Navoiyning 584-yildan beri tavallud ayyomini nishonlab kelayotgan boʻlsak-da, umrimizni Navoiy yillari bilan oʻlchasak, biz bul ulugʻ zotga qanchalik yaqinlashdik? Benazir tafakkur olamini nechogʻliq teran angladik? Amir Alisherning gʻazallarini Hirotdan tortib Samarqandgacha qancha hofizlar kuylab kelgan. Navoiyning Samarqandga qilgan safarlari, bu yerda kechirgan hayoti, bu sermashaqqat, ammo farahli yillarning shoir keyingi ijodiga taʼsiri masalalari olimlar tomonidan qanchalik mufassal oʻrganilgan?
' Oʻtgan asrning oʻrtalarida akademik Vohid Abdullayev ulugʻ shoirimizning Samarqanddagi hayoti va faoliyati haqida fundamental tadqiqot yaratdi. Bu tadqiqot bugungi kunga qadar ham oʻzining yuksak ilmiy qimmatini yoʻqotgani yoʻq, ' deydi biz bilan suhbatda navoiyshunos olima Dilorom Salohiy. ' Uning navoiyshunoslikdagi ahamiyati shundan iboratki, buyuk shoir hayoti davrlarining Mashhad, Hirot (Samarqandga kelgunga qadar), Astrobod tafsilotlari mufassal yoritilmagan. Fanimiz bu sohada umumiy maʼlumotlar bilan kifoyalanmoqda. Buning oʻziga xos sabablari ham bor, albatta. Navoiy Mashhadda juda yoshlik davrlarida boʻlgan. Uning bu yerdagi faoliyati asosan oʻqish-oʻrganishdan iborat boʻlib, uni qurshagan adabiy-maʼrifiy muhit haqida oʻz asarlarida maʼlumotlar qoldirgan. Astrobodda shoir bor-yoʻgʻi bir yil boʻlgan. Shuning uchun uning bu davr hayoti tafsilotlarini yoritishning mushkullik jihatlari bor. Samarqandda esa shoir ongli hayotining eng joʻshqin davri kechdi. U bu yerga mashhur shoir boʻlib keldi. Samarqand hokimi Ahmad Hojibek Vafoiy uni oʻz martabasiga munosib tarzda izzat-ikrom qildi. Samarqandlik yirik olimlar unga dars berganlarida alohida eʼtibor bilan munosabatda boʻldilar. Ammo eng muhim va jiddiy masala borki, bu Samarqandning hazrat Navoiyning Mashhadda Shayx Kamol Turbatiy, Pahlavon Muhammadlar vositasida shakllana boshlagan falsafiy-maʼrifiy, diniy-tasavvufiy qiziqishlari bir oʻzanga tushishiga yoʻl ochgan, bu sohadagi dunyoqarashi shakllanishiga imkon yaratgan shaharlardan biri ekanligidir. Akademik Botirxon Valixoʻjayev xulosalariga koʻra, hazrat Navoiy Hirotdan chiqib ketishni niyat qilar ekan, qaysi shaharni tanlash oʻzining ixtiyorida edi. Ul zot Kamoli Turbatiydek, Pahlavon Muhammaddek doʻst-u yorlari bor boʻlgan shahar ' Mashhadni tanlashi ham mumkin edi. Buning ustiga, shoir Hirotdan ketishni niyat qilgan paytlari otaxoni Sayyid Hasan Ardasher ham Mashhadda edi. Ammo Navoiy Samarqandni tanladi. Chunki bu yerda aqli kamolga yetgan, qalamining shuhrati keng yoyilgan yosh shoirni mehrigiyo singari oʻziga tortib turgan yangi ilm ' ilmi irfon dargʻasi, murshidi komil Hazrati Xoja Nosuriddin Ubaydulloh Ahrori Vali bor edilar. Navoiyning Samarqanddagi tahsil yillari, ul zotni qurshagan maʼnaviy, adabiy muhit, shoir va Abullaysiylar xonadoni, shoirning mashgʻulotlari va bilim doirasi, adabiy faoliyati, uning Hirotga qaytishi va Samarqand bilan doimiy munosabatda boʻlishi, Navoiyning samarqandlik izdoshlari kabi mavzular akademik V. Abdullayev