Men rasmga koʻp tushunmayman. Ammo, har bir kartinani bir sheʼr deb bilaman. Kartina sheʼrdek soʻzlaydi, ranglar soʻzlaydi, tasvirlar, tashbehlar, mubolagʻalar, qalb izhorlari... bularning bari kartinalarda sodir boʻladi.
Chin ijod vaqtdan tashqari hayot. Vaqt bilan hisoblashmaydi. Yer sayyorasida eng qisqa vaqtning koʻchishi yorugʻlik tezligi hisoblansa, ijod oʻsha vaqtni ushlab qolgan oniy lahzalardir. Vaqt taʼsir qilmaydigan sayyoralar koʻp, vaqtsiz sayyoralar. Chin ijodkor ijod qilayotgan dam oʻsha vaqtsiz olamda sayr etadi. Zamon va makonga yuqoridan nazar tashlayotgan boʻladi. Shunday ijodkorlardan biri Lekim Ibrohimovdir. Asarlarida vaqtni ushlab qola olgan, vaqtni sayqallab bera olgan. Oʻz zamoni haqida kelajakka rang orqali gapira olgan rassom.
Shoir yillar davomida yozgan sheʼr-gʻazallarini yigʻib devon tartib beradi. Qoʻlingizda Mashrab devoni bordir balki... Mashrabdan keyin devon tartib bergan yana bir ijodkor Lekim Ibrohimov. Bu mubolagʻa emas. Xuddi shunday. 'Bir suvratda ming pari' yoki 'Bir suvrat va ming pari' koʻrgazmasidagi suratlarni ekran orqali koʻrarkanman, bir goʻzal 'devon' tartib berilganligiga amin boʻldim. Koʻrgazma nomini eshitganimda xayolimga 'Alif layli va layli' kelgandi. Soʻzlovchi Shahrizoda boʻlsa, har bir kartina bitta ertakdir. Mingta kartinadan iborat bitta doston. Kartinalarni koʻra boshlagach esa xayolimga Samarqand keldi. Bu Afrosiyob devoriy suratlaridek tiklangan tasvirlar yigʻindisi. Bu Sharq rassomining dunyo uzra oʻz soʻzini aytishi edi. Ranglar jilosida Sharq ufurib turibdi. Buning ildizi ehtimol qoyatoshlardagi tasvirlardir, Zarautsoy rasmlaridir, Turfon togʻlaridagi qadim ajdodlar chizmalaridir... Oʻlib yotgan Sharq rassomchiligi uygʻonganday, ehtimol.
'Renesans' deb shunga aytiladi.
Napoleonni bir gapi bor 'turklarni oʻldirish mumkin, ammo ularni yengib boʻlmaydi' degan.
Lekim Ibrohimov qayta mayoq tutdi. Turk qonidagi sanʼatga oshuftalik toʻlqini koʻpirdi. Sharq rassomlik maktabiga yangi nafas olib keldi.
Har qanday suratga toʻlqinlanish qiyin, toʻlqinlandim.
Lekim Ibrohimovning oʻz maktabi bor, oʻzi asos solgan maktab bu. Kelajakda esa bu yoʻnalishda, bu maktabda Sharq rassomlari oʻz soʻzini aytadi. Tangri yor boʻladi. Ehtimol Tangrini rasmini chiza oladigan rassomlar tugʻilar.
Lekim Ibrohimov suratlarini koʻrarkanman, zamonaviy shakllar ichra qadimiy turk madaniyati va anʼanalarini mujassamlashtirganiga guvoh boʻldim. Qadimgi turklar ruhi saqlanib qolgan har bir asarida.
Lekim Ibrohimov Qozogʻistonda, Tyanshan togʻlari etagidagi qishloqda tugʻilgan. Ehtimol, rassomlikka oʻsha ulugʻvor togʻlar hayrati boshlagan. Oʻsmirligi, ishtiyoqi katta shaharga yetakladi. Samarqand miniatyurasi ilhomini tarbiyalagan boʻlsa, Toshkent ulgʻaytirdi. Toshkentda yashab ijod qildi va Florensiyada butun dunyoga oʻz soʻzini aytdi. Chin ijodkor uchun hech qanday shahar yo davlat yo Vatan chegarasi yoʻq. Ammo, millat va ijod ruhi boʻladi. Lekim Ibrohimovda turkiylar qoni oqarkan, istaysizmi yoʻqmi, unga oʻsha qon, oʻsha ruh ijod chegarasini belgilaydi. Lekim Ibrohimov Florensiyada Sharq rassomchiligi, aynan turk rassomchiligini koʻrsata oldi.
2023-yilning oktyabrida boʻlib oʻtgan Florensiya biyennalesida Lekim Ibrohimov oltin medalni qoʻlga kiritgan birinchi oʻzbekistonlik rassom sifatida tarixga muhrlandi. Florensiya esa Mikelanjeloni bergan yurt, bu yurtda oltin medalni olish esa albatta har bir rassom orzusidagi sharaf!
