calendar 11 Aug 05:41
eye 96
comments 0
comments Manba: ishonch

Ayol baxti jamiyatning baxtidir

image

Ayol – avvalambor, ona, oila atalmish muqaddas qo'rg'onning farishtasi, jamiyat ustuni, hayotimiz fayzi…
Bu shunchaki balandparvoz so'zlar emas. Biz ayolni qanchalik ulug'lasak, unga qanchalik g'amxo'rlik qilsak, millat, davlat, ertangi kun va kelajak avlodga shunchalik g'amxo'rlik qilgan bo'lamiz.

Shu bois, xotin-qizlar muammolarini o'rganish va hal etish bugungi kunning dolzarb masalasiga aylangan. Jamiyatimizning rivoji, nurli istiqboli uchun jismonan, maʻnan, ruhan kuchli ayollar – onalar kerak. Zero, shaxsni ona yaratadi, farzandning hayot haqidagi tasavvurlari ona tarbiyasi bilan shakllanadi!

Mafkuraviy urushlar, maʻnaviyatga tahdid­lar kuchayib borayotgan bugungi kunda jamiyatni asrashni oilalardan boshlash kerakligi oydinlashib bormoqda. Shu jihatdan, onalarimiz va ayollarimizni Vatan, millat himoyachilari, desak adashmagan bo'lamiz. Hayo­tidan rozi, kelajakka umid ko'zi bilan qarayot­gan ayollargina Vataniga sadoqatli, mehnatkash, fidoyi farzandlarni tarbiya­lay oladi.
Hyech kimga sir emas, oiladagi muammolar yuki, asosan, uy bekasining nozik yelkasiga tushadi. Er ishsiz, oilada yetishmovchilik bo'lsa, birinchi nav­batda, ayol qiynaladi. Ota ishda bo'lsa ham bolalar tarbiya­­si bilan ona shug'ullanadi. Bolasini bog'chaga joylashtira olmasa, maktabdagi taʻlim-tarbiya sifatsiz bo'lsa, onaning tashvishiga yana bir tashvish qo'shiladi. Suv, gaz, elektr taʻminoti yaxshi bo'lmasa, yana qiynaladigan – ayol!

Afsuski, uzoq yillar xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qo'yaolmadik, ularning jamiyatdagi o'rnini his etmadik. Mamlakatimizda, ayniqsa, qish­loq joylarda yashayotgan aksar ayollarimiz o'z muammo va tashvishlari bilan yolg'iz qolganini, hayotning moddiy va maʻnaviy qiyinchiliklari ostida ezilib ketganini bilib bilmaslikka, ko'rib ko'rmaslikka oldik. Yashirishning hojati yo'q, mamlakatimizda ishsiz, doimiy daromadga ega bo'lmagan xotin-qizlarning dardini eshitish uchun shu choqqacha hyech kim ularning eshigini taqillatib kelgan emas.
Davlatimiz rahbarining ana shu voqelikka teran nazar solib: «Shunday oilalar borki, uyida o'tirishga gilami yo'q, dori-darmon olishga puli yo'q, yig'lashga ko'zida yoshi yo'q. Bunday sharoitda yashayotgan ayollarning ahvolini kim tasavvur etadi? Biz bu yil xotin-qizlar va yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko'taramiz», degan tashab­busi bu boradagi barcha stereotiplar, qarashlar, yondashuvlarga keskin o'zgartirish kiritdi.
Aynan Prezidentimizning topshirig'i bilan tashkil etilgan Xotin-qizlarning muammolarini o'rganish va hal etish bo'yicha respublika ishchi guruhi faoliyati orqali xotin-qizlarimizning ko'pgina muammolari o'z yechimini topmoqda.
Mazkur ishchi guruh o'z faoliyatini ilgarigi turli o'xshash guruhlar, komissiyalar, monitoring, kuzatuv, nazorat jamoalarining tartib-tamoyillaridan farqli ravishda bevosita hayot realliklaridan kelib chiqib ish tutishga qaratdi.

Bosh masala – ishsizlik!

