calendar 26 Nov 04:58
eye 91
comments 0
comments Manba: zarnews

Muzeyga qachon borgansiz? Yoxud Sharq Ermitajining foydalanilmayotgan salohiyati haqida 

image

Mazkur savol o'zini ziyoli sanaydigan aksariyat kishilarni ham shoshib qo'yishi mumkin. Buning birinchi sababi, ko'pchilik muzeyga bolaligida borgan va aniq vaqtini eslay olmaydi, ikkinchidan, bunga berilgan javob kishining maʻnaviy saviyasini ham oshkor qilib qo'yadi.

 Ayni masala haqida gap ketganda, aybni faqat odamlardan qidirish noto'g'ri aslida. Tanganing ikki tarafi bo'lgani kabi muzeylarni ham bugungi kun talabiga to'liq javob beradi, deb bo'lmaydi. Ularning faoliyatini "jonlantiradigan" nimadir yetishmayotgandek. Balki ular joiz shaklda reklama qilinmayotgandir. Yoki menejmenti to'g'ri yo'lga qo'yilmagan. Xullas, aniq va noaniq sabablar bilan xalq va muzey o'rtasidagi ko'prik buzilmoqda. "Samarqand" davlat muzey-qo'riqxonasi bosh muhofizi, tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori Mahmudxon Yunusov bilan suhbatimiz mazkur muammo va uni bartaraf etish choralari haqida bo'ldi.

– Mahmudxon aka, keling, avvalo, viloyatimizdagi muzeylarning imkoniyatlari haqida to'xtalsangiz. Ularga tashrif buyuruvchilar uchun qanday qulayliklar bor?

– Samarqandda 11 ta muzey, 2 ta ko'rgazma bor. 7 ta muzey va 2 ta ko'rgazma Samarqand shahrida, Kattaqo'rg'on, Paxtachi, Ishtixon hamda Qo'shrabot tumanlarida bittadan muzey joylashgan. Ularda umumiy hisobda milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan 240 mingga yaqin ashyo saqlanadi. Tizimli ravishda yangilanib boradigan ko'rgazmalar soni 20 tani tashkil etadi.

Aytish joizki, muzeylarning eshigi doimo ochiq. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasining "Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini kirib ko'rish tartibi hamda shartlari to'g'risida Nizom"ga ko'ra, har yili 2-8 sentyabr kunlari tashkillashtiriladigan "Muzeylar haftaligi" doirasida aholi davlat muzeylariga bepul kiritilishi belgilangan. Shu nizomga muvofiq, haftaning seshanba va juma kunlari 18 yoshgacha bo'lgan bolalar va ularga hamrohlik qiluvchi ota-onalar ham davlat muzeylariga bepul kiritilar edi. Yangi tartib bilan joriy yilning 1 sentyabridan ular haftaning istalgan ish kunida muzeyga bepul kirishi mumkin va bu jarayonda hyech qanday muammo yo'q.

– Muzeylarga tashrif buyuruvchilarga har kuni soat 22:00 gacha xizmat ko'rsatish ham belgilangan edi...

– Muzeylarda xizmatlar sohasini kengaytirishga qaratilgan shu va boshqa vazifalar Prezidentimizning 2022 yil 27 maydagi "Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorida belgilangan. Ammo amalda ularning ko'pi qog'ozda qolib ketdi. Misol uchun, muzeylarning tungi vaqtdagi faoliyatini tashkil etish uchun zarur mexanizm ishlab chiqilmadi. Yaʻni, bilamizki, tungi vaqtda ishni tashkil etish muzeylarga qo'shimcha xodim olish yoki mavjudlariga qo'shimcha haq to'lash hisobiga amalga oshiriladi. Bu jarayon to'liq moliyaga bog'liq. Masalaning bu jihati hal qilinmas ekan, yangi loyihalarni amalga oshirishning imkoni yo'q. O'zi shusiz ham muzeylarda shtatlar yetishmovchiligi bor. Hozir shtatlar shunday taqsimlanganki, masalan, 40 mingta ashyosi bor "Shahrisabz" davlat muzey-qo'riqxonasiga ham, 240 mingta ashyosi bor Samarqand davlat muzey-qo'riqxonasiga ham 50 ta shtat birligi ajratilgan. Bunda obʻyekt hisobga olingan-u undagi ish ko'lami hisobga olinmagan. Shu 50 tadan 3 tasi restavrator shtati hisoblanadi. Tasavvur qiling, 240 mingta ashyosi bor muzeyning kamida 50 mingta ashyosi restavratsiyaga muhtoj bo'ladi. 3 nafar restavrator bu ishni qanday eplaydi? Umuman, bizdagi restavratsiyaga muhtoj ashyolarning o'zi Shahrisabzdagi jami ashyolardan ko'p.

