calendar 02 Feb 16:30
eye 61
comments 0
comments Manba: xs.uz

“Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmagil, bas endi!”

image
Bugungi murakkab, inson ongiga, erkiga, mamlakatlar mustaqilligi va taraqqiyotiga tajovuzlar kuchaygan davrda Vatan va xalq taqdirini o'z taqdiri deb biladigan, uning tinchligi, ozodligi yo'lida ko'kragini qalqon qiladigan, mard va jasur avlodni tarbiyalash g'oyat dolzarblik kasb etmoqda.

Ishonch inqirozi

2023-yil 22-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur'atlari shiddatli tus olish bilan birga, ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz berayotgani, o'ta ziddiyatli vaziyatlarning ta'siri mamlakatimizda ham sezilayotgani qayd etildi.

Haqiqatan ham, keyingi voqeliklar ' rus shovinistlarining, imperiyachilik vasvasasiga duchor bo'lgan kimsalarning O'zbekiston suvereniteti, ozodligiga ko'z olaytirishi, ming yillar davomida yashab kelayotgan xalqimiz tarixini kamsitishi mintaqamizda yangi keskinlik o'chog'ini yaratish, millatlar va konfessiyalar o'rtasida qarama-qarshiliklarni paydo qilishdek chirkin maqsadlarni ko'zlagani bilan xatarli.

Bunday noxush holatlar ikki mamlakat o'rtasidagi do'stlik, hamkorlik rishtalariga, o'zaro ishonchga putur yetkazishi mumkinligi achinarli.

Ko'pni ko'rgan, ne-ne sinovlarni boshdan o'tkazgan xalqimiz bunday tahdidlardan tahlikaga, sarosimaga tushmaydi. Donishmandlik, bosiqlik bilan, ayni chog'da munosib, jo'yali javoblar qaytaradi. Eng katta boyligi ' ozodligi, Vatan mustaqilligi, o'z taqdirini o'zi belgilash huquqini osonlikcha boy berib qo'ymaydi. Mamlakatimiz barcha diplomatik choralarni ko'radi.

Ey! Sen meni haqir ko'rgan, tuban degan afandi!

Ey! Ustimda bir umrga xo'ja bo'lmoq istagan.

Ey! Bo'ynimga kishan solib, halokatga sudragan,

Ko'zlaringni zaharlatib o'ynatmagil, bas endi!

Erksevar shoir, jadid bobomiz Cho'lponning g'azab va nafratga to'la ushbu hayqirig'i xalqimizga abadiy xo'ja bo'lmoq istagan kuchlarga nisbatan otashin javobdir.

O'zbekiston hamisha tinchlik, totuvlik tarafdori bo'lib kelgan. O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasida so'zlagan nutqida 'ishonch inqirozi' va 'xalqaro huquq me'yorlaridan chekinish' tufayli dunyoda keskinlik ortib borayotganini ta'kidlar ekan, mamlakatlarni 'umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo'ygan holda' jipslashishga chaqirgani bejiz emas.

Binobarin, jahonda geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo'lida yangi to'siqlar vujudga kelmoqda. Hatto iqlim o'zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor masalalarda ham o'zaro muloqot izdan chiqqani sezilyapti.

Bir mintaqa ' bir taqdir

Tarixdan ma'lumki, dunyoning 'yuragi'da, sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan, tabiiy boyliklarga kon mintaqamizga hokim bo'lish, bu o'lkada yashovchi xalqlarni o'ziga bo'ysundirish orzusi ne-ne sarkardalarning tinchini o'g'irlagan. Ularning ana shunday manfur niyatlari el-yurt boshiga qanchadan-qancha g'avg'olarni, azob-uqubatlarni solmagan deysiz?! Jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari salkam bir yarim asr davomida mustamlaka holida umr kechirdi. Rus bosqinchilariga qaram bo'ldi, ular uchun ishladi, sog'lig'idan, orzularidan ayrildi. Zulmu sitamlarga bardosh berib, yorug' kunlarga umid bilan yashadi, intildi. Bu yo'lda qancha-qancha qonlar to'kdi, necha-necha jonlarni boy berdi. Nihoyat, xalqlarimizning peshonasiga yana oftob tegdi ' istiqlolga erishdi.

