TAʻLIM SIFATI QAChON YuKSALADI? muammolar, mulohazalar va takliflar

O'quvchi ko'paydi, maktab esa…
Eʻtibor qiling, 1980 yillarda mamlakatimizda 3,8 million nafar o'quvchi 9458 ta maktabga qamrab olingan. Bugun, 2020 yilga kelib esa o'quvchilar soni 6 million nafar oshganiga qaramasdan, maktablar soni 9942 tani tashkil etmoqda. Shu raqamlarning o'ziyoq maktabdagi sinfxonalar manzarasini ko'z oldingizga keltirishi mumkin. Yaʻni, taʻlimni isloh qilishda demografiyaning hisobga olinmagani bugun bitta sinfda 45-50 nafar bola taʻlim standartlariga zid ravishda saboq olayotganini ko'rsatadi. Kuzatishlar shuni ko'rsatadiki, katta shaharlar va viloyat markazlaridagi maktablarda bolalar bir sinfda 30 nafardan 40-45 nafargacha o'tirishadi. Poytaxtimizda esa 50 nafar o'quvchi saboq olayotgan sinflar ham bor. 2017 yilda ushbu mavzuni o'rganib, Toshkent shahar xalq taʻlimi boshqarmasi mutasaddilaridan izoh so'raganimizda, bu xususida Xalq taʻlimi vazirligining buyrug'i chiqqanini aytib, kelgusida sinflarda o'quvchilar soni 35 nafardan oshmasligini taʻkidlashgandi.
Mana, ushbu vaʻdalarga ham uch yil bo'libdiki, o'zgarish yo'q. Taʻlim sifatida natijaga erishayotgan maktablarda eng muhim omil bolaga individual yondashish hisoblanadi. Bu – bizning sharoitda ham o'z tasdig'ini topgan usul. Masalan, Qorako'l tajribasini bunga misol qilish mumkin. Ushbu maktab direktori bilan suhbatlashganimizda, o'quvchiga individual yondashishgina uning qobiliyatlarini rivojlantirish imkonini berishini, va shu bois kelgusida sinflarda o'quvchilar sonini yanada kamaytirib, 15 nafarga tushirmoqchi ekanini aytgandi. Qorako'llik pedagog samarani sezganki, shunday xulosaga kelgan.
Endi anʻanaviy maktabdagi jarayonni tasavvur qiling: 45 nafar o'quvchisi bor o'qituvchi qanday qilib o'quvchilarga alohida yondashadi, bunga imkon ham, vaqt ham yetmaydi-ku! Uyda dars qilib tayyorgarlik ko'rib borgan bola bir kunda ustozidan bitta yaxshi gap eshitmasa, o'zlashtirishi baholanmasa, undan qanday o'sishni kutish mumkin? To'g'ri, hamma joydayam 10-15 nafar faol bola bo'ladi. Ammo o'qituvchining rag'batiga va ko'magiga muhtoj bo'lib qolgan o'quvchilar-chi? Pedagog ular bilan qachon muloqot qiladi? Darsni tekshirishga, yangi mavzuni tushuntirishga, o'quvchilarning javobini tinglashga, past o'zlashtiruvchilar bilan shug'ullanishga vaqt ortadimi?
