Kelsun agar yuzumni evursam, balo manga...
Radiodan yangrayotgan, Zahiriddin Muhammad Bobur gʻazali asosida yaratilgan ushbu ashulani tinglar ekansiz, beixtiyor taqdir boshiga yuz balolar yogʻdirgan ulugʻ bobomizning shaxsi, hayoti va ijodi xayolimizda jonlanadi.
Bu ulugʻ siymo murakkab va tahlikali davrda umrguzaronlik qilgan boʻlsa-da, oʻzining inson sifatidagi shaʼni, qadr-qimmatini saqlab qolgani, ezgu maqsadi yoʻlida kurashuvchanlikni namoyon etgani, ortga chekinmagani, mardlik, jasorat, shijoat, adolat va Vatanga muhabbat, ilm-maʼrifat bobida barchaga oʻrnak boʻlgani har qanday kishida hayrat va havas uygʻotadi.
Haqiqatan ham, buyuk bobomizning salmoqli ilmiy-ijodiy merosi, 'Boburnoma', 'Mubayyin al-zakot', 'Muxtasar', shuningdek, garchi hanuzgacha topilmagan esa-da 'Harb ishi', 'Musiqa ilmi' asarlarini yozgani, ikki devon tuzgani, Xoʻja Ahrorning 'Volidiya' asarini tarjima qilgani, 'Xatti Boburiy' deb nomlangan yangi alifbo tuzgani ' butun umri tinimsiz urushlar, halovatsizlik, sargardonlik, xiyonatlar ichra kechganini hisobga olsak, bu insonning naqadar tugʻma isteʼdod sohibi boʻlganini, qomusiy bilimlarni egallaganini anglatadi.
Davlat arbobi sifatida ulkan saltanat tuzgani, mamlakatda tinchlik-totuvlik oʻrnatgani, barcha soha taraqqiyotiga keng sharoit yaratgani, bunyodkorlikka katta eʼtibor qaratgani ham Bobur Mirzo shaxsining fenomenal qirralarini namoyon qiladi.
Bu haqda soʻz ketganda, ingliz olimi Valdemar Xansen 'Hindiston va uning sakkiz ming yillik tarixi bamisoli bir tovus boʻlsa, oʻsha koʻp ming yillik tarixdagi Boburiylar sulolasining 332-yillik hukmronlik davri ana shu tovusning gultojisidir', deya taʼkidlaganini qayd etish joiz.
Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti behalovat oʻtsa-da, ijodni unutmadi, dilbar gʻazallar, ruboiylar, tuyuqlar yaratdi. Milliy adabiyotimiz, madaniyatimiz rivojiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshdi. Va ana shunday buyuk inson millatimiz vakili, ajdodlarimizdan biri ekani, shubhasiz, xalqimizga cheksiz faxr-iftixor bagʻishlaydi.
Bobur Mirzo hayoti, ijodi va faoliyatiga butun dunyoda qiziqish katta. Jahon olimlari, xususan, mamlakatimiz boburshunoslari bugungi kunda ulugʻ bobomiz hayot yoʻli, bebaho merosi haqida qator tadqiqotlar olib bormoqda. Ilmiy, badiiy kitoblar nashr qildirmoqda.
Yurtimizda Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish, ijodini oʻrganish va targʻib qilishga alohida ahamiyat berilyapti. Xususan, davlatimiz rahbari bundan sakkiz yil oldin Andijonga tashrifi chogʻida keng jamoatchilik bilan uchrashuvda bu yerda voyaga yetgan ulugʻ zotlar, xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiga alohida urgʻu qaratib, 2017-yilni Andijonda 'Bobur yili' deb eʼlon qilgan edi. Uning boy maʼnaviy merosini yanada chuqurroq oʻrganish, keng targʻib qilish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, Mirzo Bobur bizning bobomiz, farzandlarimizga gʻurur bilan aytadigan buyuk ajdodimiz ekanini taʼkidlagandi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda, jumladan, Andijonda bu borada asrlarga tatigulik ishlar qilindi. 'Bogʻi Bobur' majmuasi barpo etilib, uning ramziy qabr-maqbarasi qad rostladi.
'Bobur va jahon madaniyati' muzeyidan xalqimiz va xorijlik mehmonlarning qadami uzilmaydi. Buyuk ijodkor hayoti va merosini oʻrganishga bagʻishlangan xalqaro ilmiy ekspeditsiya tomonidan olib kelingan noyob qoʻlyozmalar, kitoblar va tarixiy ashyolar oʻrin olgan muzey mamlakatimizdagi diqqatga sazovor maskanlardan biriga aylangan.
