Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Qulpisar mahallasida yashovchi ko‘plab xonadonlar ichimlik suvi yo‘qligidan aziyat chekmoqda. Bu haqda mahalla faollaridan biri In’om Qorayev QALAMPIR.UZ’ga murojaat qildi.
Aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar tashkil etilgan va ular tomonidan 9370 ta mahallada aholining turmush darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan eng dolzarb masalalarning hal etilishi belgilangan.
Amalga oshiriladigan tadbirlarning yig‘ma parametriga ko‘ra, Jizzax viloyatidagi 78 ta ob’ektda ichimlik suvi ta’minotini yo‘lga qo‘yish uchun 163,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, qaror ijrosi ta’minlanishiga mas’ul etib Bosh vazir o‘rinbosarlari Ochilboy Ramatov hamda Jamshid Qo‘chqorovlar tayinlangan.
Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarildi
Qarorda nazarda tutilgan dolzarb masalali hududlardan biri Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Qulpisar” MFY bo‘lib, mahalla ahli uzoq yillar davomida ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekib kelgan.
Mahalla ahli bir nechta markaziy ko‘chalarga o‘rnatilgan umumiy suv kranlaridan oqayotgan iste’mol uchun yaroqsiz suvni tashib foydalanishga majbur bo‘lgan. Shu sababli Qulpisar mahallasiga 8,5 km ichimlik suv tarmog‘i tortish va 1 dona yangi suv uzatish inshooti qurish rejalashtirilib, buning uchun davlat byudjetidan jami 3 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Mazkur mablag‘lar evaziga esa mahalladagi har bir xonadonga jo‘mraklar o‘rnatilib, ichimlik suvi oqishi kerak edi. Shunday qilingan ham. Ammo, mahalla ahli ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari chala amalga oshirilgani, ko‘plab xonadonlarga kranlar o‘rnatilgani bilan undan suv chiqmayotgani, buning ustiga markaziy ko‘chalardagi umumiy kranlardan ham suv chiqmayotgani bois endilikda ichimlik suvini tashib ichish imkoniyatidan ham ayrilganidan yozg‘irdi. Jizzax “Suvta’minot” MCHJ Sharof Rashidov tuman filiali esa hujjatlarni yopdi-yopdi qilib, Prezident qarori ijrosi bo‘yicha Xalq deputatlari Sharof Rashidov tuman Kengashiga yolg‘on hisobot topshirgan.
Adashishmi yoki o‘g‘rilik?
QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Jizzax viloyat “Suvta’minot” MCHJ Sharof Rashidov tumani filiali ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Hamdam Xolmurodov bilan bog‘landi. U haqiqadan ham bugun “Qulpisar” mahallasida ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo boriligi, suv bilan ta’minlash ishlari chala amalga oshirilganini tan oldi.
“Mazkur muammo bo‘yicha 18 avgust kuni Qulpisar mahallasiga borib, mahalla raisi, mahalla faollari, deputatlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdik. Bugungi kunda hududda ichimlik suvi butunlay yo‘q, deb bo‘lmaydi. Prezidentning PQ-408-son qaroriga asosan yangi suv tortish inshooti qurildi. Ammo inshootga keladigan suvning hisob-kitobida quruvchilar salgina adashishgan. Mahallani ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlash uchun 11 kub/metrlik nasos o‘rnatilishi kerak edi. Quruvchi tashkilot buning o‘rniga kichik o‘lchamdagi 6 kub/metr suv beradigan nasos o‘rnatgan. (!) Mahallada o‘tkazilgan yig‘ilishda quruvchilar ikki kun ichida muammoni bartaraf etishga va’da berishdi”, dedi Xolmurodov.
Bu holatni hisob-kitoblarda adashish, deb baholash qanchalik to‘g‘ri? Mas’ullar tomonidan zarur o‘lchamdagi nasos o‘rniga kichiqrog‘i, arzonrog‘i o‘rnatilishiga “o‘g‘rilik” deya nom berish to‘g‘riroq emasmi?