Qo'limga sinfida 45 nafar o'quvchi o'qiydigan 5-sinf o'quvchisining matematika daftari tushib qoldi. U 13 sentyabr (joriy o'quv yilida taʻlim boshlangan)dan buyon maktabga qatnayotgan ekan. Taassufki, bugungacha o'tgan vaqt mobaynida o'quvchining uyga vazifalari baholanmabdi. Sabab oddiy: muallimning vaqti yetmagan. Agar o'qituvchi bir stavka ishlab, 4-5 ta sinfda dars o'tsa, haftada bir martadan o'quvchilar daftarini nazorat qilganda ham, 200ta daftar tekshirishi kerak. Agar u boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lsa, boshqa fanlarni ham o'zi o'tgani uchun bosim yanada ortadi. Endi o'ylang, o'qituvchilar tez-tez tilga oladigan «bolada o'qishga motivatsiya uyg'otish» ishlari shu yo'sinda olib borilayotgan bo'lsa, biz bolalarimizdan nima kutamiz? Qolaversa, 45 nafar o'quvchiga dars o'tish o'qituvchini ham toliqtiradi. Ularning kechasi bilan 100ta daftar tekshirib, ertalab yana xotirjam va bardam kayfiyatda dars o'tishini kutish va bunga ishonish – absurd. Buni tizimdagi rahbarlar juda yaxshi bilishadi. Qolaversa, mulozimlarimiz sinfdagi bolalar sonini rasamadga keltirish uchun yangi maktablar qurish kerakligini ham yaxshi anglashadi. Biroq, bizda bugungacha yangi qurilishlardan ko'ra, mavjudlarini kapital taʻmirlashga ko'proq eʻtibor qaratilayotganday. Aslida esa vaziyat bizda allaqachon yangi maktablar qurish yoki bolalar soni meʻyordan ortiq maktablar kapital taʻmirlanayotganida, investitsiya dasturiga kiritilganda ularga qo'shimcha binolar qurib berilishi ko'zda tutilishini qatʻiy belgilab qo'yish darajasiga kelgan.
Malakasiz direktor – adolatsiz boshqaruv
Yaqinda bundan o'n yillar muqaddam «Yilning eng yaxshi fan o'qituvchisi» tanlovining Respublika bosqichi g'olibi bo'lgan pedagog tanishimni uchratib qoldim. Rangi so'niq, ilgarigi shasht-u shiddatdan asar yo'q. Suhbatimiz asnosida bilsam, ishdan, jonajon maktabidan ko'ngli soviganday…
– Hammasidan charchadim. Xususiy maktabga o'tib ketmoqchiman, jamoamizdagi barcha malakali o'qituvchilar shunday qilyapti, – deydi u. – O'z ustingda izlanasan, bolalar uchun, maktab uchun vaqtingni, sog'lig'ingni ayamay ishlaysan, ammo natijaga kelganida mehnatingga munosib rag'bat ham, rahmat ham ololmaysan. Mohiyatan qaraganda, ko'p mehnat qilayotgan odam boshqalardan «rag'bat» masalasida ozgina bo'lsa-da, ustun bo'lishi kerak emasmi? Bizda esa aksincha. Faol va izlanuvchan bo'lsang, «jazolashadi»: ochiq darsni ham, komissiya kelsa namunali dars o'tib berishni ham faqat senga yuklab qo'yishadi. Tadbir ketidan tadbir o'tkazib berishni so'rashadi. Bunda bolalar bilan bilan ishlashga vaqt qoladimi? Ishlamaydiganlar esa boshqa joylardagidek vaqtida kelib, vaqtida ketib, tinchgina yuraverishadi. O'zi, aslida, biz ko'pchilik hollarda maktabga rahbar tayinlash masalasiga o'ta yuzaki qaraymiz. Tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, taʻlim maskanida direktorlikka munosib insonlar tanlanishi shart. Negaki, rahbar jamoadagi muhitni shakllantiradi. Oldingi direktorimiz tanish-bilishlarini ishga solib, tuman xalq taʻlimi bo'limiga ishga o'tib ketdi. O'rniga kelgani esa ikki oy ishlab «Boshqara olmayman» deb bo'shadi. Shundan so'ng birinchi rahbar o'z tanishini direktor qilib qo'ydi, sirtdan maktabni o'zi boshqarib turishga o'tdi. Ahvol shu bo'ldiki, maktabdagi oshpazdan tortib kutubxonachi, hatto qorovulgacha qarindosh-urug'ini olib kelib joyladi. Taʻlim, davomat haqida o'ylaydigan odam yo'q. Adolatsizliklar tufayli jamoadagi ruh, jipslik so'ndi. Masalan, o'tgan yili bir hamkasbim chiqargan sinfdan 19 nafar o'quvchi oliy o'quv yurtiga kirdi. Albatta, ularning barchasi repetitorga qatnagani bois talaba bo'ldi. Ammo o'quvchilarning qalbida o'qishga ishtiyoq uyg'otish, yuqori sinfda qiziqishiga qarab, ota-onasi bilan maslahatlashib, bolani to'g'ri yo'naltirishda ham gap ko'p. Shu bois ushbu natija uchun hamkasbimizni juda yaxshi rag'batlantirishdi. Ammo bu yil men chiqargan sinfdan 22 nafar o'quvchi talaba bo'lishiga qaramasdan, hyech kim hyech narsa, hatto quruqqina rahmat, demasa, ko'ngling og'riydimi, yo'qmi?.. Bunday beparvolik va adolatsizliklar o'z kasbini sevuvchi pedagoglarning ishidan sovushiga olib keladi, albatta.
