Isroil Prezidenti Isxak Gersog Janubiy Afrikaning yahudiy davlatini G‘azo sektoridagi harakatlari bilan Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyani buzganlikda ayblab, Gaagadagi Xalqaro Sudga bergan da’vosini "dahshatli va kulgili" deb atadi. Bu haqda u bugun, 9 yanvar kuni Tel-Avivda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Uning aytishicha, 11 yanvar kuni Gaagadagi Xalqaro sud Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi da’vosi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqa boshlaydi.
“Bu bayonotdan ko‘ra dahshatliroq va bema’niroq narsa yo‘q. Janubiy Afrikaning ikkiyuzlamachiligiga qaramay, biz Xalqaro sudda ajralmas huquqimizga muvofiq o‘zimizni himoya qilish bo‘yicha pozitsiyamizni g‘urur bilan bildiramiz", deydi Prezident.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning 29 dekabr kuni Janubiy Afrika Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari “Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi konvensiyani buzishi mumkinligi yuzasidan Xalqaro sudga murojaat qilgan. Unda Isroil Genotsid konvensiyasini va undan kelib chiqadigan majburiyatlarni buzadigan barcha harakatlarini darhol to‘xtatishi so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, Blinken G‘azoda urush boshlangandan beri mintaqaga qilgan to‘rtinchi safari davomida Turkiya, Gretsiya, Iordaniya, Qatar, BAA va Saudiya Арабистонида bo‘lgandi. Bundan tashqari, Blinken G‘arbiy Sohilga ham borishi rejalashtirilgan. Uning Yaqin Sharqqa safari esa Misrga tashrif bilan yakunlanadi.