calendar 26 Feb 15:10
eye 126
comments 0
comments Manba: daryo

“Al-vakil”, “Setora”, “Ummon”: o‘z davrida shuhrat qozonib, so‘ng tarqalib ketgan guruhlar (foto va video)

image

O‘zbek estradasi tarixida minglab xonandalar qatori o‘ziga xos ijodi bilan iz qoldirgan ijodiy guruhlar ham talaygina. 1990—2000-yillarda san’at olamiga ketma-ket guruhlar kirib keldiki, ularning ijod namunalari o‘zbek yoshlari orasida keng ommalashdi. O‘sha davrda hit darajasiga ko‘tarilgan taronalar bugungi kunda ham o‘z tinglovchilarini yo‘qotmay kelmoqda. “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov bir paytlar mashhurlikka erishib, so‘ng faoliyatini to‘xtatgan guruhlar haqida material tayyorladi. Quyidagi ma’lumotlar kishini bolalik, o‘smirlik davrlariga qaytarishi shubhasiz.

Afrikagacha dong‘i ketgan “Sado”

1980-yilda navoiylik Mila Romanidi va toshkentlik Kumush Razzoqovadan iborat “Sado” guruhi tuziladi. Ular o‘z safiga 16 yoshli Aziza Muhamedova ismli qizni ham qo‘shishadi. Ushbu trio dastlab xalq yo‘lida ijro etiladigan qo‘shiq va laparlarni kuylab, omma nazariga tushadi. Guruh 1981-yili Yaltada o‘tkazilgan xalqaro musiqiy tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgach, “Sado”ning mashhurlik onlari boshlanadi. Yevropa, Afrika mamlakatlarida konsertlar qo‘ygan qizlarning jamoadagi hamkorligi salkam o‘n yil davom etib, 1989-yil guruh parchalanib ketadi.

Foto: Kumush Razzoqovaning shaxsiy arxivi

Mila va Aziza karyerasini xorijda davom ettirish maqsadida Moskvaga yo‘l oladi. Ularning ikkisi ham bugungi kunda Rossiyada yashab, ijod qilmoqda. Kumush Razzoqova esa “Navo” ansamblida Hasan va Husan Jo‘rayevlar bilan birga yana trio tarkibida ishlay boshlaydi. 1991-yilga kelib Kumush Razzoqova “Navo”ni tark etadi va yakkaxon xonanda sifatida ijod qilishga kirishadi. U taniqli bastakor Dilorom Omonullayevaning taklifi bilan “Men seni hech kimga bermayman”, “Yomg‘ir yog‘di”, “Ikki daraxt”, “Siz yoqasiz menga hamisha”, “Saraton” singari qo‘shiqlarni kuylaganidan keyin, o‘zbek estradasida Kumush Razzoqova nomi paydo bo‘ladi. Xonanda 1994-yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoniga loyiq ko‘riladi. U ayni paytda Toshkent shahrida yashaydi.

Mudhish qotillikdan so‘ng tarqalgan “Al-vakil”

90-yillar boshida o‘zbek estradasida paydo bo‘lgan “Al-vakil” guruhining qo‘shiqlarini hozirgacha tinglovchilar bisyor. Guruhning qo‘shiqlarida rep yo‘nalishi boshqa yo‘nalishlar bilan uyg‘unlikda o‘zgacha ko‘rinish kasb etgani uchun ham o‘sha davr yoshlari jamoa taronalarini chinakam yangilik sifatida qabul qiladi. “Shohsaroy”, “Bo‘m-bo‘sh ko‘chalar”, “Ajoyib tun”, “Yig‘lamagin”, “Dam-dam” singari qo‘shiqlar shlyagerga aylanadi.

Foto: “Yandex.uz”

Guruhning ikki vakili — Arsen Arutyunyan va Danis Siragev 1999-yilda xonanda Layloning o‘limida ayblanib sudlanadi. Ular jazo muddatini o‘tagach, Arsen 2012-yili Moskvaga ko‘chib ketadi. U avvaliga Omar Axe taxallusi bilan yakkaxon ijod qiladi, so‘ngra Arsen Ginzburg sifatida The ARS guruhi solisti sifatida taniladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Danis Italiyada yashaydi.

Qotillikdan oldin “Al-vakil”ni tark etgan Ali Babayev Toshkent shahridagi tungi klublarda dijeylik qilishi haqida ma’lumotlar mavjud. Guruh lideri Muzaffar Oxunjonov biroz muddat Shohrux rep ijodiy jamoasida ishlaganidan keyin, 2011-yilda yurak xurujidan vafot etadi.

Bir yil ichida shuhrat qozonib, so‘ngan “Jonim”

1999-yilda Vagif Zakirovning taklifi bilan tashkil etilgan “Jonim” guruhi qisqa vaqt ichida mashhurlikka erishadi. Ikki dugona — Zilola Musayeva va Natella bir necha oy davomida o‘nlab qo‘shiqlar kuylab, “O‘tib ketadi” nomli debyut albomini yozadi. Ushbu albomdagi “O‘tib ketadi”, “Qarama ko‘zlarimga” kabi hit qo‘shiqlar yoshlar orasida keng ommalashib, guruh qizlarini elga tanitadi.