G'alati paradoks: oyliklar oshdi, daromad ko'paymadi…
– Yodingizda bo'lsa, bir paytlar o'qituvchi va murabbiylarga davlat tomonidan ko'p imtiyozlar mavjud edi. Suv, gaz, elektr taʻminoti, mol-mulk solig'idan 50 foiz imtiyozli to'lov qilish huquqi. Har oy yo'l haqi uchun oylik ajratmalar va chiptalar, ehtiyoji bor o'qituvchilarga yer uchastkalari berilgan. Ammo bu imtiyozlarning barchasi 2004 yildan keyin bekor qilindi, – deydi ko'p yillardan buyon «Maʻrifat» gazetasida ishlab kelayotgan jurnalist Zilola Madatova. – 2018 yilning 14 avgustida «Yoshlarni maʻnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʻlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Prezident qarori imzolandi. Qarorda pedagoglarning nufuzini oshirishga qaratilgan bir qancha imtiyozlar joriy etilishi belgilab berilgan edi. Jumladan, o'qituvchilar maoshini oshirish, umumtaʻlim muassasalarining o'rnak ko'rsatgan pedagog kadrlarini direktor jamg'armasi mablag'lari hisobidan rag'batlantirish, hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritgan o'quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti berish, taʻlim rivojiga munosib hissa qo'shgan, davlat mukofotlariga sazovor bo'lgan pedagog kadrlarni davlat va xo'jalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sog'lomlashtirish muassasalarida imtiyozli shartlarda sog'lomlashtirish, har yili qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar bo'yicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismini xalq taʻlimi tizimidagi pedagog xodimlarga 20 yil muddatga ipoteka krediti sifatida berish kabi. Ammo hujjatda ko'rsatilgan ushbu imtiyozlarning ayrimlari bajarilgan bo'lsa, ayrimlari hamon qog'ozda qolib kelmoqda.
– Tahririyatimizga kelayotgan ko'pgina murojaatlardan bilish mumkinki, – deydi Z.Madatova, – 2018–2019 yillarda maosh oshgani bilan dars soatlarining qisqargani evaziga o'qituvchilarning umumiy daromadi ko'paymagan. Masalan, 2019-2020 yilning tayanch o'quv rejasiga asosan filologiya fanlari 11 soat, ijtimoiy fanlar 1 soat, amaliy fanlar 4,5 soatga qisqardi, kasbiy taʻlim va tanlov fanlarga ajratilgan soatlar ham olib tashlandi. Jami 25 soat dars soati qisqardi va bu o'qituvchilarning maoshiga sezilarli taʻsir ko'rsatdi. «O'qituvchilar maoshi oshdi» deb bong urilgani bilan o'qituvchining darsi bir stavkaga yetmasa, maoshi oshganining foydasi bormi?
Erkak o'qituvchilar nega ko'paymayapti?