Yoki muhofiz lavozimini olib qaraylik. Xivadagi "Ichan Qalʻa" davlat-muzey qo'riqxonasida 50 mingta ashyo bor va ularga 15 nafarga yaqin muhofiz biriktirilgan. Bizda esa birgina O'zbekiston arxeologiyasi bo'limida 50 mingta ashyo bor va unga bir nafar muhofiz shtati berilgan. 

Sohani tushunmaydigan o'quvchilarda shuncha muhofiz nima ish bilan shug'ullanadi, degan savol tug'ilishi mumkin. Kezi kelganda aytish kerak, ularning ishi juda og'ir va murakkab. Birinchidan, har bir muhofiz ishga kirganida o'ziga topshirilayotgan ashyolarni qabul qilib olish dalolatnomasini tuzadi. Keyin ular kirim kitobiga, undan so'ng inventar kitobiga kiritiladi. Inventar kitobida muhofizning har bir ashyo ustida olib borgan izlanishi natijasi aks etishi kerak. Keyingi qadam, har bir ashyoga ilmiy tavsif varaqasi yoziladi. Yangi topshiriqqa ko'ra, endi barcha ashyolar elektron bazaga kiritilishi kerak. Qolaversa, muhofiz o'ziga topshirilgan ashyolar uchun javobgar hisoblanadi. Bu hali u bajaradigan ishning yarmi ham emas.

Albatta, muzeylar byudjyetdan tashqari mablag'lar hisobidan xodim yollab, ishni mutanosib taqsimlashi mumkin. Ammo buning uchun byudjyetimiz o'z ixtiyorimizda bo'lishi kerak. Maʻlumki, Prezidentimizning 2021 yil 19 iyundagi "O'zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bilan muzey-qo'riqxonalar chiptalar sotilishidan tushgan pul mablag'ining 50 foiz miqdorini hamda moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk obʻyektlarini ijaraga berishdan tushgan mablag'ning 90 foiz miqdorini Madaniy meros jamg'armasiga o'tkazadi.

Endi qarang, biz byudjyetdan faqat shtatdagi xodimlar uchun oylik olamiz. Qolgan barcha xarajatlar muzey ixtiyorida qoladigan o'sha 50 foizdan qoplanishi kerak. Bunga binoni saqlash, hududni obodonlashtirish xarajatlari, kommunal to'lovlar, ko'rgazmalarni tashkil etish singari yuzlab tarmoqlarga bo'lingan chiqimlar kiradi. Indallosini aytganda, bugungi muzey-qo'riqxonalarda biror yangilik qilish uchun ortiqcha mablag' yo'q.

– Ammo Samarqandda turizm yaxshi rivojlanyapti. Chipta sotish va obʻyektlarni ijaraga berishdan tushadigan mablag'ning muzeylarda qoladigan qismi ham kam bo'lmasligi kerak.

– Bu holatda "Nomi ulug', surpasi quruq", degan maqol esimga tushadi. Sababi, bugun viloyatimizda "Samarqand" davlat muzey-qo'riqxonasiga qarashli bo'lgan, aholi doimo gavjum bo'ladigan, turistlar kiradigan faqat 4 ta asosiy muzey obʻyekti bor. Bular - Mirzo Ulug'bek rasadxonasi, Afrosiyob muzeyi, Amir Temur masjidi hamda Amir Temur maqbarasi. Ular balki o'z xarajatlarini qoplar, lekin bu butun viloyatning ko'rsatkichi emas. Shaxsan men muzeyshunos sifatida viloyatimizdagi muzeylarga muzey-qo'riqxona maqomi berilishi to'g'rimi, degan savolni o'rtaga tashlagan edim. Qaysi maʻnodaki, agar bizga O'zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi va uning filiallari maqomi berilsa, biz qonunchilikka muvofiq Madaniy meros agentligiga daromadning faqat 10 foizini berib, qolganini faoliyatimizni rivojlantirishga yo'naltirishimiz mumkin bo'ladi. Yoki qonunchilikni qayta ko'rib chiqish lozim.

Hozirgi muzey 50 foiz daromadini berib, yana foydaga chiqadigan boy tashkilot emas. Ochig'i, 2021 yilning oxirida ayni muammo sababli byudjyetdan tashqari mablag'lar hisobidan oylik oladigan 26 nafar xodimimizni o'z hisobidan taʻtilga chiqarishga majbur bo'lganmiz. Bu uyatli holat.