Biz o'zimiz uchun birinchi masala sifatida joylarda xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish borasida ijro mexanizmini ishlab chiqishni belgilab oldik.
Ishchi guruh aʻzolari yetti oy davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridagi har bir mahallada uyma-uy yurib, muammolarni aniqladi. Dastlab har bir hududdan bitta tuman namuna sifatida olinib, xotin-qizlar bilan ishlash yo'nalishida aniq manzilli va muddatli chora-tadbirlar belgilab olindi hamda bu taj­riba har bir tuman va mahalla kesimida amalga oshirildi.
Qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar bilan yuzma-yuz muloqotlar chog'ida ularning 200 mingdan ortiq muammosi ro'yxatga olindi.

O'rganishlar yakuni bo'yicha barcha viloyatlarning tuman va shaharlari kesimida 7 yo'nalishdagi chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqildi, sektor rahbarlari tomonidan imzolandi hamda viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati va O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raislari tomonidan tasdiqlandi va ijroga yo'naltirildi.

Tahlillar, eng avvalo, oilaning moddiy ahvoli ko'p narsani belgilashini ko'rsatmoqda. Darhaqiqat, bosh masala — ishsizlik! Ishchi guruh joylarda ayollarning ish bilan taʻminlanish darajasi va bu ko'rsatkichlarni yaxshilash istiqbollarini tahlil qildi. Nafsilamb­rini aytganda, menga ish bering, men tadbirkorlik qila olaman, mening hunarim bor, ozgina oyoqqa turishimga ko'mak kerak, deydigan xotin-qizlarga taʻzim qilish kerak. Negaki, ular jamiyatdan ko'r-ko'rona taʻma qilmayapti, ular butun og'irligini davlat zimmasiga ortib qo'ymoqchi ham emas, qolaversa, jamiyat boqimandalikdan xalos bo'la boshlaganining dalili ham shu. Shu maʻnoda, har bir hududda bo'sh turgan, ishlab ketishiga bank krediti, hokimlik madadi, boshqa yana qaysidir maʻmuriy tuzilmaning bir imdodi yetmay turgan ko'plab ishlab chiqarish nuqtalari chuqur o'rganildi. Bilasizmi, baʻzida mahalliy hokimliklarning bir og'iz so'ziga mahtal bo'lib ish boshlay olmay yurganlarni ko'rib achinib ketasan kishi.
Ishchi guruh ayni mana shunday obʻyektlarni ishga tushirish borasida ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirish yo'lini tutdi. Mana, natijalar…
Andijon viloyatining Marhamat tumanida «Kasaba hamkor» to'qimachilik korxonasining biznes loyihasini amalga oshirish natijasida har bir smenada 300 nafardan, jami 2 smenada 600 nafar xotin-qizning bandligi taʻminlandi. Mazkur maqsadlar uchun 1 milliard so'm mablag' yo'naltirildi.
Farg'ona viloyatining Toshloq tumanidagi «Yuqoriqishloq» mahallasida Xotin-qizlarning ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil etildi. Buning uchun 1 ta traktor ajratildi, quduq, zamonaviy dala shiyponi qurib berildi. Natijada 40 nafar ayolning bandligi taʻminlandi. Ushbu ishlar uchun 700 million so'm sarflandi.
Qoraqalpog'is­ton Respublikasining Bo'zatov tumanida «Doka non» tsexi, Shumanay tumanida «Shomanay Shamenay» va «Ishbilarmon xotin-qiz» masʻuliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etildi. Natijada 55 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan taʻminlandi. Shuningdek, Mo'ynoq tumanida zamonaviy issiqxona qurilib, 110 ta oilaning uy sharoitida bandligi taʻminlandi. Ushbu maqsadlar uchun 1 milliard 400 million so'm mablag' yo'naltirildi.
Navoiy viloyati Navbahor tumani «Ko'hron» mahallasida «Imaxa kasaba grand ART» chinni buyumlar tsexi biznes loyihasi orqali ijtimoiy yordamga muhtoj 100 nafar xotin-qizning bandligi taʻminlandi. Mazkur biznes loyihaga 1 milliard so'm mablag' sarflandi.
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida «Zif tekstil» korxonasiga 100 ta ishlab chiqarish dastgohi olib berildi va 300 ta yangi ish o'rni yaratildi. Mazkur maqsadlar uchun 1 milliard 500 million so'm sarf etildi.
Eʻtiborli jihati, yuqoridagi maqsadlar uchun yo'naltirilgan mablag'lar tadbirkorlar tomonidan qarz sifatida olindi, yaʻni muayyan vaqt o'tgach, daromadlar evaziga bu mablag'lar qaytariladi.

