Toʻgʻrisi, biz mustaqillikning dastlabki oʻn yilini tirikchilik gʻamida oʻtkazdik. Yetishmovchilik, xavf-xatar, inqirozga uchragan iqtisodiyot, butunlay tanazzulga yuz tutgan aloqalar iskanjasida qolgandik. Gʻalla mustaqilligi biz uchun hayot-mamot masalasiga aylangandi. Odamlar iqtisodiyotni emas, iqtisodiyot odamlarni boshqargan zamonlarni koʻrdik.
Oʻsha davrlarda biz yoʻl qoʻygan eng mudhish xatolardan biri ' taʼlim-tarbiya sohasiga yetarli darajada eʼtibor bermaganimiz boʻldi. Achchiq boʻlsa ham aytaman, buning badalini hali-haligacha toʻlashga toʻgʻri kelmoqda.
Oʻzi shundoq ham yetishmaydigan, ota-onalar farzandlarini joylashtirish uchun yillab navbat kutadigan bolalar bogʻchalari tugatildi. Binolari talon-toroj qilindi. Bolalar aqliy jihatdan rivojlanadigan eng muhim davrida uylariga qamaldi. Bobo-buvilar, ota-onalar ishdan qaytguncha ularga intizor boʻlishdi.
Maktablar ayanchli ahvolga kelib qolgandi. Asosan ota-onalardan majburan yigʻib olingan arzimas pul evaziga nomiga taʼmirlanardi. Oʻqituvchining boʻyniga esa mustamlaka tuzumdan oʻtib kelgan majburiy mehnat boʻyinturugʻi osib qoʻyilgandi. Buning natijasida Oʻzbekistonda taʼlim tizimi tanazzulga yuz tutdi. Muallim maktabni tashlab ketishga majbur boʻldi. Oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishning korrupsion usullari oʻylab topildi. Maktab taʼlimi qaysidir maʼnoda oʻquvchilarga nimadir berayotgan bir holatda kollejlar qurilib, oʻquvchilar tahsilni u yerda davom ettirishga majbur qilindi. Oʻtgan davr shuni koʻrsatdiki, bu borada ham biz xatoga yoʻl qoʻygan ekanmiz. Qisqasi, qaysi tomondan qarasangiz ham taʼlim ayanchli, ojiz ahvolga keltirildi. Bunday bir vaziyatda taʼlim sifati haqida gapirishning oʻzi mantiqsizlik edi.
Xullas, Oʻzbekistonning yangi rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyevga tanazzulga yuz tutgan taʼlim sohasi meros boʻlib qolgandi. Oʻtgan oʻn yil yigʻilib qolgan muammolarni bartaraf etishga sarflandi.
Bu davrda maktabgacha taʼlim sohasi tiklandi. Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi va bu muassasalar eʼtibordan chetda qolayotgan bolalarni toʻla qamrab olishga kirishdi. Farzandlarimiz maktabga tayyorlanish bosqichidan bahramand boʻlishdi. Mamlakatda bu borada butun boshli tizim yangidan yaratildi.
Oʻn bir yillik umumiy taʼlim qaytadan joriy etildi. Yangi maktablar qurildi, mavjudlari kapital taʼmirlandi, moddiy-texnika bazasi yaxshilandi. Oʻzini oqlamagan kollejlar esa tugatilib, samarasiz urinishlarga barham berildi.
Eng muhimi, maktab va oliy oʻquv yurti oʻqituvchilarining yelkasidan 'majburiy mehnat' degan 'togʻ' olib tashlandi. Maoshlari koʻtarildi. Shu bilan bir qatorda, oliy taʼlim dargohlariga oʻqishga kirishning butunlay shaffof mexanizmi yaratildi, yoshlarni qamrab olish darajasi bir necha barobar oshirildi.
Nazarimda bu natijalarga osonlikcha erishilgani yoʻq. Prezident Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi bilan juda katta yutuqlar qoʻlga kiritildi. Va bu jarayon davom etmoqda. Buning uchun ulkan mablagʻ sarflanyapti. Mehnat va zahmatlarni esa aytmasa ham boʻladi.
Bir qarasak, taʼlim islohiga daxldor muammolar yechilganday tuyuladi. Biroq bugun millat, mamlakat, Prezident nimaga ehtiyoj sezmoqda? Taʼlim sohasida tub burilish yasash uchun qaysi masalalarga eʼtibor qaratish joiz? Nima qilsak, jahon taʼlim standartlariga moslashamiz? Bugun bizni nima tashvishga solishi kerak?
