calendar 25 Aug 08:20
eye 23
comments 0
comments Manba: zamin

Milliy vaktsina yaratiladimi?

image
Bugun dunyo bir bo'lib, bitta masala – koronavirusni tezroq yengish ustida bosh qotirmoqda. Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning maʻlumotiga ko'ra, bu kasallikni bartaraf etish uchun kamida ikki yil kerak bo'larkan.

Undan sal avvalroq, «Maykrosoft» kompaniyasi asoschisi, milliarder Bill Geyts rivojlangan davlatlar bu dard bilan 2021 yilning oxirigacha kurashishini, rivojlanmaganlari esa 2022 yilgacha koronavirusdan qutulolmasligini maʻlum qildi. Esingizda bo'lsa, aynan shu Bill Geyts bundan besh yil avval pandemiyani oldindan bashorat qilgan. Demak, u bir gapni bilmasa gapirmaydi.

Biz rivojlangan davlatlar toifasiga kirmaymiz. Demak, hozircha o'zimizni «pandemiya erta-indin tugaydi» deb ovutishimizga hojat yo'q. Biz ham yana salkam ikki yarim yil koronavirus bilan kurashishimiz lozim bo'ladi. Ha, afsuski shunday! O'zi olti oyda bo'larimiz bo'ldi. Rasmiy maʻlumotlarga ko'ra, 40 mingga yaqin kishi koronavirusga chalindi. 300 ga yaqin odam nobud bo'ldi. Mamlakat milliardlab dollar miqdorida zarar ko'rdi. Minglab oilalar doimiy daromad manbaidan ayrildi. Bu hali bosib o'tishimiz kerak bo'lgan yo'lning oltidan bir qismi xolos.

Bugungi kundagi rasmiy maʻlumotlarga ko'ra, har kuni o'rtacha 400-500 kishi kasallikka chalinyapti. 6-7 kishi hayot bilan vidolashyapti. Oldimizda salkam ikki yarim yil bor. Agar ko'rsatkichlar shu zaylda davom etaversa, 2022 yil oxiriga borib, kasallangan soni 500 ming kishiga, qurbonlar 5000 kishiga yetadi. ENG KAMIDA. Chunki, bugun haqiqiy manzara eʻlon qilinayotgan raqamlardan ancha farq qilishini, minglab odamlar shifoxonadan tashqarida, o'zi kasallanib, o'zi tuzalayotganini yaxshi bilamiz. Vafot etayotganlar soni ham rasmiy maʻlumotlardagidan farq qiladi. Qolaversa, kelgusida kasallik ko'rsatkichlari foiz hisobida yanada ko'proq bo'lishi mumkin.

Nega buncha vahima qilyapsan, deyishga oshiqmang! Albatta ertaga nima bo'lishi Gebreyesus yoki Bill Geytsdan ko'ra Yaratganning o'ziga yaxshiroq maʻlum. Har bir ish Uning xohish-irodasi bilan amalga oshadi. Qolaversa, «Bolta tushguncha kunda dam olar» degan gap bor. Bu davr oralig'ida tibbiyotda ham bir qancha o'zgarishlar bo'lishi, yangi davolash usullari, yangi dori-darmonlar joriy qilinishi, pandemiya bashorat qilinganidan ertaroq ham tugashi mumkin. Xullas har ikki holatni ham eʻtibordan qochirmaslik kerak.

Hozir dunyo ahli umid ko'zi bilan qarayotgan yana bir vosita bu koronavirusga qarshi vaktsinadir. Bugunga qadar 160 dan ortiq kompaniya vaktsina ishlab chiqarishga kirishgan. Ularning 30 dan ortig'i dastlabki bosqichlardan o'tgan. Rossiyada ishlab chiqarilgan «Sputnik V» vaktsinasi bilan sentyabrdan boshlab aholini emlash boshlanadi.

Hozirda Yaponiya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Italiya singari mamlakatlar ham o'z vaktsinalari ustida ish olib borishmoqda. Hatto qo'shni Qozog'iston Respublikasida ham QazCovid-in vaktsinasi ishlab chiqilgan va klinik sinovdan oldingi bosqichda turibdi.

Yaqinda JSST rahbari vaktsina ishlab chiqarilganidan keyin ayirmachilika yo'l qo'ymaslikka, uni teng taqsimlashga chaqirdi. Demakki, shunday xavf, andisha mavjudki, tashkilot rahbari bu haqda og'iz ochgan.

Katta ehtimol bilan dunyo mamlakatlari yana ikki qutbga – vaktsinasi bor va vaktsinasiz davlatlarga ajralsa ajablanmayman. Bir toifa davlatlar o'z vaktsinasi istagan boshqa bir davlatga sotishi, ayirboshlashi, yoki qaysidir shartlar evaziga tekinga berishi ham mumkin.

Ikkinchi guruhdagilar «arzonroq vaktsinani kimdan olsak bo'larkin? Kim bizga yordam qo'lini cho'zarkin?» deb jovdirabgina qarab o'tiraveradi. Xullas bu yog'iga yana siyosiy va iqtisodiy o'yinlar boshlanib ketsa kerak.

