calendar 11 Apr 13:55
eye 37
comments 0
comments Manba: postda.uz

Bukilmas iroda, sobit eʼtiqod

image

1927-yilning 16-sentabrida Samarqand viloyati Jizzax tumanining Ravonliq qishlogʻida oddiy mirob oilasida oʻgʻil farzand dunyoga keldi. Unga otasining murodini ushaltirdi, endi kelgusi orzu-niyatlarini ham roʻyobga chiqarsin degan niyatda Otamurod deya ism qoʻyishdi.

Otamurodning oʻsmirlik pallasi qirgʻin-barot urush yillariga toʻgʻri keldi. Ochlikni ham, yupunlikni ham oʻz tanasida sinab koʻrdi. Hamqishloqlari orasida kunjara yeb, shishib oʻlib qolganlar ham boʻldi. Mirobning oʻgʻli oʻquvchilik kezlari qorni nonga toʻymasa ham, miyasini ilmga toʻldirib bordi. Shuning uchun boʻlsa kerak, yuqori sinflarda oʻqib yurgan davrida oʻqituvchilar yetishmasligi sababli boshlangʻich sinflarga dars oʻtdi.

Maktabni aʼlo baholarga bitirgach, Toshkent yuridik institutiga oʻqishga kirdi. Oliy oʻquv yurtida ham ilm izlashdan charchamadi. Malakali mutaxassislar hamma joyga kerak. Diplomli lavhamiz qahramoniga Samarqand viloyati Davlat xavfsizligi boshqarmasi talabgor boʻldi. 1950—1952-yillar davomida ushbu tizimda avval tezkor xodim, keyinchalik tergovchi lavozimlarida xizmat qilgach, uni Jizzax shahri militsiya boʻlinmasi boshligʻining oʻrinbosari etib tayinlashdi.

Otamurod Muhammadiyev 1956—1970-yillar mobaynida Urgut tumani militsiya boʻlinmasi, Samarqand tumani militsiya boʻlimi, Samarqand viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash va jinoyat qidiruv boʻlimiga boshchilik qiladi. Shu davr ichida rahbarlik salohiyatini namoyon etadi. Eng muhimi, ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarining oʻziga xos jihatlarini obdan oʻrganadi.

Boy tajribaga ega rahbar sifatida Otamurod Muhammadiyev 1970-yilda Sirdaryo viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari, uch yildan soʻng viloyat IIB rahbari etib tayinlandi.

Yangi lavozimda eng avvalo sohaviy xizmatlarning oʻzaro hamkorligiga alohida eʼtibor qaratdi. Hududiy ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish choralarini koʻrdi. Xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash hamisha diqqat markazida boʻldi. Huquqbuzarliklarning oldini olish borasida boshqa tashkilotlar, keng jamoatchilik bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygani ham oʻz samarasini berdi. Olti yil davomida Sirdaryo viloyatida fidoyilarcha xizmat qilib, ushbu hududning koʻp millatli aholisining ishonchini, hurmatini qozondi.

1976-yilda Otamurod Muhammadiyev kriminogen vaziyat birmuncha ogʻir boʻlgan Samarqand viloyati IIB boshligʻi etib tayinlandi.

Oʻtgan qisqa davr ichida vaziyatni tubdan yaxshilashga erishgani uchun unga «militsiya general mayori» maxsus unvoni berildi.

Jumladan, Samarqandning soʻlim goʻshasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun profilaktoriy-sanatoriy qurilishiga bosh-qosh boʻldi. Hozir viloyat IIB joylashgan muhtasham bino ham aynan shu insonning saʼy -harakatlari bilan bunyod etilgan.

General mayor Otamurod Muhammadiyevga yuksak ishonch bildirilib, 1983-yilda u respublika Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari etib tayinlanadi. Yangi lavozimda yeng shimarib ishga kirishib ketdi. Tizimdagi muammolarni oʻrganish va hal etish maqsadida tez-tez xizmat safarlariga chiqardi. Uning takliflari asosida ichki ishlar organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish, xizmat samaradorligini oshirish chora-tadbirlari koʻrildi.