Hozir 54 nafar xodimga shu tartibda, yaʻni muzeyning topgan pulidan oylik to'lanadi. Ularsiz muzeylar faoliyatini tashkil etib bo'lmaydi. Hattoki, yaqin-yaqingacha muzeylarni qo'riqlab kelgan Milliy gvardiya xodimlariga ham muzey hisobidan oylik to'langan. Endi umumlashtiring, muzeylarga kerakli xodimlarni shtat asosida, yaʻni byudjyetdan oylik oladigan qilib ishga olishimizga ruxsat berilmasa, topgan pulimizning 50 foizi jamg'armaga ketsa, qolgan mablag' qilinayotgan xarajatlardan kam bo'lsa, tizimni rivojlantirish haqida gapirib bo'ladimi? Bu masala faqat Samarqandga tegishli emas, boshqa viloyatlarda ham vaziyat shunday.

– Qonunchilikda muzeylarga mahalliy byudjyetdan mablag' ajratilishi amaliyoti ham bor. Bu imkoniyatdan foydalanyapsizlarmi?

Ayni tartib ham Prezidentning yuqorida qayd etilgan qarorida belgilangan. Faqat xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan ajratilayotgan mablag' muzey fondini boyitish, oddiyroq qilib aytganda, xalqning qo'lidagi noyob, tarixiy, badiiy qimmatga ega ashyolarni sotib olish uchun ishlatilishi mumkin. Masalan, o'tgan yili Kengash tomonidan shu maqsad uchun 500 million so'm ajratilgan edi. Ushbu mablag' hisobidan miloddan avvalgi II asr va milodiy XIV asrga taalluqli 41 dona bronza oyna kollektsiyasi, Qoraxoniy Ibrohim ibn Nasrning 180 dona kumush tangalari kollektsiyasi, Chig'atoy xonlari (Bayonqulixon va Tarmashirin)ning 236 dona dinor va dirhamlari, jami 600 ga yaqin tarixiy va badiiy qimmatga ega ashyolar xarid qilindi. Bu yil Kengash yana 375 million so'm ajratdi. Aytish joizki, ayni amaliyot katta yutug'imiz bo'ldi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda chegaradan olib chiqib ketilmoqchi bo'lingan ko'plab qadimiy tangalar yoki boshqa tarixiy ashyolar bojxona xodimlari tomonidan ushlab qolingani haqida o'qiymiz, to'g'rimi? Bu qonunbuzarlikning kelib chiqish sababi nima? Albatta, muzeylarda mablag' yo'qligida. Fuqaro yoki kollektsionerlar qo'lidagi ashyolarni qayerdadir sotishi kerak. Shu bois ko'pchilik ularni xorijga olib chiqishga urinadi. Endi bu muammo qisman yechimini topdi. Qisman deyishimga sabab hujjatda ayni maqsadga ajratiladigan mablag' mahalliy byudjyetning ishlatilmay qolgan qismidan ajratilishi ko'rsatilgan. Yaʻni, yilning to'rtinchi choragida. Bu vaqt juda kam. Shu bois mazkur holatni ham qayta ko'rib chiqish kerak.

– Samarqand shahrida o'tkazilgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Samarqandga "Madaniy turizmning xalqaro poytaxti" maqomini berish to'g'risida deklaratsiya qabul qilindi. Ayting-chi, biz bu maqom beradigan masʻuliyatga tayyormizmi?

– Muzeylarimiz O'zbekiston madaniyatining xohlagan davrini ko'rsata oladi. O'zbekiston madaniyati degani - bu Buyuk ipak yo'li davlatlari madaniyati degani. Necha ming yillar davomida turli xalqlar, mamlakatlar bilan olib borilgan savdo-sotiq, aloqalari natijasida bizga ularning madaniyati, urf-odatlari ham kirib kelgan. Aynan shu O'zbekiston, xususan, Samarqandning "Madaniy turizmning xalqaro poytaxti" maqomiga to'la mosligini anglatadi.