Real yordamlar…

Yuqoridagi o'rganishlar, qolaversa, hokimliklar bilan olib borilgan hamkorlik natijasida bugungi kungacha 117 ming 306 nafar ayolning bandligi taʻminlandi. Shunda 94 ming 150 nafari bandlik dasturlari, 17 ming 628 nafari bank kreditlari, 5 ming 528 nafari O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi loyihalari asosida ishli bo'ldi.
Ishchi guruh hisob-kitoblariga ko'ra, 2020 yil oxiriga qadar respublikamiz bo'yicha jami 149 ming nafar xotin-qizning bandligi taʻminlanadi.
Bevosita Prezidentimiz topshirig'iga ko'ra, ushbu yo'nalishdagi ishlarni kuchaytirish maqsadlari uchun yo'naltirgan mablag'lar hisobidan:
og'ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nochor, o'ta muhtoj 74 nafar ayolning uy-joyi uchun boshlang'ich to'lovi qoplanib berildi;
yashash sharoiti og'ir, uy-joyi taʻmirtalab, avariya holatidagi 446 nafar xotin-qizning uy-joylari taʻmirlandi;
ijtimoiy ahvoli og'ir va salomatligini yo'qotgan, nogiron, muhtoj oilalardagi 3 ming 235 nafar xotin-qizga moddiy yordam ko'rsatildi.
Natijada respublika bo'yicha ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning jami 3 ming 755 nafariga 15 milliard 342 million so'mlik manzilli moddiy yordam ko'rsatildi.
Tasavvur qiling, bularning barchasi dunyoda kechayotgan pandemiya davrida qudratli davlatlarda ham iqtisodiy tanglik bo'y ko'rsatayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. Bu esa davlatimiz rahbarining aholining yordamga muhtoj qatlami hayotini yaxshilashga qaratayotgan eʻtibori, yurt otasi sifatidagi masʻuliyatining yaqqol ifodasidir.
Har bir dastur va ularning ijro mexanizmi har bir hududning imkoniyatidan kelib chiqqan holda tayyorlashga alohida eʻtibor qaratildi.

Ijro mexanizmi bormi?

Albatta, ishchi guruh respublika hududlarida birinchi davra o'rganishlarni yakunladi va bu mamlakatdagi xotin-qizlar muammolari birvarakayiga yechim topdi, degani emas.
Ochig'ini aytish kerakki, ishchi guruh Sirdaryo viloyatida boshlagan ish tartibida asosiy bo'g'in sifatida ijro mexanizmini ham yo'lga qo'­yishni nazarda tutgan edi. Biz yaqin yillar tajribalaridan qabul qilingan ko'plab dasturlarning aksariyati nazoratsiz, faqat qog'ozlardagina qolib ketganini ham yaxshi bilamiz. Shu nuqtai nazardan qabul qilingan har bir hududiy dasturni tumanning to'rt sektori rahbari, viloyat rahbari, ishchi guruh rahbari va Oliy Majlis Senati raisi tomonidan tasdiqlatdik. Bu esa o'rganib, chora ko'rish uchun belgilab olingan har bir masalaning o'z egasi borligi va masalaning yechimi tegishlicha nazoratda ushlab turilishini taʻminlaydi. Shundan kelib chiqib, ishchi guruhning tezkor guruhlari ijro muddati kelgan har bir masalaning hal etilishini o'rganib borishi ham yo'lga qo'yildi.
Respublika ishchi guruhi dasturlar ijrosi bo'yicha har oylik maʻlumotlarni tahlil qilmoqda va ular bo'yicha yuqori idoralarga axborot ham kiritib bormoqda. Jamoatchilik nazorati shakli sifatida ushbu masalalar ijrosi joylarda mahalliy kengashlar sessiya­lari kun tartibiga kiritilib borilishi ham yo'lga qo'yildi. O'ylaymizki, bu mahalliy deputatlar masʻuliyati va vatanparvarligini namoyon qilishi uchun alohida imkoniyat bo'ladi.
Shuningdek, bir qator hududlarda masalalar yechimi hokimlik soatlarida ko'rib borilayotgani ham tahsinga loyiq.