O'tmish saboqlari anglatadiki, mintaqamizda yashovchi millatlarning quvonchi ham, qayg'usi ham, orzusi ham, armoni ham bir bo'lib kelgan va bugun ham shunday. O'zbekning baxti ' qozoqning ham, qirg'izning ham, tojikning ham, turkmanning ham saodati yoki aksincha... Xudo ko'rsatmasin! Qisqacha aytganda, bir mintaqa ' bir taqdir.

Tan olishimiz kerak: mintaqamiz bugungi kunda ham yirik davlatlarning geosiyosiy manfaatlari va yashirin da'volari o'zaro to'qnashadigan jozibador joy bo'lib qolmoqda.

Shu bois agar Markaziy Osiyo davlatlari o'z suvereniteti va davlat mustaqilligini yanada mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash, shuningdek, mintaqada ijobiy siyosiy vaziyatni yaratish uchun zarur choralarni ko'rmasa, yirik kuchlarning o'zaro raqobati keskinlik kelib chiqishiga sabab bo'lishi mumkin.

Markaziy Osiyodagi jarayonlarda ishtirok etayotgan yirik davlatlarning manfaatlari turlicha, ular ba'zan umumiy nuqtalarga ega bo'lish bilan birga, ayrim hollarda o'zaro ziddiyatli hamdir. Shubhasiz, bunday davlatlarning intilishlari to'qnashuvi mintaqa mamlakatlari manfaatlariga javob bermaydi, chunki ular Markaziy Osiyo davlatlari oldiga ba'zan 'geosiyosiy tanlov' shartini qo'yadi va bunda bir tomonga yondashish boshqa tomon bilan munosabatlarni buzishi mumkin.

Tabiiyki, har qanday suveren davlat xalqaro maydonda tashqi kuchlarning manfaatlariga qarab emas, o'z ehtiyojlarini hisobga olgan holda emin-erkin harakat qilishni, o'z irodasini turli tomonlar bosimiga bo'ysundirmaslikni xohlaydi. Ammo yirik davlatlar bizga nisbatan ham 'yo biz bilan bo'ling yoki ular bilan' degan ochiqdan ochiq tahdidlar bildirishga o'tdi. Milliy respublikalarni ta'sir doirasida saqlab qolish uchun barcha chorani ko'rayotgan, buning uchun esa o'zaro munosabatlarda turli 'ittifoqlar' g'oyalarini zo'r berib tiqishtirayotgan, siyosiy, iqtisodiy va boshqa tazyiqlar o'tkazilayotgan bir paytda O'zbekiston rahbari bu urinishlarning behudaligini oshkora e'tirof etdi. O'zbekiston ikkinchi darajali rolga aslo rozi bo'lmaydi. Yoki uzoq xorijdagi ayrim yirik siyosiy markazlarning yaqin sheriklarimiz bilan hamkorlikdan qaytarishga urinishlari ham bo'lyaptiki, mamlakatimiz bunday bosimlarga aslo yon bermaydi.

Tashqi siyosatimiz ana shunday vaziyatlarning oldini olishga, milliy manfaatlar poymol bo'lishiga yo'l qo'ymaslikka, O'zbekiston bilan sheriklikdan manfaatdor har bir tomon uchun teng huquqli, o'zaro manfaatli munosabatlarni ta'minlashga qaratilgan.

Bu maqsadga erishish omillari sirasiga yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan muvozanatli strategik sheriklik tizimini shakllantirish, qo'shni davlatlar bilan konstruktiv va yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, global darajada keskin o'zgarishlarning keng miqyosdagi ta'sirini yumshatishga yordam beradigan barqaror mintaqaviy xavfsizlik tizimini barpo etish kabi yo'nalishlar kiradi.

Masalan, O'zbekiston ham Sharq, ham G'arb, ham Shimol, ham Janubdagi davlatlar bilan strategik sheriklik munosabatlarini o'rnatmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ham bu borada muhim rol o'ynaydi. Shubhasiz, O'zbekiston dunyoning yirik davlatlari raqobati mintaqamiz mamlakatlari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini istamaydi. Pozitsiyamiz, avvalo, milliy manfaatlarimiz, mintaqa xavfsizligi va taraqqiyotini ta'minlash zarurati bilan bog'liq. Ya'ni O'zbekiston mintaqadagi barcha kuchlarning o'zaro hamjihatlik va konstruktiv hamkorlik makoni bo'lish tarafdori hisoblanib, teng huquqli va mushtarak manfaatlar asosiga qurilgan o'z tashqi siyosatida qat'iy turibdi.

