Avvalroq, IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi tomonidan Telegram'da “Hello Tashkent, salam Tashkent” nomli kanal hamda guruhlarni tashkil etib, ularga fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi videotasvirlarni joylashtirib kelgan guruh aniqlanib, qo‘lga olingan edi.
2024 yil 11 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ushbu shaxslarga hukm o‘qilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan:
- 130-modda 2-qismi “b” bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan pornografik mahsulotlarni tarqatish);
- 139-modda 3-qismi “a”, “g” bandlari (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish);
- 140-modda 2-qismi (Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan OAV, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish);
- 141−3-modda 2-qismi “b”, “v” bandlari (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish);
- 165-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik).
Sud hukmiga ko‘ra, guruh a’zolariga 3 yildan 7 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat vositasi deb topilgan Telegramʼdagi tegishli kanallar va akkauntlar Raqamli texnologiyalar vazirligi orqali bloklanishi belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida, sud ishida 62 kishi jabrlanuvchi va da’vogar bo‘lgan. Ulardan 55 nafarini ayollar tashkil etadi.