«Ishonch telefoni» ishonch qozonmoqda!

Xotin-qizlar muammolari bilan tizimli shug'ullanish masalasi kasaba uyushmalari Federatsiyasi zimmasiga yuklanishi barobarida Prezidentimiz topshirig'i Kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshida xotin-qizlarning muammolari bo'yicha tun-u kun ishlaydigan «1211» qisqa raqamli «Ishonch telefoni» tashkil etildi va yurtimizdagi xotin-qizlar muammolarini aniqlash va ularni tizimli hal etishning yangi mexanizmiga aylandi. «Ishonch telefoni»ga shu kunga qadar 34 220 ta murojaat kelib tushdi.
Jami murojaatlarning 11 418 tasi, yaʻni 33,4 foizi vazirlik va idoralarga, 22 802 tasi, yaʻni 66,6 foizi hududiy hokimliklar va Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yuborilgan.
Ushbu murojaatlarning 11 257 tasi ijtimoiy masalalarni (32,9 foiz) 6 636 tasi uy-joy (19,4 foiz), 3 700 tasi karantin munosabati bilan yordam ko'rsatish (10,8 foiz), 3 307 tasi bandlik (9,4 foiz), 1 616 tasi aliment undirish (4,7 foiz), 1 587 tasi huquqiy masalalar (4,6 foiz), 1 451 tasi oilaviy munosabatlar (4,2 foiz)ga tegishli. Qolgan murojaatlar kredit, tadbirkorlik, kommunal xizmat, yer ajratish va boshqa yo'nalish­larga taalluqlidir
Shunisi eʻtiborga molikki, bugungi pandemiya sharoitida davlat u yoki bu tizim orqali o'z aholisi, ayniqsa, xotin-qizlarning shikoyat va arzlari, muammolarini eʻtibordan chetda qoldirayotgani yo'q. Eʻtiborli jihati, ushbu tarmoqqa tunu kun murojaatlar tinmaydi. Ular orasida bugungi karantin sharoitida og'ir ahvolda qolganlarning oddiy maishiy masalalari ham uchraydi va, tabiiyki, ularning birortasi eʻtiborsiz qolayotgani yo'q.
Viloyatlar kesimida tahlil qiladigan bo'lsak, Toshkent shahri (5 064 ta, 14,8 foiz), Samarqand (4 046 ta, 11,8 foiz), Qashqadaryo (3 757 ta, 11 foiz) va Toshkent (3 192 ta, 9,3 foiz) viloyatlaridan murojaatlar nisbatan ko'proq kelib tushmoqda.
Hozirgacha murojaatlarning qariyb 71 foizi hal etildi, 29 foizga yaqini nazoratga olindi. Mazkur tizim mamlakatning olis qishloqlaridagi xotin-qizlar uchun ham qulay ekanini inobatga olib, uni kengroq targ'ib qilish maqsadga muvofiq deb topildi va O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «O'zbekiston-24» telekanali orqali «Ayol rozi bo'lsa…» ko'rsatuvi tashkil etildi. Unda «Ishonch telefoni»ga kelib tushayotgan murojaatlarni hal etish bilan bog'liq ishlar, xususan, namunali hududlar bilan birga masalaga panja orasidan qarayotgan rahbarlar faoliyati tahlil qilinmoqda.
Misol uchun, Sog'liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) aholi murojaatlarining 48 foizi, «Hududgaztaʻminot» AJ (B.Eshmurotov) 12 foizi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Husanov) 12 foizi, Xorazm viloyati hokimligi (F.Ermanov) 16 foizi, Toshkent viloyati hokimligi (R.Xolmatov) 16 foizini o'z vaqtida hal etmagani bizni tashvishga soladi. Bu borada izchil nazorat yo'lga qo'yilmoqda.
Muxtasar aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: «Har birimiz o'z ish uslubimizni o'zgartirib, oddiy odamlarning imkoniyati va ko'nikmalarini inobatga olib, amaliy loyihalarni amalga oshirsakkina, tezroq natija bo'lishi, qish­loqda, mahallada o'zgarish bo'lsa, iqtisodiyotning ham rivojlanishiga munosib hissa qo'shgan bo'lamiz, xalqimizning bizga bo'lgan ishonchi ortadi», degan gap­lari bugun har bir rahbarning das­turulamaliga aylangan.