ilmiy tadqiqoti va 'Navoiy Samarqandda' deb nomlangan monografiyasida keng tahlil etilgan boʻlsa, keyingi yirik navoiyshunos olim B. Valixoʻjayev shoir faoliyatining yangi tafsilotlariga ahli ilm eʼtiborini tortdi. Olim Navoiyning Shayx Xoja Ahrori Vali nazariga tushishi, uning iltifotlariga musharraf boʻlishi, yirik faqix Xoja Fayzulloh Abulays Samarqandiy va uning oilasi bilan munosabatlari, Samarqandda yaratilgan yoki bu shahar bilan bogʻliq asarlari xususida fikr yuritadi. U oʻzigacha yaratilgan tadqiqotlarni toʻldirishga, yangi ilmiy faktlar bilan boyitishga intilar ekan, shoirning naqshbandiya tariqatiga rasman kirishi ham Samarqand bilan bevosita bogʻliq edi, degan fikrni oʻrtaga tashlaydi. Uning kuzatuvlariga koʻra, shoir oʻzining piri, shayx Nuriddin Abdurahmon Jomiy bilan ham Samarqand safarida, karvon yoʻllarida uchrashgan edi. Olim Navoiyning samarqandlik yoru birodarlari, eng qadrli hamsaboq doʻstlari bilan munosabatlarini ham nazardan qochirmaydi.
Alisher Navoiy oʻzining Hirotdan chiqib ketishi sabablarini soʻzlab, otaxoni Sayid Hasan Ardasherga yoʻllagan mashhur 'Masnaviy'sida bir tolibi ilmning musofirlikdagi qiyinchiliklarini bayon etar ekan, bevosita oʻz hayoti tafsilotlariga ishora etadi.
' Alisher Navoiy oʻz asarlarida qiynalib qolgan paytlarida bagʻriga olgan Abullaysiylar xonadonini hurmat bilan eslaydi. Hozir oʻsha mashhur xonadon joylashgan mahalla bormi?
' Abullaysiylar xonadonining XV asr ikkinchi yarmida Samarqandda faoliyat koʻrsatgan, ilm-fan va adabiyot sohasida koʻzga koʻringan vakili Xoja Fazlulloh Abullaysiy edi. Bu fozil shaxs haqida hozircha juda kam maʼlumot yetib kelgan. Ammo, manbalarda Xoja Fazlulloh Abullaysiy 'Movarounnahr akobirlaridan biri' (Abdurazzoq Samarqandiy), davrining Abu Hanifai soniysi (Alisher Navoiy), Ibn Hojibi, Abu Ali Sinosi (Xondamir), xullas, aʼlami ulamosi tarzida tilga olinadi. U Mirzo Ulugʻbek nazdida juda eʼtiborli allomalardan boʻlgan. Shuning uchun Xoja Fazlulloh Abullaysiy Mirzo Ulugʻbek bilan birga bir necha marta Shohrux Mirzo huzurida boʻlib, u yerda ikki oylab qolib ketgan. Shohrux Mirzo saroyi akobirlari, jumladan, Gʻiyosiddin Bahodir bilan ham uchrashgan va tanishgan koʻrinadi. Ulugʻbek fojiasidan soʻng ham Xoja Fazlulloh Abullaysiy Samarqanddagi ajdodlari yashagan Al-Faqeh Abullays guzarida bino qilingan xonaqosida tolibi ilmlarga fiqh, tib, tilshunoslik va adabiyotshunoslik boʻyicha dars berishni davom ettirgan. Tolibi ilmlar qatorida bu yerda Alisher Navoiy ham boʻlgan.
Zahiriddin Muhammad Boburning 'Boburnoma'da keltirishicha, Abusaid Mirzo tomonidan Samarqandga 'ixroj' qilingan Alisher Navoiyning homiysi shahar hokimi Ahmad Hojibek Vafoiy edi. Navoiy bu kishi koʻmagida Xoja Fazlulloh Abullaysiy xonaqohidan hujra olib, ikki yil shu yerda yashab, mashhur olimdan tilshunoslik, adabiyotshunoslik, fiqh ' islom qonunshunosligidan saboq oldi. Oʻzining qobiliyati tufayli ustozining eʼtiborini qozondi va shu darajaga yetdiki, Xoja Fazlulloh Abullaysiy uni 'farzandim' der edi.