Ammo “Jonim”ning faoliyati uzoqqa bormaydi, ya’ni bir yildan so‘ng guruh tugatiladi. Natella o‘zini oilaga bag‘ishlash niyatida san’atni tark etishga qaror qiladi. Zilola Musayeva esa 2000-yilda “Tarona rekords” prodyuserlik kompaniyasi bilan shartnoma tuzib, Shahzoda taxallusida ijodini davom ettiradi. U 21 yildirki, yosh-u keksaning sevimli xonandasi sifatida e’tibor qozonmoqda.

“‘Jonim’ guruhi hozirda yo‘q. Men o‘z faoliyatimni ‘Jonim’ guruhidan, dugonam Natella bilan boshlaganman. U keyinchalik oilani tanladi. Hozirda baxtli oila bekasi, farzandlari bor. Oradan ancha vaqt o‘tib, ‘Jonim’ guruhini yangi tarkibda qayta tashkil qilgandim. Lekin u ham tarqab ketdi”, — deydi xonanda Shahzoda.

MDH mamlakatlarida mashhurlikka erishgan “Dado”

“Dado” guruhi 1999-yilda Toshkentda aka-uka — Alisher va Rustam Madumarovlar tomonidan tuzilgan. Ular dastlab “Anor” guruhida faoliyat yuritishgach, yangi guruh tashkil etish g‘oyasini amalga oshirishga kirishishadi. So‘ngra ikkisi dadasining xotirasiga bag‘ishlab, “Dado” (tojik tilida “dada” ma’nosini bildiradi) guruhiga asos solishadi.

Foto: “Yandex.uz”

2008-yilgacha jo‘shqin faoliyat yuritgan guruh nafaqat O‘zbekistonda, balki MDH mamlakatlarida ham mashhurlikka erishadi. Ularning “Yuragim”, “Benom”, “Dado-nado” kabi qo‘shiqlari xit darajasiga ko‘tariladi. Alisher Madumarov 2014-yilda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblanib, sud hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2020-yilning dekabr oyida guruh ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida 7 yildan so‘ng yana ijodni qayta tiklab, yangi qo‘shiqlarini e’lon qilishini ta’kidlashgandi. Biroq hozircha “Dado”ning yangi ijod mahsullari ommaga havola etilganicha yo‘q.

“Fayod” guruhi

1999-yilda prodyuser Alisher Nishonov tomonidan tuzilgan “Fayod” guruhi ham tez orada shuhrat qozonadi. Ikki qiz – Ra’no va Viktoriya Shindinadan iborat jamoaning ilk taronasi “Navro‘z” bo‘lib, bu “Fayod”ga chinakam mashhurlik olib keladi va hozirgacha sevib tinglanadi. Guruh asosan, o‘zbekona milliy qadriyatlar, urf-odatlar va xalq termalarini kuyga solib, muxlislar e’tiborini tortadi. Ularning “Alla”, “Chamanda gul” kabi bir qancha taronalari ham o‘z tinglovchilariga ega. Ayniqsa, Tohir Sodiqov bilan ijro etgan “Barglar” dueti yoshlar orasida keng ommalashgan. Guruh 2001-yilda “Nihol” mukofoti bilan taqdirlanadi.

Foto: “Yandex.uz”

2003-yilda guruh hech qanday nizo va kelishmovchiliklarsiz faoliyatini to‘xtatadi. Jamoadagi qizlar mustaqil ijod qilish istagida o‘z yo‘lini tanlashga qaror qilishadi. Ra’no bugungi kunda Amerikada yashaydi. Viktoriya esa Toshkentda. U “Fayod” guruhini saqlab qolish maqsadida “Viktoriya Fayod” taxallusi bilan xonandalikni davom ettiryapti.

Afsonaviy “Setora”

O‘zbek estradasi tarixining yorqin sahifalaridan joy olgan “Setora” guruhining ijod mahsullari bugungi kunda ham dunyoning turli nuqtalarida jarang sochishi shubhasiz. Guruh qizlari – Komila Xadjayeva, Feruza Latipova va Laylo Galiyeva Gliyer nomidagi musiqa maktabida birga o‘qishgan. Ular o‘quvchilik davrida “Oltin yulduzlar” nomli guruh tashkil qilib, ta’lim dargohida o‘tkaziladigan turli tadbirlarda chiqishlar qilishadi. Uchala sinfdosh maktabni bitirgach, professional ijodni boshlash arafasida guruhni qayta nomlash haqida bosh qotirishadi. Tojik tilida yulduz ma’nosini anglatuvchi “sitora” va uch sozli musiqa asbobi “setor” so‘zidan birini tanlash ustida chuqur o‘ylanishadi. So‘ngra “Setora” nomini tanlashadi va shu tariqa 1998-yilning 1-mart sanasidan guruh faoliyatini boshlaydi.