Eʻtibor qilgan bo'lsangiz, so'nggi yillarda maktablarda erkak o'qituvchilar miqdorini oshirishga harakat qilindi va turli darajadagi anjumanlarda ular soni ortayotgani bot-bot aytildi. Ammo amalda shundaymi? Xalq taʻlimi vazirligi saytiga joylashtirilgan statistik maʻlumotlarga nazar solsak, 2016-2017 yillarda maktablarda 148,695 nafar erkak o'qituvchi ishlagan bo'lsa, 2020-2021 o'quv yilidagi ko'rsatkich 144,749 nafarni tashkil etgan. Xo'sh, nega erkak o'qituvchilarni maktabga qaytarishga ehtiyoj katta-yu, ammo buni amalga oshirish ko'ngildagidek ketmayapti?
Avvalo, har yili ichki ishlar vazirligi tomonidan olti oylik va yillik hisobotlarda maktablarda kuzatilayotgan urush-janjalli holatlar, jinoyatlar, o'tkir tig'li, jumladan, pichoq ko'tarib yurish holatlari bo'yicha hisobotlarda o'quvchilar ishtiroki ko'payib bormoqda. Buning sabablarini ko'pchilik psixologlar maktablarda erkak o'qituvchilarning kamligi, bolalar asosan ayollardan taʻlim olayotgani, qattiqqo'llik ko'rmayotgani, erkak tarbiyasining yetishmayotganligi bilan izohlashadi va men ham ularni qo'llab-quvvatlayman. Qolaversa, buning yana bir, aytish mumkin bo'lsa, asosiy sabablaridan biri deb maktablarda taʻlim olayotgan bolalarning baʻzi ota-onalari xorijga ishga ketib, farzandlarini yaqin qarindoshlari qo'lida qoldirib ketishganini ko'rsatish mumkin.
– Yashnobod tumanidagi maktablardan birida ishlayman, – deydi Sirojiddin Buzrukov (ismi shartli ravishda o'zgartirildi). – Maktabimiz gavjum bozorlardan biriga yaqin hududda joylashgan. O'quvchilarimizning aksariyat ota-onalari bozorda ishlashadi. Ayrim o'quvchilarning ota-onalari esa xorijga ketgan, bolalar buvilari, xolalari qo'lida qolishgan. Tabiiyki, tarbiyasi og'ir bolalar kam deya olmayman. Taʻlim dargohimizda ayol pedagoglar 50 nafardan oshiq. Erkak o'qituvchilar esa atigi 6 nafar. Ammo ular ham maoshi oz bo'lgani bois, darslari tugagar-tugamas qo'shimcha ishlariga shoshishadi. Bolalar bilan batafsil, qo'shimcha mashg'ulot o'tkazishga o'zlarida rag'bat sezishmaydi. Maʻnaviy-maʻrifiy ishlarga masʻul bo'lganim uchun 10-11 sinf o'quvchilariga rahbarlik qilayotgan ayol ustozlar baʻzida «Iltimos, yordam bering, sinfimni eplolmayapman. Boshqa rahbarlik qilmayman», deb kelgan paytlari ham bo'ladi. Imkon qadar ularga yordamlashaman, bolalar bilan birga ishlaymiz. O'zim sinf rahbarlik qilay desam, egallagan vazifam tufayli bu mumkinmas ekan. Hozir ishim to'liq stavka. Maoshim 2.300.000 so'm, tabiiyki, bu oilamni boqishga yetmaydi. Yaqinda direktorimiz yaxshi ishlaganim uchun yana yarim stavka maʻnaviyatchi lavozimini qo'shib bergach, maoshim 3 millionga yetgandi. Ammo tepadan tekshirish bo'lganida, rahbar o'rinbosariga bir yarim stavka ishlash mumkinmas, deya yana yarim stavkamni olib qo'yishdi. Albatta, bunday sharoitda kim fidoyilik bilan ishlagisi keladi? Yaxshi ishlay desang, maosh juda kam, oilangni boqishga yetmaydi. Meʻyoriy hujjatlar bilan imkoniyatlar chegaralab tashlangan. Fan o'qituvchilari ham darsini o'tib, boshqa ishga oshiqadi. Maktabda, ayniqsa, yuqori sinf o'quvchilari bilan erkak o'qituvchilar ishlashiga katta ehtiyoj bor. Ularga qattiqqo'llik, erkak kishining tarbiyasi zarur. Ammo yuqoridagi kabi cheklovlar erkaklarning maktabda qolishiga yo'l bermayapti.