Bu Oʻzbekiston uchun faxr, butun turkiy mamlakatlar uchun sharafdir! Rasmlar oltin medalni olgan boʻlsa, 528 kv.m lik, balandligi 8, uzunligi 66 m. boʻlgan polotno oʻz kattaligi bilan Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Asar 1000 ta alohida kartinadan iborat boʻlib, ularning har birida umumiy fonda farishta siymosi aks ettirilgan.
Sportda yillar davomida mashq qilib baland sakrab, katta doshqozonlar osib, yana nimabalolar qilib Ginnesning rekordlar kitobiga kirish mumkindir. Biroq sanʼatda...
Birinchi oʻrinni olgan sportchiga qoʻsha-qoʻsha uy-u moshin, unvonlar berilganida, birovni urib agʻdarganga otning kallasiday moddiy ragʻbat berilganida Lekim Ibrohimov oʻz choʻntagidan Florensiya biyennalesiga borib borib qatnashdi. Lekin Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bu haqda hech bir munosabat bildirmadi.
Lekim Ibrohimov Oltin medalni qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi yana jim. Dunyo nashrlari Lekim Ibrohimov haqida yoza boshladi. Oʻzi bordi, oʻzi keldi. Uchoqda uchib bordi, uchib keldi. Birov koʻrdi, birov koʻrmadi. Oʻzbekistonda sanʼatga eʼtibor shumi!? Uyat emasmi!?
Lekim Ibrohimov 1970-yillar eʼtirof etilib, 1978-yil navqiron paytida SSSR Rassomlar uyushmasiga aʼzo boʻlgan. Undan keyin u payti Rassomlar uyushmasi deb atalgan oʻzimizdagi Badiiy akademiya noiloj oʻziga aʼzo qilgan. Nega har doim birinchi raqamda yuradigan isteʼdod sohiblaridan hayiqishgan?
Goʻyo, ularning zoʻrligi bilinib qolsa, ikkinchi raqamlilarga non qolmaydigandek...
Lekim Ibrohimov kartinalarini oʻqisangiz anʼanaviy Yevropa rassomchilik maktabini tan olmasligini, undan voz kechganini his qilasiz. Sharq, turklar oʻzligini saqlab qolishi uchun asarlari qaygʻurayotganday tuyuladi. Ammo, sanʼat uchun qaygʻurayotgan hukumat faqat Yevropadami? Qarsakbozlar 'uchinchi renessans' deb yolgʻon chapakni juftlab, hukumatning koʻzini shamgʻalat qilib yugurmayaptimi?!
Aslida Sharq rassomlar uchun doʻkon! Syurrealizm, kubizm, realizm, modernizm boʻladimi, gʻarb rassomlari Sharq doʻkonidan unumli foydalangan. Foydalanadi. Bizning anʼanalarga, naqshlarga, buyumlarga, zargarligimizga, kulolchiligimizga, simvollarimizga, kashtachilig-u atlaslarimizgacha oʻrganadi, eʼtibor beradi.
Sharq katta doʻkon. Lekim Ibrohimov esa shu doʻkonning ham egasi, ham oluvchisi. Bu doʻkonda qadimdan parilar tasviri boʻlgan, ilhom parilari boʻlgan, ilohiy farishtalar boʻlgan, Ezgulik farishtalari boʻlgan.
Bu qanday farishtalar? Pegas mingan ilhom farishtalari, jannatdagi yetmish ikki hur, Avestoda ezgulik uchun jannatda sizni kutib oladigan hur, shamanizm, tangrichilik, musoviylik, isoviylik farishtalari, yelkangizdagi qoʻriqchi farishtalar... Turk eli barcha dinlar aro bor.
Bu farishtalar sanʼat ichra ezgulikka chorlovchi farishtalar. Xayoliy farishtalar. Agar jannat boʻlmaganda inson, jannatni oʻylab topardi. Agar farishtalar boʻlmaganida, Lekim Ibrohimovday insonlar farishtalarni oʻylab topardi. Bu esa ijod, insonning vaqtdan tashqari yashash onlaridir.
Bu farishtalar hayot va oʻlim orasida insonni ezgulikka chorlab uchib yurgan jannat qushlaridir. Balki bu farishtalar oʻzbek, qozoq, uygʻur, qirgʻiz, umum turk qizlarining qalbdagi inʼikosidir. Tarixni ham, Sharq rassomchilik tarixini ham shu farishtalar orqali koʻrish mumkin.
Ijodkor ham oddiy odamday yashaydi: yeydi, ichadi, oʻladi. Odam olovga yoqiladi, yerga koʻmiladi, chiriydi. Chin ijodkor oʻz asarlari qanotida yashay boshlaydi. Lekim Ibrohimov ham oʻzi yaratgan farishtalari qanotida olislarga uchadi. Bu farishtalar shu qadar tabiiy, sharqona boʻy koʻrsatganki, ularni begona deyolmaysiz. Bu oʻzimizni farishtalar deysiz.
