Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida 13 yashar qiz o‘zi yashab kelayotgan uyning mehmonxona qismidan qotillik alomatlari bilan topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Joriy yilning 3 iyul kuni soat 19:30 lar atrofida Yangiyer shahrining “Shukrona” MFYdagi uylarning birida ijarada yashovchi S.M. shahar tibbiyot birlashmasiga murojaat qilib, soat 19:00 atrofida ishdan yashash xonadoniga kelganida uyning mehmonxona qismida 2011 yilda tug‘ilgan, 13 yoshli voyaga yetmagan farzandi S.K.ning jasadi yotganini aytgan. Tezkor-tergov guruhi tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilib, u yerdan barmoq izlari, 2 dona yostiq, 2 dona pivo spirtli ichimligining yelim idishi, 2 dona qulf ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Qizning murdasi tashqi tomondan ko‘zdan kechirilganda, uning old peshona sohasi chap tomonida, bo‘yin old sohasi chap va o‘ng yuzasi o‘rta qismida, chap son sohasi o‘rta qismida ko‘kimtir tusdagi qontalashlar va qorin old devori o‘ng yonbosh sohasida ko‘ndalang joylashgan chiziqli shilinma kabi jarohatlar borligi aniqlangan. Yangiyer tumanlararo sud tibbiy ekspertizasining 3 iyuldagi (birlamchi) 43-sonli ma’lumotnomasida voyaga yetmagan S.K.ning o‘limi bo‘yin a’zolarining qisilishi, bo‘g‘ish oqibatida kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo‘lganligi qayd etilgan.
Holat yuzasidan shu kunning o‘zida viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 31 yoshli erkak o‘zi bilan birga qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan ayolning birinchi turmushidan tug‘ilgan 3 yashar o‘g‘lini pichoqlab, o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.