Viloyat markazida adibning haykali oʻrnatildi. Bugun Bobur shoh koʻchasi Andijon shahridagi eng obod koʻchalardan biridir. Andijon davlat universiteti, viloyat teatri va kutubxonasi uning nomi bilan yuritiladi. Bobur yodgorlik muzeyi faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Bobur nomidagi medali, buyuk bobomiz nomi bilan yuritiluvchi xalqaro jamoat fondi tomonidan Bobur xalqaro mukofoti taʼsis etilgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti mamlakatimizdagi yetakchi oliy oʻquv yurtlaridan biri. Ellikdan ortiq ixtisosliklar boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlayotgan mazkur ilm dargohining bakalavr va magistratura yoʻnalishlarida minglab talabalar tahsil olmoqda.
Bobur nomidagi viloyat musiqali komediya va drama teatri hamda axborot-kutubxona markazi madaniyat, maʼnaviyat va ziyo maskani sifatida xalqimizga xizmat qilmoqda. Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan shoir hayoti va ijodini oʻrganish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotir.
Hozirgi kunda oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim, shu bilan birga, yirik davlat arbobi va sarkardaning hayoti haqida dunyo jamoatchiligi juda yaxshi biladi. Shunga qaramay, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda uning tavallud manzili haqida turli qarashlar paydo boʻlmoqda.
Taʼkidlash joizki, uning 'Boburnoma' asarida tugʻilgan joyi, bolalik davri haqida aniq maʼlumot qayd etilmagan. 'Boburnoma'dagi voqealar bayoni uning 12 yoshda Fargʻona taxtiga oʻtirishi voqeasi bilan boshlanadi. Mirzo Boburga zamondosh boʻlgan mualliflar, shuningdek, boburiylar davri tarixchilari tomonidan bitilgan qoʻlyozma asarlarda ham ulugʻ shoh va shoirning tugʻilgan joyi xususida aniq ishoralar berilmagan boʻlsa-da, koʻpchilik olimlar oʻz tadqiqotlarida yakdillik bilan uning tugʻilgan joyini Andijon, deya eʼtirof etishadi.
Bu haqda taniqli geograf, boburshunos olim Hamidulla Hasanov 1983-yilda nashr qilingan 'Bobur sayyoh va tabiatshunos' nomli asarida shunday keltiradi: 'Zahiriddin Muhammad (boʻlgʻusi Bobur) 1483-yil 14-fevralda tugʻilgan. Bobur oʻzi qayerda tugʻilganligini aniq aytmaydi. Koʻpchilikning fikricha, u Andijon shahrida tugʻilgan. Biroq 'Andijonda tugʻilganligi' bir chekkasi munozara boʻlib koʻrinardi. U qarorgoh poytaxt Axsikatda yoki ajab emas ona Vatani Toshkentda tugʻilib, keyinchalik Andijonga ' viloyatning asosiy poytaxt shahriga keltirilgan boʻlishi ham ehtimol tutilardi. Nihoyat, yaqindagina ancha ishonarli mulohaza aytildi: Axsi, asosan, yoz oylaridagi qarorgoh boʻlgan, kuz va qishda Andijonga koʻchib kelingan, Zahiriddin esa qishda ' fevralda tugʻilgan. Shu dalillarni asos tutib, 'Bobur Andijon arkidagi xonadonda tugʻilganligi hech shubhasizdir', desa boʻladi (Sayfiddin Jalilov. 'Fan va turmush' jurnali, 1982-yil, 8-soni).
Chindan, andijonlik taniqli boburshunos olim Sayfiddin Jalilov yuqorida koʻrsatib oʻtilgan maqolasida Bobur tavalludidan ancha avvalroq Andijon asosiy poytaxt, Fargʻona davlatidagi bosh shahar maqomini olib boʻlgani, bu haqida 'Boburnoma'da keraklicha dalillar mavjudligini koʻrsatib, Axsi yozgi qarorgoh vazifasini bajargani, u yerda, asosan, harbiy qoʻshin, askarlar joylashgani, podsho qarorgohi va harami poytaxt Andijonda doimiy qoʻnim topganini ilmiy jihatdan asoslab bergan.