Sanʼat doim bozorga solinadi. Sharqda ham, gʻarbda ham, ayniqsa rassomchilik kartinalarida bu yaqqol namoyon boʻladi. Goh atay kim oshdi savdolari uyushtiriladi. Ammo, sanʼatning bozordan ustunligini koʻrsata oladigan 'Bir kartinada ming pari' kabi asarlar ham bor. Yaratilgan, yaratiladi.
Farishtalar umumjamoaviy bir kartina, bir doston yaratgan boʻlsa-da, har bir kartinada boʻrttirilgan qaysidir boʻyoq orqali bitta undov qoʻyilgandek. Oʻsha undovda biroz tin olib, soʻng keyingi kartinaga oʻtasiz. Sharqning nozik sanʼati borligidan qayta hayratlanasiz. Goʻzallikdan hayratlanasiz. Rasmlar chizilmagan, bir mukammal xattot imlosidek, devon koʻchirgandek tuyuladi. Bu asarga qaralgan butun vaqt mobaynida shunday davom etib turadi.
Men na Lekim Ibrohimov muxlisiman, na shaxsan taniyman, na sanʼatshunosman... Bir tomoshabin sifatman asli. Sharq rassomining kartinasiga boʻlgan qarashlarim va vatanimda rassomga boʻlgan munosabatga eʼtibor qaratdim.
Oʻzbekiston xalq rassomi, akademik, 'Xalqaro Oʻrxun-Enasoy' mukofoti sovrindori aeroportda Florensiyadagi biyennalesiga oʻzi yaratgan farishtalar kuzatdi, oʻzi yaratgan farishtalar kutib oldi. Renessans, uygʻonish deb jar solayotganlar! Poshshomiz taʼbiri bilan aytganda, baraka topgurlar, axir, uygʻonishni sanʼat boshlab bermaydimi? Sahnaga bir bor chiqib unutiluvchilar emas, doim oʻsha sahnada yashovchilar boshlab beradi 'uchinchi renessans'ni. Agar sanʼat chetda boʻlsa, 'renessans' degan soʻz hayf. Lekim Ibrohimov esa oʻz sanʼati bilan ulardan juda yuksaklikda yashab qolaveradi.
Talant Primov,
jurnalist.
Buxoro – 2025-yilda tashrif buyurishga arziydigan manzillardan biri. “The New York Times” joriy yilda borish uchun 52 ta maskanni tavsiya qildi
'The New York Times' 2025-yilda dunyoning tashrif buyurishga arziydigan eng diqqatga sazovor joylari roʻyxatiga Oʻzbekistonning qadimiy shaharlaridan birini, Buxoroni ham kiritdi. Maqolada taʼkidlanishicha, Buxoro nafaqat qadimiy Ipak yoʻlidagi markaziy nuqta, balki oʻzining boy tarixi va madaniy merosi bilan zamonaviy dunyo diqqatini jalb qilayotgan shahar hisoblanadi.Buxoro tarixiy maskan sifatida asrlar davomida madaniyatlar chorrahasi boʻlib kelgan. U yerdagi koʻplab madrasa va masjid
“Tabassuming yodimda hamon...”
20-yanvar ' Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron tavallud topgan kunERIB KETAR XIRA TUMANLARhtml5-dom-document-internal-entity1-hellip-endErib ketar xira tumanlar,kapalakdek uygʻonar yalpiz.Osmon daryo boʻlib tuyular,oʻtlar uzra chopqillaydi koʻz.Qayragʻochning guli ' mitti jom 'jaranglaydi ' taralar atir.Va tushlarga kirar bu oqshommaysalarni quchoqlab adir.Shamol yelar erkin, quturib,quriy boshlar tomlar toʻsini.Gullayotgan olchani koʻribderazalar ochar koʻksini.Yoritgancha to yurak
“Bilmak Navoiyni — zoʻr maʼrifat nishoni...”
Olti asrga yaqinki, Alisher Navoiy oʻz xalqining manglayini maʼrifat nuri bilan yoritib kelayotgan ulugʻ siymolardan biri hisoblanadi. Har yili oʻzbek tili bayrami arafasida tengsiz tafakkur dahosining buyukligini koʻramiz.Navoiyning 584-yildan beri tavallud ayyomini nishonlab kelayotgan boʻlsak-da, umrimizni Navoiy yillari bilan oʻlchasak, biz bul ulugʻ zotga qanchalik yaqinlashdik? Benazir tafakkur olamini nechogʻliq teran angladik? Amir Alisherning gʻazallarini Hirotdan tortib Samar
Joʻrabek dodxoh kim boʻlgan?
'Adabiyot' nashriyotida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Norqobil Jalil va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Roʻzimboy Hasan hammuallifligida 'General Joʻrabek: davr va qismat' deb nomlangan asar nashr etildi.Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirni ochgan Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo mualliflar 1840-yilda Kitob shahri yaqinidagi Gulgunpoʻsh qishlogʻida tugʻilgan Jo