Yuqoridagi mulohazalardan ham maʻlumki, agar erkak o'qituvchilarga ham oilasini boqishi uchun yetarli miqdorda maosh to'lansa, ipoteka va avtokreditlar berilsa, oldingi imtiyozlar qaytarilsa, ular maktabga qaytishadi. Lekin bu ishlar hozircha quruq gap va orzudan nariga o'tmayotir. O'tgan yili pedagoglarga berilgan avtokreditlar ham maʻlum sabablarga ko'ra, bu yil to'xtab qoldi. O'qituvchilarga mo'ljallangan imtiyozli ipoteka kreditlaridan esa hamon darak yo'q…
Xalq taʻlimi vazirligining esa oldiga qo'ygan marralari ulkan: 2030 yilda taʻlim sifati bo'yicha TOP-30 mamlakatlar qatoriga kirish. Vaholanki, shunday yaxshi maqsadlarga bilimli va fidoyi pedagoglar armiyasisiz erishib bo'lmaydi. Ularning g'ayratini jo'shtirish, sidqidildan ishlashiga erishish uchun esa, avvalo, maoshlarni oshirish, imtiyozlarni tiklash, kreditlar berishni amalda joriy etish, erkak o'qituvchilarga alohida rag'batlar tashkil etish va boshqa baʻzi kasb egalariga ko'rsatilayotgan eʻtiborni o'qituvchi-murabbiylar hayotiga ham joriy etish kerak bo'ladi. Chunki o'qituvchi mehnati va mashaqqati boshqa kasb egalarinikidan ortiq bo'lsa borki, aslo kam emas.
Zebo NAMOZOVA,
«IШONЧ»
Senatda Qatar Shoʻro kengashi Raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 4-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Qatar Shoʻro kengashi Raisi Hasan bin Abdulloh Al-Gʻanim boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.Tomonlar Oʻzbekiston va Qatar parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, oli
Chiqindi poligonlarida ekosanoat zonalari tashkil etiladi
Chiqindilarni qayta ishlash sohasini yanada takomillashtirish va kompleks tizimlashtirish maqsadida Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda 'Huquqiy axborot' kanali xabar berdi.Unga koʻra, chiqindilarni qayta ishlash sohasida bir qator asosiy yoʻnalishlar belgilandi. Jumladan, mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarini 2030-yilgacha 50 foizga qisqartirish va yangi hosil boʻlayotgan chiqindilarni poligonlarga yoʻnaltirmasdan, ularni maksimal darajada qayta ishlash yoki kuydirish belgiland
Toʻrtta viloyatda “valyutchik”lar qoʻlga olindi
Departamentning Xonobod shahri boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda valyuta qimmatliklari savdosi bilan shugʻullanib kelgan E.R. fuqaro A.T.ga 3 000 AQSH dollarini 38,7 million soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, 3 000 AQSH dollari, 35 950 Rossiya rubli va 3 000 qirgʻiz somi ashyoviy dalil sifatida olingan.Shu kabi, Departamentning Quyichirchiq tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.A. fuqaro U.B.ga 1 900 AQSH dollarini 24,7 million soʻmga,
Milliy statistika tizimini transformatsiya qilish ofisi tashkil etiladi
Qarorga ko'ra, Milliy statistika qo'mitasi tuzilmasida 'Milliy statistika tizimini transformatsiya qilish' ofisi tashkil etiladi.' Transformatsiya ofisi quyidagi ustuvor yo'nalishlarda yangi mexanizmlarni joriy qilishga mas'ul etib belgilandi, jumladan:' ichki va tashqi foydalanuvchilar uchun zarur bo'lgan statistik ma'lumotlarni, shu jumladan, aholi daromadlari va ularning manbalarini baholash uslubiyotini takomillashtirish;' mikro darajada kuzatuvlarni amalga oshirish va statistik ko'rsatkichl