Qudratilla RAFIQOV,
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Xotin-qizlar muammolarini o'rganish va ularni
hal etish bo'yicha respublika
ishchi guruhi rahbari


Doʻstlaringiz bilan ulashing

12 Feb 17:12
 
28
0
xs.uz

Joriy yilda mavjud loyihalar hisobidan 655 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtiriladi

Qishloq xoʻjaligiga investitsiyalar jalb qilish masalasiga toʻxtalib oʻtildi.Joriy yilda mavjud loyihalar hisobidan 655 million dollar xorijiy investitsiyani oʻzlashtirish vazifasi qoʻyildi.Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya ishtirokida 500 million dollarlik yangi loyihalarni boshlash muhimligi taʼkidlandi.Bunda, Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi vakolatxonasini Oʻzbekistonda ochish zarurligi qayd etildi.

07 Mar 20:12
 
23
0
xs.uz

Fatvo markazi 2024-yil uchun zakot, fitr va fidya miqdorini eʼlon qildi

ZAKOTRamazon oyi uchun tillo qiymatidan zakot hisobi 40.000.000 (qirq million) soʻm etib belgilandi.Demak, kimda zaruriy ehtiyojidan tashqari 40 000 000 (qirq million) soʻm va undan ortiq pul mablagʻi yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moli boʻlsa, jami mablagʻining qirqdan biri (2,5 foizi)ni zakot niyatida haqdorlarga beradi.FITRFitr sadaqasining miqdori quyidagicha belgilandi:bugʻdoydan ' 14 000 (oʻn toʻrt ming) soʻm;arpadan ' 20 000 (yigirma ming) soʻm;mayizdan ' 110 000 (bir yuz o

13 Feb 22:02
 
27
0
xs.uz

Havoning ifloslanishida mazutning “aybi” yoʻq — Energetika vazirligi

Maqolada 'Tekshiruv davomida korxonada ('Toshkent IES' nazarda tutilmoqda) gaz asosiy yoqilgʻi hisoblangani, shuningdek, qoʻshimcha yoqilgʻi sifatda mazutdan foydalanilayotganligi aniqlandi. Shu sababli Toshkent shahri havosini tutun qoplagan', deya alohida taʼkidlangan va shu bilan Toshkent shahrining havosi yomonlashib, PM-2,5-mayda dispersli zarrachalar miqdorining keskin oshib ketishi aynan mazkur korxonada mazut yoqilishi tufayli roʻy bergandek taassurot uygʻotilgandi.Aytish joizki, T

04 Feb 11:32
 
50
0
qalampir.uz

Buxoroda tarixiy-etnografik park quriladi

Buxoroda “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parki barpo etiladi. Bu haqda bugun, 3 fevral kuni viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi. Qayd etilishicha, parkni qurish loyihasi tarixiy me’morchilik an’analarini davom ettirish, yashil bog‘lar va sayilgohlarni ko‘paytirish maqsadida  amalga oshirilmoqda. “Aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, yuqori sifatli servis xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etish, tarixiy me’morchilik an’analarini d