Bugun Oʻzbekiston aynan sifatli taʼlimga muhtoj.
Millatning qaygʻusi ham faqat va faqat sifatli taʼlim boʻlishi kerak. Sifatli taʼlim berish, eng avvalo, barcha darajadagi oʻqituvchilarning bosh vazifasiga aylanishi zarur. Farzandining chuqur bilim olishi borasida ota-onaning ham, jamoatchilikning ham masʼuliyati oshirilishi kerak. Aslida sifatli taʼlimdan eng manfaatdor insonlar ota-onalardir. Bu manfaat koʻlami yanada kengayib, davlat va jamiyatni ham qamrab oladi.
Bugun biz anglamayotgan haqiqatlar ertaga bizdan shafqatsizlarcha 'qasd olishi' mumkin. Shu bois son ortidan quvishni toʻxtatib, tezroq sifatga qaytishimiz kerak. Sifat maktabgacha taʼlim tizimidan boshlanib, maktabda rivojlanishi, oliy oʻquv yurtida mustahkamlanishi shart. Taʼlim sifati atrofida oʻqituvchi ham, ota-ona ham, jamiyat ham birlashishi, bir yoqadan bosh chiqarishi darkor.
Baxt-saodatga faqat va faqat farzandlarga sifatli taʼlim, bilim berish orqali erishiladi. Boshqa yoʻl bilan hech qanday ijobiy natijaga erishib boʻlmaydi. Sifatli taʼlimgina millatni yuksaltiradi, mamlakatni taraqqiy ettiradi. Bu jarayonlar tabiiy yuz beradi ' inqilobiy emas, evolyutsion rivojlanish sodir boʻladi.
Mamlakatimiz milliy mustaqilligini taʼminlaydigan, barqaror saqlaydigan yagona omil bu ' sifatli taʼlim!
Yangi dunyoda mustaqillikka sifatli va zamonaviy taʼlim orqali erishish, ilm-fanni rivojlantirish orqali uni saqlab qolish va yuksaltirish qonuniyati hukm surmoqda. Hayot sifati oshishini istagan xalq buni yaxshi anglab yetishi kerak. Rivojlangan mamlakatlar oʻzidan oʻzi bugungi hayot darajasiga kelib qolmagan. Buning zamirida, avvalo, sifatli taʼlim yotibdi. Islohot aslida aynan shundan boshlanishi kerak. Aks holda muqarrar magʻlubiyatga yuz tutadi.
Dunyo xaritasidagi mamlakatlarni bir koʻz oldingizga keltiring. Qaysi zaminda taʼlim sifatiga bosh masala sifatida qaralgan, ilm-fan yuksalgan boʻlsa oʻsha mamlakat taraqqiy etgan boʻlib chiqadi. Bugungi Yevropa mamlakatlari ham ayni shu yoʻldan borgani kunday ravshan. Busiz hech narsaga erishib boʻlmasdi.
Muammolar, qiyinchiliklar, qashshoqlik, qaramlik, qullik faqat bir vosita ' ilm-fan va sifatli taʼlim orqali bartaraf etiladi.
1945-yil 6, 9-avgust kunlari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga AQSH tomonidan atom bombasi tashlanadi. Bu haqda oʻsha paytdagi AQSH Prezidenti Garri Trumen shunday degan edi: 'Biz insoniyat tarixida juda ham dahshatli qurol yaratdik. Bu quroldan faqat bir davlat ' Yaponiyaga qarshi foydalanamiz. Bunda harbiy obyektlar, askarlar va dengiz kuchlari nishonga olinadi. Mayli, yaponlar yovvoyi, qattiqqoʻl va rahmsiz millat boʻlsa ham, biz xalq manfaati yoʻlida na yangi, na eski poytaxtga bu bombani tashlay olmaymiz...'
1945-yil 2-sentyabrda Tokio qoʻltigʻida Yaponiyaning soʻzsiz taslim boʻlgani haqidagi hujjat imzolanadi. Yaponiyaga nisbatan xalqaro hamjamiyat juda katta cheklovlar kiritadi.