Xoja Fazlulloh Abullaysiy va Alisher Navoiyning ustoz-shogirdlik munosabatlari, samimiy doʻstliklari, ular ikkalasi uchun ham gʻoyaviy hammaslak va gʻoyatda aziz boʻlgan inson Xoja Ahrori Vali bilan boʻlgan suhbatlari haqida akademik B.Valixoʻjayev oʻzining yuqorida qayd etilgan maqolalarida va 'Buyuk maʼnaviy murshid' nomli monografiyasida ancha mufassal maʼlumotlar beradi.
Navoiy 1469-yilda Hirotga qaytib, davlat arbobi sifatida ish boshlaganda ham, umuman, umrining oxiriga qadar bu xonadonni unutmadi. Samarqand bilan aloqasini yanada mustahkamladi. Shuning uchun koʻpgina samarqandlik alloma va shoirlar Hirotga borganda Alisher Navoiy iltifotlaridan bahramand boʻlar edilar. Abullaysiylar xonadonining ikki vakili ' Xoja Fazlulloh Abullaysiyning farzandi Xoja Xovand Abullaysiy va shu xonadonga mansub Xoja Abulqosim Abullaysiy shular jumlasidan. Bularning ikkovi ham Navoiy iltifotidan bahramand boʻlganligi uchun oʻz minnatdorligini kitoblar yozish bilan ifoda etganlar. Xoja Xovand ibn Fazlulloh Abullaysiy 'Hoshiyai miftoh' va 'Hoshiyai talmeh' asarlarini, Xoja Abulqosim Abullaysiy esa 'Hoshiyai mutavval' asarini Navoiyga bagʻishlaganlar. Demak, Abullaysiylar xonadonining bu ikki namoyondasi Alisher Navoiy koʻmagida shu xonadon ilmiy anʼanalarini davom ettirganlar.
Hozirgi kunda Samarqand shahrida Xoja Fazlulloh Abullaysiy yashagan mahallada uning uy-muzeyi bunyod etilgan.
' Navoiyning Samarqandda yashab yozgan asarlari haqida gapirib bersangiz. Shu qoʻlyozmalarning asl nusxasi qayerda saqlanadi?
' Baʼzi manbalarda Navoiyning Samarqandda yozilgan asarlari xususida maʼlumotlar bor. Navoiyning Samarqandda yozilgan:
Koʻkragimdir subhning pirohanidin chokrok,
Kirpikim shabnam toʻkilgan sabzadin namnokrok,
matlaʼsi bilan boshlanuvchi ajoyib diltortar gʻazali haqida Botirxon Valixoʻjayev qiziqarli maʼlumotlar keltiradi. Shoirning zulqofiyatayn sanʼati bilan darj etilgan, oʻtkir fahm-farosati bilan 'saromadi zamona' sanalgan doʻsti Mirzobek xotirasiga yozib tugatilgan:
Koʻzung ne balo qaro boʻlubtur,
Kim jonga qaro balo boʻlubtur.
deb boshlanuvchi gʻazali ham Samarqanddagi ijodiyoti namunalaridan biridir. U doʻsti qalami natijasi boʻlgan mazkur matlaʼni uning xotirasini abadiylashtirish uchun toʻliq gʻazal holiga keltirganligi haqida 'Majolis un-nafois' tazkirasida maʼlumot beradi.