Qisqasi, O'zbekiston mustaqil va o'zaro manfaatdorlikka asoslangan siyosatini davom ettiraveradi. Xalqimizning manfaatlari birinchi o'ringa qo'yilaveradi. O'zbekiston tinchlikparvar siyosat asosida harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmaydi. Biz suverenitetni hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, nizolarni tinch yo'l bilan hal etish, kuch ishlatmaslik va o'zaro manfaatlarni hisobga olishning umume'tirof etilgan xalqaro me'yorlari va tamoyillari asosida tashqi siyosatdagi sheriklarimiz bilan teng huquqli hamkorlikni amalga oshiraveramiz.

Eng oliy ne'mat

Barcha davrlarda xalqlarning o'z mustaqilligini saqlab qolishi g'oyat murakkab kechgan. Bu yo'lda qanchadan-qancha jonlar fido qilingan.

Shukrki, O'zbekiston bundan qariyb o'ttiz uch yil oldin turli qon to'kishlarsiz, demokratik va tinchlik yo'li bilan istiqlolga erishdi. Biroq mana shu baxtga hech qanday yo'qotishlarsiz yetishdi deya olmaymiz. Mustamlaka sharoitida xalqimizning joni ham, moli ham talandi, oyoqosti qilindi. Paxta dalalarida ertayu kech xuddi quldek ishlatildi.

Yurtimizda olib borilgan paxta siyosati xalqimiz peshonasiga yozilgan balo bo'ldi. Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, ta'lim tizimini izdan chiqardi.

Bugun mustaqillikni saqlab qolish barcha suveren davlatlar uchun nihoyatda murakkab kechayotgani ayon. Qanchalik qiyin bo'lmasin, O'zbekiston tanlab olgan o'z yo'lidan og'ishmay olg'a intilmoqda.

Hozirgi kunda erksizlik davri qoldirgan barcha asoratlardan butkul qutulishga intilmoqdamiz. Jumladan, paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha o'z egasini topdi. Natijada o'qituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi, tadbirkorlar paxta 'o'lponi'dan ozod bo'ldi, majburiy va bolalar mehnatiga chek qo'yildi. O'zbekiston xalqaro 'qora ro'yxat'lardan chiqarildi.

Istiqlol tufayli, Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan boshlangan islohotlar bois yangi O'zbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Xalqaro maydonda Vatanimizga nisbatan hurmat va e'tibor oshdi. Qo'shni mamlakatlar bilan do'stona munosabatlar o'rnatildi. Yillar davomida yechimini kutayotgan muammolar izchil hal etilyapti. Buning natijasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha sohadagi aloqalarimiz yangi bosqichga chiqdi.

Istiqlol xalq va millatning o'z taqdirini o'zi hal qilish, istiqbolini o'zi belgilash, milliy davlatchilikni barpo etish, ichki va tashqi siyosatni daxlsiz olib borish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan jamiyat qurish imkonini berdi.

Afsuski, global dunyoda yosh mustaqil davlatlarni tanlab olgan taraqqiyot yo'lidan, orzu-maqsadlariga erishish, yangi jamiyat qurish yo'lidan qaytarish urinishlari tinganicha yo'q. Bu yo'lda ayrim siyosiy markazlar, yirik kuchlar, avvalo, mustaqil dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan yoshlarning qalbi va ongi mo'rtligidan foydalanib, ularning ma'naviyatini buzishga, xalq tarixi, urf-odatlari, qadriyatlariga bepisand munosabatni shakllantirishga, havoyi maqsadlar, mag'zi puch g'oyalar bilan chalg'itib, o'zining g'arazli niyatlarini amalga oshirish yo'lida qurol qilib olishga urinmoqda.

Bugungi qiyin va ziddiyatli bir paytda, mamlakatimiz sarhadiga yaqin joylarda urushlar ro'y berib, qon to'kilib turgan bir vaziyatda O'zbekistonda tinchlik va barqarorlik ta'minlanib, inson uchun eng oliy ne'mat ' yashash va osoyishta hayot kechirish huquqi to'la kafolatlangan. Shunday ekan, osuda hayotimizni, erku saodatimizni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir.

Ongu qalb mudofaasi

Vatanimiz oldida turgan eng ezgu maqsadlar ' mamlakatimizning kelajagi, erkin va farovon hayotimiz, avvalambor, yangi avlod, unib-o'sib kelayotgan yoshlarning qanday insonlar bo'lib voyaga yetishiga bog'liq.