Qulpisar mahallasida yer tagidan ichimlik suvini tortib olish manbasi yo‘q. Shu sababli “Zafarobod” MFYga yo‘naltirilgan manbadan 6 kub/metrlik suv berilmoqda. Ammo bu suv aholiga yetmayapti. Buning ustiga hududda ma’lum grafik asosida elektr energiyasining o‘chirilishi sabab nasoslar yanada kam suv tortib olmoqda va suv uzatish inshooti aholini suv bilan ta’minlab berolmayapti. Masalan pastroq hududlarda ichimlik suvi chiqsa, nisbatan balandroq nuqtalardagi kranlardan umuman suv chiqmaydi”, deya muammo haqida batafsilroq ma’lumot berdi bo‘lim boshlig‘i.
Biz Xolmurodovning vaziyat o‘zgarishi haqidagi gapini ikki kun emas, ikki oy kutdik va yana mahalla aholisi bilan bog‘landik. 6 kub/metr suv beradigan nasos belgilanganidek 11 kub/metrlisiga o‘zgartirildimi yo yo‘q, bilmadigu ammo qulpisarliklar hamon uyiga o‘rnatilgan jo‘mrakka ko‘z tikib, yana bir kuzni o‘tkazyapti.
O‘lganning ustiga tepgan
Murojaatchi Qorayevning ma’lum qilishicha, mahallada chiroqning tez-tez o‘chishi sabab suv inshootiga suv to‘lmay qolib, dard ustiga chipqon bo‘lmoqda.
“Ota-onalar kuni bo‘yi ishda bo‘ladi. Ular suv uchun uzoq navbat kutib vaqt o‘tkazolmaydi. Shu sababli oilani suv bilan ta’minlash ishi bolalarga qolgan. Ular uzoq hududlardan arava yoki og‘ir idishlar ko‘tarib, suv olib ketadi. Suv tashish uchun ishlatilayotgan idishlar orasida esa xavfli maxsulotlarning idishlari ham borligi achinarli. Agar har bir xonadondan suv chiqsa, qaror ijrosi to‘liq ta’minlansa, bolalarning, maktab o‘quvchilarining boshiga bu tashvish tushmasdi”, deydi u.
Shuningdek, tahririyat muxbiri Qulpisar mahallasining suv bo‘yicha mashinisti Ikrom Rahimov bilan ham bog‘landi. U ham chiroq ko‘p o‘chishi suv bilan bog‘liq muammoni yanada og‘irlashtirayotganini tasdiqladi.
“Mahallamizda har kuni chiroq o‘chadi. Oqibatda “bashnya”ga suv to‘lmaydi, turnaqator navbatlar hosil bo‘ladi. Yarim kechgacha odamlar hamma ishlarini yig‘ishtirib, suv uchun navbat kutadi. Ba’zilariga hatto suv yetmay, uyga quruq qaytgan paytlari ham ko‘p bo‘lgan. Chunki bor suv inshootdan tashib ketilgach, suv chiqayotgan xonadonlarning kranlariga ham suv yetib bormay qoladi. Mening ishim suvni ochish va yopish. Ammo yo‘q suvni odamlarga qayerdan olib beraman?” dedi mashinist Rahimov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda.
Qolaversa, u garchi aholi suv bilan to‘liq ta’minlanmagan bo‘lsa ha hujjatlarda hammasi allaqachon bosdi-bosdi qilib yuborilganini qo‘shimcha qildi.
Gilam laqabli sholcha
Xalq deputatlari Sharof Rashidov tumani Kengashining 2023 yil 4 iyuldagi VI-49-94-3-46-K/23 son qarorida esa shunday yozilgan:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-408-sonli qaroriga asosan tumanimizdagi 22 ta mahallalar kesimida ichimlik suv tarmoqlari va inshootlari qurilishi bo‘yicha ham dasturlar tasdiqlangan bo‘lib, ulardan “Qulpisar” mahallasiga 8,5 km ichimlik suv tarmog‘i tortish va 1 dona yangi suv inshooti qurish ishlari rejalashtirilib hozirda mahallaga 9,5 km yangi suv tarmoqlari hamda 1 dona yangi suv uzatish inshooti qurilib foydalanishga topshirilgan”.