Ikkinchi masala – bu uni qanday ko'rsatishimizda. Ilgari Samarqand muzeyini Sharq Ermitaji deyishgan. Biroq hozirgi davrda muzey jiddiy islohotlarni talab qiladi. Yuqorida aytilgan shtatlar muammosidan tashqari, muzeylarga zamon talabiga mos ulkan binolar ham kerak. Bundan tashqari, bizda muzeylarni boshqarishning aniq mexanizmi ham yo'q. Sohani ilm bilan emas, hisobotlar bilan boshqarishga harakat bo'lyapti. Avvalo, muzeylarga ilmni qaytarish kerak. Buning uchun ular ilmiy tashkilot maqomi berilsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi. Shunda bu dargohga butun dunyodan olimlar keladi. Ular tadqiqot o'tkazib, natijalarini jamoatchilikka yetkazadi, natijada muzeylarga tashrif buyuruvchilar ko'payadi, turizm rivojlanadi. Ishoning, bizda o'rganishga muhtoj va dunyo xalqlarining hayratini oshiradigan ashyolar yetarlicha.

Mana, masalan, biz yaqinda Parijga 6 metrlik Afrosiyob devori va boshqa shu davrga oid ashyolarni olib borib, namoyish qildik. U yerda ashyolarimizning katalogi chiqarildi. Bu parijliklarda shunchalar katta qiziqish uyg'otdiki, katalogning o'zi 4 marta qayta nashr qilinib, 40 ming nusxada sotildi. Ularga qolsa, birgina sosoniylar davriga oid kumush tangamizning o'zini alohida ko'rgazma qilgan bo'lishardi. Xo'sh, bizda qanday? Afsuski, bizda hatto butun boshli viloyatdagi birorta muzeyga ekskursovod shtati ajratilmaydi. Ha, hozir muzeylarda rasmiy ishlaydigan ekskursovod yo'q. Ayrim turistik firmalar yollagan ekskursovodlar esa tariximizni bilmagani yetmagandek, uni buzib, yolg'on afsonalarni qo'shib ko'rsatishmoqda. Xullas, tizimni qayta ko'rib chiqishimiz hamda yuqorida aytganimdek, unga ilmni qaytarishimiz kerak.

Samimiy suhbat uchun rahmat.

Asqar Barotov suhbatlashdi.

 


Doʻstlaringiz bilan ulashing

29 Jun 17:43
 
31
0
postda.uz

XODIMLAR MA’NAVIYATINI YUKSALTIRISH YO‘LIDA

Bugun IIV Madaniyat saroyida vazirlik markaziy apparati xodimlari ishtirokida “Tarix – vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor manbai” mavzusida navbatdagi ma’naviyat va ma’rifat darsi o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan tarixchi Ixtiyor Esonov har bir xalq o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlarni amalga oshirishda, avvalo, milliy o‘zligini anglashi, kindik qoni to‘kilgan ona yurtning qadimiy va boy o‘tmishini o‘rganishi hamda ulkan kuch-qudrat manbai bo‘lmish milliy g‘oya

26 Jul 10:19
 
10
0
qalampir.uz

Rossiyalik bloger Guseyn Gasanov soliqlardan qochib yuribdi

Rossiyalik bloger Guseyn Gasanov qarzlari sabab  qochib yuribdi. Bu haqda “Vedomosti” nashri xabar berdi. Qayd etilishicha, bloger Guseyn Gasanovga tegishli bo‘lgan ayrim kompaniyalar davlat oldidagi qarzlari sabab yopilgan. Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, soliq idorasining sudga qilgan da’vosidan so‘ng, bloger o‘z majburiyatlaridan bo‘yin tovlab, qochib yuribdi. Bildirilishicha, Gasanovning soliq idoralaridan qariyb 1,7 million dollar qar

11 Jul 15:13
 
21
0
xs.uz

Jizzaxliklar yutadi, deb oʻylagandik…

Jizzaxliklardagi oʻzlariga boʻlgan ishonch bejiz emasdi. Chunki, ular 1866-yilda general Chernyayev boshchiligidagi bosqinchilarni Chinozga qarab chekinishga majbur qilgandi. Shu bois ular yangi bosqinga qarshi hozirlikka zavq-shavq bilan kirishdilar.Oʻziyam, sakkiz oy mobaynida minglab odamlar qalʼa devorlarini deyarli qaytadan mustahkamlash chiqishadi. Devor aslidan uch baravar baland qilib tiklangan, devorlarning qalinligi ham oshirilgan. Kamiga, qalʼa atrofi boʻylab oʻtgan xandaqlar c

22 Jul 17:58
 
33
0
xs.uz

Farrux Zokirovga Ozarbayjon «Xalq artisti» faxriy unvoni berildi

Qayd etilishicha, Ozarbayjon Respublikasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Farrux Zokirovga 'Xalq artisti' faxriy unvoni berilgan.Maʼlumot uchun, 78 yoshli Farrux Zokirov bir vaqtning oʻzida 7 ta ' Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ingushetiya, Tatariston va Boshqirdistonning xalq artisti hisoblanadi.