Bunday tanazzulli kunlarni yaponlar qanday yengib oʻtdi? Qanday qilib yaponlar dunyoning eng rivojlangan davlatlari safiga qoʻshildi? Qanday qilib Yaponiya hech qanday tabiiy boyliklarsiz dunyoning eng yuksak iqtisodiyotiga ega boʻldi? Bu savollarga birgina javob bor: sifatli taʼlim Yaponiyani tanazzul botqogʻidan olib chiqdi.
Nega Yaponiyaning oʻtgan asr oʻrtalaridagi ahvoliga toʻxtaldim? Buning boisi najot sifatli taʼlimda ekanligiga eʼtiboringizni qaratishdir. Sifatli taʼlim va ilm-fan dunyoni, kuch-qudratni, jaholatni tiz choʻktira olganiga barchamiz guvohmiz. Bugun butun dunyoni hayratga solayotgan Xitoy moʻjizasi, Singapur salohiyati, Malayziya maʼrifati zamirida ham, eng avvalo, sifatli taʼlim turibdi.
'Sifatli taʼlim' iborasini bejiz takror va takror ishlatayotganim yoʻq. Ijtimoiy-iqtisodiy talabdan past, samarasiz taʼlim, ayniqsa, u solishtirma miqdori jihatidan sifatli taʼlim ulushiga nisbatan ustunlik qilganda, teskari samara berib, jamiyatning barqaror rivojlanish vektoriga salbiy taʼsir koʻrsatadi va tuzatish qiyin boʻlgan vaziyatga olib keladi.
Bugun dunyo oʻta raqobatli makonga aylandi. Faqat juda sifatli tovarlar va xizmatlar tan olinmoqda. Bunga esa sifatli taʼlim tufayligina erishish mumkin. Shu jihatdan, uni mubolagʻasiz, lokomotivga qiyoslasa boʻladi.
Sifatli taʼlimning boshida millat oydinlari, ziyolilar turishi kerak.
Agar oʻqituvchi vatanparvar, millatparvar boʻlsa, eng avvalo, oʻquvchiga yaxshi taʼlim beradi. Oʻz navhtml5-dom-document-internal-entity1-shy-endbatida, oʻquvchi ham soxta bahoning, diplomning orqasidan quvmaydi.
Inkor etib boʻlmaydi ' koʻpchilik, kerak boʻlsa, jamiyat sifatli taʼlimning temir qonuniyatlariga tayyor emas. Bardosh berolmaydi. Chunki sifatli taʼlimda yolgʻon boʻlmaydi. Oʻqituvchi sifatli dars oʻtadi va oʻquvchidan ham qattiq talab qiladi. Oʻqituvchi va oʻquvchi munosabatlariga chetdan hech kim aralashmaydi.
Ota-ona ham taʼlim muassasasini, muallimni ayblash pozitsiyasidan chekinishi, voz kechishi, buning oʻrniga bolasining yaxshi taʼlim olishi uchun kurashishi, mutasaddilardan talab qilishi muhim ahamiyatga ega. Oʻshanda biz bosqichma-bosqich sifatli taʼlimga oʻta olamiz. Aks holda sifatsiz taʼlimning ayanchli oqibatlari ichida yashashga majburmiz.
Xoʻsh, sifatsiz taʼlim nima degani? Avvalo, u bilim bermaydigan maktab, mutaxassis tayyorlamaydigan oliy oʻquv yurti, savodsiz oʻqituvchi, noloyiq domla degani. Bunday muallim qoʻlida saboq olgan oʻquvchilarning umri behuda oʻtadi. Ular jamiyatning bilimsiz qatlamiga aylanadi. Sifatsiz taʼlim, bu ' bilimsiz shifokor degani. Uning qoʻliga tushgan odam oʻlib qutuladi. Bu ' fikrlash qobiliyati yoʻq, chalasavod odam degani. U jamiyatning qaysi boʻgʻinida ishlamasin, oʻsha boʻgʻinni choʻktiradi.
Sifatsiz taʼlim degani, bu ' mamlakatning, millatning istiqboli yoʻq degani. Bunday xalq roʻshnolik koʻrmaydi. Sifat yoʻq joyda samara ham boʻlmaydi.
Shu bois sifat oʻzgarishlari taʼlimning barcha boʻgʻinida yuz berishi kerak. Hamma mexanizmlar teng ishlashi zarur. Butun taʼlim tizimi sifat uchun barobar javobgar hisoblanishi kerak. Aks holda maktab maktabgacha taʼlim tashkilotini, oliy oʻquv yurti esa maktabni ayblab yuraveradi.