Navoiyning Samarqanddagi adabiy-ilmiy faoliyati hali juda koʻp tadqiqotlar uchun mavzu boʻlishi mumkin. Navoiyshunoslik sohasida izlanishlar olib boruvchilar shoirning bu yerda aniq va tabiiy fanlarni oʻrganish boʻyicha qilgan saʼy-harakatlari, qiziqishlari doirasi haqida chuqurroq fikr yuritmoqlari, uning maktubotidagi Samarqand bilan bogʻliq tafsilotlarga aniqlik kiritishlari, Samarqanddagi qadamjolari xaritasi xususida oʻylab koʻrmoqlari lozim. Shoir sheʼriyatida osmon jismlari, sayyoralar bilan bogʻliq chuqur ilmiy mulohazalar koʻzga tashlanadi. Bu uning Mirzo Ulugʻbek rasadxonasida olgan taʼlimi samaralari emasmikin? Shoir asarlarida qimmatbaho toshlar, javohirlar haqida ham teran ilmiy tushunchalar, tashbehlar, badiiy lavhalar uchraydi. Bu bevosita Navoiyning biror javharshunos ustozi ham boʻlgandir, degan tasavvur uygʻotadi. Yana bajarilishi muhim ishlardan biri ' ulugʻ shoirning 7 000 ga yaqin soʻzlar tarjima va sharhlaridan iborat 'Sabʼatu abhur' ('Yetti dengiz') nomli arabcha-turkiy lugʻati qoʻlyozmalarini topib, oʻrganib, nashr ettirishdir. Bu kabi qator savollarga javob topish uchun hali samarqandlik tolibi ilmlar ixlos bilan juda koʻp izlanishlar olib borishlari lozim.
' Navoiy besh yarim asr oldin bugungi oʻzbek tilini oʻz asarlarida turkiy til deb ulugʻlagan. Bugun Alisher Navoiyning gʻazallarini tarjima qilish qanchalik muhim deb oʻylaysiz?
' Mir Alisher Navoiy asarlari yozilgan til XIX-XX asrlarda 'chigʻatoy turkiysi' deb atalgan, yaʼni movarounnahrlik turkiy tilda soʻzlashuvchilar tili. Hazrat Navoiy ham oʻz tillarini 'turkiy' deb ataganlar va asarlarida shu istilohni qoʻllaganlar. 'Oʻzbek tili' deyilganda esa qipchoq shevasida soʻzlashuvchi mahalliy xalqlar tili nazarda tutilgan.
Hazrat Navoiy asarlarini, ayniqsa, gʻazallarini soʻzma-soʻz tarjima qilish, shundan soʻnggina ularni sharhlash, izohlash, talqin qilish maqsadga muvofiq. Chunki, Hazrat gʻazallarida arabiy, forsiy soʻz va iboralar, soʻfiyona istilohlar koʻplab qoʻllanilgan. Bu oʻsha davr ilmiy va adabiy uslublari xususiyati edi. Sufiyona istilohlarni oʻrni-oʻrniga qoʻyib, toʻgʻri qoʻllab, nasriy bayon etib ham gʻazal mazmunini anglash ' mushkul. Gʻazalning ham gʻoyaviy maʼno-mazmunini anglash, ham uning badiiy qudratini qalban his etish lozim. Buning uchun hakimona fahm, oʻta nozik va hozirjavob ichki tuygʻu ' intuitsiya zarur. Albatta, mutafakkir shoir sheʼriyatini hamma birday, 'bir bor ekan, bir yoʻq ekan ... ', deb boshlanadigan ertak singari osongina tushunavermaydi. Navoiyni tushunmoq uchun bilim kerak, fahm kerak, badiiy did kerak. Hakimni anglamoq uchun ' hakim, olimni anglamoq uchun ' olim, mutafakkirni anglamoq uchun ' kamida ilm tolibi boʻlmoq kerak.
Navoiy tavallud topgan zamin hozir 'Afgʻon zamini' deyilmoqda, aslida bu zaminning nomi ' bizning katta vatanimiz ' Turonzamin. Hazrat qadimiy Xuroson poytaxtida tavallud topgan. Asarlari tili, lahjalari ' movarounnahrliklarning qarluq lahjasi. Bu haqda Hazratning kichik zamondoshlari Zahiriddin Bobur 'Boburnoma'da aniq aytib qoʻygan, yaʼni 'Alisherbekning tili Andijon lahjasi bila rostdur', deb.
Men hozirgi kunda ham gap ohangi, ham soʻz va iboralar, istilohlar lugʻaviy va istilohiy maʼnolari, ham gapimiz tarkibi va uslubi jihatidan dunyodagi eng goʻzal, ravon, balogʻatli bir tilda soʻzlashish baxtiga ega ekanimizdan iftixor qilaman.