Bugun dunyo va atrofimizda kechayotgan murakkab jarayonlar, u yoki bu mamlakatda irqchilik, millatchilik, shovinistik, diniy toqatsizlik ko'rinishidagi jinoyatlarning ortib borayotgani, alkogol ichimliklar, giyohvandlik moddalarini iste'mol qilayotgan yoshlar soni ko'payayotgani, ma'naviyat va tarbiya masalalariga e'tiborsizlik har qanday davlat xavfsizligini, uning milliy manfaatlarini xavf ostiga qo'yishi va oxir-oqibatda jamiyatni tanazzulga yetaklashi mumkinligini ko'rsatmoqda.

Ekspertlar fikricha, ma'naviyat sohasida bo'shliq paydo bo'lishi jinoyatchilik ko'lamining oshishiga sabab bo'larkan. Afsuski, ana shu bo'shliq ortidan bugun dunyoning bir qator mamlakatlarida oila va jamiyat hayoti jiddiy xavf ostida qolayotir. Biz ham bunday xatarlardan xoli emasmiz. Insoniylik aqidalariga mos kelmaydigan turli buzg'unchilik, vahshiylik, zo'ravonliklar tasvirga tushirilgan kinofilmlar, ma'nisiz seriallar, OAV va internet orqali targ'ib etilayotgan 'behayo sahnalar' yoshlar tarbiyasini buzishga xizmat qilyapti xolos. Bunday urflarni ko'z-ko'zlash ortida odamni faqat hayvoniy nafs bilan yashaydigan jonzotga aylantirishdek tuban maqsadlarni ko'zda tutayotgan katta kuch, xatarli mafkura borligidan aslo ko'z yumib bo'lmaydi.

Shuning uchun ushbu muammoni keng miqyosda, hayotimizga daxldor masala sifatida o'rganish, tahlil qilish va baholash maqsadga muvofiq. Jahonning qaysi burchagida bo'lmasin, ma'naviyatga qarshi tahdid paydo bo'ladigan bo'lsa, o'zining bugungi kuni va ertangi istiqbolini o'ylab yashaydigan har bir ongli inson, har bir xalq tashvishga tushishi, uning oldini olish uchun kerakli choralarni ko'rishi shart.

Mana shunday tahlikali sharoitda biz barqarorlik va xavfsizligimizga ziyon yetkazadigan har qanday tahdid va xatarlarga keskin qarshi turishimiz lozim. Ayni vaqtda shuni e'tirof etish kerakki, mamlakatimizning izchil va barqaror rivojlanishidan manfaatdor bo'lmagan turli buzg'unchi tashqi kuchlarga asosli javoblarimiz, samarali tadbirlarimiz doim shay bo'lishi shart. Xalqimiz yanada jipslashishi, bir musht bo'lib ularga qarshi turishi kerak.

Bugun jonajon O'zbekistonimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, farzandlarimiz va nabiralarimizning yorug' kelajagini ta'minlash uchun metin iroda, jipslik va yakdillik har qachongidan ham zarurdir.

Darhaqiqat, mamlakat xavfsizligi ongu qalb mudofaasidan boshlanishi nazarda tutilib, yurtimizda ma'naviy-ma'rifiy islohotlar yangi sur'at bilan davom ettirilmoqda. Bu boradagi ishlarni izchil yo'lga qo'yish uchun har qanday mablag', kuch, vaqt ayalmayapti.

Zotan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, 'agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo'lsa, uning joni va ruhi ma'naviyatdir. Biz yangi O'zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi ' bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi ' ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma'naviyat'.

Jamiyatda sog'lom muhitni qaror toptirish, yoshlarda odob-axloq, birovning haqidan qo'rqish, Vatanga sadoqat, ota-ona, ustoz-murabbiylarga hurmat-ehtirom, yon qo'shnilar bilan samimiy munosabat, saxovat va bag'rikenglik tamoyillarini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ana shu ulug' maqsadni ko'zlagani bilan ahamiyatlidir.

Bugun kitobxonlik, mutolaa madaniyatini yuksaltirish nihoyatda dolzarb. Kitobxonlik ' xalqimiz dahosi yaratgan bebaho boylikni, azaliy qadriyatlarimiz va umuminsoniy fazilatlarni, ajdodlarimiz merosini ongu qalbga singdirishning eng samarali yo'li. Yoshlarimizni mutolaaga o'rgatmasak, ularda bilim va halollikka muhabbat, mehnatsevarlikni tarbiyalamasak, barcha sohada erishishga intilayotgan marralarimiz bizdan uzoqlashib boraveradi.