Oʻtgan asrning 80-yillari oʻrtalarida sobiq Ittifoq Bosh prokuraturasi vakillari T. Gdlyan va N. Ivanov boshchiligidagi «desantchilar» respublikamizning boshqa sohalari xodimlari qatori koʻplab ichki ishlar organlari rahbarlariga ham zugʻum oʻtkazishdi. Nohaq jabrlanganlar orasida general mayor Otamurod Muhammadiyev ham bor edi. 1985-yil yanvarining sovuq kunlaridan birida dabdurustdan uni olib ketishdi. O. Muhammadiyevning oʻsha paytlari Toshkent tumani prokuraturasida tergovchi vazifasida ishlagan oʻgʻli Baxtiyor Muhammadiyev shunday xotirlaydi:

«Kechqurun ishdan kelsam, otamni olib ketishganini, uyda tintuv oʻtkazishganini aytishdi. Tintuv natijalari haqida hech qanday hujjat qoldirishmabdi. Faqat telefon raqami yozib qoldirishibdi. Oʻsha raqamga qoʻngʻiroq qildim. Guruh rahbari N. Ivanov bilan suhbatimiz shunday kechdi:

— Tintuv natijalari boʻyicha bayonnoma nusxasini qoldirmabsizlar. Ushbu hujjat bilan tanishsam boʻladimi?

— Juda oʻqimishli koʻrinasiz.

— Qonun buzilganini bildirmoqchi, bayonnoma bilan tanishmoqchi edim.

— Boshligʻing hozirda Torobovmi? Sen bilan keyin gaplashamiz!

Ertasi kuni ertalab meni viloyat prokuraturasi kadrlar boʻlimi boshligʻi chaqirtirdi. Borsam, oʻz ixtiyorim bilan ishdan boʻshashim toʻgʻrisida ariza yozib berishim borasida topshiriq olganini aytdi. Eʼtiroz bildirganim uchun viloyat prokurori vazifasini bajaruvchi Yu. Torobovning qabuliga kirdik. U ham Markazdan kelgan «desantchilar»dan biri edi.

— Otasi qamoqda oʻtirgan odamning prokuratura sohasida ishlashga haqqi yoʻq, — dedi u.

— Otamning ayblari hali isbotlanmagan. Shaxsni sud aybli-aybsiz deb topadi, — dedim.

— Kimniki agar Ittifoq Prokuraturasi qamagan ekan, demak u yuz foiz aybdor, — dedi Torobov gapni qisqa qilib.

Xullas, koʻpni koʻrgan, oʻzimdan yoshi kattalar bilan maslahatlashib, ixtiyoriy-majburiy tarzda ishdan boʻshadim.

Otamga qarshi koʻrsatma berishi uchun 300 ga yaqin shaxs tergovga jalb qilingan. Ulardan ikki kishigina

qarshi koʻrsatma bergan. Ulardan biri IIV masʼul rahbarlaridan edi. U «Ikki marta menga pul beruvdi», — degan. Yuzlashtiruv jarayonida esa ushbu yolgʻon koʻrsatmasidan tongan. Keyin oʻla-oʻlguncha otamizdan kechirim soʻrab oʻtdi.

Ikkinchi kishi esa Qashqadaryo viloyati IIB rahbarlaridan biri boʻlgan. U «O. Muhammadiyev xizmat safari bilan viloyatimizga kelganida, havo sovib ketdi. Shu sababli mehmonxonada kiyib yurishlari uchun bir dona sport kiyimi olib kelganman», — degan.

Otam 2-yilu 4 oy Moskvadagi Lefortovo tergov hibsxonasida saqlanganlar. Dalil-isbot yetarli boʻlmaganligi sababli tergovchilar jinoyat ishining otamga tegishli qismini harakatdan tugatishga majbur boʻlishgan. Sodda qilib aytganda, ish sudgacha yetib bormay, 1987-yilda reabilitatsiya asoslariga koʻra tugatilgan.

Ungacha otamiz aybsiz ekanligini, nohaq hibsxonada saqlanayotganligini bayon qilib, adolat istab sobiq Ittifoq Bosh prokuroridan va turli yuqori davlat organlarigacha yozma ravishda murojaat qilganmiz. Afsuski, barcha murojaatlarimizga qisqa rad javobini olganmiz».

Nohaq ayblanib, ikki yildan ziyod qamoqxonada saqlanganida unga nima kuch berdi deb oʻylaysiz? Albatta, bukilmas irodasi, sobit eʼtiqodi. Zero, adolat baribir tantana qilishiga, haqiqat qaror topishiga qatʼiy ishonardi. Shu boisdan barcha qiyinchiliklarga sabot bilan bardosh berib, oʻziga qoʻyilgan asossiz ayblarni to oxirgi daqiqalargacha rad etdi.

Otamurod Muhammadiyev pensiyaga chiqqanlaridan soʻng mustaqillik yillarida elimizning atoqli va ardoqli farzandi Sharof Rashidov nomidagi xalqaro fond Markaziy Kengashi raisining oʻrinbosari, mazkur fondning Bosh direktori vazifasida ishladi. U «Shunday ajoyib zamonda charchadim deb chetga chiqsak, uyat boʻladi. El-yurtimizning buyuk kelajagi yoʻlida har birimiz qoʻlimizdan kelganicha mehnat qilishimiz shart. Chunki bu aziz Vatan — barchamizniki», — der edi.

«Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist» faxriy unvoni sohibi, isteʼfodagi general mayor O. Muhammadiyev hayotining soʻnggi kunlariga qadar Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi aʼzosi sifatida faoliyat koʻrsatib, yosh xodimlarni Vatanga va kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qoʻshdi.

«Yaxshidan ot qoladi» deydi dono xalqimiz. Otamurod Muhammadiyevni bilganlar hali ham uning nomini hurmat-ehtirom bilan tilga olishadi. U koʻp yillar maktab va texnikumlarda yosh avlodga saboq bergan turmush oʻrtogʻi Kimyo aya bilan olti farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Oʻgʻillaridan Baxtiyor Muhammadiyev uzoq yillar prokuratura organlarida samarali xizmat qilib, izzat-ikrom bilan pensiyaga chiqqan. Endilikda general bobosining ishini nabirasi podpolkovnik Otabek Muhammadiyev davom ettirmoqda. U hozirgi kunda poytaxtimizdagi Yangihayot tumani IIOFMB boshligʻining oʻrinbosari lavozimida faoliyat yurityapti.

Bobomurod Toshev.

«Postda» muxbiri.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

14 Aug 06:37
 
20
0
xs.uz

Oʻzbekiston YAIM hajmi shakllanishida eng yuqori ulush qaysi hududga tegishli ekani maʼlum qilindi

Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, poytaxt 19 foiz ulush bilan YAIM hajmining shakllanishiga eng katta hissa qoʻshgan.Undan keyingi oʻrinlarni Toshkent (10,2 foiz) va Navoiy (8,5 foiz) viloyatlari egallab turibdi.Respublika YAIM hajmini shakllantirishda eng kam ulush Sirdaryo (1,9 foiz), Jizzax (2,8 foiz) viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasiga (2,8 foiz) toʻgʻri kelgan.

26 Aug 12:29
 
32
0
xs.uz

Oʻzbekistonda bankdan kredit olgan fuqarolar xorijga chiqishiga cheklov qoʻyilganmi?

Oʻzbekistonda bankdan kredit olgan fuqarolar xorijga chiqishiga cheklov qoʻyilganmi? Markaziy bankning Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti direktori Akmal Nazarov bu haqda maʼlumot berdi.Uning bildirishicha, qoidaga koʻra, bank va fuqaro oʻrtasidagi munosabatlarning barchasi fuqarolik huquqiy shartnoma hisoblangan kredit shartnomasi bilan tartibga solinadi. Bank bilan fuqaro oʻrtasidagi shartnomada fuqaroning xorijiy davlatga chiqishiga cheklov oʻrnatadigan

08 Sep 16:45
 
10
0
xs.uz

Xitoy, Keniya va Eron… Bu mamlakatlar Oʻzbekistonga nimaning importida kuchli uchlikni tashkil etadi?

Oʻzbekiston 7 oyda qiymati 28,3 million AQSH dollarlik choy import qilgan.'Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.Maʼlum boʻlishicha, dastlabki maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston 2024-yilning yanvar-iyul oylarida xorijdan qiymati 28,3 million AQSH dollariga teng boʻlgan 19,9 ming tonna choy import qilgan.Oʻzbekiston 7 oyda eng koʻp choy import qilgan davlat sifatida Xitoy koʻrsatilgan boʻlib, Oʻzbekistonga bu davlatdan 16,5 ming tonna choy mahsuloti kirib kelgan.Ikkinchi oʻrinda A

26 Jul 10:18
 
55
0
postda.uz

QIMMATGA TUSHGAN TANISHUV

Azat (ismlar o‘zgartirildi) o‘zining o‘ttiz ikki yillik hayoti davomida ikki marotaba qilmishlari uchun jinoiy jazoga tortildi. Ammo bundan tegishli xulosa chiqarmadi, shekilli, yana jinoyatga qo‘l urdi. Oldingi qilmishi uchun axloq tuzatish jazosini o‘tab yurgan Azat bir kuni «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i orqali Sarvinoz ismli qiz bilan tanishib qoldi. Dastlab shunchaki tanishuv asnosida boshlangan munosabatlar keyinchalik do‘stlikka aylandi. Azat qizning ishonchiga kirishga