HAMASning G‘azo sektoridagi yetakchisi Yahyo Sinvar Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchilar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Yevropa kengashi saytida xabar berildi.
“Ushbu qaror Yevropa Ittifoqining 2023 yil 7 oktyabrda Isroilda hujumlariga javobining bir qismidir”, deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, Sinvarning Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardagi barcha mablag‘lari va boshqa moliyaviy aktivlari endi muzlatib qo‘yiladi.
Yevropa Ittifoqining hech bir tuzilmasi hozir G‘azo sektoridagi HAMAS rahbarini na pul bilan, na boshqa iqtisodiy manbalar bilan ta’minlay olmaydi.
Yahyo Sinvar kim?
Yahyo Sinvar 1962 yilda G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus qochqinlar lagerida tug‘ilgan. 1980 yillarda u HAMAS asoschilaridan biriga aylandi.
Shuningdek, Sinvar “Al-Qassam” brigadalarini yaratishda faol ishtirok etgan. Unga “Xon Yunusning qassobi” laqabi berilgan.