Ilm va yaxshi axloq ' saodat kaliti

Ertangi kun egalari tarbiyasi ma'naviyat sohasi, matbuot va OAV, ziyolilardan jamiyat oldidagi o'z ma'naviy burchini astoydil his etishni, kasbga yanada mas'uliyat va fidoyilik bilan yondashuvni, milliy manfaatlarimizning tom ma'nodagi himoyachisiga aylanishni talab etadi. O'zini yurtparvar deb bilgan har bir ziyolining Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning xalqaro maydonda munosib obro'-e'tibor qozonishi, bugungi notinch zamonda, ayniqsa, yon-atrofimizdagi vaziyat keskinlashib borayotgan bir paytda ona yurtimizni asrab-avaylash, do'stni dushmandan, oqni qoradan ajratishga, aholimizni doimo sezgir va ogoh bo'lib yashashga da'vat etishda o'z hissasini qo'shishi alohida ahamiyatga ega.

Bugun ogohlik va hushyorlik ' har bir yurtdoshimizning kundalik qoidasiga aylanishi shart. Bu haqda mulohaza yuritganda, eramizdan avvalgi VI asrda yashagan Xitoy faylasufi Sun Szi o'z qo'llanmalarida qayd etgan ma'naviy va axboriy xurujlarning uslublari yodga keladi. Faylasuf g'animni yengish uchun 'dushmaningiz mamlakatidagi hamma yaxshi narsalarni parokanda qiling, rahbarlar obro'sini to'king va o'rni kelganda ularni jamoatchilik oldida izza qiling, shu maqsadda eng qabih va razil kishilar bilan hamkorlikdan foydalaning, fuqarolari orasida nizo va to'qnashuvlar keltirib chiqaring, axborot va sheriklar sotib olish uchun taklif va sovg'alarga saxiy bo'ling, yoshlarni keksalarga gij-gijlang, umuman, pulni ham, va'dalarni ham ayamang, chunki ular ajoyib natijalar beradi', deydi.

Biz bugun dunyo deb atalmish ulkan sahnada ana shunday ssenariylar kun sayin sayqallanayotganiga, rivojlantirilayotganiga, yoshlar gij-gijlanayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz. Demak, jahonda turli xurujlar haligacha tinmayotgan, aksincha, ham shaklan, ham mazmunan kengaytirib borilayotgan ekan, hayotga ochiq nazar bilan qarash, doimo sergaklik, ma'naviy uyg'oqlik har birimiz uchun muqaddas burch bo'lib qolaveradi. Ijodkor ziyolilar, ma'naviyatchilarning jamiyat oldidagi mas'uliyati, javobgarligi yanada kuchayadi.

Bu shuni ham ko'rsatadiki, biz uchun ayni paytda katta yoki kichik, ahamiyatli yoki ahamiyatsiz mavzuning o'zi qolmagan. Yana bir gap. Har bir yurtdoshimiz o'zining, oilasining taqdiri va ertangi kuni uchun rivojlanish yo'limizda g'ov bo'lib turgan to'siqlarga qarshi qat'iy kurash olib borishi kerak.

Mutafakkirlarning 'davlatning vazifasi insonlarni baxtli-saodatli qilishdir. Bu maqsadga esa ilm va yaxshi axloq yordamida erishiladi', degan hikmatli so'zlari judayam o'rinli aytilgan. Chunki ta'limni, ma'naviyatni rivojlantirmasdan turib, yuksak taraqqiyotga erishib bo'lmaydi. Har qanday muammoning yechimi ham, ertangi kunimizni hal qiluvchi omil ham, shubhasiz, ta'lim-tarbiyadir. Bugun hayotga mana shunday yondashuvni zamonning o'zi taqozo etmoqda va bu keskin talablardan yuz o'girib bo'lmaydi.