Foto: “Daryo”

Mazkur trio “Tarona rekords” prodyuserlik kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Guruh taniqli bastakorlar – Shahnoz va Ruslan Sharipov tomonidan yaratilgan “Ohim”, “Senga”, “Ajdodlar ruhi”, “Sen borsan” kabi qo‘shiqlarni ijro etib, qisqa fursatda mashhurlik cho‘qqisini zabt etadi. Guruh qizlari 2000-yili “Nihol” mukofoti, 2002—2004-yillarda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlanadi.

2007-yili uchala dugona “Setora”ni tark etib, tanaffus e’lon qilishadi. Ular buning sababini — ulg‘ayish, o‘z yo‘lini topish va shaxsiy hayotga ko‘proq ahamiyat qaratish kabi bir qancha omillar bilan bog‘laydi. Oradan bir necha yil o‘tib, qizlar “Setanho” nomi ostida yangi guruh tuzadi. Lekin “Setanho”ning faoliyati uzoqqa bormaydi. Qizlar 15 yillik tanaffusdan so‘ng, “Setora” nomini huquqiy tomondan qaytarib olgan bo‘lsa-da, biroq avvalgidek birgalikda ijod qilishgani yo‘q. Laylo va Komila ayni paytda Toshkentda yashayotgan bo‘lsa, Feruza AQShda ijodini davom ettiryapti.

“Kvartet”dan “Markaz”ga

Foto: “Yandex.uz”

2004-yilda faoliyatini boshlagan “Kvartet” guruhi “Kvartachka” qo‘shig‘i bilan taniladi. 2010-yilga kelib ommaga ma’lum bo‘lmagan ayrim sabablar tufayli jamoa tarqalib ketadi. “Kvartet” a’zolari – Dilshod G‘iyosov va Javlon Asatullayev keyinchalik “Markaz” guruhini tashkil etib, bir necha yil ijod qilishadi va ushbu jamoa ham tugatiladi.

Kliplarsiz mashhur bo‘lgan “Ummon”

Foto: “Yandex.uz”

“Ummon” guruhi sevgi-muhabbat, ayriliq mavzulardagi qo‘shiqlari bilan videokliplarsiz mashhurlikka erishgan. 2007—2008-yillarda yoshlar orasida katta auditoriya ega bo‘lgan mazkur guruh ham oradan o‘n yildan ziyod vaqt o‘tib, o‘zaro kelishmovchiliklar va turli muammolar sabab asta-sekin tarqaldi. Jamoa a’zosi Shohruh Isamuhammedov san’at sohasini butkul tark etgan bo‘lsa, Zohid Rizqiyev va Jasur Rafiqov esa yakka xonanda sifatida ijod qilmoqda.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

09 Oct 12:40
 
25
0
xs.uz

Kamola Mahmudova 48 yoshida vafot etdi

Londonda yashab, faoliyat yuritayotgan asli oʻzbekistonlik mutaxassis, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YеTTB)ning Ozarbayjondagi vakilligi rahbari Kamola Mahmudova uzoq davom etgan хastalikdan soʻng 48 yoshida vafot etdi.Kamola Mahmudova 1976-yil Toshkentda tugʻilgan. U Oʻzbekistonda koʻplab loyihalarni amalga oshirgan, 'Khan Academy', Ezgu Amal, Yashil Buxoro kabilar shular jumlasidan. Mahmudova, shuningdek, bir qator xayriya tashkilotlari, xususiy universitet, Buyuk Britaniyadagi

20 Sep 00:23
 
28
0
xs.uz

“Jon qozoqning oqinlari doʻstiman — yaqiniman”

Qadimdan qon-qarindosh, urugʻdosh, eldosh, tildosh, dindosh qozoq bovurlarimiz bilan bizning tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz bir.Yangi zamonda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev janobi oliylarining oqilona siyosati natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik munosabatlari bugungi kunda ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi.Yaqindagina roʻy bergan, ammo oʻzining teran mohiyatiga ko

10 Oct 14:24
 
17
0
postda.uz

O'ZBEK TILI – O'ZLIGIMIZ TIMSOLI

Yurtimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatida amal qilishi­ning huquqiy asoslari qonunan belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni uch tamoyilga – umumiylik, majburiylik va huquqiy kafolatga asoslanadi. Darhaqiqat, davlat tilining mustahkam huquqiy maqomi belgilab qo‘yilgani tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydala­nishga yetarlicha zamin yaratib, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an

09 Oct 12:36
 
19
0
postda.uz

JALOLIDDIN MANGUBЕRDI – MARDLIK VA JASORAT TIMSOLI

Bizning tanimizda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud kabi bobolarimiz qoni oqmoqda. Biz shunga munosibmiz va bu munosiblikni har daqiqada butun xalqimizga, jahon ahliga tarannum qilishga shoshilishimiz kerak!Shavkat MIRZIYOYЕV Har bir xalqning o‘z qahramonlari bo‘ladi. Vatan ozodligi yo‘lida mardlarcha kurashib, jonini fido qilgan dovyurak sarkarda Jaloliddin Manguberdi tarixda o‘chmas iz qoldirgan ana shunday milliy qahramonimizdir.Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad