Samarqandda “O‘zbekiston – Germaniya xalqaro sog‘liqni saqlash forumi” boshlandi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli anjumanda vazirlik mas’ullari, respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiy oliy ta’lim muassasalari va hududiy tibbiyot maskanlari vakillari, shuningdek Germaniyaning yetuk olimlari va ekspertlari, nufuzli tibbiyot markazlari, yirik farmasevtik korxonalar rahbarlari hamda investorlar oflayn va onlayn tarzda ishtirok etmoqda.
“Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm majmuasidagi Kongress markazida o‘tayotgan forumni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov kirish so‘zi bilan ochar ekan, barcha yig‘ilganlarni nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutladi.
Shuningdek, anjumanda Germaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tilo Klinner, O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nabijon Qosimov, “Koch Avitsenna” nemis-o‘zbek tibbiyot jamiyati raisi Xelmut Xan, Germaniya taraqqiyot bankining mintaqaviy vakolatxonasi direktori Andreas Shnayder, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoaxim Fritslar ham tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Qayd etilganidek, Germaniya O‘zbekiston uchun ishonchli va strategik hamkor. Mamlakatlarimizni chuqur tarixiy ildizlar bog‘lab turadi. Mustahkam do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali munosabatlar oxirgi yillarda jadal rivojlanib bormoqda.
Ayniqsa, joriy yil 2-3 may kunlari Prezidentimizning Germaniyaga tashrifi ikki tomonlama aloqalarda butunlay yangi sahifa ochdi.
Shuni aytish lozimki, yurtimiz tibbiyotida olib borilayotgan islohotlarda ushbu mamlakat loyihalarining ko‘lami va salmog‘i alohida o‘ringa ega.
Xususan, Germaniya taraqqiyot banki bilan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash muassasalarini modernizasiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, muqobil energiya manbalarini ishga tushirish va tibbiy ta’lim bo‘yicha umumiy qiymati 175 million yevroga teng 7 ta investisiyaviy hamda grant loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Frayburg universiteti bilan hamkorlikda tor sohadagi hamshiralarni Germaniya ta’lim standartlari bo‘yicha tayyorlash va qayta o‘qitishga kelishilgan. Bu esa o‘qishni bitirgan hamshiralar uchun Germaniya tibbiyot klinikalarida faoliyat olib borish imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari Germaniya bilan o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida Sharite universiteti va Robert Kox instituti klinikalari bilan hamkorlikda “Robert Kox – Ibn Sino” tibbiyot fondi tashkil etildi.
Mazkur fond doirasida tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish, telemedisina yordamida mahorat darslarini kengaytirish, xorijiy investisiyalarni jalb qilish mo‘ljallangan. Bugungi xalqaro forum ana shu hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim qadamlardan biridir.
Ikki kun davom etadigan tadbirda mamlakatlar aro tibbiy hamkorlikni kengaytirish, sohani raqamlashtirish, tibbiyot turizmini rivojlantirish, investisiya loyihalari qamrovini kengaytirish, tibbiy ta’limda qo‘shma dasturlar amalga oshirish muhokama etiladi hamda xalq tabobati yo‘nalishiga doir qator masalalarga ham e’tibor qaratiladi.
Anjumanda mamlakatimizdagi qulay infratuzilma va zarur sharoitlarning mavjudligi, investorlarning huquqlari qonun bilan mustahkamlangani, chet ellik sarmoyadorlarning davlatimizga bo‘lgan qiziqishi yildan yilga ortib borayotgani investisiyalar hajmining oshishiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining 120 million nafar aholisi uchun O‘zbekistonni tibbiy turizm poytaxtiga aylantirish uchun investor va tadbirkorlarga barcha imkoniyat va sharoitlar yaratib berilishi, bu borada bugungi sog‘liqni saqlash forumi “O‘zbekiston – Germaniya” formatidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishi aytib o‘tildi.
Anjuman doirasida 20 ga yaqin germaniyalik mutaxassislar O‘zbekistonda tibbiy ta’lim, shifokorlar malakasini oshirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarimiz “Faxriy professori” unvoni hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Yakunda germaniyalik hamkorlar bilan umumiy qiymati 100 million dollardan ortiq 70 dan ziyod kelishuv va memorandumlar imzolanishi kutilmoqda.
Xalqaro anjuman ertaga - 27 may kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.