Dunyoda mamlakatlar koʻp, xalqlar koʻp. Ularning hammasi ham mustaqil, ozod emas. Oʻsha mamlakatlar, millatlar tarixiga koʻz tashlasangiz, ular oʻz erkini birovlarning qoʻliga berib qoʻyganiga, toʻgʻrirogʻi, boshqalarning intellektual qudratiga qaram boʻlib qolganiga guvoh boʻlasiz. Chuqurroq eʼtibor berilsa, oʻsha davrlarda ular maʼrifatdan uzoqlashgan boʻlib chiqadi. Buning oqibatida taraqqiyotdan ortda qolishgan. Loqaydlikka, beparvolikka berilib, yoshlar taʼlim-tarbiyasi arosatda qolgan. Natijada oʻz-oʻzlarini qullikka mahkum etishgan.
AQSHning birinchi Prezidenti Jorj Vashington aytgan: 'Qachonki aholini savodli, hunarli, bir soʻz bilan aytganda, maʼrifatli qilsakkina, rivojlanish boʻladi.'
Bu soʻzlar bugun ham oʻta dolzarb. Zero, XXI asr intellektual boylik asri hisoblanadi. Endilikda intellekt darajasi yuqori boʻlgan millatlar va mamlakatlar hukmron boʻladi. Bu borada yer osti va yer usti boyliklari hech qanday oʻrin tutmaydi. Allaqachon intellekt birinchi darajaga koʻtarilib boʻlgan.
Xomashyolarga boy boʻlgan davlatlarni intellekti yuqori mamlakatlar 'yutib' yuborayotganini, tabiiy resurslarga ega yurtlar ularga qaram boʻlib qolayotganini koʻrib turibmiz. Butun dunyoning aqli va bilimi intellekti rivojlangan davlatlarga toʻplanayotgani ham bor gap. Natijada intellekt jam boʻlgan davlatlar tobora taraqqiy etaveradi. Boshqalar esa ortda qolaveradi. Oqibatda aqliy qaramlik yuzaga keladi. Bu esa har qanday iqtisodiy-siyosiy qaramlikdan yomonroq, dahshatliroqdir.
Modomiki shunday ekan, millat oʻz kelajagini intellektual salohiyatning asosi boʻlgan sifatli taʼlimda koʻrishi, u boʻlmas ekan, yorugʻlik, roʻshnolik yoʻqligini anglashi kerak. Binobarin, sifatli taʼlim berish ham, sifatli taʼlim olish ham aslida haqiqiy vatanparvarlik namunasidir.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Bundan buyon tuman MMTB rahbarlari sohaga bogʻliq boʻlmagan yigʻilishlarga jalb qilinmaydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, hududlarda 1,5 mingga yaqin sport maydonchalari, 200 ta oromgoh, 2 mingdan ortiq turizm obyektlari imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish zarurligi taʼkidlandi.Mutasaddilarga joylardagi amfiteatr va sayilgohlarda har kuni konsert va musiqa kechalari oʻtkazish, madaniyat va istirohat bogʻlarida sanʼat ko
Shavkat Mirziyoyev ayrim rahbarlar tadbirkorlarga toʻsiq boʻlayotganini tanqid qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning mamlakatimiz soha va tarmoqlariga taʼsirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida global iqtisodiy holatga toʻxtalib oʻtildi.'Takror va takror aytaman ' 'hozirgi dunyodagi vaziyat bizga taʼsir qilmaydi' deganlar juda katta xato qiladi. Bunday sharoitda faqat oʻz kuchimiz va ichki imkoniyatlarimizga tayanib, dadil-dadil qadam tashlashimiz kerak', dedi davlatimiz r
Ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi
2025-yil 16-may kuni qabul qilingan 'Ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida'gi qonunga (OʻRQ-1063-son) muvofiq, tadbirkorlik subyektlariga bir qator soliq imtiyozlari taqdim etildi. Ushbu oʻzgartirishlar pivo va tamaki mahsulotlari savdosi, parrandachilik sohasi hamda bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga tegishli.Qonunga koʻra, endilikda pivo va pivo ichimliklari, shuningdek tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimlar bel
Senatda Qatar Shoʻro kengashi Raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 4-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Qatar Shoʻro kengashi Raisi Hasan bin Abdulloh Al-Gʻanim boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.Tomonlar Oʻzbekiston va Qatar parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, oli