Birgina Xitoy chiqarayotgan vaktsinaning bir dozasi 100 dollardan oshiqqa baholanmoqda. Qolgan vaktsinalar ham 20 dollardan 60-70 dollargacha boradi. Ko'pgina mutaxassislar asosan 18 yoshdan yuqori aholi qatlamini emlash lozimligini aytishmoqda. O'rtacha 50 dollar atrofida baholangan taqdirda ham, mamlakatimizda 20 million kishi emlanadigan bo'lsa, bu bir milliard dollarga tusharkan. Pandemiya sabab iqtisodiyoti tobora zaiflashayotgan mamlakat uchun bu kattagina mablag'. Biroq, qaysidir davlatlar yoki shirkatlar vaktsina bahona yaxshigina pul ishlaydi. Chunki, millionlab dozalar juda katta daromaddan darak berib turibdi. Ehtimol vaktsinaning tannarxi bir necha tsent bilan o'lchanar. Ammo, ajal bilan muqarrar yuzma-yuz turgan paytda buni kim ham o'ylab o'tirardi? (Bugungi qariyb suvtekin penitsillinni ham bir paytlar oltin bahosiga sotishgan.)

Biz hozircha ikkinchi guruhda turibmiz. Yaqinda bir mutaxassis tanishim suhbat asnosida aytib qoldi. Bir paytlar Toshkentda ham aynan Moskvadagi Gamaleya markazidan qolishmaydigan immunologiya instituti faoliyat ko'rsatgan, keyinchalik yurtimizda bu sohaga eʻtibor susayib ketgani sababli institut ham yopilgan, undagi mutaxassislar turli xorijiy davlatlarga, xususan ana shu Gamaleya markaziga ham ketib qolishgan ekan. Bu gap qanchalik haqiqatga yaqin bilmadim, ammo, chindan ham yurtimizning juda ko'p olim va mutaxassislari bir paytlar tirikchilik ilinjda o'zga yurtlarga bosh olib ketgani bor gap.

Aks holda, bugun qaysi mamlakatning vaktsinasi bizga mos kelarkin, deb atrofga umid bilan ko'z yugurtirmagan bo'larmidik? Albatta, keyingi yillarda ilm-fan, texnika va texnologiya, innovatsiya sohalariga eʻtibor kuchaydi. Chet ega ketgan malakali mutaxassislarni qaytarish harakatlari boshlandi. Ammo, koronavirus nomard g'animdek kutilmaganda hamla qildi. Ko'p ishlar oxiriga yetmasdan qoldi.

Xullas, shu yurtning bir fuqarosi sifatida meni ham bir savol qiynayveradi. Biz ham o'z vaktsinamizni yarata olmaymizmi? Boshqalarning «raʻyi»ga qarab o'tirsak, to 2022 yilning oxiriga qadar qancha talofatlar ko'rarkinmiz, qancha qurbonlar berarkinmiz?

Ochig'i, men immunolog yoki virusolog emasman. Vaktsina yaratish qanchalik oson yoki qiyin ekanini ham yetarli darajada bilmayman. Lekin nahotki bir paytlar samolyotdan tortib traktorgacha yirik texnikalarni ishlab chiqarish quvvatiga ega bo'lgan mamlakatda jimjiloqdek keladigan vaktsinani yaratish va ishlab chiqarishning imkoni bo'lmasa? Ochig'i, agar o'zimizda xalqaro andozalarga javob beradigan vaktsina yaratiladigan bo'lsa, ko'ngilli sifatida dastlabki sinovlarda ishtirok etgan bo'lardim...

Manba: Xabar.uz

Doʻstlaringiz bilan ulashing

29 Jan 16:07
 
33
0
qalampir.uz

Avtomobillar hashamatga aylanishi kerak – Prezident

north_east Xususiy transport hamma erisha oladigan masala bo‘lmasligi kerak – Alisher Qodirov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  mamlakatda jamoat transporti haligacha odamlarga sifatli xizmat ko‘rsatadigan tizimga aylanmaganini aytdi. Bu haqda u bugun, 29 yanvar kuni o‘zi raisligida bo‘lib o‘tayotgan uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor va

05 Feb 08:58
 
45
0
qalampir.uz

Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suvi narxlari oshirilmoqda

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi qarori asosida 2024 yil 20 fevraldan boshlab, ichimlik va oqova suv narxi oshiriladi. Bu haqda "Toshkent suv ta’minoti" masu’liyati cheklangan jamiyati xabar bermoqda. Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining VI-86-6-10-0-K/24-sonli qaroriga ko‘ra:  aholiga ichimlik suvi 1 m3 – 2000 so‘m;   byudjet tashkilotlariga ichimlik suvi 1 m3 – 9000 so‘m;  boshqa tashkilotlarga ichimlik suvi 1 m3

12 Feb 17:12
 
28
0
xs.uz

Ipakchilik instituti huzurida 2 ta naslli urugʻlik stansiyasi ishga tushiriladi

Pillachilik sohasini rivojlantirish boʻyicha mutasaddilarga qator topshiriqlar berildi.Jumladan, ipak qurtini xonadonlarga tarqatib, oʻrma tutzor tashkil etish va uy sharoitida tayyor ipak ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish boʻyicha tizim yaratiladi.Ozuqa-yem bazasini koʻpaytirish uchun bu yil dalalar atrofida 150 million yangi navli hosildor tut koʻchatini ekish topshirildi.Ipakchilik instituti huzurida 2 ta naslli urugʻlik stansiyasi ishga tushiriladi. Institutga xitoylik mutaxassislar

14 Mar 07:22
 
19
0
xs.uz

Tanzila Norboyeva BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasida qator tashabbuslarni ilgari surdi

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozim, Komissiya BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining ishchi organi boʻlib, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va ilgari surish boʻyicha xalqaro standartlarni hamda ularning bajarilishi yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadi.Bu yilgi sessiyada kambagʻallikni bartaraf etish, institutlar salohiyati va moliyalashtirishni kuchaytirish orqali gender tengligiga erishish va barcha xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada Pekin d