Eng asosiy dalil sifatida esa Mirzo Bobur tavallud topgan fasl ' qishning fevral oyiga eʼtibor qaratilib, bu davrda hukmdor, uning oilasi, saroy ayonlari poytaxt Andijonda istiqomat qilganini koʻrsatib, uning shu shaharda tugʻilganiga hech qanday shubha qoldirmagan. Mazkur ilmiy xulosadan keyin ulugʻ ajdodimizning tugʻilgan joyi masalasi boʻyicha munozaralarga chek qoʻyildi.
Shuningdek, 'Boburnoma' asarida keltirilgan maʼlumotlar, Boburning ayrim gʻazallari misralarida uning Andijonga boʻlgan muhabbati, shu zamin farzandi ekaniga doir ehtiroslar barq urib turadi. Jumladan, shoirning 'Bahor ayyomi' deb ataluvchi mashhur gʻazalidagi:
Ne yerda boʻlsang, ey gul, andadur chun joni Boburning
Gʻaribinggʻa tarahhum aylagimkim, andijoniydur,
' degan misralar uning Andijonda tugʻilganiga yaqqol dalildir.
Aslida, Bobur Mirzo kabi ulugʻ shaxslar, ular qoldirgan maʼnaviy, maʼrifiy, ijodiy meros birgina xalq yoki millatgagina emas, butun bashariyat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shu maʼnoda, qayerda tugʻilishi, qaysi joyda yashab oʻtishidan qatʼi nazar, bunday daholar umuminsoniyatniki, desak, ayni haqiqat.
Zahiriddin Muhammad Boburning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida ham alohida oʻringa ega. Uning ibratli hayot yoʻli, qimmatli asarlari xalqimizga yuksak gʻurur baxsh etib, yoshlarning ezgu gʻoyalar negizida kamol topishiga hissa qoʻshadi.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Bobur Mirzo ' xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, maʼrifat nuqtayi nazaridan u hamon yashayapti... Oʻzligimizni anglab, buyuk tariximizni yoshlarga tushuntirsak, ilm-maʼrifatni rivojlantirsak, hech qachon kam boʻlmaymiz.
Baxtiyorjon AKBARALIYEV,
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti rektori.
Zamonaviy Yoshlar kinoteatri o‘z faoliyatini boshladi
Kinematografiya agentligi Axborot xizmatidan xabar berishlaricha, bugun, 21-aprel kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida Yoshlar kinoteatrining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.Marosimda Kinematografiya agentligining ijro bo'limi boshlig'i Navruz Musayev hamda Sirdaryo viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo'yicha o'rinbosari Shoxrux Isakulov so'zga chiqib, ushbu kinoteatr yoshlarning ma'naviy va madaniy dunyoqarashini
“Umida” (Fudziyama haqida tush) filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabariga ko'ra, ushbu film O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan, 'O'zbekfilm' kinokonserni tomonidan suratga olingan.Premerada taniqli kinoijodkorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va san'at ixlosmandlari ishtirok etishdi. Tadbir davomida film mazmuni, g'oyasi va dolzarbligi haqida chuqur fikrlar bildirildi.Film voqealari o'z kasbiga sodiq, insonlarga chin dildan yordam beruvchi psix
“Har bahor men Sizga gullar tutaman...”
15-may ' Oliy Majlis Senati aʼzosi, shoir Abdusaid Koʻchimov tavallud topgan kunJAVOBBir nihol ekdingmi Vatan bogʻiga,Mehringni toʻkdingmi choʻl, yantogʻiga,Gullarga chang-gʻubor qoʻngan chogʻidaArta biloldingmi chang-u gʻuborni 'Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?Bitta gʻisht qoʻydingmi maydonlariga,Bir vassa oʻydingmi ayvonlariga,Bir misra qoʻshdingmi dostonlariga,Kurab tashladingmi tomlardan qorni 'Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?Kimdir uzib ketsa dilbar gullarni,Kimdir buz
“Har bahor men Sizga gullar tutaman...”
15-may ' Oliy Majlis Senati aʼzosi, shoir Abdusaid Koʻchimov tavallud topgan kunJAVOBBir nihol ekdingmi Vatan bogʻiga,Mehringni toʻkdingmi choʻl, yantogʻiga,Gullarga chang-gʻubor qoʻngan chogʻidaArta biloldingmi chang-u gʻuborni 'Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?Bitta gʻisht qoʻydingmi maydonlariga,Bir vassa oʻydingmi ayvonlariga,Bir misra qoʻshdingmi dostonlariga,Kurab tashladingmi tomlardan qorni 'Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?Kimdir uzib ketsa dilbar gullarni,Kimdir buz