Toshkent shahar hokimiga 2 o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Baxtiyor Halimovich Haydarov Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Ma’lumot uchun, Baxtiyor Haydarov 1989 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 2010 yilda Toshkent moliya institutining bakalavriat, 2012 yilda magistraturasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2009 yilda boshlab, qator mas’uliyatli vazifalarni bajarib kelgan. Shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy sohada muhim tashabbuslarni ishlab chiqish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Shuningdek, Sanjar Shuhratovich Tojiyev Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Ma’lumot uchun, Sanjar Tojiyev 1981 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, 2003 yilda Toshkent davlat Sharqshunoslik institutini bakalavriat, 2006 yilda magistratura yo‘nalishlarida tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2003 yilda boshlagan. Qator mas’uliyatli lavozimlarda, shu jumladan, Toshkent shahar Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.