Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining tegishli nizomi e’lon qilindi.
Nizomda keltirilishicha, byudjet muassasalari va tashkilotlari (tibbiyot muassasalari, barcha turdagi umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalaridan tashqari) xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi respublikadagi byudjet muassasalari va tashkilotlarida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 15 foizi miqdorida tashkil etiladi.
Bolalar, qariyalar, nogironlarning “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari, jismoniy rivojlanish imkoniyati cheklangan va jismoniy nuqsonlari bo‘lgan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kollejlar, urush va mehnat faxriylari sanatoriylari, nogironlar reabilitatsiya markazlari va uyda ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmati xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi miqdori mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 25 foizi miqdoriда tashkil etiladi.
Byudjet muassasalari va tashkilotlarida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga bazaviy tarif stavkasi, lavozim maoshi, mehnatni rag‘batlantirish koeffitsiyenti, alohida mehnat sharoitlari uchun to‘lov, uzoq yil xizmat qilgani uchun to‘lov, maxsus unvonlar uchun to‘lanadigan ustama, tuman koeffitsentlari uchun to‘lanadigan ustama, byudjetdan ajratiladigan ikki oylik mehnat haqi fondi miqdoridagi mukofot, bir oylik mehnat haqi fondi miqdoridagi moddiy yordam va ijtimoiy soliq hisoblanadigan boshqa to‘lovlar kiradi.
Moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi byudjet mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi. Maxsus jamg‘arma mablag‘lariga qonunchilikda belgilangan tartibda va o‘rnatilgan stavkalarda ijtimoiy soliq hisoblanadi. Moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘laridan amalga oshirilgan to‘lovlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisoblanadi, shuningdek qonunchilikka muvofiq tegishli ushlanmalar ushlanib qolinadi.
Moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘lari byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlari ish haqiga ustamalar belgilash va xodimlarni mukofotlashga yo‘naltiriladi.
Byudjet muassasalari va tashkilotlarida xizmat vazifalarini tashabbuskorlik va vijdonan bajargan yuqori malakali xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda ishda erishgan yutuqlari uchun lavozim maoshi (tarif stavkasi) hamda ustamani (rag‘batlantirish koeffitsentini) hisobga olgan holda 50 foizidan oshmagan miqdorlarda shaxsiy ustamalar belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan moliyalashtiriladigan davlat boshqaruv organlarining boshqaruv xodimlari uchun ushbu ustamalarining eng yuqori miqdorlari chegaralanmaydi.
Mazkur ustamalar rahbarga yuqori turuvchi tashkilot tomonidan, boshqa xodimlarga muassasa yoki tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi. Ish sifati yomonlashganda, topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmaganda, mehnat va ijro intizomi buzilganda ustamalar bekor qilinishi yoki kamaytirilishi mumkin.
Xodimlarga mukofotlar to‘lash hisobot davri yakuni bo‘yicha hamda yubiley va bayramlarda amalga oshiriladi. Mukofotlar miqdori ishning umumiy natijalariga ularning shaxsiy ulushiga qarab belgilanadi va yuqori miqdorlari chegaralanmaydi.
Mazkur jamg‘arma hisobidan amalga oshirilgan to‘lovlar barcha hollarda (ta’til uchun to‘lov, pensiyani tayinlashda, vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi va boshqalar) o‘rtacha ish haqini hisoblashda hisobga olinadi.