calendar 24 Mar 13:25
eye 701
comments 0
comments Manba: xs.uz

Botqoq oʻrnida qad rostlagan gʻaroyib bino

image
Mir Arab olamga dongʻi ketgan madrasalardan. Men ushbu ilm maskanida tahsil olishga musharraf boʻlganman. U Masjidi Kalonning roʻparasida. Yonida mashhur Minorai Kalon bor. Salobatli madrasa darvozasi nihoyatda goʻzal tarzda turli naqshlar va yozuvlar bilan bezalgan. Ularda koʻk rang ustuvor. Atrofidan dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sayyohlar arimaydi.

Shu madrasani qurdirgan Sayyid Abdulloh Yamaniy qabri madrasaga kirishda chap qoʻl tarafda. Bu yerdagi maxsus xilxonada yana bir nechta qabr bor. Ulardan birining ustiga yogʻochdan sagʻana ishlangan. Bu shayboniy hukmdor Ubaydullaxonning qabri.

Ushbu xilvat goʻshada birpas oʻtirib, XVI asrga borib qolganday boʻlasiz. Bir paytlar tarix gʻildiragini boshqargan insonlar abadiy uyquda. Qurʼon oyatlari har kuni ularning ruhlariga huzur baxsh etadi. Barchasini Alloh rahmatidan bahramand etsin.

Taʼkidlash joizki, Mir Arab oliy madrasa sifatida qurilgan. Uning oʻsha davrdagi xattoti Mir Ali Hiraviy Fathobodiy (vafoti 1559-y.) bu dargohning bunyod etilishiga bagʻishlab nastaʼliq xatida taʼrix (xronogramma) bitgan. Qitʼa avvalida 'Taʼrix az Mavlono Mir Ali Kotib Fathobodiy dar asri saltanati Ubaydullohxon dar binoi madrasai Mir Arab' ('Mavlono Mir Ali Kotibdan Ubaydullohxon saltanati davridagi Mir Arab madrasasi qurilishi taʼrixi') va oxirida abjad hisobi boʻyicha chiqadigan hijriy '942' yil sanasi yozilgan. Mazkur 942/1535 sana Hirotning ikkinchi marta fath yilidir. Mir Ali Kotib yozgan taʼrixni Amir Ubaydulloh Bahodurxon oʻsha yilning jumodul-avval oyi oxirlarida oʻqib bergan.

Transkripsiyasi:

Miri Arab faxri ajam on, ki soxt,

Madrasai oliy bas bul-ajab.

Bul-ajab on ast, ki taʼrixi oʻst,

'Madrasai oliy Mir Arab'. (942)

Mazmuni:

Arablar amiri, ajamlar faxri,

U ajoyib oliy madrasa qurdi.

Ajoyibligi shuki, uning taʼrixi:

'Madrasai oliy Mir Arab' boʻldi. (942/1535)

Mir Arab madrasasi shayboniy Ubaydullaxon davrida hijriy 942-yili (1535 ' 1536) Sayyid Abdulloh Yamaniy tomonidan qurdirilgan. U 22 yoshida ilm olish maqsadida Yamandan Movarounnahrga keladi. Uzoq yoʻl yurib, firdavsmonand Samarqandda toʻxtaydi va tariqat ahlining qutb ul-aqtobi hidoyatpanoh Xoja Ahror Valiy xizmatiga kiradi. Shu tariqa u Xoja Ahror Valiyning suyukli suhbatdoshi va ulugʻ izdoshlaridan biriga aylanadi. Ustozining fayzli dargohida zohiriy va botiniy ilmlarning yetuk sohibi boʻlib yetishadi. Keyinchalik uning koʻrsatmasi bilan Buxoroga boradi hamda mustaqil holda irshod bilan mashgʻul boʻlib, xalqni hidoyatga chorlaydi.

Shayboniylardan Abulgʻozi Ubaydulloh Bahodurxon uning eng sadoqatli muridi va doʻstlaridan edi. Ular haqida manbalarda qiziqarli maʼlumotlar uchraydi. Jumladan, Hasanxoja Nisoriy shunday yozadi: 'Hazrat Shayboniyxon shahid boʻlganidan keyin Movarounnahr viloyatining barcha yeri Shaybon sultonlari qoʻlidan chiqib ketdi. Hijriy toʻqqiz yuz oʻn yettinchi yili (1511 ' 1512) mazkur amirning nafis nafaslari sharofati sabab hazrat Ubaydulloh Bahodurxon uch ming qurollangan chavandoz bilan kelib oltmish ming kishiga qarshi jang qildi. 'Allohning izmi bilan ozchilik koʻpchilik ustidan gʻalaba qiladi' oyati kalimasi mazmuniga koʻra dushmanni yengib, Movarounnahr mulkini butunlay qaytarib oldi'.

Eron shohi Ismoil Safaviy oradan bir yil oʻtib, hijriy 918-yili (1512 ' 1513) Najmiddin Soniy laqabi bilan mashhur Yor Ahmad ismli lashkarboshisi yetakchiligida Movarounnahrni yana Bobur mirzoga qaytarib olib berish uchun katta qoʻshin joʻnatadi. Lashkar Nasafda qattiq qarshilikka duch keladi. Gʻazablangan Najmiddin Soniy shaharni egallaganidan soʻng aholini qirgʻin qiladi. Rivoyat qilishlaricha, dushmanning behad katta kuchga ega ekani shayboniy hukmdorlarni choʻchitib qoʻyadi. Shunga qaramay, pirining pand-nasihat qilib, qoʻllab-quvvatlashidan ruhlangan Ubaydullaxon yovga qarshi kurashga qattiq bel bogʻlaydi. Natijada ikkinchi marta eroniylar ustidan zafar quchadi.