Bu o'rinda gap qandaydir targ'ibot-tashviqot haqida emas, balki odamlarning ko'ngil ko'zini ochish, ularning qalbi va ongida mustaqil fikr uyg'otish haqida bormoqda. Chunki hozirgi davrda, xalqaro maydonda turli siyosiy manfaatlar to'qnashayotgan murakkab bir sharoitda faqat o'z fikri, o'z hayotiy pozitsiyasiga ega bo'lgan, ma'naviyatli, komil xalq va jamiyat yengilmas kuchga aylanib, o'z kelajagini o'z qo'li va aql-zakovati bilan qurishga qodir bo'ladi. Shu nuqtayi nazardan, yurtdoshlarimizni davlat qurilish tizimi, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohadagi islohotlar, mamlakatni demokratik jihatdan yangilash jarayonlaridan xabardor qilish bilan birga, O'zbekiston manfaati har birimiz uchun birlamchi ekanini doimo anglatib turuvchi jarchilarga aylanmog'imiz shart.

Davlat tepasiga kelgan har bir rahbar ma'lum islohotlarni amalga oshirishga, ichki va tashqi siyosatda yangicha yo'l qidirishga harakat qiladi, albatta. Ammo xalqning, millatning ruhiga, orzu-intilishlariga, maqsad-muddaosiga mos, iqtisodiy, ma'naviy asoslari mustahkam islohotlargina amalga oshadi, xalq turmush tarziga ta'sir ko'rsatadi. Quruq, balandparvoz, tag-zamini puch va'dalardan iborat islohotlar esa qog'ozning o'zida qolib ketadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev biz eskicha yashay olmaymiz, ortga qaytmaymiz, inson qadri uchun kurashamiz, mustaqillikni ko'z qorachig'idek asraymiz, degan ulug' maqsadlarni kun tartibiga qo'ydi. Bu ' xalqning tili va dilidagi gap, pishib yetilgan maqsad. Demak, turli sohalarga mas'ul etib qo'yilgan rahbarlar o'zini, faoliyatini tanqidiy ko'z bilan yana bir bor qayta tahlildan o'tkazishi, javobgarlikni yanada chuqurroq his etishi maqsadga muvofiqdir.

Bilagi zo'r birni yiqar, bilimi zo'r ' mingni

Istiqlolni, tinchlikni asrashning o'zi bo'lmaydi. Buning uchun kuchli ma'naviyatga ega xalq bilan birga, harbiy-jangovar salohiyati yuqori va yuksak ma'naviy salohiyatli Qurolli Kuchlar ham zarur.

Keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o'zgardi. Bugungi kunda O'zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta'minlashga qodir bo'lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi.

Dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini ta'minlash, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni asrab-avaylashda askarlarimizning ma'naviy salohiyatini, vatanparvarligini yuksaltirishga davlat siyosati darajasida e'tibor berilyapti.

Jumladan, Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish ustuvor yo'nalishlardan biri etib belgilandi. Ushbu strategiya asosida Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini amalga oshirish, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog' va harbiy texnikalar bilan ta'minlash hamda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish bo'yicha aniq chora-tadbirlarni ko'zda tutadigan qarorlar qabul qilindi.

2022-yildan buyon harbiy qismlarda 'Amir Temur jangovar bayrog'i uchun' musobaqalari o'tkazilmoqda. Qo'shinlarning jangovar tayyorgarligini oshirish, harbiy an'analarni yanada mustahkamlash, buyuk ajdodlarimizga munosib, mard va jasur, bilimli va jismonan baquvvat Vatan himoyachilarini tarbiyalashda ushbu musobaqalar beqiyos ahamiyatga ega.

Ayni vaqtda azmu shijoatli askarlarimiz xalqaro maydonlarda o'tkazilayotgan ko'plab nufuzli harbiy musobaqalarda ham faxrli o'rinlarni egallab kelayotgani, jumladan, Xalqaro armiya o'yinlari, 'Kembriya patruli' va boshqa yirik harbiy-sport musobaqalarida bir necha yillardan buyon salmoqli yutuqlarni qo'lga kiritayotgani barchamizni quvontiradi, qalbimizni faxrga to'ldiradi.

Shu bilan birga, Vatanimizning bo'lg'usi qalqonlarini ' yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma'naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Harbiy xizmatchilarning oila a'zolari hamda soha faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham jiddiy ahamiyat berilmoqda.

