Samarqandda fuqaroni 18 ming AQSH dollari evaziga Amerikaga yuborishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi ma’lum qildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlardan birida Samarqand shahrida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro S.S. mahalliy fuqaroni “O‘zbekiston-Turkiya-Qatar-Nikaragua-Meksika” yo‘nalishi orqali AQSHga yuborish evaziga undan 18 ming AQSH dollari talab qilgan. Dastlab zaruriy hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga kelishilgan puldan 9 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Yuqoridagi holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning dekabr oyida AQSHga turli yo‘llar bilan borgan 119 nafar O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarilgandi. Keyinchalik Amerika Qo‘shma Shtatlari mamlakatga noqonuniy kirgan O‘zbekiston fuqarolarini u yerdan olib chiqishda yordam bergani ma’lum bo‘lgandi. .