' Navoiyni barcha turkiy xalqlar sevishga, ardoqlashga haqli. Ammo shoir 'Shoh toju xilʼatikim, men tamosho qilgʻali, Oʻzbegim boshida qalpoq, egnida shirdogʻi bas', deya oʻzbek nomini oʻz asarlarida bir necha marta tilga oladi. Hazrat qayerda boʻlmasin, Samarqand bilan hech qachon aloqani uzmagan, uni doim yodida tutgan. Shuni hisobga olgan holda Samarqanddagi Navoiy nomi bilan atalgan tarixiy joylarni saqlab qolish uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak?
' Hazrat Mir Alisher Navoiy oʻzbek, qipchoq, qiyot, barlos, turk, oʻgʻuz, turkman kabi iboralarni asarlarida qoʻllash bilan birga: 'MEN BU TILDA SOʻZLASHUVCHILARNI ' UL MAMLAKATNI YAKQALAM QILDIM', yaʼni yozgan asarlarim bilan barcha turkiy tilda soʻzlashuvchi ellarni birlashtirdim, deydilar. Hazratning oʻzlaridan ortiq qilib hech kim bu mavzuda soʻzlay olmaydi, endi.
Albatta, Samarqandda Hazratning nomlari bilan bogʻliq tarixiy maskanlarni saqlab qolmoq, obod qilmoq lozim. Ammo, Hazratning ruhi poklarini shod, oʻzimizning hayotimizni pok va obod qilishni istasak, Hazratning hikmatli qalamlariga boʻlgan muhabbatni har birimiz qalbimizga naqsh etmogʻimiz lozim! Chunki, biz Haq taolo aziz qilgan millat, Mir Alisher Navoiysi bor millatmiz.
Adiba UMIROVA
('Xalq soʻzi')
suhbatlashdi.
Buxoro – 2025-yilda tashrif buyurishga arziydigan manzillardan biri. “The New York Times” joriy yilda borish uchun 52 ta maskanni tavsiya qildi
'The New York Times' 2025-yilda dunyoning tashrif buyurishga arziydigan eng diqqatga sazovor joylari roʻyxatiga Oʻzbekistonning qadimiy shaharlaridan birini, Buxoroni ham kiritdi. Maqolada taʼkidlanishicha, Buxoro nafaqat qadimiy Ipak yoʻlidagi markaziy nuqta, balki oʻzining boy tarixi va madaniy merosi bilan zamonaviy dunyo diqqatini jalb qilayotgan shahar hisoblanadi.Buxoro tarixiy maskan sifatida asrlar davomida madaniyatlar chorrahasi boʻlib kelgan. U yerdagi koʻplab madrasa va masjid
“Tabassuming yodimda hamon...”
20-yanvar ' Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron tavallud topgan kunERIB KETAR XIRA TUMANLARhtml5-dom-document-internal-entity1-hellip-endErib ketar xira tumanlar,kapalakdek uygʻonar yalpiz.Osmon daryo boʻlib tuyular,oʻtlar uzra chopqillaydi koʻz.Qayragʻochning guli ' mitti jom 'jaranglaydi ' taralar atir.Va tushlarga kirar bu oqshommaysalarni quchoqlab adir.Shamol yelar erkin, quturib,quriy boshlar tomlar toʻsini.Gullayotgan olchani koʻribderazalar ochar koʻksini.Yoritgancha to yurak
“Bilmak Navoiyni — zoʻr maʼrifat nishoni...”
Olti asrga yaqinki, Alisher Navoiy oʻz xalqining manglayini maʼrifat nuri bilan yoritib kelayotgan ulugʻ siymolardan biri hisoblanadi. Har yili oʻzbek tili bayrami arafasida tengsiz tafakkur dahosining buyukligini koʻramiz.Navoiyning 584-yildan beri tavallud ayyomini nishonlab kelayotgan boʻlsak-da, umrimizni Navoiy yillari bilan oʻlchasak, biz bul ulugʻ zotga qanchalik yaqinlashdik? Benazir tafakkur olamini nechogʻliq teran angladik? Amir Alisherning gʻazallarini Hirotdan tortib Samar
Joʻrabek dodxoh kim boʻlgan?
'Adabiyot' nashriyotida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Norqobil Jalil va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Roʻzimboy Hasan hammuallifligida 'General Joʻrabek: davr va qismat' deb nomlangan asar nashr etildi.Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirni ochgan Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo mualliflar 1840-yilda Kitob shahri yaqinidagi Gulgunpoʻsh qishlogʻida tugʻilgan Jo