Bunday kurashlarda Amir Abdulloh Yamaniy hamisha Ubaydullaxonga dalda berib, qoʻllab-quvvatlaydi. Ubaydullaxon oʻz minnatdorligini bildirish maqsadida Amir Yamaniyga katta tuhfalar inʼom etadi. Yamaniy oʻzidan sarmoya qoʻshib, mablagʻni madrasa qurishga sarflaydi. Shu tariqa hozirga qadar goʻzalligi va mahobati hamda qadimiy shon-shuhrati bilan barchani lol qoldirib kelayotgan ushbu moʻjizaviy bino dunyoga keladi. Baʼzi mualliflar uning tarhini Amir Abdulloh Yamaniyning oʻzi chizgan, deydi.

Ushbu ulugʻvor ilm qoʻrgʻoni qurilishi qariyb yigirma yildan oshiqroq vaqt davom etadi va botqoq oʻrnida gʻaroyib bir bino qad koʻtaradi. Buni alohida taʼkidlashimiz bejiz emas. Buxoro tarixining bilimdonlaridan biri, zahmatkash olima O. Suxareva Mir Arab madrasasi oʻrnida qadimda botqoqlik boʻlgan edi, deya yozadi.

Taqdir yozigʻini qarangki, Mir Arab hazratlari boshlagan ishining samarasini koʻra olmaydi. Nosiriddin Hanafiy maʼlumotga koʻra, u hijriy 932-yili (1525 ' 1526) vafot etadi. Uni oʻz madrasasining bir chekkasida maxsus hozirlangan joyga dafn qilishadi. Bu haqda yuqorida toʻxtaldik.

Yurtimizda mavjud madrasalar orasida faqat ugina bino qilinganidan to hozirga qadar oʻquv sohasida qariyb uzluksiz faoliyat koʻrsatib kelyapti. Shu nuqtayi nazardan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2023-yilda Mir Arab madrasasining 500'yilligi keng nishonlangani ayni muddao boʻldi. Tadbir doirasida 'Boqiy Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi oʻrni' mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazildi. Tadbirda Xalqaro musulmon ulamolar kengashi va Abu Dabi Tinchlik forumining ulamolari, Misr, Ozarbayjon, Rossiya, Qozogʻiston kabi qator davlatlarning muftilari, islomshunos olim-u tadqiqotchilar qatnashib, yurtimizda ajdodlardan meros diniy va milliy qadriyatlarimiz koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelinayotganini eʼtirof etdilar.

Komiljon RAHIMOV,

tarix fanlari doktori.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

18 Jun 21:56
 
202
0
xs.uz

Navoiydan bahra olgan Gʻarb

Alisher Navoiy nafaqat oʻzbek, balki barcha turkiy xalqlarning faxr-u iftixoriga aylangan buyuk mutafakkirdir. Shu paytga qadar turk dunyosida uningchalik katta va sermazmun merosga ega boʻlgan shoirni uchratish qiyin. Alisher Navoiy nafaqat shoir va mutafakkir, balki yirik davlat va jamoat arbobi ham edi. U haqli ravishda oʻziga qadar turkiy tilda hech kim bu qadar yuksak choʻqqilarga chiqa olmaganini namoyish etdi. 'Gʻaroyibus-sigʻar'dan oʻrin olgan bir masnaviyda oʻqiymiz:Men ulmenki,

13 May 14:39
 
724
0
xs.uz

Zamonaviy Yoshlar kinoteatri o‘z faoliyatini boshladi

Kinematografiya agentligi Axborot xizmatidan xabar berishlaricha, bugun, 21-aprel kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida Yoshlar kinoteatrining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.Marosimda Kinematografiya agentligining ijro bo'limi boshlig'i Navruz Musayev hamda Sirdaryo viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo'yicha o'rinbosari Shoxrux Isakulov so'zga chiqib, ushbu kinoteatr yoshlarning ma'naviy va madaniy dunyoqarashini

31 May 08:51
 
603
0
xs.uz

Vatan manzumasi

Toshkentdagi 'Turkiston' saroyida 'Vatan manzumasi' deb atalgan maʼrifiy-musiqiy dastur namoyish etildi. Yurtimizning barcha hududlarida tomoshabinlar hukmiga havola etiladigan bu dasturda yangi Oʻzbekiston armiyasining hayotimizda tutgan oʻrni madh etiladi.Harbiy orkestr va milliy cholgʻu asboblari ansambli ohanglari ostida Vatan tuygʻusi, ona yurt himoyasi ulugʻlanadigan jangovar qoʻshiqlar, publitsistik sheʼrlar tomoshabinlarda ajib zavq uygʻotdi.Yangi Oʻzbekiston armiyasining qudra

13 May 14:39
 
697
0
xs.uz

Prezident IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi

Hurmatli festival qatnashchilari, muhtaram mehmonlar!Avvalo, siz, azizlarni ochiq osmon ostidagi betakror muzey shahar ' qadimiy Xivada o'tkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik san'ati festivalining ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.Bugungi san'at bayramida ishtirok etayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar va qardosh mamlakatlar vakillariga, dunyoning qirqdan ziyod mamlakatidan kelgan xalq ijodiyoti namoyandalari, atoqli madaniyat va san'at arboblariga samimiy tashakkurim, yuksak hur