Dunyoda ro'y berayotgan gibrid xarakterdagi qurolli to'qnashuvlar Qurolli Kuchlarning jangovar harakatlar jarayonida ilgari amalda qo'llanilmagan qurollardan foydalanadigan kuchlarga qarshi kurasha olish qobiliyatini oshirishni, bilim va salohiyat, dunyoqarash va sergakligini yuksaltirishni taqozo etyapti. Bunday sharoitda, avvalo, jangovar harakatlarning samarali shakl va usullarini tadqiq hamda tatbiq etish, harbiy ta'lim dasturlarini ilg'or tajriba asosida yangilash, pedagoglar malakasini oshirish, Vatan himoyachilarining axloqiy-ruhiy va jangovar tayyorgarligini yanada kuchaytirish choralarini izchil davom ettirish talab qilinadi.

Shonli tariximiz, buyuk ajdodlarimiz, yengilmas sarkardalarimiz tajribasi, jasorati, ularning 'Bilagi zo'r birni yiqar, bilimi zo'r ' mingni' degan dono o'gitlari harbiy ta'lim sohasi hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda asosiy shiorga aylantirilishi g'oyat muhim. Bu boradagi ishlarda 'Xalq va armiya ' bir tanu bir jondir' degan tamoyildan kelib chiqib davlat va jamoat tashkilotlari, harbiy-ma'muriy sektorlar va keng jamoatchilik hamkorligi kutilgan samarani berishiga ishonchimiz komil.

Muxtasar aytganda, mudofaa sohasi insonning ma'naviy olamini asrash bilan chambarchas bog'liqdir. Zotan, kishi tanasining ham, jonining ham, ongu qalbi, ruhining ham xavfsiz ekanini bilib, teran his qilib tursa, xotirjam yashaydi, hayotidan rozi bo'ladi. Ertangi kunga ishonch bilan boqadi. Chinakam baxt-saodatni tuyadi.

Bunday tole, halovat, to'kis turmush barqarorligi uchun esa xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o'rtasida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatdan mutlaqo yangi bosqichga ko'tarishimiz lozim. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, bugun ma'naviyat boshqa sohalardan o'n qadam oldinda yurishi kerak, ma'naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!

Iqbol MIRZAALIYEV,

O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi

Jamoatchilik kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo'mitasi

raisining o'rinbosari, O'zbekiston xalq shoiri.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

06 Jul 16:30
 
26
0
qalampir.uz

Toshkent aeroporti yaqinidagi oshxonada yong‘in bo‘ldi

Bugun, 6 iyul kuni Toshkent xalqaro aeroporti uchib ketish zali yonidagi oshxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi. Qayd etilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 11:20 da Toshkent xalqaro aeroporti vokzal oldi maydonida yangi kafeda yong‘in kelib chiqqan. Voqea joyiga zudlik bilan aeroport va shahar o‘t o‘chirish bo‘limlari yetib kelgan. Yong‘in soat 11:47 da o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida 5 kv metr maydonga zarar

13 Jun 20:52
 
42
0
qalampir.uz

Namanganda besh kishi bir yigitni o‘lasi qilib kaltaklagani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida besh kishi bir bolani kaltaklagani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, joriy yilning 11 iyun kuni soat 11:30 larda Pop tumani Madaniyat mahallasi hududida joylashgan bilyard klubida ikki guruh yoshlar o‘zaro janjallashgan va ulardan uch nafari turli xil darajadagi tan jarohatlari olgan. Mazkur holat yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 1

25 Jun 10:51
 
37
0
qalampir.uz

Islom Karimov qizi Gulnoraga shippak otgan 

2014 yil oxirlarida Karimovlar oilasidagi janjallar sabab Islom Karimov qizi Gulnoraga suhbat chog‘ida shippak uloqtirgan. Bu haqda 2011-2014 yillarda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida faoliyat yuritgan Jorj Krol o‘z memuarida ma’lum qildi. U o‘zining yaqinda e’lon qilgan esdaliklarida bu voqeani quyidagicha eslaydi: “Men Karimovning oilasidagi g‘alati muammoga aralashib qoldim. Yangi yil kechasi kechki payt elchixonada ishlayotgan edim. Elchixona darvozasi

11 Jul 15:12
 
60
0
xs.uz

Fargʻona viloyatda 1,3 mlrd dollarlik mingdan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda

Keyingi yetti yilda Fargʻona viloyatiga qariyb 77 trillion soʻmlik investitsiyalar jalb etilgan. Ularning natijasida 116 mingta ish oʻrni va 4,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan.Bu yil viloyatda 1,3 milliard dollarlik mingdan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.Endi Fargʻona viloyatida xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 132 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan 2,1 milliard dollarlik 25 tasi davlatimiz rahbariga taqdimot q