Ammo mashinist Ikrom Rahimov hujjatda tilga olingan 9,5 km suv tarmog‘ining qariyb 2 km qismi umuman ishlamayotganini ma’lum qildi.
“Kim kelsa ham ko‘rsatib bera olaman. Allaqachon imzolanib ketgan bu hujjatdagi 2 km suv tarmog‘i umuman ishlamayapti. Odamlarning uyidagi kranlardan ham, ko‘chadagi kranlardan ham suv chiqmayapti. Ayrim xonadonlardagi ishlayotgan kranlardan ham faqat 1 soatgina suv chiqadi. Qo‘shnilar suv olishga ulgurmaydi. Mahalla oqsoqollari ham yig‘ilib, raisga qayta-qayta muammoni aytib charchadi. Ertaga qish kelganda odamlar nima qiladi? Qayerdan suv topadi? Bu haqida kim o‘ylaydi?” deydi mashinist.
Agar suv quvurlari hisobotda keltirilganidek yotqizilganu, lekin ishlamayotgan bo‘lsa, u holda bundan aholiga nima naf?
Shuningdek, tahririyat muxbiri Qulpisar mahallasining raisi Madad Bektemirov bilan ham bog‘landi. Uning aytishicha, mahallada suv chiqarish vazifasini “Oqdaryo qurilish savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z zimmasiga olgan.
“Barcha muammolarni Jizzax “Suvta’minot” MCHJ Sharof Rashidov tuman filiali hal qilishini aytdi. Lekin aniq muddat tilga olinmadi. Buning uchun quruvchi korxona – “Oqdaryo qurilish savdo” MCHJ pul tashlab berishi kerak ekan. Hozirda bosqichma-bosqich ishlar ketyapti. Oxirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, mahallamizning 80% xonadonlari vaqtga qarab chiqadigan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Faqat 20% xonadonlardan, “Gulzor”, “Orzu” ko‘chalaridan umuman va “Mustaqillik” ko‘chasidan esa qisman suv chiqmayapti. Bu bo‘yicha hamma joyga – xalq qabulxonasiga, tuman hokimiyatiga, “Suvta’minot”ning o‘ziga murojaat qilganmiz. Barchasi muammo bartaraf etiladi deyapti. Ammo bizga natija kerak...” dedi mahalla raisi.
Agar mas’ullar va’da berishdan nariga o‘tmasa, “O‘zsuvta’minot” yaltiroq hisobotlar bilan xalqni ham, deputatlarni ham, Prezidentni ham aldasa, deputatlar Kengashi hisobotlarning rost-yolg‘onligini tekshirmasa, quruvchilar zarur bo‘lgan nasos o‘rniga arzon nasos o‘rnatib, ajratilgan pullarni to‘g‘ri sarflamayotgan bir paytda ichimlik suvidan qiynalayotgan aholi vakillari dodini kimga aytsin?
Prezident qarorining asosiy ijrochilaridan biri bo‘lgan “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati hududlarda mazkur qaror ijrosi ta’minlanayotganini aytib, o‘z rasmiy sahifalarida tinmay hisobot berishda davom etmoqda.
Masalan, birgina Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi jami 22 ta ob’ektda 37 mlrd so‘mlik ishlar amalga oshirilayotgani, ayni paytda esa tuman aholisining 86% ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlangani, yil yakuniga qadar esa ko‘rsatkichlar 95% ga yetishi ma’lum qilingan.
Ammo yuqoridagi holatdan kelib chiqib, “O‘zsuvta’minot”ning bunday yuqori raqamlaridan shubhalanadi kishi. Agar Qulpisar mahallasi bilan sodir bo‘lgani kabi boshqa hududlarda ham ishlar chala amalga oshirilgan, yolg‘on hisobotlar topshirilgan bo‘lsa, yana qancha aholi ichimlik suvi yetishmasligi va mas’ullarning yolg‘onchiligidan aziyat chekayotgan ekan?