Avvalroq Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Cho‘lobod qishlog‘ida yashovchi ayol 7 yashar jiyanini urib o‘ldirgani haqida xabar bergandik. Mazkur ish sudda ko‘rib chiqildi va qotil ammaga 5 yil qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Voqea sodir bo‘lgan kuni 20:00 da amma jiyanini uxlab yotgan joyidan uyg‘otib, darsini tayyorlay olmayotganini bahona qilib, jazolash maqsadida tashqarida yomg‘ir yog‘ishiga qaramay hovliga chiqarib yuborgan. Shundan so‘ng u qizcha hojatini chiqazib yuborganini vaj qilgan va sochidan tortib, yerga yiqitgan, qo‘li bilan uning tana qismining turli joylariga urgan va oyog‘i bilan tepgan. Kamiga hovlida yugurtirgan, qizcha sekinlashgan yoki charchagan taqdirda yog‘och tayoq bilan tanasining turli joylariga, jumladan, boshiga jarohat yetkazgan.
Sud tomonidan jinoyatchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-modda (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi bilan 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.