlat' tamoyili asosida mamlakatimizda aholini qoʻllab-quvvatlash, bu sohada sharoitlarni yaxshilash va xizmatlarni kengaytirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.Bunda nogironligi bor shaxslarga qulayliklar yaratish muhim vazifalardan. Shu maqsadda nogironlikni belgilashda raqamlashgan tizimga oʻtish taklif etilmoqda.Unga koʻra, bu dastlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida, 2025-yil 1-sentyabrga qadar barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi. E